18 daqiqada öqiladi

212 marta körilgan

Dafina

Çaros Avazova

(Hikoya)

Munavvar opa bizdan bir kurs yuqori. Tahsil oliş bilan birga universitetning ovoz yoziş studiyasida ham işlaydi. Uni doim közi ojiz talabalar bilan birga köraman. Kiriş imtihonlaridan bir neça bor yiqilib, öqişga keçroq kirganini eşitgandim. Jurnalda çiqqan bir neçta hikoyalarini öqib, opaga nisbatan qiziqişim ortgan va uni yaqindan bilgim kelardi. Bizning tanişuvimiz qiziq bölgan. Yölak böylab darsga şoşib ketayotsam, burçakda quşdek qunişib turgan Munavvar opani uçratib qoldim. Qölida katta sumka, közlari çirt yumilgan.

– Opa, tinçlikmi? Mazangiz bölmayaptimi? – dedim xavotirlangança yelkasidan turtib.

U bölsa çöçib, közlarini javdiratgança, bir muddat jim turdi-yu:

– Meni studiyaga olib borib qöyolasizmi? – dedi titroq ovozda.

Boşqa vaziyat bölganda jon derdim. Ammo ayni dam darsga keçikyapman, ustoz qattiqqöl. Bugun maʼruza, albatta, qöşni guruh talabalari ham böladi. Öqituvçi urişsa, köpçilik oldida izza bölişing mumkin, deb bir tomondan rad etişga undadi aqlim. Boşqa tomondan, yordam bermasang insofsizlik böladi, deya yuragim ğaşlanaverdi. Yaqindan tanişişni istardim, hozir esa ayni vaqti! Nihoyat, bir lahzalik ikkilanişdan söng:

– Albatta, oborib qöyaman. Bering, oğir bölsa kerak, – dedim yuklariga qöl çözib.

– Yöq, yöq, menga şunisi yaxşi. Atay oğir narsalar olib yuraman, – dedi. Keyin qöşib qöydi: – Özimni yengilroq his qiliş uçun.

Içimda, oğir narsalar ham baʼzan yengillik berarkan-da, deb hayron böldim. Şu qisqa suhbatni demasa, manzilgaça jim ketdik. Oçiği, Munavvar opani rasm va hikoyalaridan şijoatli, öziga işongan qiz sifatida bilardim. Hozir qarşimda uning bunday abgor va ojiz turişi öylarimni parçalab yubordi. Studiyaga yetib kelgaç, opa yaqinda avtohalokatga uçrab, davolanib çiqqanini, hali asoratlardan butkul qutulolmaganini, şunga yurayotib tez-tez töxtab qolayotganini qiynalib tuşuntirdi. Titroq ovozda rahmat aytdi. Şunda qanday qilib tilimdan çiqib ketdi, hayronman, taskin beriş, şifo tilaş örniga yoş boladek şoşqin alpozda:

– Soçingizni böyatganmisiz? Yölakda jigarrangga öxşab köringandi, kömirdek qop-qora ekan-ku, – deb yuboribman.

– Yöğ-ey, soçim jigarrang-ku, – deb majolsiz kulimsiradi opa. U şu qadar işonç bilan gapirdiki, özimdan, közlarimdan şubhaga borib qoldim.

– Meni deb darsga keçikdingiz-a, uzr, – dedi opa xijolatomuz.

Nima deb javob berdim, bilmayman, faqat qop-qora soçlarga tikila-tikila, naridan-beri xayrlaşib çiqib ketganim yodimda.

Bir kuni studiyada suxandon talabalar kastingi bölayotganini eşitib qoldim. Notiqlikka qiziqqanim sababmi, özimni sinab körgim kelaverdi. Bordim. Öşa kuni kutiş xonasida talay vaqt qolib ketdim. Talabgorlar köp ekan. Navbatim yetib içkariga kirganimda, eʼtiborimni birinçi tortgan narsa Munavvar opaning somon rangidek sariq soçlari böldi. Böyatibdi-da, avvalgi soç rangi köproq yaraşardi, degan fikr lip etib ötdi xayolimdan. Opaning yonida ötirgan qora közoynakli yigit menga joy körsatib:

– Siz ham şu yerda öqiysizmi? Anaqa… neçançi kurs? – deb söradi.

