Zavq bilan yashash kerak

0
52
marta ko‘rilgan.

Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov hikmatlaridan

 

* * *

Men inson tabiatni qadrlay bilishi, undan zavq, bahra olishi kerakligini bilaman. Shuni ham tushunib yetish kerakki, inson – tabiatning bir parchasi, tabiat unga yashash uchun berilgan makon, yashaganda ham faqat bir marta aql va zavq bilan yashashi kerak.

 

* * *

Inson tabiati shunday yaratilganki, u tez-tez xato qilib turadi: o‘tkinchi hoyu havasni ko‘pincha haqiqiy Muhabbat deb o‘ylaydi. Asl muhabbat og‘riq bilan keladi.

 

* * *

Inson goh-goh duch keladigan har bir muvaffaqiyatsizlikni baxtsizlik deb hisoblamasligi lozim. Kim biladi deysiz, balki haqiqiy baxt kichik muvaffaqiyatsizlikdan boshlanar?!

 

* * *

…Zamindan mahrum qilish mumkin, boylikdan mahrum qilish mumkin, hayotdan ham mahrum qilish mumkin. Lekin inson xotirasiga tajovuz qilish…

chidab bo‘lmas fojiadir.

 

* * *

Har bir yangi avlod o‘z hayotini boshqa mamlakatlarda ro‘y bergan ko‘tarilish, taraqqiyot bilan taqqoslab ko‘radi va tanazzul sabablarini qidiradi. Agar tanazzul sabablarini to‘g‘ri topsa, endi o‘tmishdagi xatolarni takrorlamaslikka intiladi, to‘g‘ri yo‘lga tushib olishga harakat qiladi.

 

* * *

Tabiatni qanday qilib asrash, urushlardan, texnikaviy taraqqiyot keltirib chiqaradigan kulfatlardan himoyalanish to‘g‘risida bosh qotirishdan avval ma’naviy ma’noda inson qanday qilib inson bo‘lib qolajagini, nafaqat aql-idrokli mavjudot shaklida emas, balki his qiladigan, vijdonli inson qandoq bo‘lishi kerakligini bilmoq kerak.

 

* * *

Dunyo inson uchun kerak – odam uning asl mohiyatini tushunib olish uchun yaratilgan, shu bois ham dunyo turibdi.

 

* * *

Baxt degani dillarning uyg‘unlashib ketishi degan so‘z.

 

* * *

Ezgulik salgina chekinsa – bas, uning o‘rniga darhol yovuzlik mustahkamlanib oladi.

 

* * *

…Odamlar har xil tillarda gaplashadilar. Biroq, faqat bitta tilda – yurak deb atalmish zabonda sevgi izhor qiladilar, quvonadilar, sog‘inadilar.

 

* * *

Iroda, matonat yo‘q joyda sevgi-muhabbat to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emas. Gohida muhabbat menga qandaydir kompyuter qurilmasiga o‘xshab ko‘rinadi. Agar ko‘zga ko‘rinmas birorta murvat ishdan chiqsa – bas, butun boshli murakkab buyum sariq chaqaga qimmat bo‘lib qoladi.

 

* * *

Koinot miqyosida inson umri pashshaning umriday gap. Biroq insonga tafakkur ato qilingan, shu narsa uning umrini uzaytiradi. Lekin aksi ham bo‘ladi – keskin qisqartiradi ham.

 

* * *

Faqat milliy, xalqona ta’lim-tarbiya bilan ma’naviyat, ichki madaniyat payvand qilinsagina odamlarni har qanday pastkashlikdan, tubanlikdan asrab qolish mumkin.

 

Husan Maqsudov tayyorladi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.