Jazo

0
225
marta ko‘rilgan.

Hikoya

 

1938-yil Kolumbiyadagi hibsxona panjaralari uni sovuq qarshi oldi. Mahbus so‘nggi manzili shu yer ekanini ich-ichidan his qilardi. Yo‘lak bo‘ylab ketarkan, o‘ng va so‘l tomondagi panjara ortida o‘tirgan mahbuslarning g‘alati nigohlari uni zimdan kuzatib qolardi.

– Ular qachondir bu yerdan chiqib ketishadi, ammo sen… – dedi uni kuzatib borayotgan qamoqxona xodimi tayog‘i bilan niqtab. – Qa­damingni tezlat.

Mahbus buyurilgani uchun emas, bu nigohlardan qutulish uchun ildamladi. Tezroq bo‘lmaga kirib yolg‘iz qolishni istardi. Uni yo‘lak oxiridagi eng qorong‘i va zax turmaxonaga solishdi. Ko‘p o‘tmay uning temir eshigi ham mahkam yopildi. Mitti tuynuk – derazadan ko‘rinib turgan oy ojiz nur taratardi.

– Endi yaxshi… – pichirladi u. Boyagi bezovtalik hissi tarqay boshladi. Go‘yo ko‘p yillik boshpanasidek bamaylixotir tosh o‘ringa cho‘zildi va pinakka ketdi. U qonga botgan qo‘l bilan bunchalik tez uxlab qolishini o‘zi ham kutmagan edi. Lekin tonggacha onasining bag‘rida yotgan bolakaydek tiniqib uxladi.

Eshik ortidan shaqir-shuqur ovoz eshitildi, allaqachon tong yorishgandi. Ko‘zlarini ishqalarkan, eshik ochilib ularni qamashtirib yubordi. Uch kishi kirib keldi. O‘rtadagi avaxta boshlig‘i bo‘lsa kerak, unga yaqinlashib vazminlik bilan dedi:

– Bu yerga xush kelibsan deyolmayman, o‘g‘lim. Aybing o‘zingga kundek ma’lum. Oilangga xabar berish lozim.

– Zarurati yo‘q. Otam baribir kelmaydi.

– Unday bo‘lsa hukumat senga oqlovchi beradi.

– Shart emas.

– Sud bu – sud. Unda faqat qoralovchi ishtirok etsa, adolatdan bo‘ladimi?

– O‘g‘lim, tavba qil. Ibodating uchun nima lozim bo‘lsa ayt. Dining nima? – o‘ng tomondagi uzun qora ko‘ylak kiygan odam undan sipolik bilan so‘radi.

Mahbus kuldi:

– Menga diniy ta’lim berishmagan. Ammo Xudo bitta.

– Xudo o‘zi senga iymon bersin.

Ular shoshmay chiqib ketishdi. Eshik kechagidan ko‘ra astaroq yopildi. Mahbus o‘tirib uzoq o‘yga botdi. Kechagi kunni soniyama-soniya ko‘z oldiga keltirdi. Biroz ehtiyotsizlik qilmaganida u allaqachon shaharni tark etgan bo‘lardi. Ha, ehtiyotsizlik… U kutilmaganda odam o‘ldirib qo‘ydi. Xonadon kimsasiz bo‘lishi kerak edi: uy egalari sayohatga jo‘nab ketishgan. Boylik yashiringan joy ma’lum: bu yerda yarim yil otlarni parvarish qilish asnosida buni bilib olgandi. Bari juda oson kechayotgandi – oson boshlangan jarayon o‘zi noxushlik bilan tugaydi – u qimmatbaho taqinchoqlar solingan qopchiqni olib endi xonadan chiqayotganda qarshisida kimdir paydo bo‘ldi. Ular bir zum kalovlanib qolishdi. So‘ng kimsa uning qo‘lidagi qopchiqqa yopishdi. Talashuv uzoq davom etmadi – yigit qo‘njidagi pichoq bilan uni jarohatladi. Faqat jarohatladim, deb o‘ylagandi. So‘ng o‘zini qo‘lga olib, bu yerdan juftakni rostladi.

Tongda o‘z xonasida poyezdga olingan chipta soatini ko‘zdan kechirayotgan payt, tashqaridan begona odamlar va otasining ovozi kelayotganini eshitdi.

