Havaskor bedana

0
110
marta ko‘rilgan.

Uni menga bedana deb taqdim etdilar. Qimmatbaho likobchada butlarini bedanavor tarvaytirib yotgan chumchuq hol tili bilan arzi hol qildi.

– Ey odamzod, sabr qilib menga tish urmay tursang, o‘z tariximni aytib berar edim.

Uning kutilmagan bu faryodini eshitib, rozilik ma’nosida bosh irg‘adim va qo‘limni tortdim. U gapida davom etdi:

–  Men aslida bedana emas, oddiy chumchuq bo‘lib dunyo ko‘rgan edim. Kunlarning birida shoxdan shoxga uchib o‘ynab yurganimda nogahon chittak bilan do‘stlashib qoldim. Yangi do‘stim serharakat bo‘lish bilan birga g‘oyat so‘zamol ham edi. Uning so‘zlari qandaydir ruhlantiruvchi, ko‘zlari ishontiruvchi, oyoq-qanotlari g‘oyat chaqqon edi. Maqtash borasida unga teng keladiganini topish qiyin. Shu bilan birga, u do‘stlarining ham o‘ziday uddaburon bo‘lishini istar edi. O‘zining va do‘stlarining mavjud holatidan aslo qoniqmasdi. Yana nimalardir qilgisi, nimalardir degisi, qo‘yingki, dunyoni o‘zgartirgisi kelardi. Binobarin, u boshqalarni ham shunga undar, sira tinib-tinchimas, hovliqib chirqillaganicha u shoxdan bu shoxga sakragani sakragan edi.

Banogoh bir kuni u meni ham maqtadi:

– Sening ajoyib ovozing bor, bedanaday sayray olasan.

Men avaliga uncha ishonqiramadim.

– Mening sayrog‘im boshqacha-ku, – dedim ikkilanib.

– Hechqisi yo‘q, bora-bora o‘rganib ketasan, – dedi ishonch bilan u. – Hech kim tuxumdan sayrab chiqmagan, hamma ham keyin o‘rgangan. Qolaversa, sening ajoyib ovozing bor, rang-ro‘ying ham bedanavor.

Menga uning bu gapi ma’qulday tuyuldi. Jon-jahdim bilan “Chip-chiriq” o‘rniga “Bit-biliq” deb sayray boshladim. Mening ovozim o‘zimdan g‘ayri ixtiyoriy tarzda “Bit-bildiriq” bo‘lib chiqa boshladi. Ammo yangi do‘stim meni yana ruhlantirdi.

– Hechqisi yo‘q, “Bit-bildiriq” bo‘lib chiqsa, yanayam yaxshi. Seniki “Jaz” yo‘nalishi bo‘ldi. Ya’ni faqat o‘zingga xos yangi bir ohang qo‘shding. Dunyoda birorta bedana bu tarzda kuylay olmaydi. Odamlar orasida shinavandalari bor. Ular buni nihoyatda qadrlashadi. Agar biror bir shinavanda bedanavozning nazariga tushib qolsang, butun umring rohat-farog‘atda o‘tadi. Hozirgiday bir chigirtka uchun yarim kun halak bo‘lib yurmaysan. Ozuqaning eng saralarini o‘zlari yig‘ib kelib berishadi. Yeganing tumshug‘ingda, yemaganing dumingda bo‘ladi.

– Bu nima degani? – Ilgari bunaqa gapni eshitmaganim uchun hayron bo‘lib so‘radim.

– Bu shunaqa bir ibora, g‘alchamisan?.. Don serob bo‘lganda qari chittaklar shunday deydilar.

