Ena bo‘ri

0
162
marta ko‘rilgan.

(Qissa)

– Ha-a, qursog‘ingni lorsillatib, tag‘in qo‘ni-qo‘shnilarni sho‘rini quritib kelayapsanmi, a, Boybichaxon?! Ha-a, Boybichcha bo‘maygina o‘lgin sen! Ko‘zlaring javdiramay ketgin sen!
Bu paytda bola o‘tov eshigi tashqarisida, ko‘zlari to‘la uyqu, oyog‘i bilan yerni paypaslagancha, kavushini qidirardi. Onasining andakkina zarda aralash erkalab koyinishlari adoqlab ulgurmay, avval bir, so‘ng to‘nkarilib yotgan ikkinchi poyini topib, oyog‘iga ilarkan, so‘l tarafda qalashib yotgan qoyatoshlar tomon zing‘illashdan burun o‘tovning o‘ng yonida, tutayotgan o‘choq boshida o‘ziga orqa o‘girib turgan onasi Saragulga shunchaki bir nazar tashlab qo‘yarkan, shunda o‘tovdan, chamasi, o‘ttiz odimcha naridan, kunchiqishdagi archazor qiyalik sari oshiqmay bir maromda yo‘rtib borayotgan, haybati o‘rtachadan ziyodroq, kulrang tusdagi g‘oyatda ko‘rkam itga ko‘zi tushdi. Ayni shu damda kulbet jonivor ham, kimsan sen, deganday o‘tkir ko‘zlarini g‘alati cho‘g‘lantirib, aynan o‘ziga ayricha qarab qo‘yganini bola sezgan esa-da, o‘lgudek zahartang qilib turgan emasmi, itning bu g‘alati boqishiga ortiqcha e’tibor berib o‘tirmadi, nega deganda, tezgina qoyatoshlar panasiga o‘tib, so‘ng qayta issiq ko‘rpa og‘ushiga sho‘ng‘ish ilinjida edi-da u. Biroq, shunga qaramay, dumi va quloqlariga tig‘ tegmagan jonivor baribir diqqatini tortmay qolmadi, chunki o‘zi bilgan va ko‘rgan ovul itlari orasida haligacha bu xildagisini uchratmagan, qara-ya, agar dumi va quloqlari kesilmasa, it degani juda ko‘rkam bo‘larkan-a, degan xayolda qoyatoshlar tomon zipilladi.
Bola tonggi epkindan eti junjikib, o‘tov yoniga qaytganda, boya ko‘rgan kulrang it allaqachon qiyalikdagi archazorda ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan, onasi esa o‘choq qoshida cho‘kkalab, tutayotgan o‘tni qo‘zg‘ash va puflash bilan ovora edi. Biroq notanish jonivorning kamdan-kam itlarga xos salobat-la yo‘rtishi hamda kelishimli jussasi bolaning shuurida muhrlanib qolgan emasmi, uni qayta ko‘rmoq umidida, issiq o‘rinni bir zumga unutib, onasidan so‘radi.
– Boyagi it qani, ena?
– Qanaqa it? – Saragul uning barvaqt turganidan ajabsinganday yelkasi osha bir qarab qo‘yarkan, so‘ng o‘choqqa yuzlanib, o‘g‘il bola bo‘la turib, bo‘rini itdan ajrata bilmadingmi, nodon, degan ohangda dedi: – Qanaqa it… jondor-ku u!
Bola tabiatan ancha-muncha jur’atli esa-da, bu gapdan qovug‘i bo‘shashib, ishtonini ho‘llab qo‘­yishga bir bahya qoldi. Uyqusi batamom o‘chib, dam onasi, dam archazorga lolu hayron boqarkan, so‘ng birov bexos ensasiga turtkanday, birdan hushyor tortdi. Ko‘zlarini alang-jalang qilganicha, odatda, har tun o‘tovning kunbotish tarafidagi qo‘tonda suruvni tevaraklab yotadigan o‘z itlarini qidirdi. Ammo uch birday itdan birortasi yo‘q – tong saharda otasi Chori cho‘pon tomonidan qo‘zg‘atilgan qo‘y-qo‘zilar ortidan allaqachon yaylovga chiqib ketishgandi. Bolani taajjubga solgan yana bir hol – salgina burun bu yerdan nomining o‘ziyoq har qanday yurakka adadsiz vahima solg‘uvchi yovuz bir maxluq yo‘rtib o‘tmaganidek, quyida, qutondan naridagi keng soylik sahnida qantariqli to‘riq otdan tashqari, besh-olti qoramol bemalol o‘tlab yurar, girdi cho‘p va og‘och bilan o‘ralgan beridagi choqqina qo‘rada esa dardmandligi tufayli suruvdan qolgan uch-to‘rt ushoq jonivor hamda ikki buzoqcha tinchgina kavsh qaytarib yotar, qisqasi, atrof tinch va osoyishta edi.
Bolaning nazari qachonki qo‘tonni supurib-sidirib yurgan opasi – Barnoga tushgach, hayrati ming chandon ortdi, nechun chumchuq pir etsa, yuragi shig‘ etadigan opasi jondordan hayiqmadi?
Yo onasi hazillashdimikan?
Yo‘q, onasi hazil-huzul qiladigan ayollardan emas.
Boz ustiga, tog‘lar orasidagi bu ovloq makonda begona itga pishirib qo‘yibdimi? Bundan chiqdi, ko‘rgani chindan-da jondor ekan-da!
Bola, ko‘ngli to‘la hadik, o‘tovga kirdi.
Qalin ko‘rpani engagigacha tortib, qayta uxlashga urinib ko‘rdi.
Biroq endi uyqu qayda.
Bola qavatida pishillab uxlab yotgan ukasini turtkilab uyg‘otgisi va hozirgina ko‘rganlarini oqizmay-tomizmay, boricha so‘zlab bergisi keldi. Ammo uyg‘otgani bilan inisi kuchukvachchaday g‘ingshib, g‘ashiga tegishdan boshqasiga yaramasligini o‘ylab, bu fikridan qaytdi. Yotgan joyidan o‘tov uvuqlariga, shiftdagi enli-ensiz qizg‘ish tuzmalarga, tepadagi yarim ochiq chang‘oroqqa, keragalarga osilgan turli ro‘zg‘or buyumlariga birma-bir ko‘z tashlab chiqarkan, nigohi taroqi xurjun yonida ilig‘li turgan qo‘shog‘iz miltiqqa tushgach, hadigi arib, yarog‘i bor odam ham jondordan hayiqadimi, deya xotirjam tortdi.
Ammo ko‘rganlarini kimgadir juda-juda aytgisi keldi.
Biroq kimga?
Bu yerda na bir jo‘rasi, na biror yaqin sirdoshi bor uning.
Qani endi, shu tobda jini sevmas bu yaylovda emas, jonajon ovulida bo‘lib qolsa-yu, ko‘rganlarini avvaliga Oynagul momosiga, so‘ng andakkina oshirib-toshirib, xamirdayin ko‘pchitib, jo‘ralariga so‘zlab bersa, hayratdan ularning anqayishlarini ko‘rib, rosa huzur qilsa. Aytgancha, o‘zini jasur, shunchaki jasur emas, o‘ta darajada jasur ko‘rsatish uchun, ko‘p emas, jindek yolg‘on ishlatsa, yomon bo‘lmaydi. Deylik, jondor bir odim, yo‘q-yo‘q, bunga o‘laqolsa ishonishmaydi, bor-yo‘g‘i olti-yetti odim naridan menga bir qarab qo‘ydi-da, qalaysan, deganday dumini bir-ikki to‘lg‘ab o‘tib ketdi desa, bas – umrida jondorning o‘zi tugul, uning soyasini-da ko‘rmagan jo‘ralariga shu gapning o‘zi yetib ortadi.
Bola, xayoli jondorda esa-da, o‘zini jo‘ralari orasida his etib, yuragi bir qalqib tushdi, so‘ng shimoliy dovon orti kengligidagi qadrdon ovulini ko‘z oldiga keltirib, beixtiyor chuqur xo‘rsinib qo‘yarkan, har yili erta ko‘klamdan kuz o‘rtasiga qadar ota-onasi qo‘nim topadigan bu yashil yaylov o‘zi uchun g‘oyatda begona, g‘oyatda zerikarli maskan ekanini, magar inon-ixtiyori o‘zida bo‘lganida bormi, odam topmas bu ovloq makonda bir daqiqaga ham qolmay, butun yozni jonajon ovulida, do‘stlari bilan girdi daraxtzor taqir maydonda ertadan kechgacha koptok tepib o‘tkazishni miyasidan birma-bir o‘tkazar ekan, Rayimqul bobosidan juda-juda xafa bo‘lib ketdi. Boisi, mana ikkinchi yildirki, yozgi ta’tilni kutmayoq bobosi uni o‘zining chavkar otiga mingashtirib, tog‘lar orasidagi ushbu yashil yaylovga – Suvliqsoy vodiysiga tashlab ketadi, tovlarga mehring iysin, deb.
Biroq tog‘u toshlarga bolaning mehri iymaydi.
Bu manzilda toriqishdan bo‘lagini tuymaydi.
Birinchi kundanoq rangi siniqib, ko‘zlari ma’yus tortib, ovul chetidagi to‘p suradigan o‘sha taqir yalanglikni, ayni tush mahal cho‘miladigan tiniq soyini, tergashlari erkalashga, xipchinlashlari silab-siypalashga o‘xshab ketadigan o‘ta ko‘ngilchan Oynagul momosini, ularga devor-darmiyon qo‘shni bo‘lmish mehribon va cho‘rtkesar Shahlo ammasini hamda o‘tgan yili ko‘klam adog‘ida tuman markazida yashovchi Qobilbek amakisi hadya qilgan serqiliq jimitdek iti – Qo‘ng‘iroqni sog‘inadi. Bola ko‘ppaklarni unchalik jini sevmaydi, ammo Qo‘ng‘iroqni butunlay bo‘lakcha qadrlaydi, chunki u juda tiyrak va ziyrak jonivor – o‘ynatsang o‘ynaydi, erkalatsang erkalanadi, so‘zlasang anglaydi, koyinar bo‘lsang aqlli ko‘zlarini javdiratib, kechir meni, deganday boshini egadi. Mabodo, biror yoqqa ketar ersang, darvoza tirqishidan tashga mo‘ralab, uyga qaytishingni ilhaq kutadi.
Bola shularni o‘ylarkan, sog‘inchdan ko‘ngli o‘rtanib, bir xayoli, shartda o‘rnidan turib, shu ondayoq ovuliga jo‘nab qolgisi keldi. Biroq biror-bir jiddiy sababi bo‘lmasa, bu harakatidan foyda yo‘q – bobosi tag‘in otda olib kelib tashlaydi. Bolani xunob qiladigan yana bir hol – u qanchalik ovulga intilsa, buning aksi o‘laroq, jo‘ralari shunchalik unga havas qilishadi, nuqul, maza-maza, senga maza, deyishadi. Bola tevarakdagi viqorli tog‘larga, yashil yaylov kengliklariga mahzun-mahzun boqarkan, nimasi maza, deya doimo hayron bo‘ladi.
Bundan ham nochori – otasi qavatida bo‘lish: bunday kezlarda na tog‘lar cho‘ngligini, na yashil archalar tarovatini, na yengil epkin allalayotgan turfa chechaklar chiroyini, na o‘ynoqi jilg‘alar sasini tuyadi, go‘yo cho‘ponlik taqdiri azaldek, lanj va tushkun bir kayfiyatda suruv ortidan sudralib yurarkan, zo‘r berib, o‘zicha jonajon ovuliga qaytmoqning ming bitta rejasini tuzadi. Hadeb reja tuzaverishdan charchagach esa xurjun tubida o‘zi bilan olib kelgan ola-bula charm koptogini qo‘msab, yaylovning olis puchmog‘ida, oftobda oqargan do‘ppidek, do‘mpayib turgan o‘tov tomon ko‘z tashlab, o‘zicha ich-ichidan o‘ksinib-o‘ksinib qo‘yadi. Chori cho‘pon qanchalik sabr-toqatli odam bo‘lmasin, uning tumshayib yurishi oxiri joniga tegib, sen bola yurakni toza qon qip yubording-ku, deya uni o‘tovga haydab soladi. Biroq u o‘tovga qaytib ham halovat topmaydi.