– Ha, bu o‘g‘limning pichog‘i.

Qo‘rquv va ehtiyotsizlik sabab pichoq­chasini jinoyat joyida qoldirib ketganini shunda tushundi.

 Qiziq, u kim edi? Uy egasi? Xizmatkor yoki qorovul? Kimligining endi ahamiyati yo‘qligini ham angladi. Kim bo‘lsa ham odam edi. Yaxshimi, yomonmi, farqsiz. Lekin kuchsiz edi, juda ojiz. Shuning uchun birinchi urinishdayoq yengildi. Asli pichoqqa zarurat yo‘q ekan, yaxshilab turtib o‘tib ketaverganidayam… Bo‘ldi, endi o‘zgartirishning iloji yo‘q. Hammasi tugadi. Unga bir umrlik qamoq yoki o‘lim jazosini berishlari turgan gap.

Marhum kim ekanini bilish uchun uzoq kutishga to‘g‘ri kelmadi. Ertasiga uni kimdir ko‘rgani keldi. Kimdir kelishi mumkinligi uning xayoliga ham kelmagandi: yosh bir qiz. Yuzi rangpar, sochlari siyrak bo‘lsa-da, nigohlari o‘tkir va chiroyli edi.

– Otamni nega o‘ldirding? – so‘radi u dabdurustdan.

Yigit undagi sovuqqonlikdan seskanib bir qadam ortga tislandi. Go‘yo jallod qarshisida turgandek. Yo‘q, yaxshisi jallodning o‘zi kelgani va jonini olgani ma’qulroq edi.

U indamadi. Devorga, shiftga, tuynukka qaradi, ko‘zlari hech qayerda qo‘nim topolmay yana qizga to‘qnashdi. Qiz unga sokinlik bilan qarab turardi. Javob kutardi. Savolni yana qaytardi. Bu gal pastroq, sustroq ohangda.

– Nega o‘ldirding?

– Istamagandim, – u gaplari yasama ko‘rinishi mumkinligini sezdi-yu, baribir borini aytishni lozim ko‘rdi. – O‘ljani avval men olgandim. U… u ega chiqmoqchi bo‘ldi. Tabiat qonuni shunday… ammo o‘ldirmoqchi emasdim. Keksa ekan. Gavdasi mendan katta edi. Kuchim yetmasa kerak deb o‘ylagandim.

Qiz ko‘zlarini undan uzib bir nuqtaga tikilgancha o‘y surib qoldi.

– Afsusdaman. Balki, kelishsak bo‘lar edi. Bo‘lishib olish mumkin edi. Qo‘rqdim. Hammasini olib qo‘yadi, deb qo‘rqdim va tashlandim unga.

– U bo‘lishmasdi, – dedi qiz. – Unga katta pul kerak edi.

Yigit xo‘rsindi.

– Menga ham yetmasdi yarmi.

Qiz o‘rnidan turib ketishga chog‘landi. U boshqacha javob kutmagandi ham. Shunchaki ko‘rgisi kelgandi. Qotilni. Otasining qotilini. Va urmoqchi edi yuziga, yelkalariga. Lekin uning ko‘zlaridagi mungni ko‘rdi-yu, shashtidan qaytdi.

– Senga pul nega kerak edi? – deb so‘radi orqasiga qayrilib.

– Ketishim kerak edi. Uzoqlarga. Katta shaharga. Ta’lim dargohiga. U yo‘limdan chiqib qolmaganda hozir… balki, o‘zim orzu qilgan katta kutubxonada falsafa darsliklarini ko‘zdan kechirayotgan bo‘lardim. Uch mahal ovqat, shinam yotoq, baland shiftli o‘quv xonasi, ko‘zoynak taqqan qari professorlar, qog‘oz va siyohdon. Bu manzara ichida o‘zimni necha bor tasavvur qilganman.

– Faylasuf qotil, – achchiq kuldi qiz. – Qon evazigami?

