Jonli gullar bog‘i

0
28
marta ko‘rilgan.

− Agar anavi qirga chiqsam, bog‘ni boshdan oxir ko‘ra olaman. Manavi so‘qmoq to‘g‘ri o‘sha yoqqa olib boradi… − dedi Alisa o‘ziga-o‘zi. U so‘qmoq bo‘ylab ketarkan, talay muyulishlarda qayrildi.

− Meningcha, mana shunisi oxirgi muyulish bo‘lsa kerak. Juda g‘alati-a, hadeb qayrilaversan. Bunisi endi qirga olib chiqishiga aminman… yo‘q adashibman! Bu so‘qmoq qayta uyga olib borarkan! Mayli, boshqasidan yurib ko‘ray-chi!

Va u shunday ham qildi. Yuraverdi, yuraverdi, muyulishlardan qayrilaverdi, qayrilaverdi, biroq har gal uyning ro‘parasidan chiqaverdi. Nihoyat, u hech qayerda qayrilmay, to‘ppa-to‘g‘ri qirga qarab yurishga qaror qildi. Biroz yo‘l yurgach “Bu safar, albatta, uddalayman”, – degani hamonoq qo‘qqisdan so‘qmoq bir silkinib qayrilib oldi. Zum o‘tmay u yana uy eshigiga ro‘para kelib qolganini angladi.

− Oh, dahshat! Umrim bino bo‘lib bunaqa uyni uchratmaganman! Hech qachon ko‘rmaganman bunaqasini! − deb qichqirib yubordi u.

Lekin boyaqishning qo‘lidan nima ham kelardi, yana hammasini boshidan boshladi. Bu safar u tol atrofini o‘ragan dastorgullar bilan to‘la gulzorga yaqinlashdi.

− Eh, gulsapsar, qaniydi so‘zlasha olsang! − dedi Alisa.

− Biz so‘zlashga arzigudek odam bilan gaplasha olamiz − dedi Gulsapsar.

Alisa hayratdan bir muddat dong qotdi.

− Hamma gullar so‘zlay oladimi? − so‘radi u.

− Xuddi seningdek, hatto balandroq tovushda ham, − javob berdi Gulsapsar.

− Biz birinchi bo‘lib gap boshlash odobdan emas, deb hisoblaymiz, − gapga aralashdi Atirgul. − Rosti, sen so‘zlaganingda men ajablandim. O‘zimga o‘zim uning yuzida hech qanday ma’no yo‘q deyayotgandim. Rangi esa to‘g‘ri keladi.

− Meni esa uning rangi tashvishga solmayapti, − dedi Gulsapsar. − Lekin gulbarglari jindek jingalak bo‘lganidami, hammasi joyiga tushardi.

Alisa tanqidni xushlamasdi, shuning uchun ularni savolga tuta boshladi:

− Bu yerda biror narsadan qo‘rqmaysizlarmi? Axir, sizni qo‘riqlaydigan zotning o‘zi yo‘q-ku…

− O‘rtadagi daraxt-chi? − bidirladi Atirgul. − U yana nimaga ham yaraydi.

− Agar biror xavf tug‘ilsa, u nima ham qila olardi?

− Vovullay oladi, − dedi Atirgul.

− U: “Vov-vov!” deydi! − chinkillay ketdi Dastorgul. − Shuning uchun ham uning shoxlari “novda” deb nomlangan-da1.

− Shuni ham bilmasmiding? − chinkilladi boshqa bir Dastorgul va gullar qiy-chuv qila boshladi.

− Hammang jim bo‘l! – baqirdi Gulsapsar.

− Hechqisi yo‘q, − dedi Alisa Gulsapsarga va dastorgullarga o‘girilib shivirladi: − hoziroq ti­­li­n­­­­­gizni tiymasangiz, hammangizni uzib, payhon qilib tashlayman.

Jimlik cho‘kdi, hatto dastorgullardan biri oqarib ham ketdi.

− To‘ppa-to‘g‘ri, − ma’qulladi uni Gulsapsar.

− Sizlar qanday qilib bunday ravon gapira olasizlar? − qiziqsindi Alisa. − Men avvallari ham ko‘p bog‘larda bo‘lganman, biroq u yerlar­dagi gullarning hech biri so‘zlay olmasdi.

− Qo‘lingni yerga qo‘y va uni his qil. Shunda sababini bilib olasan, − javob berdi Gulsapsar.

Alisa uning aytganini qildi.

− Bu mushkul chog‘i. Keyin, bunga yer­ning nima daxli bor ekan? − so‘radi u.

− Ko‘pchilik bog‘larda, − deya tushuntirdi Gulsapsar, − to‘shak, ya’ni ekinzor juda yumshoq, shu bois gullar uyquchi bo‘ladi.

Alisaning nazarida bu o‘rinli sababdek tuyuldi va buni bilib olganidan mamnun ham bo‘ldi.