Bu endi o‘tgan yilgi gaplar.
Bu daf’a o‘zini oldinda ne bir zerikarli kunlar kutayotganini avvaldan bilgani bois, kechadan buyon chiroyi ochilay demasdi. Biroq tongda yuz bergan bu voqea unga favqulodda qattiq ta’sir etib, vaqtinchaga bo‘lsa-da, dilidagi bu noxush kayfiyatni kunpayakun qilib tashlagandi. Axir bo‘ridek o‘ta dahshatli bir maxluqning shundoqqina o‘tovlari yonidan emin-erkin o‘tib ketishi hech aqlga sig‘maydigan hodisa edi-da. Buning ustiga, uzundan-uzun qish kechalari kattalardan jondor zotining yovuz qilmishlari haqida ne bir gurunglarni eshitmagan u. Bu yerda esa jondor degani naq tumshug‘i tagida o‘ralashib yuribdi! Bunisi kamdek, onasi uni koyib va erkalab o‘tiribdi!
Yo jondor degani yolg‘onmikan?
Bola ortiq cho‘zilib yotolmadi.
O‘rnidan ilkis qo‘zg‘olib, apil-tapil kiyindi.
Tashqarilashdan avval, dastlabki ishi – mili quyiga qarata osilgan miltiqni silab-siypalash bo‘ldi. Keyin bunga ham qanoat etmay, uni qo‘liga olib ko‘rdi. Agar ixtiyori o‘zida bo‘lganida bormi, katta yigitlardek, uni yelkasiga ilib chiqardi-yu, lekin bu qilig‘i onasiga yoqmasligini bilgani bois, bu shashtidan qaytdi.
U asta tashqariladi.
Bunday qarasaki, qozon to‘la sutni shopirayotgan onasining nechundir zardasi qaynabroq turibdi. Bola ko‘proq momosi quchog‘ida o‘sganligi uchun azaldan onasiga baqamti kelavermasdi. Hozir ham uning ko‘ziga ko‘ringisi kelmay, o‘tovning so‘l qanotidan sekin aylanib o‘tdi-da, o‘tov hamda qo‘ton oralig‘idagi kaftdek yalanglikda qurilgan o‘rmak belidan hatlab, qo‘tonni tugatib, endigina qo‘rani supurmoqqa kirishgan opasi qoshiga bordi va past ovozda so‘radi.
– Opa, boyagi… chindan-da jondormidi?
– Nima, gumoning bormi? – dedi Barno yumushdan bosh ko‘tarmay.
– Men uni… itga o‘xshatdim-da…
– Mayli, unda it bo‘laqosin.
– Opa, siz bilan hazillashayotganim yo‘q!
– Sen bilan hazillashishga mening ham vaqtim yo‘q.
– Opa, ko‘p qonimni qaynatmang!
Bu gapdan so‘ng qaddini tiklagan qiz ko‘klam quyoshidan qoraya boshlagan kulcha yuzini tabassumga to‘ldirib, voy-bo‘y, hali sen menga jahl qiladigan bo‘p qoldingmi, deya uning ustidan kulmoq istadi. Biroq qoshida ko‘zlarini o‘qdek qadab turgan bolaning gezargan afti bunga monelik qildi. Qiz uning bu qadar jiddiyligini endi ko‘rayotgandek, picha qarab turdi-da, so‘ng xiyol terslanib dedi:
– Hay-y, jondor ham deylik, xo‘sh?
– Nima, xo‘sh? – bu safar bolaning ko‘zlari bejo olovlandi. – Agar u chindanam jondor bo‘lsa, bu yerdan izini quritmoq kerak!
– Qanday qilib?
– Qoq manglayidan otib! – dedi bola o‘tovdagi yaroqni nazarda tutib.
– Oson ekan-da…
– Nimasi qiyin?
– Qo‘lingga hech miltiq tutganmisan o‘zi?
– Mana endi, tutamiz-da!
– Tutmaganing ma’qul.
– Nechun?
– Nechunligini, ana, enamdan, shomda otamdan so‘raysan…
– O‘zingiz aytsangiz puchuq bo‘lib qolasizmi?
– Ha, puchuq bo‘lib qolaman.
– Opa, achuvimni qo‘zitmang! – bola ovozini bir parda ko‘tardi.
– Qo‘zitsam, nima qilarding?
Bola bu yog‘ini o‘ylamagan ekan, ne deyarini bilmay, bir muddat turib qoldi. Keyin og‘irligini u oyog‘idan bu oyog‘iga tashlab, o‘ng mushtini og‘ziga tutgancha, avval tomoq qirib, so‘ng ketma-ket yo‘talgan bo‘ldi. Barno, kuching do‘q qilishga yetdimi, xolos, deganday kinoyamuz jilmaydi. Bu bolaga og‘ir botdi. U urmoq uchun tosh qidirganday, beixtiyor, yon-veriga alanglarkan, shunda ko‘zi naridagi o‘rmakka tushib, zug‘umli ohangda dedi:
– Nima qilardim, anovu o‘rmak iplarini bitta qoldirmay, kesib tashlayman!..
Bu – bolaning qo‘lidan kelishi tayin edi.
Bundan qiz hushyor tortdi.
– Enam teringni shiliydi so‘g‘in, – deya boshi bilan o‘choq tomonga imo qildi. – Qara, shusiz ham achuvi qo‘zib turibdi.
– Nechun?
– Qora tovuqni tulki ilib ketibdi…
Bola toshlardan naridan-beri tiklangan katakka, go‘ng titkilab yurgan tovuqlarga boqarkan, ajabsinib dedi:
– Itlarning ko‘zi qayoqda edi?
– Tulki suruv qo‘zg‘algandan so‘g‘in katakka bosh suqqanga o‘xshaydi.
– Katak og‘zini mahkam bekitib qo‘yish kerak edi, – dedi bola qora tovuqqa ichi achib.
– Shuni unutibman-da, men o‘lgir…
– Endi enam etingizni nimtalasa kerak-ov.
– Yo‘q, bir tovuq uchun etimni nimtalamaydi.
– Unda nechun achuvlanayapti?
– Mendan emas, tulkining qilig‘idan achuvlanayapti.
– Yomon tulki ekan lekin…
– Ha, yomon ekan…
Katakka bosh suqmoqqa haddi yetgan tulkiga nisbatan g‘azabi jo‘shgan bola bir damga jondorni unutdi. Tovuq o‘g‘risini qidirib, avval atrofiga, so‘ng vodiy tegrasidagi mahobatli tog‘larga – shimoliy va janubiy dovonga, boya yirtqich izsiz g‘oyib bo‘lgan archazor qiyalik va uning tepasidagi qoyaga, hali to‘la bosh ko‘tarib ulgurmagan tonggi quyosh nuridan manglayi yorishgan mag‘ribdagi cho‘ng qoyalarga, keng o‘tloqning olis puchmog‘ida nuqtadek qorayib turgan otasi suruviga bir-bir ko‘z tashlab chiqarkan, pirovardida, tevarakka chalg‘ib, tulkini esdan chiqardi.
Borliq g‘oyatda tarovatli edi.
Borliq g‘oyatda fusunkor edi.
Borliq teran sukunat og‘ushida edi.
Bola buning barini ko‘radi, ammo zarracha his etmaydi.
Qaytaga sukunat yuragiga misli toshday og‘ir botadi.
Bundan qalbi behad o‘rtanadi – nahotki kuzgacha shu sukunat og‘ushida qolib ketsa?
Bunaqada siqilib, adoyi tamom bo‘ladi-ku!
Bola shu o‘yda shimoliy dovonga g‘amnok boqadi: voajab, tunov kungina mana shu tog‘ ortida jo‘ralari bilan maza qilib to‘p tepib yurgan edi-ya. Kecha ertalab esa to‘satdan bobosi: “Ov-v, senam kap-katta yigit bo‘p qolding, borib, yaylovga el, otangga bel bo‘sang-chi, qachongacha orqa etagi tugilgan boladay, momong quchog‘idan chiqmay yurasan”, deya otda uni yaylovga tashlab ketdi. Bola, o‘tgan yilgidek, bu gal ham o‘zining sevimli ovunchog‘i – koptogini unutmadi, o‘zi bilan olib keldi. Ana, turibdi o‘tov biqinida, tashlandiq bir buyumdek. Darvoqe, bu yerda uni kim bilan o‘ynaydi? Anovu yig‘loqi ukasi yoxud tongdan shomga qadar o‘rmakdan bosh ko‘tarmaydigan manovu bodomqovoq, sertabassum opasi bilanmi? Yo‘q, to‘p surishda ikkisi ham raqiblikka yaramaydi – bolaga esa xuddi o‘zidek chapdast sherik kerak. Bu kamdek, onasi nechundir koptogini jinidan battar yomon ko‘radi, kecha uni xurjundan olayotganida, ensasi qotib, bejo qarab qo‘ygan.
Bir payt o‘ng tomonida “do‘p-do‘p” etgan elasgina shovurni eshitib, bola ilkis yoniga o‘girildi va o‘tov qavatida g‘imirlab yurgan onasi tomondan atay tepib yuborilgan to‘pni, dik-dik sakragan ko‘yi, quyidagi soylik sari dumalab borayotganini ko‘rdi.
Ayol o‘tish-qaytishiga xalaqit bergani uchun emas, bu la’nati koptokka nisbatan o‘g‘lining mehri haddan ziyodaligi tufayli, bolani undan qizg‘anib tepgandi. Bir xayoli, uni yonib turgan o‘choqqa tiqmoqchi bo‘ldi-yu, biroq o‘tgan yili ayni shu qilig‘i bolaning yaylovni tark etishi bilan yakun topgani bois, bu gal onalik hissiyotiga ortiq darajada erk bermay, koptokni tepish bilan cheklanib qo‘ya qolgandi. Koptokni yoqar bo‘lsa, bola yo‘q dardni o‘ziga chorlab bo‘lsa-da, bu yerdan qorasini o‘chiradi. Ayol esa bolaning tog‘u toshlarga singib-singishib ketishini, o‘g‘il boladay bo‘lib, ular bag‘rida emin-erkin tentishini, kerak damda otasi suruvini bemalol eplab-seplashini istardi. Aksiga olib, o‘g‘li bu yerda o‘zini xuddi begonadek tutardi. Ayol – o‘zi uchun g‘oyatda aziz bo‘lmish bu yashil olamning o‘g‘liga ola-bula to‘pchalik qadri yo‘qligidan alamda edi. Shuning uchun to‘p izidan chopib borayotgan bolaning ortidan qarab qolarkan, koptok degan baloni o‘ylab topganlarni yanib, ular go‘riga ayamay g‘isht qalay ketdi.
Bola soylik tubidagi tikanaklar orasida koptogini quvib yetarkan, alami toshgandan-toshib, bu kech o‘zini atay kasalga solib bo‘lsa-da, yaylovdan ketmoqni mahkam diliga tugdi.
Nega endi hozir emas, kechda?
Boisi hozir o‘zini kasalga solar bo‘lsa, onasi, nima balo, biror yomon narsa yeb qo‘ydingmi, deya qatiq ichiradi, chalop ichiradi, og‘ziga o‘qlovdek qattiq barmog‘ini tiqib, qayt qilishga majbur etadi. Otasi esa bunga sira izn bermaydi: “Kasal qo‘yga cho‘pon, bemor bolaga esa do‘xtir qarash kerak”, deya ortiqcha shovqinsiz, zudlik ila otiga mingashtirib, uni ovul feldsheri bo‘lmish Shahlo ammasining huzuriga olib boradi. Bola ko‘zlarini yoshlab, yolg‘ondakam inqillab-sinqillab, tog‘da nechundir boshim gir-gir aylanib, nuqul ko‘nglim ayniyveradi, deyar bo‘lsa, bas – har kasal ko‘rganida, negadir doimo darrov jiddiy tortadigan ammasi, hammasi tushunarli, senga tog‘ havosi yoqmas ekan, deya bolani momosi quchog‘ida qoldiradi. Ertasi tongdan esa uni daraklab jo‘ralari kelishadi, avval maydonda obdon to‘p surishib, so‘ng chug‘urlashgancha soyga enishadi va shu bilan deyarli kechga qadar hovli yuzini ko‘rmaydi.