Kaminangiz mashqqa zo‘r berdi. Oldingi “Chip-chiriq”larim esimdan chiqa boshladi. Chittak do‘stim meni bo‘liq bedazorga olib bordi. Endi chigirtkalari serob bedazorda biroz to‘lishib, bedanalarga ham gap bermay qo‘ydim. Ishim rivojda edi. Oldingi chumchuq do‘stlarim endi ko‘zimga g‘arib ko‘rinardi. Kundan-kun semirib bordim. Xursandchiligimni izhor etish uchun har zamon-har zamonda “Bit-bildiriq”, “Bit-bildiriq”, deb qo‘ysam, atrofimdagi qushlar menga havas va hasad bilan boshlarini yonboshga burib, qarab qo‘yardilar. Ayniqsa,  mendan ikki par oldin tukkan chumchuqlarga rosa alam qilar edi. Buni sezganim sari yanada g‘urur bilan ko‘ksimni kerib, sayraydigan bo‘ldim.

Bu ishimdan bedanalarning g‘ashi kelar, meni insofga chaqirmoqchi bo‘lishardi. Ammo shuhrat mayidan mast bo‘lgan qushning qulog‘iga gap kirarmidi? Do‘stim chittak bilan tobora bo‘liq bedazorlarda sayron qila boshladim. Kunlarning birida ko‘zlarimni chirt yumgancha o‘z ovozimga o‘zim mahliyo bo‘lib, “Bit-bildiriq”, “Bit-bildiriq”lagancha sayrab turganimda nogahon tepadan ko‘lanka yoprilganday bo‘ldi. Qo‘rqqanimdan hushimni yo‘qotdim, ko‘zimni ochsam, ovchining to‘ridaman. O‘zimni o‘ngga-so‘lga urib har qancha chiranmay, to‘rdan xalos bo‘la olmadim. Meni tutib bedanabozorga keltirdilar. Bedanavozning rangdoru guldor qafaslarini ko‘rib, bir yengil nafas oldim. “Xayriyat, kunim bor ekan. Bu joyning sharoiti ham bedazordan kam emasdir, har qalay, ishqivoz odam qushlarga ozor bermas…”.  Bir tunni unda o‘tkazdim. Tong otdi. Yonimdagi qushlar besh-olti, hatto o‘n martagacha “bit-biliq” ota boshladi. Men ham butun kuchimni to‘plab “bit-bildiriq”, “bit-bildiriq”, deb sayray boshladim. Ammo meniki zo‘rg‘a uchtagacha borar edi. Shunda ham nafasim qaytib, ko‘zlarim tinib ketar edi. Bir payt ichkaridan sochini taqir qilib oldirgan, semiz bir odam chiqib keldi-yu, to‘g‘ri mening qafasim oldida to‘xtadi. Men o‘zimcha sayrog‘im bu odamga ma’qul bo‘ldi, deb o‘yladim-u, yana qatorasiga uch bora “bit-bildiriq”  tortvordim. Haligi odam menga bir zum hayron qarab turdi-da, qafasning tuynugidan qo‘lini yuborib, meni tutib oldi. So‘ngra ko‘zlariga yaqin oborib, qanotlarimni ushlab tortib, yozib ko‘rdi va sherigini chaqirdi.

– Jonmurod, buni qara, o‘zi chumchuq-ku, bedanaga o‘xshab, bezanib olgan ekan. Ovozini ham o‘xshatibdi-yu, baribir oxirida  “chiriq” deganga o‘xshash “diriq” degan joyi bor. Sherigi ham yoniga keldi, meni qiziqib tomosha qildi. So‘ng o‘ychan gapirdi

– Joyiga qo‘y-chi, sayrashini eshitaylik…

Qaytarib guldoru shokilador qafasga qo‘ydilar. Men lik etib shoxga qo‘ndim-u, sayray boshladim. Bor kuchimni yig‘ib “bit-bildiriq”ni to‘rttaga yetkazmoqchi bo‘ldim, axir hazil gapmi, butun koinotning gultoji,  hayvonlarning eng a’losi – inson e’tibor berayotgandi. Oxirgi sayrog‘imda havo yetishmay qoldi. Nafasim tiqilib, boshim aylanib, o‘tirgan shoxchamdan “shilq” etib yerga tushdim. Og‘zimni kappa-kappa ochib yutoqib nafas ola boshladim. Ikki oyog‘im osmonda bo‘lib qoldi. Odamlar baravariga xo-xolab kulib yubordilar.

– Bu o‘zimizning ayrim yosh san’atkorlarga o‘xshar ekanmi? – dedi sochi qo‘qigani.

