18 daqiqada öqiladi

108 marta körilgan

Paymona

(Qissa)

Bir haftadirki, çol ajal bilan olişadi, muttasil dam qismadan joni azobda. Kasal xuruj qilgan paytlar uning qoqsuyak, çuvakkina yuzi taloqdek kökarib, dahşatli tarzda böğriqib ketadi. Oğzini katta-katta oçib, yutoqqança entikar ekan, çolning böyin, peşona, çekka tomirlari öqloğdek börtib çiqadi. Xuruj pasaygaç, dahşatli azobda tölğongan qoqsuyak vujud töşakka behol çöziladi. Endi uning ramaqijon rang-röyidan biror ifodani anglaş muşkul. Çolning şiftga termulib qolgan söniq közlari sopoldek qotgan, boqişlari loqayd va maʼnosiz.

Bu dardi bedavoligi yetmagandek, kunma-kun çolning sillasini quritib, adoyi tamom qilayotgan oçlik, yara ustiga çipqon böldi.

Keyingi ikki kun içida çol öqtin-öqtin huşini yöqotib, alahlay boşladi. Damqismasi kuçayib, yuzlari momotaloq bölib ketgan çol, aççiq-aççiq öngranib, ğujanak bölib qolar, biror fursat ötib, yengillaşgani zahoti  alahlay boşlardi. U goh baland çiyildoq ovozda, goh yonidagi odam ham etişmaydigan darajada şivirlab, kimnidir sökar, darğazab bölar va yana zum ötmay kimdandir keçirim söray boşlar, tösatdan ötinçini ğippa böğib, tağin kimnidir koyişga tuşdi. Uning nimalar deyayotganiga dafʼatan tuşuniş ança muşkul edi. Faqat Usmonqul otasining nimalar deb alahsiyotganini öziça sezardi. Otasi umrida juda köp harbu zarb körgan odam; eng avval vohadagi çönqayma bosmaçiga qarşi ot surgan, keyin bu yoği quloqlar bilan qirpiçoq bölgan. Ehtimol, şu jangu jadallarda biror-bir begunohning qoniga zomin bölgan bölsa, ajab emas. Töğrimi, notöğrimi otasining darğazab sözlaridan qon hidi ufurib turgan telba-teskari alahsiraşini eşitgan Usmonqulning “duşman köngliga” dafʼatan şu öy keldi.

Bugun, ayni subhisodiq palla uydan, ikki dunyo örtasida yotgan otasidan birrov xabar olib ketgani kelgan Usmonqul, otasi yotgan uy eşigini oçib içkari kirganda, çol töşakda tölğanganiça entikib-entikib, yutoqqaniça nafas olar, ammo köz kosalarining kengayib ketganidan, har entikkanida oğzini katta-katta oçib yutoqqanidan maʼlum ediki, havoga töymasdi. U eşik oçilib, içkariga kimningdir kirganiga ham eʼtibor bermadi. Çol çöpdek ozğin qöllariga suyanib, kökragini baland kötardi va kuç bilan ingraganiça yutoqib havo simirdi. Şu barobar kökrak ğijimi biroz yozilgandek böldi va oğir söliş olib boşini yostiqqa taşladi.

Çol ökinç va malomatga tölar bir nigoh bilan köz ostidan eşik oğzida paydo bölgan Usmonqulga boqdi. Usmonqul seskanib ketdi. Lekin zum ötmay çol öğlidan közini uzdi; uning qoraçiqlari çappa aylanib, köz kosasi oppoq bölib oqarib qoldi. Közlari şiftga bitib, dahşatli tarzda baqrayib qolgan otasi tomon Usmonqul jonholatda oqsoqlangança talpindi.

– Ha, ota! Ota, sizga nima böldi?!

Çol sassiz, sadosiz jim yotardi. Hatto nafas olayotganini biliş mahol edi. Murdadek toş qotgan otasining ustiga engaşgan Usmonqulning yuragining tubida nimadir çirt uzilgandek böldi. Nahotki, otasidan ajralgan bölsa? Usmonqul otasining köksiga qöl yuborib, yurak urişini anglaşga ulgurmadi, tuyqusdan çol oğir uf tortib yubordi va qonib-qonib havo simirdi. Usmonqul yana bir seskanib tuşdi. Çolning ters aylanib ketgan qoraçiqlari joyiga qaytdi va tepasida engaşib turgan Usmonqulga maʼnosiz boqdi. Çol maʼnosiz va sokin közlari bilan tepasida tik qotgan öğliga uzoq termulib qoldi.

Usmonqul otasining bu intihosiz termulişi, hayot şami lahza sayin sönib borayotgan insonning yoruğ jahon bilan, yaqin odamlari bilan sönggi vidolaşuvi ekanligini bildi va joyidan qözğolmay otasining közlariga tik boqib turaverdi, zora dunyo bilan vidolaşuv oldidan, mayli uning diydoriga bir bora töysin.

Çol Usmonquldan közini olmay quruşqoq lablarini yalab tamşandi va birdan alahlay boşladi. U Usmonquldan közini olmay past, lekin ğazabnok ovozda sözlay ketdi:

– U, yovuz Jabborbek, çönqaymaning yaloqxöri Davron qasami! Buning hammasini özing içingdan töqigansan. Qizil komandirni Ravşan qöşkallaga sotgan ham, ota-bola maʼlimni uloq qilib çopib, ustiga çoldevor yiqitgan ham, Xojini sotqinlikda ayblab Oqmirza öğriga ottirgan ham, Qora firqani qopga solib quturgan Qaşqaga ajal jardan irğitgan ham sen özing! Ha, sening özing, özing! Meni yoningga tortma, baribir befoyda! Mening imonim  butunligini, sening bu iflos işlaringga hamtovoq emasligimni elim, elatim biladi! El bilmagan narsa yöq. Lekin sen elni ham piçoğing etidan ötib, suyagiga yetgunça doğda qoldirding-a, Davron qasami!? Otilişidan qörqib ökirma-e baççağar!