Oynagul momosi mehribon – salga qo‘liga xivich olavermaydi.
Rayimqul bobosiga kelsak, Shahlo ammasi tag‘in jiddiy tortib, bir talay tushuniksiz tibbiy iboralarni tilga olib, bolaning sog‘lig‘i xususida picha “ma’ruza” o‘qisa, tamom – qaytib, “yaylovga bor” demaydi.
Eng muhimi, suyukli koptogi bu yerdagi kabi xor bo‘lmaydi.

* * *
Oqshom – suruv qaytgandan so‘ng, bola ertalabdan tuzib qo‘ygan rejasini endigina amalga oshirmoqchi ham ediki, qo‘shni otarlik Jovli cho‘ponning kutilmagan tashrifi bu ishning beliga tepdi. Qo‘noq oldida inqillab yotishdan istihola qilgan bolaning uning ketishini kutishdan bo‘lak chorasi qolmadi. Aksiga olib, Jovli cho‘pon sira oshiqay demas, har ikki gapining birida “amaki”lab, qoshida o‘tirgan Chori cho‘ponga o‘z dardini bayon etayotgandek esa-da, aslida butun e’tibori Barnoda edi. Ko‘z qirida ichkariga kirib-chiqib turgan qizga, kishi bilmas, zimdan qarab qo‘yardi. Chamasi, qiz ham yigitga beparvo emas shekilli, boshida yangi qirmizi durra, har o‘tovga bosh suqqanida, yanoqlari alvonlanib, ko‘zlari g‘alati chaqnardi.
Buni tuyqusdan payqab qolgan bola avvaliga ajabsindi, so‘ng opasini qo‘noq yigitdan qizg‘anib, o‘z rejasini unutgancha, odob bilan gurung berayotgan Jovli cho‘ponning barcha pinhona qiliqlarini qanshari ostidan kuzatishga tushdi. Ko‘p o‘tmay, gumoni chinligi ayonlashgach, qo‘noq yigitni jinidan battar yomon ko‘rib qoldi: qani endi, bu yaramas to‘p surayotganida o‘ziga ro‘baro‘ kelib qolsa-yu, boplab chalib yiqitsa! Bola shu otashli o‘yda, o‘ziga qarshi maydonga tushgan raqibining kuch-qudratini chamalayotgan polvonday Jovli cho‘ponga boshdan-oyoq qayta ko‘z tashlarkan, tezda bu xayoli puchligini angladi. Bir qarashda qo‘noq yigit bo‘shtobroq ko‘ringani bilan jussasi pishiq va chayir edi. Odatda, bunaqalarni to‘p o‘yini paytida ming chalib yiqitsang-da, xuddi hech narsa bo‘lmaganday, bir-ikki dumalab, sakrab o‘rnidan turib ketaveradi.
Bundan bolaning battar alami qo‘zidi. U chekkasini qashlay-qashlay, bu yaramasni nima qilsam ekan, deya lablarini mahkam qimtigancha, o‘tov ichiga ko‘z yugurtirarkan, nigohi keragada osig‘li turgan yaroqqa tushgach, beixtiyor, quyidagi tasavvurga erk berdi: u jiyron otda kunbotishdan, cho‘ng qoyalar ortidagi vodiydan itday sumanglab kelib qolgan qo‘noq yigitni yaylovning biror puchmog‘ida qo‘lga tushiradi-da, unga miltiq o‘qtalib, qani, otdan tush, qo‘lingni ko‘tar, deydi. Raqibi o‘ziga nisbatan harchand kuchli bo‘lmasin, yarog‘ oldida musichaday ojiz qolib, sirg‘alib otdan tushadi-da, hatto so‘z ayt­moqqa haddi yetmay, darrov har ikkala qo‘lini baland ko‘taradi. Bola esa hayallamay navbatdagi buyruqni beradi: “Qani, oldimga tush!” Bola shu sozda Jovli cho‘ponni o‘rtadagi Kemtikqoya po­yiga qadar haydab boradi-da, so‘ngra momosining birda qo‘shni sho‘x yigitga qarata aytgan so‘zini tilga olib, deydi: “Uv-v, suyuqko‘z! Gapning erkagi shu – bundan so‘g‘in bu tomonda ortiq qorangni ko‘rmay! Agar tag‘in kelar bo‘lsang, bilib qo‘y, naq manglayingdan otaman!” Qo‘noq yigit undan osongina qutulganiga ming bora shukrlar aytib, Kemtikqoya so‘l biqinidagi quyuq to‘qayzor oralab ketgan tor so‘qmoqqa o‘zini urgancha, qochadi. Bola esa uning ketidan osmonga qarata, bir-ikki o‘q uzgan bo‘ladi.
Axir kinolarda shunday qilishadi-ku.
Bola bu huzurbaxsh qasosli o‘ylar girdobida o‘zicha tebranib o‘tirar ekan, daf’atan qulog‘iga chalina boshlagan qattiq-quruq gap-so‘zlardan xayoli bo‘linib, hushyor tortdi.
– Hay-y, maqsading uning boshiga yetishmi, a?
– Axir bizga kun bermay qo‘ydi-da, amaki.
– Agar unga ziyon yetkazar bo‘lsang, so‘ng qo‘shni jondorlar bizga kun bermay qo‘yishi mumkin-ku. Shuni bilasanmi sen?
– Ularniyam bitta qo‘ymay qirib tashlaymiz.
– Sen bola, yomon qirg‘ich chiqib qolding-ku, a!
– Kecha tundayam…
– Uv-v, menga qara! – Chori cho‘pon, bosiq fe’liga xilof ravishda, ovozini yanada ko‘taradi.
– Agar bilsang, cho‘ponning molida jondorniyam haqqi bor, ulushi bor. Bir-ikkita molingga jondor qotingani bilan qurib, kambag‘al bo‘p qomaysan-ku axir!
– To‘g‘ri-kuya… – Jovli cho‘pon bosh egib, iyak silab, avval ko‘rsatkich, so‘ng bosh barmog‘i bilan burun qashlab, xo‘rsingan bo‘ladi. – Baribir odamga alam qiladi-da, amakijon.
– Hay-y, otang rahmatli yaqin jo‘ram edi…
– Chori cho‘pon yomondan-yomon to‘nglanib, yonidagi baxmal lo‘la bolishdan birini tizzasiga olib, unga o‘mrov tirarkan, har bir so‘zini salmoqlab-salmoqlab, etni junjikturivchi bir ohangda deydi: – Jondorni deb, endi uli bilan yovlashar ekanmiz-da!
– E, e, unday demang, amakijon, undaylar demang! – Jovli cho‘pon chotidan ari chaqqanday, bir sapchib tusharkan, ayni shu damda to‘garak oqish patnisda non va shirinliklar ko‘tarib kirgan Barnoga yer ostidan ko‘z tashlab qo‘yishni unutmagan holda, deydi: – Sizdek otaqadrdon bilan yovlashmoqdan Xudoning o‘zi asrasin! Siz bizga… otadek yaqinsiz, amakijon!..
Bu gap-so‘zlardan bolaning dastlab anglab yetgani shu bo‘ldiki, bugun tongda o‘tov yonidan, onasi aytganidek, qursog‘ini lorsillatib o‘tgan jondor tunda qo‘noq yigitning ikki oylik buzog‘ini bo‘g‘izlab ketibdi. Bir ozdan so‘ng bola yana qiziq holdan ogoh bo‘ldiki, dam-badam qo‘shni otarlarga oralab turadigan o‘sha yirtqich otasi moliga aslo qotinmas ekan. Tabiiy, bu – bola uchun hech kutilmagan sinoat edi. Pirovardida, uning aqli shoshib, hayrati oshib, qo‘noq yigitga nisbatan bo‘lgan o‘tli adovatini butkul esidan chiqardi.
Qiziq, nechun bu jondor otasining moliga qotinmaydi?
Bola qiz va yigit o‘rtasida pinhon kechayotgan sirli “muloqot”ga ortiq ahamiyat bermay, tobora qizg‘in va qiziq tus olayotgan gurungni tinglashda davom etdi.
– Otang rahmatli Surbo‘ri galasini quritib, ko‘p xato ish qilgandi-da lekin…
– Aytmang… – Jovli cho‘pon chuqur so‘lish oladi. – Ammo otamning emas, Haydar amakimning ishi bu…
–Bilmadim, ammo-lekin moliga qotinmay, chet-chaqadan uloqqan jondorlarniyam qotintirmay kelardi…
– Shunday-shunday…
– Lekin mening sho‘rimni quritardi…
– Shundaymi?
– Shunday.
– Endi sizning Boybichangiz bizning sho‘rimizni quritayapti…
– A, endi chidaysan-da…
– Shu-u deyman, amaki, – Jovli cho‘pon muhim gapni aytmoqchiday tomoq qiradi, – bu jondorga boshqacha bir nom topsangiz bo‘maydimi, a? Boybicha… quloqqa qandaydir g‘alatiroq eshitiladi-da…
– Bu nomni yangang topgan, – Chori cho‘pon kuladi. – Menga qolsa, uni “Kulbet” deb atardim.
– Bu… “aka”dan ko‘ra, qanjig‘i… Boybicha peshkirroqmi deyman?
Uzun qish kechalari bo‘rilar xususida gurung ketganda, ayrim yoshi ulug‘ kishilar “jondor” o‘rniga, nechundir andak hurmat, andak ehtirom bilan, “aka” so‘zini qo‘llashlariga ko‘p bora guvoh bo‘lgan emasmi, endi gap qandaydir arlon bo‘ri tomon nishoblanganini bola zumda fahmlaydi.
– I-i, “aka” bo‘may o‘lsin u! – Chori cho‘ponning zardasi qaynab, so‘kingan kishi bo‘ladi. – Haliyam yoshligi bormi, yo bo‘gan bo‘ldig‘i shumi, qanjig‘iga qarashmaydi. Bolalarining bor g‘am-tashvishi yolg‘iz Boybichaning yelkasida…
– Bolalarini deb hech bir balodan tap tortmaydi deng?
– Shunday.
– Avval yo‘g‘idi bu…
– Ha, o‘tgan ko‘klamda paydo bo‘ldi.
– Surbo‘ri tirik bo‘lganida, o‘laqolsa bularni doritmasdi…
– Ha, aslo doritmasdi.
– Endi qadri o‘tayapti…
– Qadri o‘tayaptimi? – Chori cho‘pon istehzoli kulimsiraydi.
– Ha, juda o‘tayapti.
– Sigir etini zaharlab yo‘liga tashlagan, benzin sepib, uyasiga o‘t qo‘ygan kim? – deydi Chori cho‘pon chaqib oluvchi ohangda. – O‘zlaring-ku! Yana nimadan xafa bo‘lasilar?
– Aytdim-ku, bari amakimning ishi deb.
– Him-m, qilarini qip, yaylovni bulg‘ab-sulg‘ab, so‘g‘in o‘zi qochib qoldi de?
– Ha, chorva bizga to‘g‘ri kemas ekan deb, qayta cho‘lga jo‘navordi.
– Tuturiqsiz odam edi…
– Gapirmang…
– Boybichaga kelsak…
– Shundan gapiring.
Bu gurung ovuldagi kechki suhbatlardan tubdan farq qilardi. Bunda gap bo‘rilarning qonli qilmishlari haqida emas, ularning o‘ziga xos g‘aroyib tabiati, fe’l-atvori xususida borardi. Suhbat asnosida bola quyidagi gapdan yanada to‘la voqif bo‘ldiki, ayrim jondorlar, ming bora och qolsa-da, o‘zlariga tegishli hududdagi chorvaga qotinmaganidek, uni o‘zga bo‘rilardan tik turib himoya qilarkan. Agar tongdagi voqeaga guvoh bo‘lmaganida, bola bu gap-so‘zlarga ikki dunyoda ham inonmasdi. Ammo o‘z ko‘zi bilan ko‘rdiki, onasi koyib erkalagan Boybicha otlig‘ jondor na soylik tubidagi mollarga, na qantarig‘li to‘riqqa, na qo‘radagi ushoq jonivorlarga, na qo‘tonni supurib yurgan Barnoga qiya boqdi. Qo‘shnilardan birining sinashta, yuvosh itiday, shundoq yonlaridan o‘tdi-ketdi. Qo‘shni otarlardan ulush olib turadigan bu jonivor yolg‘iz emas, o‘ziga nisbatan ancha yosh, o‘yinqaroq arloni hamda tog‘ning kunchiqishidagi o‘ngirlarda bir talay bolalari bor ekan. Mabodo, Jovli cho‘pon unga zarracha ozor yetkazar bo‘lsa, otasi qo‘noq yigitni u dunyo-bu dunyo kechirmas ekan.