− Shu haqida oldinlari sira o‘ylab ko‘rmagan ekanman, − dedi u.

− Meningcha, sen umuman o‘ylamaysan, − so‘z qotdi Atirgul.

− Sendan-da ahmoqrog‘ini umrimda ko‘rmaganman, − uning gapiga qo‘shildi Binafsha. Buni eshitib Alisa sakrab o‘rnidan turdi.

− Tilingni tiy! − o‘shqirdi Gulsapsar. − Xuddi hayotda ko‘p narsani ko‘rib qo‘ygandek gapiri­shini-chi buning! Sen boshingni barglaring orasiga burkab olganingdan dunyo bexabarsan!

− Bu yerda mendan boshqa yana kimdir bormi? − so‘radi Alisa mavzuni o‘zgartirish uchun.

− Bog‘ bo‘ylab yana bir gul sendek harakatlanadi, − dedi Atirgul.

− U menga o‘xshaydimi? − so‘radi Alisa bog‘da yana bir qiz bor degan o‘yda.

− Xo‘sh, uning ham ko‘rinishi senikidek g‘alati­roq, − bidirladi Atirgul. − Ammo u qizg‘ishroq… va gulbarglari ham kaltaroq, chamamda.

− U bu yoqlarga chiqib turadimi? − so‘radi Alisa.

− O‘ylashimcha, uni tez orada ko‘rasan, − dedi Atirgul. − Uning tikanlari bor.

− Qayerida o‘sha tikanlari? − qiziqib so‘radi Alisa.

− Butun boshini qoplagan, − javob qildi Atirgul. − Senda tikanlar yo‘qligini ko‘rganimda ajablangandim. O, u kelayapti! Uning qa­dam tovushini eshityapman!

Alisa atrofga ko‘z yugurtirib, uning Qora Qirolicha ekanini ko‘rdi. “Bo‘yi o‘sib qolibdi”, uning xayoliga kelgan ilk fikr shunday edi. Haqiqatan ham, Alisa uni ilk bor changga belangan holda ko‘rganida, atigi 3 dyum kelardi… Hozir esa Alisadan naq bir kalla balandroq!

−Bu toza havoning sharofati, − dedi Atirgul.− Bu yerning havosi ajoyib.

− Men borib u bilan tanisha qolay, − dedi Alisa. U haqiqiy Qirolicha bilan hamsuhbat bo‘lishni muhimroq hisobladi.

− Bu ketishda uni uchratib bo‘psan, − dedi Atirgul. − Maslahatim − orqaga qarab yur.

Alisaga bu maslahat bema’nidek tuyuldi-da, u to‘ppa-to‘g‘ri Qirolicha tomonga yurdi. Ammo darhol Qirolichani ko‘zdan qochirganini, kamiga yana o‘sha eshikka ro‘baro‘ kelayotganini payqab hayron qoldi. Ajablanib, orqaga yurgan edi, zumda Qirolichaning qarshisidan chiqdi.

− Qayoqdan kelib qolding-u, qayga yo‘l olding? Boshingni ko‘tarib, xushmuomalalik bilan javob ber va hadeb barmoqlaringni o‘ynatishni bas qil, − dedi Qora Qirolicha.

Alisa uning aytganlarga amal qilib, yo‘lini yo‘qotib qo‘yganini tushuntira ketdi.

−Yo‘lim deganingda nimani nazarda tutga­ningni anglamadim. Axir, barcha yo‘llar menga qarashli-ku… Xo‘sh, nega bu yerga kelding? − dedi Qirolicha va yana mehribonlik bilan: − Nimani gapirishni o‘ylayotganingda ta’zim qil, shunda vaqtdan yutasan, − deya qo‘shib qo‘ydi.

“Uyga qaytganimda, tushlikka kech qolgan paytim shunday qilishga urinaman”, o‘yladi Alisa o‘zicha.

− Ana endi javob berish vaqti keldi. So‘zlayotganda og‘zingni kattaroq ochib gapir va doimo “Hazrati oliyalari”, deb murojaat qil.

− Men bog‘ni tomosha qilmoqchi edim, xolos, Hazrati Oliyalari…

− To‘g‘ri, bog‘ deganingda haqsan, − dedi Qiro­licha soatiga qarab. – Lekin men ko‘rgan bog‘lar bilan solishtirganda bu dashtning o‘zginasi.

Alisa bahslashishni istamadi va gapini davom ettirdi:

− Shu sabab huv anavi qirga chiqishga urinayotuvdim …

− Qir deysanmi? – yana gapni bo‘ldi Qiro­licha. − Men senga shunday qirlarni ko‘rsata olamanki, ularning oldida bu vodiy bo‘lib qoladi.

− Yo‘q. Qir vodiy bo‘la olmaydi, axir. Bu bema’nilik, − dedi Alisa.