– Uyda hech kim bo‘lmasligi kerak edi! – baqirdi yigit. – Bu o‘g‘rilikdan zodagon oila qashshoqlashib qolmasdi. Lekin men! Lekin men otam kabi, bobom kabi, bobomning bobosi kabi otboqar bo‘lishni istamadim. Tezak hidiga boshqa toqat qilolmasdim. Otxonada yashirincha kitob varaqlashni ham. Va bolam ham otboqar bo‘lishini istamasdim. Ha, bo‘lmaydi ham. Endi avlodimizdan otboqarlar chiqmaydi. Shunisi biroz taskin beradi. Shu bilan bari tugaydi. Men bolaligimdan beri…

Qiz uni ortiq tinglashni istamay eshikni sharq etib ochdi-yu, chiqib ketdi. Yigit shalvirab yerga cho‘kdi.

– Bolaligimdan beri orzu qilaman… – dedi shivirlab. – Xashaklar ustida emas, stolda yozishni. Kutubxonaga bir marta bo‘lsayam kirishni…

Keyin o‘rniga cho‘zildi va devorga tikilib yotdi.

 

* * *

Tez orada unga sud bo‘lishini ma’lum qilishdi. Tez orada – kun, hafta yoki oy bo‘lishi mumkinligidan ham ogohlantirishdi. Unga qolsa, ertaga sud bo‘lishi va darhol jazoga buyurishlarini istaydi. Omon qolish imkonsiz.

So‘roq payti unga o‘zi kutgan savol berildi – boylikni qayerga yashirgan? Fermani tit-pitini chiqarib uni topa olishmagan, otasi esa nobakor o‘g‘lidan voz kechganini aytgan.

– O‘sha tun soyga oqizib yubordim, – dedi yigit. – Qo‘rqib ketgandim. Bu endi menga buyurmasligini bilardim.

So‘roq uzoq davom etdi. Yigit javobini o‘zgartirmadi. Qidirish ishlari ham to‘xtatilmadi. Jabrlanuvchi oila qopchiq ichida avloddan avlodga o‘tib kelayotgan qadimiy uzuk borligini aytib, soyga g‘avvoslarni tushirdi. Suv tagidan uzukdan boshqa hamma narsa chiqdi: hatto o‘n yil ilgari sodir bo‘lgan qotillikka sababchi to‘pponcha ham.

U marhumning qizini sudda ko‘rsam kerak deb o‘ylagandi. Ammo ko‘p o‘tmay qiz yana keldi.

– Ta’ziyaga tinmay odam kelyapti. Uyda faqat men. Qochib ketgim keldi uydan. Bunga chidash qiyin, – dedi u.

– U… u kim edi? Ya’ni…

– Muallim.

Bu savolni berganidan afsuslandi. U hamisha muallimlarga hayrat bilan qarar, unga savod bergan o‘qituvchilaridan minnatdor yashar, maktabni tugatolmagan bo‘lsa ham, eng namunali o‘quvchi bo‘lganidan faxrlanardi.

– Qishloq muallimlari hamisha qashshoq edi, – dedi nimadir deyishi kerakligini o‘ylab.

– Otam doim boriga shukur qilardi. Onamsiz, bir o‘zi halol yedirib-ichirdi meni. Kam qilmadi. Lekin… onam chalingan dard menda ham boshlangach qattiq iztirob chekdi. Onamni davolash mumkin edi, ammo yetarli puli bo‘lmagan. Meniyam jimgina o‘lishimga qarab turolmadi. Men… men o‘g‘rilik qilishini kutmagandim. Bunday davolanish menga kerak emasdi. O‘lganim yaxshiydi.

Yigit muzlab qoldi. Nafasi tiqilib, hech nima deyolmadi. O‘zidan g‘ijindi. Kutubxonada bo‘lish, falsafa kitoblarini titish uchun o‘g‘rilik qilishga majbur bo‘ldim, degan mazmundagi gapini eslab uyalib ketdi. Tag‘in devorga, shiftga, tuynukka alangladi. Oxir-oqibat yana qizning nigohlariga boqishga majbur bo‘ldi. Xayriyatki, qiz ko‘zlarini yumgancha uyquga ketgan odamdek o‘tirardi.

– Otamning yuragi chatoq edi. Ko‘p og‘rirdi.

– Afsusdaman. Yarmini emas… bilganimda to‘liq hammasini unga tutqazar va uydan chiqib ketardim. Agar bilganimda! – dedi jahl bilan.

Qiz cho‘chib ketib unga tikilib qoldi.