Kattalar gurungini jon qulog‘i bilan ting­layotgan bolaga “Boybicha” so‘zi yoqmay, bora-bora g‘ashiga tega boshladi. Nazdida, bu nom kelbati g‘oyatda kelishimli jonivorga sira mos tushmagan, uni xiralatib turgandek edi. Shu bois, bu jondorni bo‘lakcha nomlash kerak, degan fikrga keldi. Biroq har qancha bosh qotirmasin, miyasiga durustroq biror nom kelmagach, qoshlari tugun tortib, o‘yga cho‘mdi. Ana shu payt to‘satdan Jovli cho‘pon zabonidan yoqimli bir tashbeh yuzaga qalqidi-yu, bu ibora bolaga juda yoqib tushdi. U iborani ichida bir necha marta takror etarkan, bu suhbatning bosh va asosiy mavzusi bo‘lmish Boybicha uning tasavvurida butunlay o‘zgacha mahobat kasb etganday tuyuldi. Bola endi jondorni shu nom bilan atashga jazm qildi.
Ena bo‘ri!!!
Bolaning tasavvur etgani shu bo‘ldi: – Boybicha – tili zahardan achchiq qo‘shni qiz kabi ko‘rimsiz.
“Ena bo‘ri” esa juda ulug‘vor edi!
Boybicha – kechayoq xalijoyga aylantirib olgan o‘tov yonidagi qoyatoshlar majmuasi kabi g‘arib.
“Ena bo‘ri” esa – har tong quyoshning iliq nurlarini keng manglayi ila qarshilaydigan mag‘ribdagi yuksak qoyalar yanglig‘ cho‘ng va mahobatli edi.
Biroq qizg‘in suhbat tag‘in ini tevaragida lo‘mbillab o‘ynab yurgan bo‘ri bolalari tomonga qiyalagach, sekin-astalik bilan sho‘xchan bo‘rivachchalar bolaning butun o‘y-xayolini zabt etib, sira kutilmaganda yuragida quyidagi ishtiyoq alangasini o‘t olmog‘iga sabab bo‘ldi: “Qani endi, bo‘ri bolalaridan birini qo‘lga kiritsam! Uni asrab, o‘zimga o‘rgatib olsam! O-o, shunda jo‘ralarimning bari havas va hasaddan xom tarvuzday dumalab-dumalab qolishardi-da o‘ziyam! Ayniqsa, to‘p o‘ynayotgan paytimda uni maydon chekkasidagi maymoq tutga bog‘lab qo‘ysam, o‘yindan so‘g‘in uni ko‘cha-kuydan yetaklab o‘tsam… o‘h-o‘h, tozagina zo‘r ish bo‘lardi-da o‘ziyam!”
Bu o‘ydan so‘ng bolaning tasavvurida shu manzara jonlandi: ana, o‘sha bo‘rivachcha hovli yuzida suyukli iti Qo‘ng‘iroq bilan o‘ynashib va quvlashib yuribdi. U eshikda ko‘rinishi bilan Qo‘ng‘iroq, odatdagidek, unga talpinadi, atrofida chir aylanib, irg‘ishlaydi. Buni ko‘rgan bo‘rivachcha ham erkalikda undan qolishmaslikka tirishadi va oqibat, bolani qizg‘anishib, ikkisi bir-biri bilan yumdalashib ketadi. Bola, hay-hay, degancha birini o‘ng tizzasiga, ikkinchisi so‘l tizzasiga olib, obdon silab-siypalaydi va erkalaydi. Buning natijasi o‘laroq, bo‘rivachcha ham, xuddi Qo‘ng‘iroqday, yot desa – yotadigan, tur desa – turadigan jonivorga aylanadi.
Bola shularni xayolidan o‘tkazar ekan, hayajondan yuragi qinidan chiqar darajada hapriqib, bu niyatini kimgadir juda-juda oshkor etgisi keldi. Biroq soddadil Oynagul momosini hadeb aldayverganidan, quvlik bobida ancha-muncha pishigan emasmi, bir amallab o‘zini bosdi va ichidagini tashiga chiqarmaslikka qaror qildi, ya’ni orzusini bobosi kabi imi-jimida amalga oshirmoqni ma’qul topdi. Chunki bobosi biror-bir ma’quli yo‘qroq ishga qo‘l urar bo‘lsa, avvaliga o‘sha ishni ado etib, so‘ng tish yorar va ming‘irlab koyinishga tushgan kampiriga ishora qilib, mana silarga tayyor radio – o‘zi gapirib, o‘zi tinadi, deya nevaralariga sho‘xchan ko‘z qisib qo‘yardi.
Eshikda katta sopol laganda taom ko‘targan Barno paydo bo‘lgach, Jovli cho‘pon manglay qashlab, panjalari orasidan tag‘in qizga sirli qarash qildi. Keyin bunga qanoat etmay, boshidagi do‘ppisini ensasiga surib, qaytadan boshiga qo‘ndirarkan, bu safar, go‘yo eshikka qaragan kishi bo‘lib, bot qizga ko‘z tashladi. Barno oshiq yigitning yashirin boqishlariga nisbatan bee’tibor emasligini anglatgandek, yanoqlari yanada battar pushtilanib, mayingina jilmayib qo‘ydi. Butun fikr-yodi bo‘ri bolasida bo‘lgan bola buni sezmadi. Atigi yarim soatgina burun hech narsa yemay va ichmay, o‘zini kasalga solmoqchi bo‘lganini mutlaqo unutgan ko‘yi dasturxon chetidagi qoshiqlardan birini qo‘liga olib, hamma qatori zo‘r ishtaha bilan taomlanishga tushdi. Bola endi yaylovni tark etishni emas, aksincha, ertasi tongda jondor izidan soyaday ergashib, archazor qiyalik tepasidagi qoyaga ko‘tarilish va yirtqichning qaysi o‘nqir-cho‘nqirga qayrilishiga qarab, uning inini aniqlash o‘yida edi. Boya Jovli cho‘ponning xiyol katta ketib: “Aslida jondor inini topish menga cho‘t emas, bir lahzalik ish. Ammo-lekin sizning izzatingizni qip, bu ishga qo‘l urmay turibman-da, amakijon”, – degan gapidan o‘zicha pishang olgan emasmi, bu ish juda jo‘n tuyulmoqda edi. Buning ustiga, o‘tgan yili ko‘klamda yaqin jo‘rasi Elyor bilan Kattajardan tulki inini qidirib topib, bolalarini qo‘lga kiritgan emasmi, bu ishda o‘zini g‘oyatda omilkor sanardi. Esida, o‘shanda jarlik tubidagi torgina inni tesha bilan kavlab, kengaytirib, yettita tulki bolasini qopga joylashsa hamki, xo‘rak ilinjida dashtga izg‘ib ketgan tulkilardan darak bo‘lmagan. Shunga ko‘ra, bola quyidagi xayolda edi: “Jondor deganiyam tulkidek bir gap-da, avvaliga inini aniqlab, so‘ng biror yoqqa gum bo‘lishini poylab turib, bir urinsam, bitta bolasi meniki-da!”
Bola emasmi, bugun gurungda eshitganlaridan o‘zicha xulosa chiqarib, nazarida, bo‘rilarni besh qo‘lday bilib olgandek edi. Holbuki, u hech vaqoni, jumladan, hamisha turli girdi-balolardan, chunonchi, otasining suruvidagi itlardan ham chetlanib yurishning obdon hadisini olgan Boybicha – endi Ena bo‘ri – mag‘ribda qomat kerib turgan cho‘ng qoyalar ortidagi qo‘shni vodiyga bosh suqqan kezlarida, mabodo, iziga yarim tunda qaytar bo‘lsa, yaylovning janubiy etagidan, ya’nikim janubiy dovon poyi bo‘ylab mashriq tomonga cho‘zilib ketgan Ilondara yoqalab, agar tongda – otasi suruvi qo‘zg‘olgandan so‘ng qaytmog‘iga to‘g‘ri kelib qolsa, o‘tloqning shimoliy sarhadida qo‘nqayib turgan o‘tovni yonlab o‘tishini va o‘z navbatida, jonivorning bu “erkaligi” onasi Saragul tufayli bo‘lib, ular o‘rtasida yuzaga kelgan bu o‘ziga xos “do‘stlik” inson va yovvoyi jonivorlar orasida kamdan-kam hollarda ro‘y beradigan g‘aroyib hodisa ekanini, tabiiy, bilmasdi.

* * *
Ayol Ena bo‘riga ilk bora o‘tgan yili ko‘klamda duch kelgandi.
O‘sha kuni endigina yaylovga ko‘chib chiqishgan bo‘lib, o‘tov cho‘plarini tiklash hamda og‘ir kigizlarni tortishga ozmi-ko‘pmi qarashgan Chori cho‘pon boyasaroq suruv izidan ketgan, qaynotasi boshchiligida qolgan mayda-chuyda yuklar bilan ana-mana kelib qolishi lozim bo‘lgan qizi va o‘g‘ilchasidan esa halicha darak yo‘q – o‘tovda Saragulning yolg‘iz o‘zi edi. Ayol har ko‘klamda tak­rorlanmish bu yumushning obdon hadisini olgan emasmi, o‘zga birovning ko‘magiga ehtiyoj sezmay, o‘tovning kam-ko‘stlarini to‘g‘rilash bilan ovora edi.
Saragul boshqa yuklar qatori o‘tov tashqarisida turgan chiy to‘plaridan birining ipini bo‘shatarkan, nogahon naq ensasida qandaydir o‘tkir nigohni his etadi. Ajabsinib, ammo o‘ta xotirjamlik bilan ortiga o‘giriladi va so‘ldagi qoyatoshlar biqinida cho‘nqayib, cho‘g‘dek yoniq ko‘zlarini o‘ziga o‘qdek qadab turgan Ena bo‘rini ko‘radi. Ammo o‘tovda tug‘ilib, o‘tovda o‘sib-o‘lg‘aygan va hali-hanuzgacha yilning iliq faslini ovulidan yiroqda – tog‘u toshlar bag‘ridagi keng yaylovda o‘tkazib kelayotgan Saragul o‘z umri davomida bu kabi bo‘rilarga duch kelaverib, ko‘zi pishib ketgan emasmi, turgan gap, pinaginiyam buzmadi.
Inson va yirtqich bir-biriga tikilgancha turib qolishdi.
Ena bo‘ri ayolning nekbinligini sezganidek, Saragul ham cho‘nqaygan jonivorning kelishgan kelbatiga, salqitob qizg‘ish ko‘ksiga, dam o‘tdek cho‘g‘lanib, dam ma’yus tortib turgan ko‘zlariga sinchkov boqarkan, uning bu hududga begona, sig‘indi ekanini darrov ilg‘adi va ko‘nglida jondorga nisbatan hamdardlik hisi chechak otib, ha-a, yotlikdan yomoni yo‘q – ko‘ringan qoradan hadik tortib, doim joning halakda yuradi, deya o‘yladi. Ayni shu payt, go‘yo ayolning ko‘nglidan nelar kechayotganini uqqanday, yirtqich, beixtiyor tarzda, sekin nola tortdi – g‘ingshidi. Bundan ayolning ko‘ngli yanada yumshab, uni erkalab dedi:
– Ha-a, Boybicha! Bola-chaqam deb tinim bilmay chovub yuribsanmi?!