U gapirayotib boşqa tomonga qarab turardi. Közlari ojiz ekanligini payqadim. Yigit deyarli har gapiga “anaqa” degan sözni qöşib gapirar, burni öta kattaligidanmi kişida allaqanday kulgi kayfiyatini uyğotar edi. Uning ovozidan zerikkani, çarçagani va nimadandir köngli tölmayotganini biliş qiyin emasdi.

– Sizni tanigandek böldim, – dedi Munavvar opa qölimga bir varaq qoğoz tutqazarkan sirli jilmayib. – Mana şu matnni öqing-çi!

Barmoqlarimda yengil bir titroq bor. Hayajonlanardim, çamamda. Xayriyatki, bu uzoqqa çözilmadi. Ikki-uç jumlani demasa, qolganini xotirjam davom ettirdim. Ammo matnni bitirib, boşimni kötarganimda, hayratdan hang-mang qotib qoldim. Opaning soçlari ilk bahor maysalari kabi yam-yaşil tusga kirib qolgan.

– Juda yaxşi! Anaqa… ism-familiyangiz bilan telefon raqamingizni bu yerga yozib keting. Anaqa qilsa… sizni özimiz çaqiramiz, – dedi közoynakli yigit avvalgidan tetikroq bir ovozda.

Oğiz oçolmay, joyimda tek turganimni körgan Munavvar opa:

– Nimadir böldimi, mana buni içing, – deya şoşib qölimga suv tutdi.

– Soçingiz… yaşil… – deyoldim, xolos.

Qanday tikildim, bilmayman. Opa böşaşgança, sumkasidan oyna olib, kalta soçlariga qaratdi. Yuzi oqarib ketgandek. Men esa ot dupuridek tinimsiz tepinayotgan yuragim sasini aniq eşitib turardim. Közim yaşil soçlarda.

– Yaqindan beri nimadandir taʼsirlansam, şunaqa rangi özgarib ketyapti, – dedi opa sarosimalanib. Undagi qörquv menga ham yuqqan.

– Lekin… qanday qilib? – duduqlanib söradim men.

Opa yiği aralaş jilmayib yelka qisdi. Şunda haligi közoynakli yigit:

– Bir zumga közlarim oçilib, soçingizni körolsaydim, – deb suhbatga aralaşdi qiziqiş, hayajon va allaqanday ökinç bilan.

Şu sözmi yo opaning yoş miltillagan közlarimi taʼsir qilib, könglimda qandaydir açinişga öxşaş darddoşlik hissi uyğondi. Soçi turli rangdagi qizlarni köp körganman. Lekin böyoqlarsiz, bunday öz-özidan turlanadigan soçlar meni hozir rostmana şoşirib qöygandi.

Ertasiga suxandon talabalardan biri sifatida saralab olinganimni xabar qilişdi. Keçagi voqeadan keyin studiyaga borişga hayiqardim. Ammo şu bilan birga, könglimda tuşuniksiz katta bir qiziqiş hokim edi. Nihoyat, uzoq ikkilanişlardan söng borişga qaror qildim. Öylar betizgin: bolalikda har qanday möjiza va ğayritabiiylikka istisnosiz çippa-çin işonardim. Hozir nega ularni qabul qilişga qiynalaman? Buning otini ulğayiş deydimi? Unda ulğayibman…

