7 daqiqada öqiladi

477 marta körilgan

Domla. Esse

Mahmud Saʼdiy

U kişim galstuk taqib, kostyum-şimda yurmaydi, lekin domlalarga xos katta közoynakni burniga qöndirib, zambilday zil portfelni kötarib, öng tomonga xiyol egilib yuradi. Köylagining old çöntagida taroqçasi böladi. Suhbatdoşi bilan gaplaşa-gaplaşa, ahyon-ahyonda öşa taroqça bilan soçini bir tomonga silliq tarab qöyadi. Yaqinlarini köngilga tegmaydigan-u, lekin yuki juda oğir laqablar bilan çaqiradi. Bu çorlovdan sergak tortasan, özingni tuzatişga kirişasan. Öşanday “unvon” olganlardan biri men – Mulla Sevara. Har gal xonasidan yo bir savolga javob topolmay, “Şoirmisan?” va yo yonidagi suhbatdoşiga: “Bu kişim – ustoz, biz – şogird” qabilidagi dakkiyu pisandalarni eşitib, qizarib-bözarib, mulzam bölib çiqaman. Ammo bu safar…

Vaqt peşindan oqqanda, domlaning iş vaqti – soat uç-törtlarga qarab “Maʼrifat” gazetasi tahririyatiga bordim. Eşikni taqillatib kirişim bilan quyuq söraşib, ğaladonlarini titkilay ketdi. Odatdagi “teşikquloq”likka ul-bul bölsa kerak-da, deb   taxmin qilib ötiribman. Titkilay-titkilay, qappaygan bir papkani oldi. Ustiga “Sevara” deb yozilgan. Talabaligimdan beri çiqarilmagan, “çiqarib bölmaydigan” materiallarim yiğilgan jild. Içidan bir varaqni tanladi-yu, bolalarça soddalik bilan, xuddi hayitlik berayotgandek suyunib menga tutqazdi. “Qara, esingdami?”. Sakkiz yil avval, birinçi kurs paytimda saralangan guruhga ötiş uçun yozilgan inşo. Nima ekan, debman. “Domla, nega saqlab yuribsiz? Bu axir tutantiriqqayam yaramaydi-ku!”. “Olib ketasanmi?” – qandaydir ilinj bilan söradi domla. “Nima qilaman buni? Kerak emas!”  dedim behafsalalik bilan. “Senga kerak bölmasa, menga kerak! Ber bu yoqqa!” – domlaning jahli çiqqanini keç tuşundim. Yoşiga yaraşmaydigan çaqqonlik bilan varaqni papkaga solib, yana qayta ğaladoniga taşlab qöydi-da, jahlini sezdirmaslikka urinib: “Xöş, nimaga kelding?” dedi. “Domlaning xayoli özida emas, şekilli?” degan fikr lop etib miyamdan ötdi-yu, “Özingiz çaqirdingiz-ku! Joan Didionning essesi böyiça”, deya minğirlagan böldim. “Ma, öqi!” deb stoli ustidagi esseni qölimga tutqazdi. “Sevarajon, qimmatli vaqtingni bekorga sovuribsan” degan yozuvga közim tuşdi. Tuyqus alamim keldi. “Mayli, bölmasa bölmapti-da. Men ketdim, domla”, deb, ustozning söziniyam eşitmay çiqib ketdim.

Barça sezimlar köngildan çiqadiku-ya, eng oğiri – oğriq bölsa kerak. Vujuding selday oqadi, dunyoi dun öşa oğriqqa siğmay toşayotgandek tuyulaveradi. Dardi dunyong qoronği tortib, tongni qayta körmaydigandek bölaverasan. Axir, bu oğriq faqat özingda emas, boşqa insonda ham keçayotganini sezib turasan-da. Men bugun domlaning köngliga öşa oğriqni solib qöydim. Neça yildan beri asrab-avaylab kelayotgani şu bir parça qoğozni ğijimlab uloqtirganday mehri va sevinçini köz öngida oyoğim bilan tepkilab taşladim. Yöl-yölakay xotiralar lip-lip ötaverdi.

2008-yil. Bahor. Darsga borsam, ikki-uç kursdoşim birin-ketin: “Sizni Mahmud Saʼdiy qidirayapti, borib uçrar ekansiz”, deyişdi. Birinçi marta eşitayotganim bu odamning kim ekanini tuşunib-tuşunmay: “Qayoqqa boraman?” deb söradim hayron bölib. “Maʼrifat” gazetasiga boring. Öşa yerda işlaydilar. Bölim muharriri”. U binoni topib borgunimça ham bir-ikkita yuqori kurs talabalarining: “Siz Sevara Alijonovamisiz? Domla sizni maqtadilar”; “Qaysi domla maqtaydi?”; “Mahmud Saʼdiy”, degan sözlaridan hayratim yana oşib, iymanibgina notaniş eşikni taqillatdim. Içkaridagi oq aralaş soçi bir tomonga silliq taralgan, yelkasi xiyol egik, oltmiş yoşlar atrofidagi kişi bugungidek tabassum bilan “Sevaramisan?” dedi…