Bu gapidan so‘ng jonivorning tarang vujudi andak bo‘shashib, cho‘g‘dek yoniq nigohi yumshaganini ayol zumda payqadi. O‘z navbatida, birdan irimi esiga tushib qolib, kutilmaganda, murodi hosil bo‘lganidan ichida suyunib, jonivorga mehri iyib qaradi. Bu qarashiga javoban Ena bo‘ri yana bir bora g‘ingshib qo‘ydi-da, keyin o‘tovni bamaylixotir yonlab o‘tib, to‘g‘ri archazorga sho‘ng‘idi.
Shu o‘rinda, Saragulning irimchiligi xususida to‘xtalar bo‘lsak, gap shundaki, yaylovda, ayniqsa, ko‘chuvning dastlabki kunlarida bo‘riga ro‘para kelishni, yaxshilik va omad belgisi, deb biladi.
Bu odat – unga onasi Sojida kampirdan o‘tgan.
Onasi yaylovga ko‘chib chiqishlari bilanoq o‘tovdan xiyol uzoqlatib echki bog‘lab qo‘yardi. So‘ng tunda yuz berishi lozim bo‘lgan jarayonni intiqla kutib, sergak yotardi. Agar kutilgan hodisa tezda ro‘y beravermasa, tong-azondan javrashga tushardi: “Nima balo, jondor zotiga qirg‘in kelganmi, a?!” Kechda suruvni inisi To‘rg‘inga qoldirib, ertalab uni qabul qilib oladigan, ya’ni o‘rin almashadigan otasi – Bo‘ri cho‘pon yo‘lga otlanayotib: “Ha-a, iriming qursin seni-ya!” – deya onasi ustidan oshkora mazaxlab kulardi. Boshda ne gap-so‘zligini tuzuk anglayolmay yurgan Saragul qizaloq oydin tunlardan birida nihoyat o‘sha hodisaga ilk bora bevosita guvoh bo‘ladi – avvaliga otasining uyqusirab to‘ng‘illab so‘kinishi, so‘ng onasining hayajonli shiviri qulog‘iga chalinadi.
– Ana, aka keldi, aka keldi!
Kattalar qatori chiy tirqishidan tashga mo‘ralagan tiyrak qizaloqning ko‘zi echki bo‘ynidagi arqonni tishlagancha, dumi bilan uni haydab borayotgan bo‘riga tushadi. Bu orada Sojida, uyqusi buzilganidan norozi erining to‘ng‘illashlariga ham e’tibor bermay, quvonchdan entikib, deydi:
– Xudoga shukr-ey! Ana, akaniyam ko‘rdik, sadaqasiniyam berdik!
Saragul onasi kabi har bahorda jondorga “sadaqa” bermasa-da, ammo yaylov ahlidan farqli o‘laroq, yirtqichlarga g‘anim ko‘zi bilan qaramaydi. Mabodo, ko‘chuv boshida biror jondorga duch kelib qolar bo‘lsa, irimchiligi tufayli, bundan hamisha boshi ko‘kka yetadi.
Bu – uning onasidan orttirgani.
Bo‘ri cho‘pondan olgani esa – hozirda ham har qanday asov otni salt minishdan sira hayiqmaydi, shuningdek, har qanday chigal masalada tez va aniq qaror qabul qilishda uncha-muncha erkakni bir cho‘qishdayoq qochiradi.
Xullas, Saragul o‘zining o‘ktam va shaddod fe’li, cho‘rtkesarligiyu va to‘g‘riso‘zligi, aksariyat ayollarga xos bo‘lmagan o‘tkir va viqorli qarashlari bilan hammaga birdek ma’qul bo‘lavermaganidek, o‘zi ham odam bolasiga nisbatan, jonivorlarni ko‘proq xush ko‘radi. Jondor zotining tantiligiga tan berganidek, ayyorligi vajidan tulkilarni yoqtirmaydi, bu uying kuygurlar, serqusur odamdek, na yaxshini, na yomonni biladi, nafsi yo‘rig‘ida ko‘zingga cho‘p suqishdan ham toymaydi, deydi. Shunga qaramay, bu ayyor jonzotga sira yomonligi yo‘q. Ammo to‘riqni minib, yaylov kezinmoqni istab qolsa, qarshisidan chiqqan tulkini, oldiga solib quvlamasdan tinchimaydi. Aslida to‘riq ot – Chori cho‘ponniki, ammo yaylovda ko‘proq unga Saragul egalik qiladi, tomog‘iga o‘zi qaraydi. Shuningdek, shikast yegan qo‘y-qo‘zilar bo‘g‘ziga hech qachon darrov pichoq torttirmaydi, qo‘lidan kelgancha o‘zi muolaja qiladi. Qizig‘i, har shomda suruv itlari uni o‘lgudek sog‘inib qaytishadi, qo‘y-qo‘zilar qo‘tonga yetib ulgurmay, ular ayol tomon misli o‘qdek uchishadi, bir-bir suykalishmasdan nari ketishmaydi. Azonda Saragul, boraqolinglar, demaguncha birortasi suruvga ergashmaydi, xuddi nimadandir umidvorday, taysallab turaverishadi.
– Senda qandaydir bir sehr bor… – deydi Chori cho‘pon buni ko‘rib.
– Tomog‘iga qaragan men, – deydi gohida Barno qizi o‘pkalangan bo‘lib. – Bularingiz nuqul sizga intilishadi. Ishqilib, bularni jodu-podulab qo‘ymaganmisiz, ena?
– Ha-a, chindan-da, enangda sehr-jodu bor, – deya Chori cho‘pon kulgan bo‘ladi.
– Men ham shu o‘ydaman, – deya uni quvvatlaydi Barno qiz.
Ayolda esa, hech qanaqa sehr-jodu yo‘q, shunchaki borliqqa nisbatan, onameros, beqiyos mehr bor. Tabiatan kamdan-kam odamlardagina mavjud bo‘lmish bu noyob “mehr” – ayol botinida vulqon yanglig‘ otashlanib, mavjlanib, ko‘z ilg‘amas yog‘du kabi, jismi-jonidan tevarak-atrofga mudom taralib turgani sabab, jonivor zoti borki, bari unga talpinadi. Me’yoridan oshiq erkalamasa-da, suruv itlarining ayol atrofida girdikapalak bo‘lishi yoxud o‘tov tegrasida umrguzaronlik qiluvchi turli yovvoyi jonzotlarning dam-badam chiyillab, chirqillab, o‘zlarining mavjudligidan ogoh etib turishining asl boisi shudir. Ayniqsa, ayol o‘tovda tanho qolgan kezlari g‘aro­yib bir holatni kuzatmoq mumkin: bunday paytda soylik tubini makon tutgan yumronqoziqlar bemalol qo‘ton tomon o‘rlab, o‘choqboshida sariq ilonlar o‘rmalab, o‘rmak girdida toshbaqalar sud­ralib, qiyalik etagidagi butalar va tikanaklar orasidan hurkak tovushqonlar mo‘ralab qoladi. Biroq hamisha yumush bilan band bo‘lmish Saragul bunga ko‘pda ahamiyat bermaydi, tabiiy hol deb biladi. Mabodo, shunchaki ish orasida qo‘tondan berman o‘tib, o‘rmak yonida g‘uddaymoqqa jur’at etgan birorta yumronqoziqqa “kisht” deyar bo‘lsa, jonivor qochmaydi, salgina nari jilgan bo‘lib, tag‘in qoqqan qoziqday qo‘qqayib turaveradi. Ammo bu holat juda muvaqqat – o‘tovga kimdir tashrif buyurishi bilan birdan bari tezda eski holiga qaytadi – yumronqoziqlar quyiga enib, boshqa turdagi jonzotlar, yerga singganday, bir onda ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Ayoldagi bu g‘ayritabiiy kuchni o‘shanda Ena bo‘ri ham tuygandi.
Ammo, eng achinarlisi, yovvoyi jonivorlar his qila bilgan bu kuchni bola tuymaydi, qaytaga onasidan qattiq cho‘chiydi. Bundan tashqari, ovulidan ayro tushgani sabab, bola tevarakka o‘ta befarq – uni na to‘rg‘aylar sasi, na jimitdek chumchuqlar to‘poloni, na o‘zga bir nuqtaga qadalib turgandek bo‘lsa-da, aslida ko‘zi ostidan o‘zi tomon yaqinlashayotgan kimsaning bor xatti-harakatlarini zimdan kuzatmoqni g‘oyatda qoyillatadigan soqchi yumronqoziq quvligi, na tikanaklar orasiga bekinishga ulgurgan tovushqonni tutaman deya, bekorga tumshug‘ini yaralab olgan shoshqaloq tulkilarning nodonligi, na hudud talashib, jang oldidan xuddi askarlarday saf tortgan ayrim turdagi chumolilar harakati qiziqtiradi. Bobosi otda yaylovga tashlab ketgan damdan boshlab, ko‘zlari munglanib, qanday bo‘lmasin ovulga qaytishdan boshqasini o‘ylamaydi.
Buni ayol sezadi.
Bundan ayol qahrlanadi.
Bugun ham o‘g‘li shu niyatda qandaydir nayrangni o‘ylayotganini Saragul shomdayoq payqagandi. Afsuski, bola qorin changallab, aftini tirishtirishga ulgurmay, Jovli cho‘pon kelib qoldi-yu, ayolning diqqat-e’tibori boladan qo‘noq yigitga ko‘chdi. Bejizga emas – Jovli cho‘pon zarurat yuzasidan qadam ranjida qilgandek esa-da, ammo tog‘ sharoitiga u qadar mos tushmagan orasta engil-boshi, o‘ta hafsala bilan qirtish­langan iyagi, burqsib turgan chuchmol atir hidi hamda u kelishi bilan darrov o‘zgarib qolgan Barno qiziga, kishi bilmas, yer ostidan boqishlaridanoq uning ne niyatda tashrif buyurganini darhol sezgandi.
Bundan ayol miyig‘ida kuldi.
Uch kun burun qo‘noq yigit otda qo‘ra yonidan o‘tayotib, qizidan uloqqan qandaydir jonliqlar xususida uni-buni so‘rab-surishtirganida ham ayol xuddi bugungidek kulgandi. Zero, cho‘ng qoyalar ortidagi yaylovdan uloqqan jonivor zoti ikki dunyoda ham bu tomonga o‘rlamasligini, ulug‘lar tugul, uvoqlar ham yaxshi biladi-da.
Jovli cho‘ponning tashrifi ayolga jindek malol kelgan esa-da, baribir yigitni to‘g‘ri ang­lashga urinib, o‘zicha oqlagan bo‘ldi: axir yaylov ovul emas-ku, biror-bir ovloqda yuzlashib, yuragingdagi borini to‘ksang. Buning ilojini topolmagach, mana, jondor bahona, yuziga kul sepib bo‘lsa-da, qo‘noqqa kelib o‘tiribdi. Shunga ko‘ra, ayol taomni xiyol kechiktiribroq suzdi, o‘zining o‘tkir qarashlari bilan yigit bechorani noqulay ahvolga solmaslik vajidan o‘tovga bosh suqmadi, o‘z navbatida, qo‘noq yigitning gaplariga laqqa tushib, jahl bilan Ena bo‘rini himoya qilmoqqa tushgan erining soddaligi ustidan uzun yengini lab-lunjiga bosib, yelkalari silkinib-silkinib, rosa kuldi.
Ayol qalbi shuni sezdiki, bu kech yigit yo‘lini topib, qiziga nimadir deydi, qiz ham shunga qarab o‘z javobini aytadi. Keyin kun oralatib, qo‘shni otardan sovchilar keladi. Qiz tomon esa, odatga ko‘ra, atay javobni dudmol qiladi. Sovchilar ketgach, ayol qizning ko‘ngliga asta qo‘l solgan bo‘ladi. Zero, bunga aslo hojat yo‘q – qizi tushmagur bekorga boshiga yangi durra o‘ramadi, bekorga ko‘zlari yonib-yolqinlanib, o‘tovga kirib-chiqmayapti. Saragul barini sezib turgan esa-da, o‘zini bilmaganga oladi. Qozon boshida u-bu totingan bo‘lib, to‘nkarilgan eski chelakka cho‘kkancha, osmon to‘la yulduzlarga termilib o‘tiradi.