Dastlabki kunlar işdan taşqari vaqtlarda Munavvar opadan özimni olib qoçar, uning yonida diqqatli bölişga, munosabatda masofa saqlaşga tirişar edim. Ammo örtada şunday bir ohanrabo bor ediki, bu bora-bora opa-singil yaqinligidek hisni köngilga joylab qöydi. Şunday qilib, Munavvar opa qisqa vaqt içida men suyanadigan yelkaga aylanib ulgurdi. Aka singilning, ona bolaning, qizaloq qöğirçoqning, xullas, kuçli ojizning qölidan tutgan mahal uning könglida himoya va masʼuliyatga öxşaş his boş kötaradi. Men ham özimni Munavvar opaning taqdiriga javobgardek, uni nimalardandir himoya qilişim kerakday sezardim. Ilgari dars tugaşi bilan uyga, kasalmand buvimning oldiga oşiqqan bölsam, endi bir kun bölsin studiyaga kirmay ötmasdim. Opa juda taʼsirçan, şuning uçun ham soçlari bir rangdan ikkinçisiga oson özgarib ketaverardi. Masalan, quvonsa – yaşil, hayajonlansa – olovrang, qörqsa – oq, ğamgin tortsa – qora, öyga botsa – kulrang, çarçasa – somondek sariq rangga kirişini bilib olganman. Oldin bu holat katta qörquv uyğotgan bölsa, endilikda uning örnini allaqanday havas va xayrixohlik hissi egallagandi. Munavvar opa begonalar bilan gaplaşiş zarurati tuğilganda gapni kalta qilar, hatto muomalasida qandaydir bir qörslik, suv yuzasiga qalqib çiqqan ölik baliqdek, aniq va xunuk körinib turar edi. Aksi ölaroq, eski tanişlar bilan, ayniqsa, közi ojiz tanişlari bilan özini nihoyatda erkin tutar, oçilib gaplaşardi. Bunga heç tuşunolmasdim, bir gal sababini söraganimda u:

– Soğlom kişilar davrasida özimni yölini yöqotib qöygan odamdek ojiz sezaman. Miyam tinimsiz buyruq beraveradi. Özimga nisbatan işonçimni yemiradi bu. Yangi odamlar bilan tanişayotganimda örtada qandaydir ötib bölmas devor paydo böladi. Ammo siz birinçisi, keliboq öşa devorlarni buzib taşladingiz, – dedi gapni hazilga olib.

Yana bir kuni studiyada Munavvar opani kutib, dars qilib ötirsam, özi ğazabnok holda kirib keldi: soçlari qip-qizil tusda, burun kataklari kattalaşib ketgan, ikki qoşi örtasida çuqur bir öyiq bor. Uning bu holati burnidan tutun çiqazgança, ğazablanib, suzişga şay turgan afsonaviy buqalarni eslatardi. Qilgan öxşatişimdan özimning kulgim qistab, labimni qattiq tişlab oldim. Salom-alik yöq, sumkasini stul suyançiğiga ilar-ilmas opa şoşqin gapira ketdi:

– Sizgayam şunaqa tuyiladimi, atrof töla norozilik. Köp kuzatdim, jismonan soğlom odamlarda ruhiy zaiflik kuçli böladi. Hatto öz aybini boşqalarga tönkaydi. Qaytaga, nogironlarni, masalan, Azizani oling. Qurʼonni yoddan biladi. Tuğma közi ojiz-u, yana körib ketişiga işonadi. Ana Nurali şu holiga tilşunoslikka oid butun boşli sayt yaratgan, noşukrlik qilganini kördingizmi heç? – dedi har gapiga “anaqa”ni qöşib gapiradigan öşa közoynakli yigitga işora qilib. – Umidmi, işonçmi, sabrmi, nima ekan-a ularni harakatga keltirayotgan kuç?!

Men uning nega bunçalik asabiylaşayotganini bilolmay garangsib turardim. Buni sezdimi, Munavvar opa sal hovuridan tuşib, söziga izoh berdi:

– Azizaga qiziyapman. Aytgan bilakuzugini obermagani uçun eri bilan ajraşmoqçi. Turmuşga çiqqandan beri yangi kiyim sotib olmadim, deydi. Eri uni heç qaçon tuşunmaganmiş. Aziza hatto özini özi tuşunmaydi-ku… Yoşga tölmagan bolasini tirik yetim qilmoqçimi… Oila ajraşiş uçun qurilarkan-da. Eeeyy… – opa birdan yiğlab yubordi.

“Sizga nima, hayot ularniki, nima qilsa qilaverişmaydimi? Undan köra özizni asrang”, demoqçi böldim-u, avvalgi bir suhbatimiz xotiramda jonlanib, hozirgi kuyib-pişişlar sababini topgandek böldim. Tanişişimizdan oldinroq yoşining kattaligi, ham nihoyatda körkli ekanligi uçunmi, Munavvar opani turmuş qurgan, deb öylardim. Adaşibman. Aslida-ku, u öz oilasi haqida heç gapirmagan. Faqat bir safar sörayverganim uçun:

– Ota-onam ajraşgan. Hozir ularning ikkinçi turmuşidan boşqa farzandlari bor. Men alohida yaşayman. Dadam tez-tez xabar olib turadi, – dedi.