– Axir shunchaki pichoqni biqiniga tiqdim. Pichoqcham juda kichkina edi. Menda kattaroq nima qilsin. Pichoqchada yog‘ochlarni o‘yib bir narsalar yasardim. U og‘riqqa chalg‘iganda qochib ketaman deb o‘yladim. Va ortimdan quvlashiga ishongandim. Uni maxfiy qorovul deb o‘yladim. Ammo u… o‘lib qoldi. Va kamiga murabbiy ekan. Va kamiga qizi uchun o‘g‘rilik qilgan. Va kamiga… u qiz qarshimda o‘tiribdi. Dahshat, axir bu dahshatning o‘zi. Iltimos… ket! Boshqa kelma!

Yigit unga teskari o‘girildi.

Eshikning yana sharq etib ochilishini kutdi, lekin o‘rniga yelkasiga bosilgan qo‘lni payqadi.

– Orzularingni tushunaman. Men doktor bo‘lishni istardim doim. Hech kim kasal bo‘lmasa derdim. Onalar o‘lmasa. Otalar qiynalmasa.

Bir lahzadan so‘ng eshik ochildi va u ketdi.

“Tezroq sud bo‘lsaydi”.

Nihoyat, oqlovchi ham turmada paydo bo‘ldi. U gapni cho‘zmay rostini aytib qo‘ya qoldi: oqlash uchun biror dalil yo‘q. Kamida bir umrlik qamoq jazosi yo o‘limga hukm qilinishini quruqqina aytib o‘tdi. So‘ng hali boshqa mahkumlar bilan shug‘ullanishi kerakligini aytib chiqib ketdi.

 

* * *

Ertasiga qiz yana uni ko‘rgani keldi. Indiniga ham. Avvaliga aybdorlik hissidan qiynalib yursa-da, so‘ng uning tashriflarini intiqib kutadigan bo‘ldi. Sud ishi qanchalik cho‘zilsa, shuncha yaxshi edi. Qiz ko‘pincha uyidagi mo‘jaz kutubxonasi haqida gapirardi.

– Sen bularni hammasini o‘qib bo‘lganmisan?

– Hammasini emas. Otam ajratib berganlarini. Ammo yashirincha o‘qiganlarim ham bor edi.

– Menga ham shulardan olib kel.

– Sen avval boshlang‘ich tasavvurga ega bo‘lishing kerak.

– Men bariga ulgurishni istayman.

– Ulguramiz. Agar… bir umrlik qamoqqa hukm qilishsa, yaxshi bo‘lardi. Men har kelganda senga kitob olib kelardim.

– Kitoblaring tugab qolsa-chi?

– Kitoblarim tugamay umrim tugaydi. Lekin sen o‘qishni to‘xtatma, ilojini top.

Yigit indamadi. U qanday qilib qizga yaxshilik qilishni o‘ylardi. Yomonligiga nisbatan yaxshilik bilan javob berayotgan qizni baxtli qilish uchun nima qilish mumkin. Agar ozodlikda bo‘lganida…

– Uyingda sirayam kitob yo‘qmi? – qiz sukutni buzdi.

– Bozordagi eski kitob do‘konidan sotib olganlarim bor edi. Otam ularni ko‘rib, yoqib yubordi.

– Otangga achinaman.

– Menga-chi?

– Yo‘q. Sirayam.

Qiz o‘rnidan turdi.

– Ertaga kelasanmi?

– Menimcha, bir necha kun kelolmayman. Sudga ham oz qoldi.

– Kelsang bo‘lardi.

– Go‘rkovning yoniga borishim kerak.

– Nega?

– O‘limga hukm qilishlari mumkin-ku, – qiz unga qaradi.

Yigit o‘zini qabrda tasavvur qilarkan, peshonasini ter bosdi.

– O‘lish og‘riqlimikin?

– Qanday o‘lishga bog‘liq.

– Elektr stulga o‘tiramanmi?

– Balki.

– Sen o‘limdan qo‘rqmaysanmi?

– Qo‘rqaman. Onam kabi og‘riqsiz, uyquda jon berishni istayman.

– Sog‘ayib ketasan. Faqat… iltimos, suddan bir kun avval kel. Senga muhim gapim bor.

– Mayli.