* * *
Bu paytda Ena bo‘ri ini joylashgan o‘rlik girdida jufti Tarxashni kutib, haykalday cho‘nqayib turardi. Jonivor bu yerga quyosh botishi oldidan ko‘tarilgan bo‘lib, ungacha ko‘kish, silliq tosh sahnida sochilib o‘ynab yurgan bolalarining har bir xatti-harakatini mehr-la kuzatgan ko‘yi sokin cho‘zilib yotgan, o‘ngir nishobligidagi butalar orasida esa ushbu bo‘rivachchalar otasi bo‘lmish Tarxash haligacha qaynab quyilmagan jufti og‘zidagi og‘och bilan andarmon bo‘lib, o‘z maylida tentirab yurardi. Keyin u birdan g‘oyib bo‘lib qoldi. Ena bo‘ri juftining qayon jilganini aniqlash o‘yida o‘ngir tepasiga ko‘tarilgan va hididan kunchiqishdagi butazor oralab ketganini aniqlagach, ko‘ngli joyiga tushib, ovga otlanishdan avval uning yo‘liga ko‘z tikib turgan joyi edi. Kutishidan maqsad, zora hamroh bo‘lsa, degan umidda edi. Biroq Tarxash hamisha ham uning rayiga yuravermaydi, mustaqil tentishni yaxshi ko‘radi. Bu kamdek, bolalari bilan mutlaqo ishi yo‘q – o‘zini endigina kuchga kirgan g‘o‘r jonivordek tutadi.
Ena bo‘ri uning mana shu ahmoqona fe’lidan – bilib-bilmay, biror falokatni boshlab qo‘yishidan doimo hadikda yuradi. Chunki hududida “odob” doirasidan chetga chiqishda xavfli nuqtalar mavjud bo‘lib, ana shunday nuqtalardan biri – Suvliqsoy vodiysi edi. Agar Ena bo‘ri hushyor turmasa, nodon jufti o‘rtadagi omonat chiziqqa – odatda, inson aqli va jonivorlar fahm-farosati tufayli yuzaga keladigan muhim “bitim”ga daxl qilib, yaylov egalari mol-holiga qotinishi, pirovardida, Chori cho‘ponni o‘zlariga qarshi qilib qo‘yishi mumkin edi. Bu – bolalari taqdiriga nihoyatda mas’ul bo‘lgan Ena bo‘ri uchun fojeadan bo‘lak narsa emasdi. Afsuski, haliga qadar o‘zini jilovlamagan, boz ustiga, nomiga yarasha xiyla qaysar bo‘lgan Tarxash qo‘ni-qo‘shnilikning bu kabi o‘ziga xos nozik sir-asrorlarini to‘la idrok etgisi kelmas – qimirlagan jon borki, bariga o‘lja sifatida qarardi.
Ena bo‘ri Tarxashning ko‘z ochib ko‘rgani bo‘lib, juftiga nisbatan anchagina yosh hamda nodon edi. Nodonligi bois ko‘klamda Chori cho‘ponning moliga chovut solmoqqa bir necha marta urinib ko‘rgan va har safar qanjig‘ining jiddiy qarshiligiga duch kelgan. Ayniqsa, hafta burun yuz bergan to‘qnashuv g‘oyatda keskin tarzda kechdi – Ena bo‘ri tomonidan ayovsiz talangan Tarxashning biqin va yag‘rinini o‘tkir tish izlari tilimlagandek, bu jangda qanjig‘i ham o‘z nasibasini olmay qolmadi. Bu xil olishuvlarda Ena bo‘rining yagona ustun jihati – bolalari hayotiga xavf solishi ehtimoli bo‘lgan har qanday nojo‘ya amalga jon-jahdi bilan qarshi turar, ya’ni undagi onalik hissi, shusiz ham tabiatan kuchli bo‘lgan jondorga yanada katta quvvat bag‘ishlardi.
Bu voqeadan keyin Tarxash o‘zicha arazlab, bir necha kun o‘ngirda qorasini ko‘rsatmadi, tog‘ning kunchiqish tarafida o‘z nasibasini terib-tergilab yurdi. Biroq yolg‘izlik yoxud sog‘inch tuyg‘usi kor qildimi, kecha u yana yuz ko‘rsatdi. Ena bo‘rini tevaraklab, aylanib-o‘rgilib, bir amallab qanjig‘i ko‘ngliga yo‘l topdi. Bolalariga esa, odatdagidek, qayrilib ham qaramadi. Yuqorida birrov tilga olinganidek, Tarxash halicha o‘zini ota sifatida his eta bilmas, topganini jig‘ildoniga urib, o‘z maylida sumanglab yuraverardi. Magar Ena bo‘ri o‘rnida odam bolasi bo‘lganida bormi, o‘z oilasiga nisbatan bu qadar beparvoligi uchun uni yumma talagan, bolalar tashvishi, nima, yolg‘iz mening boshimdami, deya oh-voh qilgan bo‘lardi. Biroq odam bolasiga xos bu xil yozg‘irishlar yovvoyi jonivorlar tabiatiga butunlay yot – borini bor holicha qabul qilib, ko‘nikib ketaveradilar. Shunga ko‘ra, boya Tarxashning g‘o‘r jonivorlarga xos qiliqlarini tinchgina kuzatib yotarkan, Ena bo‘rining birdan-bir o‘kinchi – avvalgi jufti So‘poqni qo‘msash va sog‘inish bo‘ldi.
So‘poq janubiy dovon ortida vohasining yetakchi jondorlaridan biri bo‘lib, kichik to‘dani binoyidek boshqarib kelardi. Ena bo‘ri esa o‘sha to‘daning erka hamda aqlli malikasi edi. Biroq o‘lgudek qattol So‘poq bu “malika”ning fahm-farosatini changda qoldirib, hamisha o‘z yo‘rig‘ida ish tutar, ya’ni voha ahlini qon qaqshatib, qo‘radagi jonliqlarni bekordan-bekorga, ermakka bo‘g‘izlab ketaverardi. Va tabiiy, ayni shu narsa to‘daning boshiga yetdi – vodiy ahli ularni yo‘qotishga avval o‘zlari urinib ko‘rishdi, evini qila olishmagach, quyisoylik ikki ovchini yollashdi va bu ikki ovchi va’da qilingan mukofot evaziga bundan avvalgi qishning qoq chillasida to‘dani tutday to‘kib tashlashdi. Bu qirg‘indan omon qolgani shu – birgina Ena bo‘ri bo‘ldi. U to‘dasidan ayrilgach, ulog‘ib va sulog‘ib, bu tomonlarga kelib qoldi-da, So‘poqdan orttirgan so‘ng­gi zurriyotlarini Toshlidara qiyaligi belida so‘ppayib turgan ulkan qoya – Burgutboshi poyidagi kavakda tanho o‘zi dunyoga keltirdi. Yolg‘izligi kor qildimi, yo bolalarining tashvishi jiddiy ta’sir etdimi, Ena bo‘ri shu qisqa davr ichida ham jismonan, ham aqlan yanada peshlandi va sekin-astalik bilan bu hududni tamomila o‘ziniki qilib oldi, erinmay sarhadlarini belgilab chiqdi va natijada, mashriqdagi qorli tog‘lar etagidan tortib Suvliqsoy vodiysidagi cho‘ng qoyalargacha, shuningdek, shimoliy va janubiy dovonning ma’lum bir qismi uning hududiga aylandi. Ena bo‘rining baxtiga bu tomonga dam-badam bosh suqib turadigan Surbo‘ri to‘dasi sal burun mavh etilgan bo‘lib, endi bu hududda uning hukmronligiga monelik qilishi mumkin bo‘lgan kuchning o‘zi yo‘qdek edi.
Biroq shunday kuch bor edi.
Bu kuch ko‘klam kunlaridan birida to‘satdan o‘zini namoyon etdi.
O‘sha kuni shimoliy dovonning serbuta tizmalari bo‘ylab tentingan va topgan o‘ljasi bilan qursog‘ini chala-yarim to‘ldirgan Ena bo‘ri tushdan o‘tib, Suvliqsoy vodiysining shimoliy-sharqiy etagidagi tor daradan yaylovga bosh suqarkan, yashil kenglik markazida yoyilib yurgan suruvga ko‘zi tushib, hang-mang turib qoldi. Axir bugun ertalab o‘tloqda jon asari yo‘q edi-ku, bular qayerdan paydo bo‘lib qoldi? Shu damgacha u turli yerteshar jonzotlarga boy bo‘lmish yaylovda emin-erkin kezinardi. Endi bu holga chek qo‘­yilgani va yashil vodiy odam bolasi tomonidan band etilganini darrov angladi. Uning sharqiy do‘nglik yoqalab olg‘a jilmoqdan bo‘lak chorasi qolmagandi. Ena bo‘ri ini tomon eltuvchi eng yaqin yo‘nalish – qiyalikdagi archazorni qoralab olg‘a jilarkan, kutilmaganda qoyatoshlar majmuasi ortidagi yassi do‘nglikda, xuddi osmondan tushganday, qo‘nqayib turgan yolg‘iz o‘tovga duch keldi.
U qo‘nqayib turgan o‘tovdan emas, uning to‘satdan qarshisida paydo bo‘lib qolganidan bir lahza esankirab qoldi. Keyin esa, odatiga ko‘ra, avvaliga hid olib, so‘ng tevarakka zimdan nazar solib, o‘tov qavatida azaliy va abadiy g‘animi ermish itlar bor-yo‘qligini aniqlagan bo‘ldi. Bir ozdan so‘ng o‘tovda, nazarida, jon asari yo‘qdek tuyulib, chekkadagi xarsang poyiga cho‘nqaydi. Bir xayoli, issig‘i borida, imi-jimida iziga qayrilib ketmoqchi ham bo‘ldi. Biroq anglarsiz bir kuch negadir joyidan jilmog‘iga izn bermay turardi. Bu yog‘iga ne qilarini bilmay, taraddudlanib turganida, shu payt o‘tovdan bir ayol chiqib keldi-da, hali ichkariga tashib kiritilmagan yuklar yonida to‘xtadi. U sobiq jufti So‘poqdan payt poylamoqning obdon hadisini olgan emasmi, ayolni ko‘rgach, oshiqishga hojat yo‘qligini fahmladi. Chunki, o‘z tajribasidan shuni yaxshi biladiki, odam bolasi itdek sergak emas, goho u tumshug‘i tagidagi qorani ham darrov seza olmaydi.
Biroq ayol itdan sezgir chiqib qoldi.
Nigohlar to‘qnashdi.
Bu xil kutilmagan damlarda, odatda, hamisha quyidagi ikki holatdan biri kuzatiladi: yo odam bolasi qo‘rquvdan misli tarashaday qotadi, yo xuddi jin chalganday, “jondor-jondor”, deya darhol shovqin ko‘tarmoqqa tushadi.
Ammo bu daf’a na unisi, na bunisi yuz berdi – ayol xavfli yirtqichga emas, go‘yo olis otardan adashib-uloqib kelib qolgan, ayni tobda andak mehrga muhtoj abgor itga boqqanday, shunday bir xokisorona qarash qildiki, uning nazaridan Ena bo‘ri iliq bir taftni tuyganday bo‘ldi. Buning ustiga, yolg‘iz boshiga bolalari tashvishi ziyodalik qilib, shu kunlarda joni azobda yurgan emasmi, atigi bir lahzadan so‘ng ayol ko‘zlarida oshkora jilolangan quvonch uchqunlari qatori, undan ufurayotgan bo‘lakcha bir taftni his etib, beixtiyor, g‘ingshib yuborganini o‘zi ham sezmay qoldi. Biror muddatdan keyin ayolning, tahdiddan butunlay yiroq, erkalovchi ovozi qulog‘iga chalingach esa, Ena bo‘ri navbatdagi iliq to‘lqin – taftni bu gal naq yuragida tuydi.