Balki ota-onasining ajraşiş sababi bilan Azizaniki öxşaşdir. Hozir şuning uçun diqqat bölayotgandir. Oilasi haqida gapirib bergan öşa kun könglimda köplab savol tuğilgan, ammo birontasini tilimga köçira olmagandim: Nega onasi hol-xabar olmaydi? Axir, qizga ona otadan köra yaqinroq bölmaydimi? Boşqa qarindoş-uruğlari yöqmi? Ular bilan munosabati qanday? Tuğilgan kun, bayramlarni yolğiz qarşilaydimi?.. Opaning kuyadek qorayib ketgan kalta soçlariga tikilib, dili xufton ekanligini, xotiralar unga ayni dam katta oğriq berayotganini his qilardim. Şunda Munavvar opa:

– Hamma yaralar ham közga körinavermaydi, lekin, albatta, har bir yaraning oğriği bor, – deb öyga botgança yana jim bölib qoldi.

Paytdan foydalanib:

– Har bir yaraning öz rangiyam bor, opa. Lekin sizning soçingiz zör-da! Avval yuragizdagi “yara”dan rang olib, keyin uni hammaga gullab qöyadi, – deb özimça söz öyini qilmoqçi böldim.

Ammo opaga gapim yoqinqiramadi, şekilli:

– Bu yomon! Odamda aytilmaydigan, sir tutiladigan dardlar ham böladi-da. Soçimga qarab, könglimni öqib olişlarini istamayman, – dedi lab burib.

* * *

Bugun ham doimgidek darsdan söng studiyaga çopdim. Munavvar opa qalin va bejirim daftarga nimadir yozib ötirgan ekan. Boşiga oq römol tanğib olgan. Hayron böldim, uni heç bunday holda körmaganman. Römol ostidan moviy tusda mayda çakka soçlari körinib turardi. Bahorda yomğirdan söng, bulutlar tarqab, havo oçilib ketganida, kökka boqqan odam moviyrang osmonni köradi va öziça bir entikib qöyadi. Opaning ayni damdagi soç rangi kişida ana şunday hisni uyğotardi. Munavvar opa yozuvga şu qadar berilib ketgandiki, xonaga kirganimni ham payqamay qoldi. Hikoya yozayotgan bölsa kerak, ilhomini qoçirmay, deb xonadan sassiz çiqib ketmoqçi böldim. Endi eşik tutqiçiga qöl çözgandim:

– Tomoq qirib kelmaysizmi bundoq? – dedi opa hazil ohangida.

Daftarni yoparkan, uning sirtiga katta harflar bilan “QIZIMGA” deb yozilganini öqib qoldim.

– Ijod qilayotgan bölsangiz, xalaqit bermay degandim, nomi ajoyib-ku, – dedim yozuvga işora qilib.

Opa uyalinqirab:

– Kelajakda… yaxşi niyat bilan… kundalik tutganman. Xatolarim, xulosalarim… tavsiyalarimni yozib boraman, – dedi.

Ğalati bölib ketdim. Könglimni şu paytga qadar his etmaganim – nomsiz tuyğular egallab oldi. Römol öraş sababini fahmlagan bölsam ham, yana söradim.

– Siz bilmaysiz, farqli böliş biram yomon. Odamlar nazdida xuddi özga sayyoraliksiz. Ulardagi hayratni körib, özimni yöqotib qöyaman. Römol yaxşi, soçimni berkitib turadi. Lekin bundayam özimni noqulay his qilyapman. Yaraşganmi, faqat rostini ayting?

 – Yöq! Endi qölizga toğora yetişmayapti, xolos, – dedim ovozi dörildoq somsaçi xolaga işora qilib. Negadir bu xola sotgan somsalari pulini avval römoliga bir tekkazib, keyin xaltasiga solardi.

Munavvar opa ham şuni eslab kulib yubordi.

– Yangi hikoyalaringizni nega matbuotga bermayapsiz? – dedim qoş çimirib.