Qiz ketgach yigit ko‘zlarini yumdi. Xayolga berildi. Agar qizni avvalroq taniganida boshqacha bo‘lardi. Yo‘q, baribir o‘g‘rilik qilardi. Uni davolatardi. Mayli, bir umr otboqar bo‘lsa ham. Qora xolli otiga mindirib uni dalada sayr qildirardi. Muallim otasi ularga oq fotiha berardi. Unga uylanardi. O‘z fermasi bo‘lardi. Hammasi boshqacha bo‘lardi. “Odamlar hammasini boshqatdan boshlasa bo‘ladi, deb yolg‘on gapirishadi. Hech nimani boshidan boshlab bo‘lmaydi. Hech nimani o‘zgartirib bo‘lmaydi. Peshonamga o‘lish yozilgan. Ammo u tirik qolishi kerak. Uni asrab qolaman. Shunda biroz vijdonim oldida o‘zimni yengil sezgan bo‘lardim”.

Aytganidek, suddan bir kun oldin qiz keldi. U nimadandir mamnundek ko‘rinardi. Tezroq hukm qilinishim va o‘lishimni kutyaptimi, o‘yladi yigit. Boshqacha bo‘lishi mumkinmi. Otasining qotiliga uzoq umr tilamasligi turgan gap. Shunday bo‘lsa-da, unga yaxshilik qilishi shart edi.

– Senga bir gap aytaman. Ammo hech kim bilmasligi kerak buni, – pichirladi unga yaqinlashib.

Qiz unga qiziqsinib boqdi.

– Boyliklarni suvga oqizib yubormaganman. Haliyam izlashayotgandir. Ammo topisholmaydi. Senga uning qayerdaligini aytaman. Hammasi tinchib ketgach, uni ol va davolanishingga sarfla. Shunda, balki, otang bekorga o‘lmagan bo‘lar. Menam bekorga o‘lib ketmasman. Kimdir omon qolishi kerak, – u qizning qulog‘iga manzilni aytdi. Qiz bosh irg‘adi. Jilmaydi.

– O‘liming oldidan nima tilagan bo‘larding? – dedi qiz. – O‘tgan zamonlarda shunday so‘rashardi. Hoziram buni amalda qo‘llash kerak, deb o‘ylayman.

Yigit o‘ylanib qoldi.

– Bir tushim amalga oshishini juda istagan bo‘lardim.

– Qanday tush?

Yigit undan uzoqlashib boshini qashladi.

– Tushimda senga ot sovg‘a qilibman. Sen esa evaziga meni o‘pib qo‘yibsan.

– Amalga oshir unda. Menga ot sovg‘a qil.

– Buning iloji yo‘q, deb qo‘rqaman.

– Unda nachora.

– Lekin sen o‘pib qo‘yishing mumkin-ku.

– Ot sovg‘a qilmasang hammi?

– Qilmasam ham.

Qizning yuzlari qizarib jilmaydi. So‘ng mayda qadam tashlab yigitga yaqinlashdi. O‘ng yuzidan yengilgina o‘pib qo‘ydi.

– Bu yer g‘aroyib turma, – dedi yigit. – Hatto tushlar amalga oshadi.

 

* * *

Sud. Zalda ko‘p odam yig‘ilgandi. Ular orasida otasi ko‘rinmadi. Yigit yengil tortdi. Ko‘zlari bilan qizni izladi. U ham ko‘rinmadi. Balki, oxirgi uchrashuvimiz sifatida o‘sha kunni eslab qolmoqchidir, o‘yladi u. Oqlovchi negadir ko‘rinish bermadi. Ha, bu jangda yolg‘iz o‘zi. Unga xayrixoh hech kimsa yo‘q. Shunchaki hukm qilishadi va ishni yopishadi.

Avvaliga qoralovchi so‘zga chiqdi. U hamma narsa kunday ayon ekanini qo‘lidagi dalillar bilan isbotlab berdi. Nutqi qisqa bo‘ldi. Oqlovchi chaqirildi. Yigit oqlovchi o‘zgarganini shunda bildi.