Bu o‘rinda, yana shuni aytish kerakki, agar hozir qavatida jufti So‘poq turganida bormi, turgan gap, Ena bo‘ri ayol botinidan balqiyotgan g‘aroyib bu iliqlikni his qilmagan, to‘daboshining yovuz qat’iyatiga itoat etgan holda ayolga g‘anim ko‘zi bilan boqqan bo‘lardi. So‘poq to‘dasi odam bolasiga biron marta tajovuz qilmagan esa-da, ammo inson qavmi bu yorug‘ olamda eng qudratli, eng xavfli g‘anim ekanini Ena bo‘ri yaxshi biladi. Biroq nekbin qarashli ayol bilan bo‘lgan bu uchrashuv jonivorning shuuriga favqulodda keskin ta’sir etib, shu kezgacha yuragi tubida to‘ng‘ib yotgan muhim bir tabiiy yo‘riqning qayta jonlanmog‘iga sabab bo‘ldi.
Xo‘sh, bu qanday yo‘riq?
Tabiatdan ma’lumki, aksariyat yirtqichlar o‘z hududidagi chorvaga tish qayramaslik, ya’ni qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatiga daxl etmaslik yo‘rig‘iga deyarli hamisha amal qilib keladi. Bu esa kishilar orasida jondor zotining o‘ziga xos mardligi va tantiligi xususida turli gap-so‘zlarning tepchimog‘iga asosiy sabab bo‘lib keladi.
Aslida-chi?
Aslida, bu yo‘riqning bosh omili – xavfsizlikdir. Aql-idrokli jonivorlar, asosan tajribali to‘daboshilar bunga doimo rioya qilib keladi. O‘z navbatida, buning aksi ham kuzatiladi.
Endi Ena bo‘riga kelsak, jonivorning ong-shuurida azaldan, ya’nikim tabiatan mavjud bo‘lgan bu yo‘riq So‘poqning yovuz fe’li vajidan, to‘ng‘ib, yuragi qa’rida muz qotib yotardi. Buni qarangki, ushbu “muz” ayol botinidan qalqigan iliq taftga bardosh berolmadi – “erib”, qaytadan jonlandi. Bu jonlanish tufayli, Ena bo‘ri inson qiyofasidagi qudratli kuchning xavfli g‘animga evrilish va evrilmasligi ko‘p jihatdan o‘ziga bog‘liqligini idrok etarkan, ayol qoshida ko‘p qotib turmay, izzati borida, imi-jimida qorasini o‘chirmog‘i lozimligini angladi. O‘tov sohibasiga nisbatan sira yomonligi yo‘qligini namoyish etib, jumladan, o‘zi ham ayoldan biror noxushlikni kutmay, o‘tovni yonlab, to‘g‘ri qiyalikdagi archazorga oraladi.
Biroq Ena bo‘ri bir narsadan – bu ro‘yi zaminda odam bolasidan ming chandon qudratliroq yana bir kuch – tabiiy ofat degan balo mavjudligidan hali mutlaqo bexabar edi. Oradan hafta o‘tib-o‘tmay, bu kuchdan ham boxabar bo‘ldi. Dastavval inlarini tark etgan tevarakdagi mayda jonivorlarning qattiq bezovtalanishidan halizamon nimadir sodir bo‘lishini sezganday bo‘ldi. So‘ng esa…
Bu paytda Ena bo‘ri qursog‘ini chala chaynalgan etga to‘ldirgan ko‘yi ini tomon oshiqmoqda edi. Bolalarini oziqlantirib, so‘ng o‘zi ham andak orom olish ilinjida edi. U toshloq muyulishdan jadal qayrilib, endigina iniga ro‘baro‘ bo‘lgan ham ediki, tuyqusdan oyog‘i ostidagi yer titrab, tog‘u toshlar qasir-qusur qilgancha, tebranmoqqa tushdi. Oqibat, ko‘chkilar ko‘chib, ulkan qoya – Burgutboshi poyi qiyalikdan qulagan toshlarga to‘ldi va So‘poqning eng so‘nggi zurriyodlari bo‘lmish bolalari uning ko‘z o‘ngida toshlar tagida qolib, nobud bo‘ldi.
Bu paytda qavatida Tarxash yo‘q edi. Tarxashni bu yilgi qishda uchratdi. Allaqayerdandir yolg‘iz o‘zi ulog‘ib kelib qolgan va halicha urg‘ochi hidini tuyishga ulgurmagan bu bo‘z bo‘ri Ena bo‘rining didiga unchalik o‘tirishmagan esa-da, ammo o‘zidan nasl qoldirishdek qudratli tabiiy maylga bo‘ysinib, Tarxash bilan juftlashdi. Zehi butalar bilan qoplangan o‘ngir to‘rida joylashgan uyadagi bo‘rivachchalar shu mosliqning birinchi zurriyodlari edi. Mana endi, ham bolalarini yolg‘iz o‘zi parvarishlash, ham Tarxashning tayin­betayin qiliqlariga doimo ko‘z-quloq bo‘lib yurishga majbur edi.
Ena bo‘ri juftini kutishdan foyda yo‘qligini anglagach, tag‘in yolg‘iz o‘zi ovga jo‘narkan, bu safar shimoliy dovonni mo‘ljal tortdi.

* * *
Bola ichini o‘tday yondirayotgan orzusiga tezroq yetishmoq o‘yida archazor qiyalikka o‘rlaganida, ertalabki salqin epkin tinib, ko‘klam quyoshi endigina tog‘u toshlarni qizdirmoqqa tushgandi.
U imi-jimida yuqorilarkan, pastda qolgan enasining har lahzada “qayoqqa” deb qolishidan hadiksirab, o‘z navbatida, nima, men sizga manqosi oqqan bolamidimki, hadeb bosgan qadamimni o‘lchayverasiz, demoqqa o‘zini chog‘lab, go‘yo kimgadir iddio qilganday, o‘rlanib-so‘rlanib borardi. Holbuki, onasi ayrim jonsarak onalardek hech qachon uning bosgan qadamini o‘lchamas, shunga ko‘ra, dilidagi rejasini pinhon tutgan holda, istagan bir bahonani ro‘kach qilib, qiyalikka tirmashmoq uchun onasidan bemalol ruxsat olmog‘i mumkin edi. Biroq esini tanishi bilanoq, barcha ovul bolalari kabi hech bir iznsiz qirma-qir, adirma-adir daydimoqqa odatlangan emasmi, xuddi qiz bola kabi onasidan ruxsat so‘ramoqni o‘ziga or deb bildi. Chunonchi, u endi go‘dak emas, shu yozda o‘nni adoqlab, o‘n birga qadam qo‘yadi. Rayimqul bobosi aytmishli, yettidan sakrab, sakkizga manglay urgan o‘g‘il bola o‘zini haqiqiy yigit sanamog‘i lozim ekan. Ana, otasi kechadan, yaylovga qadam qo‘yganidan beri avvalgidek shunchaki “ulim”lamay, og‘zini to‘ldirib “jigit”layapti-ku. Onasiga qolsa, u haliyam orqa etagi tugilgan bola… Axir bunga toqat qilib bo‘ladimi!
Biroq u kutgan keskin xitobdan hadeganda darak bo‘lavermagach, bola yerbag‘irlab o‘sgan serbutoq archa yonida bir zumga tin olib, ajabsinib, qu­yiga ko‘z tashladi. Qarasaki, o‘zi bilan birovning ishi yo‘q, hamma o‘z ishi bilan ovora – onasi o‘tovning o‘ng biqinida, kelinchaklarday, g‘ayrat bilan kuvi pishmoqda, o‘rmak beliga minib olgan Barno opasi qo‘lidagi og‘och qilichni gursa-gursa urib, har galgidek, berilib gilam to‘qimoqda, yig‘loqi inisi esa o‘tov biqinidagi koptokni mazza qilib tepkilash o‘rniga, qiz boladayin, o‘choqboshida sermalanib yuribdi. Buni ko‘rgan bola darrov quyidagi xulosaga keldi: “Bunaqada ikki tog‘ oshib ketsam-da, birov payqamasligi mumkin”. Biroq chuchvarani xo‘p xom sanagan ekan – navbatdagi archa poyiga yetib-yetmay, kerak onlarda, ko‘zi qolib, ensasi orqali ko‘ra oladigan onaning o‘ktam ovozi izidan quvib yetdi.
– Berdiqul, ko‘pam olislab ketma!
Buni sira kutmagan bola avvaliga bir qalqib tushdi, so‘ng qushday yengil tortdi, nega deganda, bu – “tushov” emas, “izn” edi-da. Mana endi, o‘ngu so‘liga qaramay, bemalol shataloq otmog‘i mumkin. Zero, bugun tongdan beri shuning ilinjida edi: dastlab suruv o‘rnidan qo‘zg‘alib ulgurmay, oyog‘iga to‘p tepadigan yengil va qulay sport poyabzalini kiyib, avvaliga zo‘r intiqlik bilan Ena bo‘ri yo‘liga ko‘z tikdi. Ammo yirtqichdan darak bo‘lavermagach, har safargidek, oftob yuz ko‘rsatmayoq, qo‘tonni supurishga tushgan opasiga go‘yo qarashgan kishi bo‘lib, astagina qo‘yniga qo‘l solib ko‘rdi. Qizdan Ena bo‘rini kunda emas, o‘zi xohlagan kunida o‘tishini eshitgach, hafsalasi pir bo‘lib, qo‘ra devoriga suyangancha turib qoldi. Keyin o‘zini qo‘lga olib va xayolini bir yerga jamlab, dastlab qiyalikdagi archazorga, so‘ng uning tepasida burjli ko‘hna qal’a devori yanglig‘ bo‘ylanib turgan qo‘ng‘ir-qizg‘ish tusdagi qoyaga g‘amnok termilarkan, ichidan qirindi o‘tayotgan esa-da, baribir bolalarcha orzulandi. Qani endi, shu tobda Ena bo‘ri yonidan o‘tib qolsa-yu, kechagiday qiyalikka o‘rlasa, o‘zi esa uni qoralab, albatta, sezdirmay, izidan tushsa-da, anavi qoyaga ko‘tarilib, uning qaysi o‘ru go‘rga kirganini aniqlab olsa. Bola nazarida, qoya orti o‘rliklardan iborat bo‘lib, bo‘ri ini o‘sha o‘rliklardan birida joylashgandi.
Bola shunga umid qilgandi.
Bolaga bu yumush juda oson tuyulgandi.
– Ko‘pam ichikaverma, – deya bolaning xayolini bo‘ldi Barno. – Erta yo indin tag‘in o‘tib qolar. Bilmadim, uning nimasiga buncha qiziqib qolding. Menga hech bir qiziq joyi yo‘q. Jondorligini aytmasa, itga o‘xshash bir jonzot-da…
Opasining bu qadar bepisand gapirishidan taajjublangan bola unga tikilgancha, serrayib turaverdi.
– Siz undan hecham qo‘rqmaysizmi? – dedi so‘ng tilga kirib.
– Nimasidan qo‘rqaman, – dedi qiz uni battar ajablantirib.
– Chindanam qo‘rqmaysizmi?
– Yo‘q, hecham qo‘rqmayman.
– Enam?..
– Enam uchun ham itdan nari-beri bir hayvon-da, – dedi qiz qayta ishga tutinib. – Xohlasa urishadi, xohlasa erkalaydi… Qo‘rqma, u bizga qotinmaydi.
Barnoning bu gap-so‘zlaridan o‘zicha ruhlangan bola bu gal qoyaga o‘zgacha bir nigoh bilan boqarkan, Ena bo‘rining kim-qachon o‘tishini poylab-soylab o‘tirmay, hoziroq qoyaga ko‘tarilishga ahd qildi. Biroq chatoq jihati, bu yerni tog‘u tosh deb qo‘yibdi, bu ishiga onasi monelik qilmasmikan?
Bola birdan sergak tortdi, qiziq, onasining ruxsat berish-bermasligi nechun shu paytgacha xayoliga kelmadi? Bu haqda nechun avvalroq o‘ylamadi?
Buning sababi quyidagicha edi: yarim tungacha, ko‘zi ilingunga qadar jajjigina bo‘rivachchani o‘ylagan, tushida esa uni quchib va erkalab chiqqan bola shu damgacha o‘tli istak, olovli jahd og‘ushida edi. Bundan tashqari, omadi chopib, bugun bo‘ri bolalaridan birini qo‘lga kiritar bo‘lsa, o‘tovga qaytib o‘tirmay, tor dara orqali to‘g‘ri ovuliga jo‘nab qolmoqchi edi. Jondor bolasini ko‘tarib borar bo‘lsa, bobosi, nechun yaylovni tashlab kelding, demaydi, qaytamga uni maqtaydi. Momosi esa, turgan gap, voy, mengina o‘lay, buning kattargach, ishqilib, bizni yeb-yutib qo‘ymaydimi, deya oh-voh qilgan bo‘ladi. Xullas, bo‘ri bolasini olib borganligi birpasda butun ovulga gap bo‘lib, u chinakam qahramonga aylanadi.