– Avvalgilariniyam men bermaganman. Bir ustozga fikr oliş uçun jönatsam, söramay gazetaga berib yuborgan ekan… Bir narsa aytaymi, – dedi ovoziga yasama jiddiylik berib, – menga sizga öxşagan bitta sersavol öquvçi yetadi. Xullas, ançadan beri bir qissa yozyapman, hali bitsa, sizga öqib beraman.

* * *

Yozuvçilar uyuşmasida katta şeʼriyat keçasi ötkazilayotgani va unga yoşlar orasida şeʼrlari ançayin maşhur bölgan şoir Samad Maqsud kelayotgani haqida eşitdik. Munavvar opa gazetadami, radiodami, şoirga aloqador neki berilsa, qoldirmay kuzatib borar, mengayam bir neça marta taassurotlarini tölib-toshib aytib bergan. Hatto studiyada Samad Maqsudning şeʼrlarini ovozlaştirganmiz ham. Ammo, sezişimça, opada muxlislikdan yuksak yana qandaydir tuyğu bordek. Öşa şe’riyat keçasi böladigan kun Munavvar opa meni universitetning orqa boğida kutib turadigan böldi. Bordim. Qarasam, u öziga doimgidan köra boşqaça oro bergan, hatto bu gal boşida römoli ham yöq. Uning nihoyatda körkli ekaniga bugun yana bir bor dil-dildan amin böldim.

– Öh-hö, tuğilgan kuningiz apreldamasmidi, şunça tayyorgarlik faqat şeʼriyat keçasi uçunmi? – dedim köz qisib.

– Şeʼriyat biz uçun bayram, – dedi u ham jilmaygança bir kinodagi maşhur iboraga işora qilib.

Xuşçaqçaq holda yölga tuşdik. Ammo yölçiroqdan ötayotsak, Munavvar opa birdan töxtab qoldi. Savolomuz qaraşimga javoban:

– Ulgurmaymiz, yaşil yonişini kuta qolaylik, – dedi titroq ovozda.

– Yugursak, ulgurardik. Keç borsak, joy yetmay qolişi mumkin, – dedim norozilanib.

Nihoyat, yana yaşil yondi. Yölning yarmiga ham kelmagandik, qarasam, bir maşina içidagi ayol yonida ötirgan erkakni turtib, bizni körsatyapti. Oyoği kuygan tovuqdek bunça hovliqmasa! Tezlaşaylik degandek, Munavvar opaga qaradim. Biroz avval jigarrang tusdagi soçlar hozir paxtadek oqarib ketibdi. Endi ayon böldi: ayolning hayrati soçdan. Narigi betga amallab ötib oldik.

Uyuşmaga kelsak, zal töla odam. Xayriyatki, oxirroqdan bölsa ham, joy topdik. Keça mutoyiba, savol-javoblar, şeʼrlar bilan zör ketayotgandi. Ammo bir payt sözga çiqqan Samad Maqsud biz tomonga yuzlangança Boburning: “Soçining savdosi tuşti boşima boşdin yana, Tiyra böldi rözgorim ul qaro qoşdin yana”, – satrini aytib qoldi, söng: – Soçingiz bilan könglimni böyab yubordingiz-ku, – dedi sözini yakunlab.

Neça juft közlar bizga qadalgan. Mening közlarim esa Munavvar opada. Negaki uning soçlari kamalak ranglarida tovlanardi. Birdan davrada yengil kulgi kötarildi. Munavvar opa titroq qöllari bilan daströmolini qayta-qayta ğijimlardi. Uning zör bir hayajon içida ekanini biliş qiyinmasdi. Taskin ohangida qölini mahkam siqib qöydim. Oçiği, men ham şoşib qolgandim. Axir, ilgari faqat bitta rangga özgargan soçlar bu gal bir vaqtning özida turfa rang-tusda! Munavvar opaning Samad Maqsudga iymanib qarab qöyişini körib, bunga özimça taşxis qöygandek böldim: muhabbat – ming bir böyoqqa siğmaydigan tuyğu!