“…Kelganingda quruq kelmay, u-bu narsa yozib kel”. Mana, neça yildirki, ketar oldi şu gapni eşitaman. Bir kuni: “Eh, domla, domla, şu-unça yozdim, baribir çiqarmaysiz-ku”, deya öpka-gina qilgan böldim. “Nima yozsang, yoz. Çiqsa-çiqmasa, yoz! Keyin çiqmayapti, deb araz-gina qilma. Ana, 80-yillari bittasi “Şajarayi turk” haqida maqola bergandi. Köçirmalari xato bölgani uçun bosilmay yotdi. Ön beş yilça vaqt ötib kitob çiqdi. Iqtiboslarini tekşirib, keyin eʼlon qildim. Senga hali unça bölmadi, şekilli?!” – domla qitmirligini boşlaydi… Kimning qaçon, nima haqda yozganidan öşa paytda nima deganigaça esida turadi bu kişimning. Mahmud Saʼdiy deganlari şunaqa odam.

…köp öqiydi. Öqimagani yöq hisobi. Lekin yilda yo bir, yo ikki qoğoz qoralaydi, xolos. Men domlaning bu işini köp öqişning kasriga yöyardim. Bunday odamning öziga, söziga talabi nihoyat darajada baland bölsa kerak, deb bilardim. Lekin he-yeç şu savolni berişga jazm etolmasdim. Nimagadir domlani ayagim kelardi. Köpyillik yarasini tirnab qöymayin, deb qörqardim. Ammo ne böldi-yu, har turli davralarda Mahmud Saʼdiydan söz oçildi degunça, kaltagida obdan savalangan, haq sözining aççiq taʼmini hanuz tuyib yurganlardan: “Bir isteʼdodni topib olib, undan “daho” yasaşga urinadi”;“Qölidan qança-qança kitob ötdi-yu, özi bir kitob yozmadi. Mahmud Saʼdiydan nima qoladi?..” qabilidagi kinoyalarni eşitaverib, fiğonim çiqdi. Qani endi, iloji bölsa, öşalarning yoqasidan tutib: “Hamma sen kabi özini öylayversa, sen kabi “kitob­ça”sini çiqaraversa, nima böladi? Aybing­­ni yaşirguvçi, “kitob­ça”ngni odambaşara qilib kitob holiga keltiruvçi “mardikor”lar ham kerak-da!” deb yuziga aytib-aytib olsang! Zarur örinlarda aytilgani aytildi ham, eşitgani eşitdi ham. Nohaqliklardan zada bölib, bir kuni oxiri söradim: “Domla, yozişingizga nima xalal beradi? Yozsangiz, ança-munça “yozuvçi”lardan yaxşi yozasiz-ku! Nega yozmaysiz?”. “Bir umr burç yoqamdan tutdi. Avvaliga singlim bir yarim yaşar, men tört yoşligimda onadan yetim qoldik. 8 yoşga ötganimda otamdan ayrildik. Akalik burçi sabab ofitserlik maktabiga öqişga kirmay Samarqanddan qişloqqa qaytib ketdim. Öşanda könglimga qarşi bormaganimda, hozir oldingda harbiy Mahmud Saʼdinov ötirgan bölardi. Söng otalik, grajdanlik burçi…”. “Axir, bularning ijodga nima daxli bor?”. “Bor! Men hayotim mazmunini tahrir sanʼatidan topdim. “Guliston” jurnalida işlab yurgan kezlarida ham, hozir ham men uçun nom çiqariş emas, ijtimoiy hayotda voqea böladigan maqola-material çiqariş muhim edi. Bunday maqolalar eʼlon qiliş uçun muallif albatta özim bölişim şart emas-ku, töğrimi? Odam baʼzan yozmay, fikri – tafakkuri, ijtimoiy faoliyati halol, xolis mehnati bilan ham adabiyotga xizmat qilişi mumkin. Qilgan işlarimdan heç afsuslan­mayman. Kim nima desa desin, men öz vazifamni, muharrirlik işini çin köngildan bajardim. Muharrirlikning özi bir umrga yetgulik kasb”.

Yoşligidan Makarenkoni qöldan qöymay öqigan Domlaning quloğiga ilk ustozining sözlari qörğoşinday quyilib qolgan ekanmi, deyman: “Burç – odamlarga yaxşilik soğiniş. Oldin ularning yaxşi tomonlarini kör, nuqsonlari sekin çiqib kelaveradi”. Sözi keskir bölsa ham, heç bu kişining birovga yomonlik tilaganini eslolmadim.