Biroq bu tong Ena bo‘ri qora bermagach, boz ustiga, opasidan uning qachon o‘tishi notayinligini eshitgach, barcha rejalari bir soniyada sarobga aylanib, qaynoq jahdi muz tortgan va oqibatda, es-hushi joyiga kelib, onasining olovli fe’li dabdurustdan esiga tushib qolgandi. Shunga ko‘ra, nonushtadan so‘ng darrov qiyalikka intilmadi – shu atrofda tentib yurishiga enasini ko‘niktirmoq uchun, o‘zicha, avvaliga qoyatoshlar tevaragida o‘ralashdi, keyin bir necha muddat qo‘tonda ivirsidi, so‘ng yomg‘irdan keyin dashtga qo‘ziqorin tergani chiqqan bolakayday, bir maydon soylikda izg‘idi. Bir mahal bunday qarasaki, nima qilib nima qo‘yyapti, o‘zi bilan birovning ishi yo‘q – onasiyam, opasiyam o‘zlarining kundalik yumushlari bilan band. Bundan bolaning yomon ori qo‘zidi: “Nima, o‘z erkida yurolmaydigan yosh bolamidim men!” – deya qayta jahdlanib, qiyalikka tirmashgan joyi edi.
Shunga qaramay, baribir onasidan xavotirda edi.
Mana endi, yo‘l ochiq – istagancha daydishi mumkin. Biroq bu – bemalol qoyaga tirmashaver degani emasdi.
Shu bois, niyatini sezdirib qo‘ymaslik vajidan, go‘yo shunchaki archalar oralagan bo‘lib, sekin-asta yuqorilay boshladi.
Bu orada dastlab yaqin tuyulgan qoyaning xiyla uzoqligidan ajablanib, tog‘da hamma narsa yaqin ko‘rinadi-ya, deb qo‘ydi.
Archalar ancha pastda qolib ketgan o‘tovni ko‘zdan yashirishgach esa, ildamlashga tushdi. Biroq qiyalik u yurib o‘rgangan qirlik emas – yuqorilash xiyla noqulay edi. Bola past-baland archalarni yonlab, katta-kichik toshlarni oralab, tikanaklarga tilinib, uzoq-yaqindan dam-badamda sayrab qoladigan kakliklar ovoziga chalg‘ib, o‘t-o‘lanlar orasi turli hasharotlarga mo‘lligidan ajablanib, jadal yuqorilardi.
Qoya pastdan devordek tik va tekis ko‘ringan esa-da, ammo yuzasi enli-ensiz ungurlar bilan bejalgan, ingichka yo‘lakchalar ila tilimlangan ekan. Bola duch kelgan yo‘lakchalardan biriga dadil tirmashib, zumda qoya labidagi pakana archa poyiga yetarkan, qiziqsinib ortiga nazar tashladi va quyidagi o‘tovning yag‘ir do‘ppidek juda kichirayib qolganini ko‘rib, avvaliga hayron bo‘ldi, so‘ng esa ancha olislab ketganini angladi. Ammo o‘tovdan uzoqlagan esa-da, qo‘rada mo‘rayotgan buzoqning ovozi nargi betdagi kakliklar sayrog‘i kabi bemalol eshitilib turardi.
Bola bu haqda bosh qotirib o‘tirmadi.
Zero, yo‘q-bor narsalar haqida bosh qotirmoqqa na vaqti, na toqati bor edi. Boisi u o‘zi uchun butunlay notanish bo‘lgan olam bo‘sag‘asida turardi-da. Nazarida, bugun tongda ko‘rinish bermagan Ena bo‘ri qoya tepasida cho‘zilib yotgandek edi. Qisqasi, xayolida turli noxush o‘ylar g‘ujg‘on o‘ynamoqda edi.
Bola archa butoqlaridan birini tutgancha, qulog‘ini ding qildi. Uzun-qisqa yo‘talib, tag‘in bir zumga tek qotdi.
Bola andak cho‘chib, hayajondan tizzalari qaltirab, qoya labiga birinchi qadamni qo‘ydi. Ammo salgina yurmay, yaralangan qush yanglig‘ yer quchib yotgan chog‘roq, kulrang qoyatoshga ro‘baro‘ bo‘ldi. “Qush”ning o‘ng qanoti issiq-sovuq ta’sirida chatnab, chetlari uvalanib tushgan qo‘ng‘ir tusdagi o‘rtacha xarsang hamda kichkina butaga taqalgani bois, bola oyog‘i ostidagi maysalarni bosib-yanchib, so‘l qanotdan aylanib o‘tarkan, o‘zi kutmagan holda girdi va yuzasidagi taram-taram enli va ensiz yoriqlari dag‘al maysalar bilan qoplangan och qizg‘ish tusdagi yassi tosh, aniqrog‘i, toshmaydon qarshisidan chiqdi va uning bu qadar kengligidan hayrati toshib, voy-bo‘y, bemalol voleybol o‘ynasa bo‘larkan-a, deb o‘yladi. Toshmaydon sahniga oyoq bosgach, boyadan beri yuragini g‘ijimlayotgan hadikdan asar ham qolmadi.
Toshmaydon qoyaning eng yuqori nuqtasi bo‘lib, shimolda u qo‘shni qoyaga bahuzur yelka tiragan holda janubga tomon sekin-asta qiyalanib, mag‘ribdan mashriqqa cho‘zilgan janubiy dovon poyidan o‘rin olgan chuqur dara bo‘yidagi ensiz yashil sayhonlik sari, chamasi, bir chaqirimcha o‘rkachlab borgan kichik tizma – archazor qiyalikning davomi bo‘lmish serbuta do‘nglikka iyak suyagandi. Bu do‘nglik Suvliqsoy vodiysi sharqiy sarhadining ma’lum bir bo‘lagi, dara bo‘yidagi ensiz sayhonlik esa qo‘shni Burmali vodiyga olib kiruvchi yo‘lak – “darvoza”si hisoblanardi.
Bola toshmaydonni ildam kesib o‘tib, quyida yastanib yotgan Burmali vodiyga betlanarkan, ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lgan manzaradan yuragi orqasiga tortib ketdi. Bir-biriga mingashib va chirmashib ketgan katta-kichik toshloq do‘nglik va o‘ngirlardan iborat mo‘jaz vodiy bag‘ri tik va chuqur jarliklar bilan ham bo‘yiga, ham eniga ayovsiz ravishda tilimlagan bo‘lib, raftori sovuq, juda sovuq edi. Buni sira kutmagan va o‘zicha bir tekisda taramlagan o‘ngirlarga duch kelmoqni o‘ylagan bola bu noxush manzara qarshisida dong qotdi va bag‘ri chuqur jarliklar ila tilkalangan bu manzildan jondor inini ming yilda ham qidirib topolmasligiga darrov amin bo‘ldi.
Bola vahimali tarzda qorayib turgan chuqur jarliklarga, ular tubidagi quyuq butalarga, misli qo‘riqchilardek qo‘nqayib turgan turli tus, turfa hajmdagi qoyatoshlarga, qiyalanib va ungurlanib tushgan o‘ngirlarga birma-bir boqarkan, umidi birdan singan emasmi, vodiyning narigi betini chegaralab, ko‘ndalang tushgan baland do‘nglikka, ko‘kish hovur og‘ushida sirli yo‘sinda yastanib yotgan past-baland tizmalarga, olisdagi qorli cho‘qqilarga ruhsiz nazar tashlab turgan ediki, kutilmaganda ko‘zi vodiyning dara bo‘yi yalangligidagi kichik tepaliklar orasida g‘imirlayotgan qoraga, bu manzilda hamisha mo‘l-ko‘l bo‘lmish semiz-semiz yerteshar jonivorlarni ovlash dardida yurgan Tarxashga tushib qoldi. Agar u arlon bo‘rini tasodifan ilg‘amaganida, jondor bolasini qo‘lga kiritmoq o‘zi o‘ylaganchalik oson emasligini fahmlab, bu niyatidan qaytgan bo‘larmidi? Yana kim biladi, har holda saldan keyin tepaliklardan biri ortida ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan Tarxash sabab, bola qaytadan jonlandi, Tarxashni Ena bo‘ri gumon qilib, ah-ha, mana, ini qayerda ekan, deya o‘zida yo‘q sevinib ketdi. Biroq ertalabki olovli jahdining aksi o‘laroq, quyiga enmoqni xayoliga ham keltirmadi. Vaholanki jondor degani tulki emas, borib bemalol iniga qo‘l tiqsang. Boz ustiga, kim qachonlardir jondorlarning sho‘rini quritgan va bu ishi bilan hozirga qadar davralarda maqtanib yurishni xush ko‘radigan qo‘shni ovullik Boyqul uzunning gurungi, sira kutilmaganda lop etib esiga tushib qolsa bo‘ladimi: “…shu-u desangiz, boshda jondor uyasi qayerdaligini yaxshilab aniqlab oldim, so‘ng ertasi pana yerni tanlab, shamol ko‘ziga teskari yotib oldim. Sovuqdan tanam uvishib, qancha yotdim, bilmayman, ammo-lekin bir kadicha nosni otib tugatganim chin. Shu-u desangiz, bir mahal jondorlar jo‘rtib ovga jo‘nab qoldi. Qimir etmay yotaverdim. Qachonki, jondorlar ikki-uch gaza oshib ketganiga ko‘nglim ishongach, yo pirim deya, uyasiga asta urib bordim, o‘zim bilgan amalni qo‘llab, indagi bolalarini bitta qo‘ymay qopga tiqdim…” Voqea davomi bo‘ri bolalari uchun ayanchli yakun topgani bois bola bu yog‘ini eslagisi kelmaydi: “Yo‘q, jondor bolalariga sira ziyon yetkazmayman men, – deya o‘ylaydi Boyqul uzunning qilmishi uchun kimdandir uzr so‘raganday. – Menga faqat bittasi kerak. Bittasini asrab olsam bas, qolgani bilan ishim yo‘q…” Bola shularni xayolidan o‘tkazar ekan, bu orzu-niyati yo‘lida sabrning etagidan mahkam tutmoqni, tutganda ham qo‘shqo‘llab tutmoqni yuragiga tugib, go‘yo hozir ini og‘zida lo‘mbillab o‘ynab yurgan bo‘ri bolalarini ilg‘ay oladigandek, kaftini manglayiga tutgancha, tepaliklar tomon qayta-qayta nazar tashlaydi. Agar shu payt onasining xiyolgina elaslangan chorlovi to‘satdan qulog‘iga chalinmaganida, u haliveri o‘rnidan jilmas, turaverardi tepaliklarga tikilib. Chorlovdan so‘ng darrov es-hushini jamlab, magar hozirroq iziga qaytmasa, keyingi urinishlariga onasi jiddiy to‘siq bo‘lmog‘idan xavfsirab, tezda iziga qayrildi. Buning ustiga, bugungi harakati besamar ketmaganidan, ya’ni o‘zicha jondor inini aniqlay olganidan ko‘ngli to‘q, dimog‘i chog‘ edi. Buning ustiga, balandlikdan turib, bundan so‘ng onasining ko‘zicha qoyaga tirmashib yurmay, qo‘shni vodiyga “darvoza” orqali kirish mumkinligini ham bilib olgandi.

(Davomi kelgusi sonda)

Normurod Norqobilov

1953 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetini tugatgan. “Zangori ko‘l”, “Unutilgan qo‘shiq”, “Yuzma-yuz”, “Paxmoq”, “Bekatdagi oq uycha”, “Jo‘shqin daryo”, “Ovul oralagan bo‘ri”, “Bo‘ron qo‘pgan kun” kabi qissa va hikoyalardan iborat to‘plamlari, “Dashtu dalalarda” va “Qoraquyun” romanlari nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.