– To‘g‘ri, – uning gapini quvvatladi sherigi, – xuddi o‘zi. O‘zi aytib, o‘zi mast bo‘lib raqsga tushadigan, joyi kelsa, tappa yerga yotib oladigan, pitir-pitir harakatlar qiladigani bor-ku, o‘shaning xuddi o‘zi.

– Barakalla-ye, “Chiranma g‘oz, hunaring oz”, degan gap bor edi, endi “Chiranma chumchuq, hunaring yo‘q!” deymizmi, buni?

Xullas o‘sha dargohda bir necha kun ermak bo‘ldim. Oxir bir kun taqirboshning otasi kelib qoldi. Taqirbosh meni otasiga ham maqtadi. Otasi avvaliga hayron bo‘lib turdi. So‘ngra birdan fe’li aynidi.

– Yo‘qot buningni! – dedi g‘azab bilan. – Kimki o‘z holini o‘zgartirib boshqalarga taqlid qilsa, Xudoning qahri keladi. Albatta bir balo yuboradi.

– Bu bir chumchuq-da, ota, vahima qilavermang, – taqirbosh meni himoya qila boshladi.

– Yo‘q! – dedi chol kesib. – Maxluqning katta-kichigi bo‘lmaydi. Bu Xudoning g‘azabiga uchragan. Uyingda saqlasang, senga ham zarari tegib qoladi. Kasofati uradi. Uni bugunoq yo‘q qil. Pishakka berib yubor, – dedi chol jahl bilan.

O‘g‘il otasining jahli chiqqanini ko‘rib, birdan rozi bo‘ldi.

– Xo‘p bo‘ladi, bugunoq oshxonaga jo‘natib yuboraman.

Bugun ertalab oshxona dastyori bedanaboznikiga bordi. Bu yog‘ini o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Endi sizdan bir iltimos, shu haqda bir nima yozib qoldirsangiz, toki bundan keyin hech bir jon o‘ziga tag‘yir berib, birovlarga taqlid qilaman, deb mening holimga tushib yurmasa…

– Xo‘p bo‘ladi! – deb yubordim beixtiyor, uning nolalariga bardosh qila olmay.

Qishloqdan kelgan havaskor qalamkash ro‘paramda o‘tirgancha, o‘z kosasidagi bedana sho‘rvani xo‘rillatib-xo‘rillatib icharkan, menga hayrat bilan qarab qo‘ydi. Bir so‘z demasdan kosasini bo‘shatdi. Uzun tillarini tepaga pastga tez harakatlantirib, antiqa tarzda labini yaladi. So‘ng­­ra peshonasidagi reza-reza terlarini kirchil qo‘lro‘molchasi bilan artgancha, savol berdi:

– Nega bedana sho‘rvani ichmayapsiz, domullo? Sizga ma’qul bo‘lsin, deb  ataylab, sho‘rva aytuvdim. Yo ma’qul bo‘lmadimi?

– Rahmat, bugun kechroq nonushta qiluvdim. O‘zingiz, bemalol… – shunday degancha kosani u tomonga surib qo‘ydim.

– Bay-bay, shunday laziz taomni-ya… Xafa bo‘lmang-u, og‘zingizning ta’mini bilmas ekansiz.

 Qalamqosh tomog‘ini taqqillatgancha, chumchuq sho‘rvaga non to‘rg‘ay boshladi.

Aftidan, u shundoq ko‘zining oldida bedana – chumchuq bilan bo‘lib o‘tgan suhbatimizdan bexabar edi.

 

Orif Hoji

 

1966 yili tug‘ilgan.

Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil olgan.

“Bandi ruh”, “Ozod ruh”, “Yangi ohanglar”, “Samarqand sayqali”, “Qirq hadis va bir rivoyat”, “Onalar oyog‘i ostida jannat”, “Ishq yo‘li”, “Ey, gul”, “Ko‘ngil qushi” nomli she’riy, “Oppoqqina qushginam”, “Oq tulpor” kabi hikoyalar to‘plamlari chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.