…talabalikning uçinçi kursida domla “Tahrir sanʼati” fanidan darsga kira boşladi. Bu kişimga bitta tinglovçi ham kifoya edi. Şu sababmi, auditoriyaning “diplomsevar” qismi uyqusirab ötirardi. Domla tahrir sanʼatidan gapira-gapira, mutolaa sanʼati, hayot sanʼati kabi boşqa sanʼatlarga ötib ketardi-da. Mahmud Saʼdiy auditoriyada boşqa odam, tahririyatda butkul boşqa odamga aylanardi. Domlaning köp şogirdlari aynan tahririyatda savod çiqargan. Uni hamon yöqlaguvçilar köp. Bu insonni uçratib, Vatanga, oilaga, ustozga sadoqat tuşunçalari bilan birga, şogirdga sadoqat tuyğusini ham angladim. Domla şogirdlariga juda sadoqatli. Ammo, afsus­ki, köplari mendayin bu sadoqatning qadriga yetavermaydi… Domlaning şu qadar fidoyiligi, jonkuyarligidan baʼzan jahlim ham çiqib ketadi. “Domla, sizga nima zaril? Özizni ham öylasa­ngiz-çi!” deganimga beparvo: “Hey, mayli”, deb qöl siltab qöyadi. “Bu odam boşqaça yaşolmaydi!” deb xayolimdan ötkazaman qarab turib.

…bu kişimga Yaratgan didni balandroq qilib bergan. Şu sababmi, unça-munça maqtalgan asarlar ham yoqavermaydi, unça-munça odam ham… “Domla, sizga özi inson zoti yoqadimi?” deyman, hali uni öpoq, hali buni söpoq deyişlaridan xunob bölib. “Yoqadi, yoqadi, odam bölsa yoqadi-da! Mana, Maqsud Şayxzoda, Asqad Muxtor, Matyoqub Qöşjonov…” deb sanay ketadi. Oxirida savolimdan oğrinibmi, iymanibmi, “Ularning adabiyotni tanlaganlarining özi – adabiyotga xizmat. Şunisi uçun ham hurmat qilsang, arziydi”, deya qöşib qöyadi. Domlaning har kimni ham tan olavermasligidan hayron bölaman-da, sababini mutolaadan keyi-in tuşunib yetaman. Köpinça domlaning haq ekaniga, xolis ekaniga amin bölaman.

… Mahmud Saʼdiy tarjimasidagi Jan Koktoning “Inson ovozi” monodramasini eslayman. Aslida, öşa yolğizlik iskanjasida yaşayotgan qahramon, qaysidir jihatlari bilan Mahmud Saʼdiyga öxşab ketadi. U bejiz bu asarni tanlamadi tarjima uçun. Unda öziniyam kördi, unda özini topdi, unda yaşadi…

…bir umr rost gapirib keladi. Yolğonni tan olmadi, yolğon gapirolmadi. Qorani oq deyolmadi. Şuning uçun maşaqqatli kunlari ham köp böldi. Hammasi tilidan, feʼlidan. Ammo adabiyotni deb ekskavatorini taşlab kelgan bu kişimning vijdoni oldida hamişa yuzi yoruğ böldi.

…“Sen menga öxşama! Menga öxşab öz işingni orqaga taşlama!” Bu tilakning ortida oğriq, iztirob va umid qorişib ketgan. U bir ota kabi şogirdlarining orzulariga qanot bağiş­laydigan, öz xatolarining ularda takrorlanmasligini istaydigan, yoş köngillarni har xil körgulik­lardan asraşga urinadigan USTOZ!..

Eslayapman-u, közimdan tirqirab yoş çiqib ketayapti. Yaxşilik jazosiz qolmaydi, deb goh piçing qilasiz. Mana, domlajon, menga qilgan yaxşiliklaringizning jazosini tortavering. Siz istagan “daho” bölolmadim, işonçingizni oqlolmadim, umidingizni yana neça şogirdlaringiz qatori söndirdim-qöydim.

Domla öşa kungi sözlarimdan yaxşigina ranjigan ekan. Ançagaça qönğiroq qilmadi, yöqlamadi. Boşqa şogirdlari “Domla sizni söradilar”, deb aytib turişdi. Men özimni keçirolmay yurgan bir pallada, Mahmud Saʼdiydek inson yoş bir qizning taqdiri, qalami borasida tinimsiz boxabar bölib turişi battar vijdon azobiga solmaydimi!

Domla, mehringiz, jonkuyarligingiz va rostgöyligi­ngiz qarşisida taʼzimdaman! Sizdan kitob qolmasa, maktab qoladi!

Sevara ALIJONOVA

1991-yili tuğilgan.

Özbekiston Milliy universitetini tamomlagan.

Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan. “Yoz keçasi” (Night of summer) şeʼriy kitobi özbek va ingliz tillarida naşr etilgan.

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…