Qaçon esimga tuşsa, özimni gunohkor sezaveraman. Öşanda şeʼriyat keçasidan çiqqaç, Munavvar opa özini yaxşi his qilmayotganini aytib, biror joyga kirib, nimadir içib olişimizni iltimos qildi. Qor yoğa boşlagan. Aksiga, keç tuşib qolgan. Buvimni öylardim, uydan çiqişimda qozonga şörva solib ketganman, içibdimikin? Ustiga-ustak, mendan xavotir olib ötirgan bölsalar kerak. Şu sabab iltimosga istar-istamas, malollanib rozi böldim. Bekatga yaqinroq restoranga kirdik. Ikki stakan qahva buyurtirdim. Bezovtaligimdan uyga şoşib turganimni sezgan Munavvar opa qahvani tez-tez höplab qöyardi. Ammo köp ötmay soçlari töq binafşarang tusga kira boşladi. Tuşunolmay garangsib qoldim:

– Nima böldi, yaxşimisiz?

– Yöq! Menga maşina çaqirib bering, avtobusda ketolmayman. Biroz mazam qoçyapti, – dedi qornini uşlab.

Doktorga olib borişimga könmadi.

Uni kuzatib qöygaç, bekatga qaytarkanman, oğriqning rangi borligi haqida yana öylab qoldim. Uyga kelib, hol-ahvol sörab opaga xabar yozdim. Ançadan keyin javob keldi. Bilsam, u qahvani xuşlamas, agar içsa, oşqozonida doim oğriq turarkan.

– Nega unda içmayman, boşqa narsa olaylik, demadingiz? – dedim jahlim çiqib.

– Siz mendan söradingizmi?

Jim bölib qoldim. Keyin yana xabar keldi: “Bolalikdan nimani yoqtiriş-yoqtirmasligim heç kimni qiziqtirgan emas. Menga heç qaçon tanlov imkoniyatini berişmagan. Nimani ravo körişsa, xarxaşasiz olişga örganib qolganman. Balki hozir şu sabab heç kimga yöq deyolmasman. Şuning uçundir, özimda körişni istagan qatʼiyatni qahramonlarimga singdirişga urinarman”.

Bu gaplarni öqirkanman, birdan böşaşib ketdim. Öylab qarasam, bu vaqtga qadar sözlovçi, taklif kirituvçi men, tinglovçi va qabul qiluvçi Munavvar opa bölgan ekan. Çindan ham xohiş-istaklari haqida heç söradimmi? Qaçon men bunçalik xudbinlaşişga ulgurdim?..

* * *

Havo ança sovuq. Derazaga qirovlar rasm çizgan. Buvimning esa sovuq tuşdi degunça, oyoğida oğriq turadi, qiynaladi, surgi dorilar taʼsir qilmaydi. Bu safar hatto yurolmay yotib qoldi. Aksiga, sessiya boşlangan, özimdan ortmayotgan edim. Bugun ham könglim istamay, oyoğim tortmay imtihonga otlandim. Kursdoş dugonam qaraşga odam topolmay, çaqaloği bilan birga kelgan ekan. Tez kirib çiqaman, qarab turişga biror kimni topib bering, deb iltimos qildi. Bilmayman, negadir xayolimga birinçi bölib Munavvar opa keldi. Darrov unga qönğiroq qildim.

– Eplay olarmikinman? Mayli, studiyaga kelavering-çi, amallaymiz!

Tayyorlangan savollarim tuşgani uçun men ham dugonam qatori imtihondan tezda çiqdim. Studiyaga kirsak, çaqaloq Munavvar opaning bağrida jajji barmoqlarini oğziga solgança, şiringina uxlab yotibdi. Opa unga ajib bir muhabbat bilan boqib turardi. Qarasam, römol ostidan peşonasiga tuşib turgan mayda soçlari billur rangda tonggi şabnamdek yaltirayapti. Xayolimdan şu zahoti bir fikr ötdi – bu ona mehrining rangi. Çamamda, kursdoşim Munavvar opadagi özgarişni payqamasdi. Bolasini qöliga olarkan, rahmat aytib oşiğiç jönab qoldi. Biroq keyingi imtihon kuni u gap orasi:

– Opangizning közi yomon ekan, şundan beri bolam yiğloqi bölib qolgan, – dedi ginaxonlik aralaş kulib.