Qora Qirolicha bosh chayqab dedi:

−Buni “bema’nilik” deb atashing mumkin, bi­roq men shunday bema’niliklarni eshitganmanki, ular bilan taqqoslaganda bu lug‘atday ma’nili.

Qirolichaning ovozidan biroz ranjiganini payqagan Alisa yana ta’zim qildi. Shu zaylda ular tepalikka yetib borishguncha jim ketishdi.

Alisa butun mamlakat bo‘ylab tarvaqaylagan yo‘llarni ko‘rib biroz muddat sukut saqlab turdi. Darhaqiqat, bu o‘lka juda g‘aroyib edi. Unda bir yoqdan boshqa yoqqa cho‘zilgan ariqchalar oqib yotar, yer esa mitti, devorlari maysadan bo‘lgan to‘rtburchak kataklarga bo‘lingandi.

− Bu xuddi shaxmat taxtasini eslatadi-ya, − dedi Alisa nihoyat. − Bu yerda shaxmat donachalari harakatlanishi kerak … ana ular! Bu eng katta shaxmat o‘yini olami… agar chindanam olam bo‘lsa. Qanday zo‘r-a! Qaniydi ulardan birortasiga aylanib qolsam. Piyoda bo‘lishga ham roziman… lekin hammasidan ko‘proq Qirolicha bo‘lishni xohlardim.

Alisa asl Qirolichaning yonida aytgan bu gaplaridan uyalib ketdi, ammo Qirolicha jilma­yib shunday dedi:

− Bu juda oson. Istasang Oq Qirolichaning Piyodasi bo‘lishing mumkin, chunki Lili hali o‘ynashga yoshlik qiladi. Sen ikkinchi katakdan boshlaysan. Sakkizinchiga yetib olganingda esa Qirolicha bo‘lasan.

Shu ondayoq ular yugurishni boshlashdi. Alisa keyinchalik ham qay tariqa chopib ketishganini o‘ylab o‘yiga yetolmadi. Faqat qo‘l ushlab yugurishganini, qancha urinmasin Qirolichaga yeta olmaganini eslay olardi, xolos. Qirolicha esa nuqul “Tez! Tezroq!” deya uni qistar, Alisa bo‘lsa, bundan ortiq tez yugura olmasligini his qilardi. Eng qizig‘i, ularni o‘rab turgan borliq sira o‘zgarmasdi. “Nima bo‘lyapti, hamma narsa biz bilan birga harakatlanayaptimi?” deya boshi qotardi. Qirolicha esa, uning nimani o‘ylayotganini payqayotgandek:

− Yanada tezroq! Gapirishga urinma! − deb baqirardi.

Alisa gapirishni xayoliga ham keltirmasdi, chunki tinmay yugurayotganidan nafasi bo‘g‘i­lib qolgandi. Ammo Qirolicha uni yanada tezlashishga da’vat etardi.

− Yaqinlashib qoldikmi? − zo‘rg‘a so‘radi Alisa.

− Deyarli. Undan o‘tib ketganimizga o‘n daqiqa bo‘ldi. Tezroq! − javob berdi Qirolicha.

Ular endi gapirmay yugurishar, nihoyatda tez chopishayotganidan Alisaning sochlari boshidan uchib ketayotganday tuyulardi.

− Qani, qani tezroq! − chinqirardi Qirolicha. Ular shunchalik tez yugurayotganidan oyoqlari yerga tegib-tegmas, havoda uchib borishardi go‘yo. Kutilmaganda to‘xtashdi va Alisa yerga o‘tirib qolganini sezdi. Qirolicha esa mehribonlik bilan:

− Jindek tin olaqol, − dedi.

Alisa atrofga alanglab qaradi.

− Biz boyadan beri shu daraxtning tagidamidik? Atrofda hammasi o‘sha-o‘sha-ku!

− Albatta-da, − dedi Qirolicha.

− Bizning mamlakatda, agar hozir yugurganimizdek tez chopsangiz, shubhasiz, boshqa bir joyga yetib borasiz, − dedi Alisa.

− Juda imillagan mamlakat ekan! − dedi Qirolicha. − Bu yerda esa biror joyda turib qo­lishni istasang shunday yugurishing kerak. Agar boshqa joyga yetib olishni xohlasang undan ikki hissa tezroq chopishing shart!

− Boshqa joyga bormaylik, iltimos. Shu yerda turib qolsam ham mayli. Faqat isib ketganimdan shunday chanqadimki.

− Nima xohlayotganingni bilaman, − Qiroli­cha muloyimlik bilan cho‘ntagidan kichik quticha chiqardi-da, − pishloqdan ol, − dedi.

Alisa rad etish odobsizlik bo‘lishini o‘ylab, yeyishga urindi. Pishloq juda qattiq, toshday qotib qolgan edi!