– Biz sudda qotillikni emas, bosqinchilikni ko‘rishimiz kerak bo‘ladi, – dedi salmoq bilan. – Marhumning qizining istagi bilan jasad yerdan kavlab olindi va yorib tekshirildi. Ekspertiza natijalariga ko‘ra, marhum pichoqlanish oqibatida emas, yuragi xuruj qilib vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Bunday jarohatlash o‘limga olib bormasligini tibbiyot xodimlari ham tasdiqladi. Bundan tashqari, soydan qopcha topildi. Undagi o‘g‘irlangan barcha qimmatbaho buyumlar to‘liq o‘z egalariga topshirildi. Bu yerda gap faqat jabrlanuvchilarning da’vosida qolgan, – oqlovchi orqaroqda o‘tirgan ayolga yuzlandi. – Uyingizda talonchilik qilgan ayblanuvchiga da’voingiz bormi?

Ayol o‘rnidan turib buvisidan qolgan qadrli uzuk topilgani haqqi da’vo qilmasligini, shuningdek, ularning xonadonida mehnatkashligi bilan taassurot qoldirgan yigitni afv etishlarini so‘radi.

Yigit hech nimani tushunmay, qotib turardi. Oyoqlarini his qilmas, o‘rnida go‘yo og‘ir muz bo‘laklari turgandek sezardi. Bu sud ishi unikimi yoki adashib ketishdimi. Oqlovchini kim yolladi, qanaqasiga soydan topilishi mumkin buyumlar?

Sudda keskin bahs boshlanib ketdi. Yigit quloqlari zing‘illab hech nimani eshitmasdi. U yana odamlar orasidan ma’sum qiyofani izlardi. U nega kelmadi? U bilan darhol gaplashishi kerak. Sud o‘z javobini ertaga ma’lum qilishi bildirilgach, mahbus turmaga qaytarildi. U kech kirguncha qizni kutdi.

Hukmni o‘qib eshittirishganida u hech nimani his qilmadi. Eplab yaxshilik qila olmaganidan ezilardi. Kimdir omon qolishi kerak edi. Men? Yo‘q, bu men bo‘lishim kerak emasdi, o‘zini yanirdi u.

Oxir-oqibat unga qisqa muddatli qamoq jazosi tayinlandi.

 

* * *

Menga kitoblar olib kelmoqchi eding-ku, u xayolan murojaat qilardi qizga. Falsafiy kitoblarni eng oxirida. Yashirib o‘qigan kitoblaring-chi, ularni qachon o‘qiyman? Sevimli kitobing qaysi edi o‘zi? Shuni ham so‘ramadim.

Oradan ancha vaqt o‘tib uni yo‘qlab kelishdi. Yigit shaxt bilan uchrashuv xonasiga otildi, ammo u yerda otasini ko‘rib shalvirab qoldi.

– Chiqishingga ham oz qoldi. Otlarni ko‘paytirdim. Kelsang birini tanlab olasan.

– O‘zimning otim-chi?

– Uni sotib yubordim.

Yigit indamadi.

– Xo‘jayin endi fermaga sen qarashingni istayapti. Men keksayib qoldim. Ishimni qo‘limdan olishing kerak.

– Turmadan chiqib fermaga qaytmayman, – dedi yigit. So‘ng otasining yuz ifodasini ko‘rgisi kelmay chiqib ketdi.

Jazo muddati tugagach, qizning uyini izlab topdi. Uy atrofida odamlar g‘imirlab yurardi. U ichkariga kirishdan avval hovli etagida turgan otga ko‘zi tushdi. Qora xollari bor oq ot. Uning oti. Beixtiyor u tomon yurib yollarini siladi. Ot ham sobiq egasini tanib depsindi. So‘ng yigit uy tomon yurdi. Eshikdan ko‘zoynak taqqan doktor chiqib keldi va ayollardan biriga qarab dedi:

– Yarim tunda vafot etgan. Uyqusida. Bergan og‘riq qoldiruvchi dorilarim tortma ustida shundayligicha turibdi.

Ayollar afsus bilan bosh chayqashdi.

Yigit buni eshitishni istamay hovlidan yugurib chiqib ketdi.

…Ko‘p o‘tmay vasiyatnomaga ko‘ra, unga muallimning turar-joyi, bitta ot va ko‘plab kitoblar qolganini bildirishdi.

 

Nodirabegim Ibrohimova

 

1989-yili tug‘ilgan. VIII yosh ijodkorlar seminari ishtirokchisi. “Yoningdagi baxt”, “Jodugar yoxud ming yillik hayot”, “Zulm va muhabbat”, “Men, dadam va Alsgeymer” nomli nasriy kitoblari nashr etilgan. Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

2022/12

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.