Buvimning betobligi, imtihonga tiğiz tayyorgarlik va töyib uxlamaslik meni ança asabiy qilib qöygandi. Birdan dugonam közimga yomon körinib ketdi, yoş boladek özimni tutolmay:

– Vaqtini ayamay yaxşilik qilganga sizning çiroyli javobingiz şu böldimi? Yomon ekansiz! Menga umuman gapirmang endi, – deb yubordim.

Sinovdan söng Munavvar opaning oldiga kelayotsam, studiyadan çiqib ketayotgan Baxtiyorni körib qoldim. Feʼl-atvori qiz bolanikiga öxşaş bu yigitni heç yoqtirmayman. Qaçon qarama, uzun qöllarini osiltirgança, maymundek irşaygani-irşaygan. Xonaga kirib, Munavvar opadan sörasam, keça birga kundalik olişganini, lekin Baxtiyorga rangi yoqmay qolib, özinikini uniki bilan almaştirgani kelganini aytdi. Qiziqib, stol ustidagi qora xalta içini oçdim. Kundalik juda çiroyli, rostmana kitobga öxşar ekan. Lekin qulfi buzuq. Daftarning ruçka qöyiladigan joyida ruçkasi ham yöq.

– Buni hali oçmaganmidingiz? – söradim men.

– Yöq, nega?

– Baxtiyorizga rangi yoqmagan emas, qulfini sindirib qöygani uçun opkelgan. Ruçkasiyam yöq-ku buning. Nega oldida oçib körmadingiz? Yuziga uloqtiriş kerak edi, – dedim qovoq uyib.

– Mayli, qöyavering! Qulfini nima qilaman. Baribir uyda yozmalarimni titkilaydigan odam bölmasa. Ruçka kerak bölsa, ana, özimda tölib yotibdi…

Şu payt eşik oçilib, xonaga Şodiya kirib keldi. Bu qiz boşqa fakultetda öqisa ham, biz tarafda tez-tez köriniş berib turar, yoşi ança kiçik bölişiga qaramay, Munavvar opaning ismini aytib çaqirar edi. Şungami, Şodiya bilan qaçon qarşilaşsam, ğaşim kelaveradi. Eşitişimça, oilasi kambağal va serfarzand bölgani uçun ham öqib, ham dazmolxonada işlarkan. Salom-alikdan söng Şodiya Munavvar opaga:

– Boya kurs işimning mavzusini yozib yuboruvdim sizga, iloji bölsa, bir haftalarga bitkazib bera olasizmi? – dedi közlari möltirab.

– Örningizga nafasam olib berişlari kerakdir balki? – dedim jahl bilan.

Munavvar opa lab tişlab “jim” degandek qölimdan tortdi. Battar tutaqib ketdim. Yulqinib, qölimni tortib oldim-u, eşikni tars yopib çiqib ketdim. Keçasi talay vaqtgaça uyqum kelmadi. Axiyri, Munavvar opaga keçirim sörab xabar yozdim. Ortidan sal ötmay: “Sizdan xafa böla olarmikinman?!” degan javob keldi.

“Opa, özingiz uçun ham yaşang. Sizdan foydalanişlariga yöl qöymang-da…”

Ertasiga ertalab buvimning ahvoli birdan oğirlaşib qoldi. Uyga şifokor çaqirdim. Nafaqa bilan mahalladan berilgan yordam pulini işlatib bölganmiz hisob. Şu sabab dorilar uçun, öylab-öylab, Munavvar opadan qarz söraşga qaror qildim. U darrov rozi böldi. Imtihondan çiqqaç, pulni studiyadan olib ketdim.

– Istagan paytingiz qaytarasiz. Inşaalloh, buvingiz yaxşi bölib ketadi, – dedi opa meni bağriga bosib.

Öşa kuniyoq Nurali akadan bir gap eşitdim:

– Munavvarga hayronman. Şunday yaxşi kompyuterini sotib ötiribdi. Pul şunçalik zarur ekan, aytganida, özim berib turardim-ku!

Könglim alağda, tomoğimga nimadir turib qolgandek. Içimda faqat bir söz bong uradi: qarzimni tezroq qaytarişim kerak!

Buvim butkul oyoqqa turib ketgaç, guruh sardorimizga özimni betob körsatib, uyda davolanişni bahona qildim. Kunlik iş qidirişga tuşdim. Nihoyat, ança yugur-yugurlardan keyin bir oşxonadan iş topdim ham.