− Chanqog‘ingni bosguningcha men yerlarni o‘lchab turaman, − deb Qirolicha cho‘ntagidan tasma chiqardi-da, yerni dam belgilay, dam o‘lchay ketdi.

− Ikkinchi qator oxirida senga yo‘nalishingni ko‘rsataman… yana yeysanmi?

− Yo‘q, minnatdorman. Yetarli, − dedi Alisa.

− Endi chanqamayotgandirsan-a? − so‘radi Qirolicha.

Alisa nima deyishni bilmay qoldi, baxtiga Qirolicha javobni kutmay gapini davom ettirdi:

− Uchinchi katakning oxirida senga yo‘na­lishingni takrorlayman. Keyin esa to‘rtinchi katak nihoyasida sen bilan xayrlashaman. Shundan so‘ng beshinchida ketaman. Piyoda birinchi yurishda ikki katakka harakatlanishini bilarsan. Shunda uchinchi katakka tezlik bilan yurib… meningcha, poyezd orqali to‘rtinchi katakka yetasan. Bu Trulyalya va Tralyalyaga qarashli katak… beshinchisi esa deyarli suvdan iborat… Oltinchisi Adi-Badiga tegishli… Yettinchi katak o‘rmonzor, shunga qaramay, Ritsarlardan birortasi senga yo‘lni ko‘rsatib yuboradi. Sakki­zinchi katakda esa Qirolicha bo‘lamiz!

Alisa o‘rnidan turib ta’zim qilib, yana o‘tirdi.

Keyin Qirolicha:

− Inglizcha biror narsani fikrlay olmasang, fransuzcha gapir… oyoq uchida yur… aslo kimli­gingni unutma! – dedi-da, bu gal Alisaning ta’zimini ham kutmay ketib qoldi. Ketayotib “xayr” deyish uchungina ortiga o‘girildi va hovliqqancha yo‘lida davom etdi. Bu qanday ro‘y berganini Alisa anglay olmadi, Qirolicha esa zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Alisa o‘zining piyoda ekanini va tez orada yurishi kerakligini esladi.

 

1 Ingliz tilida “Bough-wough!” (“Vov-vov”) va “bough” (“nov­da”) so‘zlari bir-biriga o‘xshaydi.

 

 

“Bolalarga atalgan barcha eng sara kitoblar kattalar uchun yozilgan kitoblardir”, degan edi mashhur dramaturg Bernard Shou. Darvoqe, bola uchun yozilgan asarlar zamirida aslida katta yoshdagilarga atalgan ma’no, g‘oya va mantiq mujassam bo‘ladi. Ingliz adibi Lyuis Kerrollning (1832–1898) “Alisa Mo‘jizalar mamlakatida” va “Alisa Ko‘zgu orti o‘lkasida” asarlari ayni shu jihati bilan ham hozirga qadar jahonda barcha yoshdagi kitobxonlar tomonidan sevib mutolaa qilinadi. Asarning jahon adabiyoti durdonalaridan biriga aylangani va deyarli barcha tillarga tarjima qilingani, G‘arb kino sanoatida unga qayta-qayta murojaat qilinayotgani L.Kerroll ertaklarining kitobxonlar o‘rtasida yosh tanlamasli­giga yana bir dalildir. Ana shu mashhur ertaklar ona tilimizga asliyatdan birinchi marotaba o‘girildi. “Alisa Mo‘jizalar mamlakatida” asari tarjimasi dastlab “Ma’rifat” gazetasida to‘la e’lon qilingach, 2015-yili “Sharq” nashriyoti tomonidan besh ming nusxada nashr etilgan. Adibning ikkinchi “Alisa Ko‘zgu orti o‘lkasida” ertagining tarjimasini yaqinda bitirdim. Hozir undan bir parcha e’tiboringizga havola etilayotir. Bu ertakda Alisaning g‘aroyib sarguzashtlari davom etadi. U bu safar Ko‘zgu orti o‘lkasiga tushib qoladi. U yerda mavjudotlar bilan tanishadi, bahslashadi, do‘stlashadi. Bu o‘lka­ning mantiqqa zid qonun-qoidalari Oq Ritsar, Oq va Qora Qirolicha-yu Abi-Badi, Yakkashox hamda Arslonlarning xatti-harakati Alisani goh ajablantirsa, goh yig‘latadi… Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, asardagi obrazlar ingliz folkloridan olingan bo‘lib, ularning har biri yozuv­chi yashagan davr muhiti, siyosati, ijtimoiy hayoti, axloqi, ilm-fanga bog‘liq qarashlarini ifodalagan.

Tarjimon

 

 

Lyuis Kerroll,

ingliz adibi

(1832–1898)

 

Ingliz tilidan Oliy adabiyot kursi magistranti Mohira Otaboyeva

tarjimasi.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.