Bir hafta deganda öqişga çiqdim. Bu vaqt oraliğida Munavvar opa bilan biron marta gaplaşmabman. Bir tomoni, özi ham meni eslagani yöq-ku, deb undan xafa bölardim. Özim sim qoqdim: raqami öçiq. Xavotir ola boşladim. Xabar yoziş uçun yozmalarga kirsam, opaning “Bugun tuşdan söng körişa olamizmi? Qissani bitkazdim. Öqib beraman. Fikringizga rosa qiziqyapman!” degan söziga közim tuşdi. Nahotki, buni avval körmagan bölsam. Qaçon yozilgan ekan… bir hafta oldin. Nega şu paytgaça közim tuşmadi? Qanday xabar kelsa, telefonim oynasida qalqib çiqib turardi, deyman tuşunolmay. Mendan xafa bölganmikin – telefonini kötarmayapti?

Öqişga çiqqan kunim darsdan burun studiyaga oşiqdim. Xonada yolğiz Nurali aka ötirgan ekan. Munavvar opani sörasam, hayron bölib:

– Siz bilmasmidingiz? – dedi titroq ovozda.

Söng opaning ölim xabarini aytdi. Kursdoşlari bilan janozaga borib ham kelişibdi.

Tok urgandek közim uçqunlandi. Göyo tuş körayotgandek, Nurali akaning ovozi menga uzoqdan kela boşladi. Unga savol berardim-u, javobini eşitolmasdim.

– Tortmada gazeta bor edi, şuni oling. Meni eşityapsizmi özi, unda Munavvarning sönggi rasmi bor. Janozaga kelganlardan biri gazetaga berib yuboribdi. Universitetdayam juda şov-şuv böldi.

Ustimdan sovuq suv quyib yuborilgandek, özimga keldim. Gazetaning ilk sahifasida “Nurga aylangan qiz” nomli yirik-yirik sarlavha ostida Munavvar opaning surati turibdi. Soçlari quyoşdek nur soçyapti. Yuzi ham allaqanday nurlanib, kulib turibdi. Qança urinmay, közlarim miltillab, rasm ostidagi yozuvni öqiyolmadim.

– Munavvar ismiga mos yaşadi, qalbimizga harorat berib, yoruğlik berib. Oxiridayam… nurga aylanib ketdi. Odamlarga qöyib bersang, uni sehrgardan olib, jodugarga çiqarişadi. Menga qolsa, u farişta edi! Rasmdagi nur soçiningmas, könglining rangi.

Böşaşgan holda studiyadan çiqib ketdim. Darsga kirmadim. Avtobusda uyga qaytarkanman, özimni heç qayerga siğmayotgandek ojiz sezardim. Atrofimda turganlar yiğlayotganimni körib menga hayron qaraşardi. Telefonimni olib, yana Munavvar opaning xabarini oçdim: “Bugun tuşdan söng körişa olamizmi? Qissani bitkazdim. Öqib beraman. Fikringizga rosa qiziqyapman!”

Nega buni körmay qoldim? Nega har kuni xabarlaşmadim? Opa nima sababdan bunday tösatdan ketib qoldi?.. Qanday bölmasin, qissani olişim kerak. “QIZIMGA”ni ham! Balki unda menga mavhum sirlarning javobi bordir. Bir xayolim şu öylar bilan band, boşqasi esa buvimda: keça yana yaxşi uxlolmadi, hozir qanaqa ekan?! Boşim tars yorilib ketay deyapti.

– Töxtating, tuşib qolaman!

Dafina – yerga kömilgan xazina.

Çaros AVAZOVA,

Alişer Navoiy nomidagi ToşDÖTAU magistranti.

 

2001-yil Toşkent viloyatida tuğilgan.

Respublika yoş ijodkorlarining Zomin seminari iştirokçisi (2022).

2024/4

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar (2)

  1. Hilola Rasulova

    Assalomu alaykum.Qissada nima yozilgan ekana QIZIMGAdaçi bizga ham qiziq.
    Òzi bu hikoyani davomi bormi yoki

  2. Ğiyosiddin Önarov Tahririyat

    Muallif davonimi yozayapti ekan…

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…