Ölganingdan keyingi elning qarğişidan qörq! Ölişdan qörqib munça ökirasan?  Jon şirin-a? Sen qoniga zomin bölganlarning ham joni şirin edi. Lekin ular ölimi oldidan senga öxşab zor qaqşamagan bölsalar kerak. Ular ölimi oldidan sen palidning andişasiz yuziga tupurişga kuç toganlar, men bunga işonaman. Ular elning şunday jömard odamlari edi-ya?! Lekin sen ularni qirçillama yoşida qiyding. Lekin el bildi! Böldi! El bildi!!

Usmonqul hamon joyidan jilmay, alahlaganiça goh darğazab bölayotgan, goh ökinayotgan otasiga termulib turardi. Çol bemaʼno sokin közlarini öğlidan olmasdan gapirayotgan bölsa-da, lekin Usmonqulni körmasdi, u hamon hayotida allaqaçonlar bölib ötgan voqealarni, voqealar ne zamonlarni bir-biriga qoriştirib, goh sekin şivirlab, goh tösatdan şiddat bilan baqirib alahsirardi. Lekin Usmonqul otasining uzuq-yuluq sözlaridan şuni sezdimi, gap Karimqul hosilot va uning otasi Davron qasami ustida borardi. Davron qasamining uzoq ötmişda bosmaçilarning xufyona josusi bölganini va oxir-oqibat Elsaroy qişloğida öşa yillari sodir bölgan köpgina jinoyatlarda, jumladan, qizil komandir Mamayusupovning öldirişida, şahrisabzlik ota-bola muallimlarning uloq qilib çopilişida, elsaroylik kommunist Qora firqaning daryoga irğitilişida qöli borligi sezilib qolgaç, el hukmi bilan otib taşlanganini eşitgan edi. Lekin xuddi şu Davron qasami otasining yaqin oşnasi bölganini, aybi oçilib qolgaç, oşnasini jinoyatlarga hamşerik qilmoqçi bölganini bilmas edi.

Çol hamon alahsirardi; endi u Karimqulni laʼnatlardi: Uh, Karimqul ablah, ilonning bolasi, çayonbaçça! Karvonimning munkiganini bilding-a? Hali Usmonqulim safardan qaytsin, seni  ham uloq qildirişim bor. Uv, sen Davron qasamining tezagi!

Sening otang öşa, Davron-da, Davron-a?!

Öh, Davron! Öşanda men senga işondim-a? Öz tiling bilan aytding: “Eloğa, menga qöşil, mening otam oqqan ariq bölib, boy bölib ötgan bölsa, sening otang ham qönğirovi Hisorga yetgan  tuya yetaklab ötgan. Sen menga qöşil, bu yalangoyoqlardan çiqqan elboşi bolşovoylarni isini çiqarmay daf qilaylik!” öz tilidan otilgan sen yovuzni öşanda men sotmadim. Qayişdim. Bu şaştidan tuşar dedim. Öşanda şu gaplaringni Mamayusupovga yo Qora firqaga aytganimda-ku seni Odambormasning xavoriga çiqarib otardi-ya! Qara-ya, sen uçun imonimni yutdim-a, Davron? Imonimni ber! Ber imonimni?! – çol ojiz qiçqirib, ezgin bir söliş oldi; böğin-böğin bölib ters-ters yorilgan quruşqoq lablarini yalab, tamşandi. Lekin şu zahoti jon holatda yana boyagidek past va qahrli  ovozda alahlay boşladi.

– Ha, qara-ya, Davron qasamining harom peşobidagi Karimqul elboşi, elboşilar ötib-ötib elboşilik senga tegdi-da?!…

Sotqin otang  Davron qasamini men öldirmadim, lekin norasida Sarvini sen öldirding! Ha, sen öldirding! Öldirding-a?! Beçora bolamning böz köylaklari Ayrontepaning toşloq, zarang yeriga sudralaberib parça-parron bölib ketgan ekan-a!

– Şunday deb çol höngraganiça silkinib-silkinib yiğlay boşladi. Uning xotinçaliş bu yiğisi nihoyatda ayançli edi. Lekin çolning közlariga yoş inmadi.

Otasidan bu sözlarni eşitgan Usmonqul esa turgan joyida toş qotib qoldi.

Çol ayançli yiğidan töxtadi-yu, yana töxtab-töxtab gapira boşladi: öşanda men kasal buvasiga yarimjon enasiga taktak maşoğini terib kelmoqçi edi u norasida.

Sen bölsang, ablah, palid, imonsiz, rahmsiz sen bölsang, uni tutib olgansan! Sarvi qizim, Sarvi rahmatlik öziyam neça kundan beri tuz totmay yurganidan, oyoqlari çalişib sendan qoçolmagan şörlik qizim! Sen bölsang, haromi, sen bölsang uni uşlagan-u, mendan bir vaqtlar el söragan mendan, endi sen Usmonquli uruşga ketib va özi qartayib qanoti qayrilgan mendan, bu körguliklar yetmaganidek, Xudo tos peşonasidan urib, olti oydan beri bir qanjiq, bir dard deb boşi yostiqdagi mendan, bir zamonlar köpning yöliga baqon taşlab, özining qonxörligidan qonga belangan otang Davron qasamining qasosini olgansan-a, berahm yovuz?!

Ey, Xudo, ey, Xudo, bir begunoh gödakni hökiz aravaga tanğiyotgan zolimning qöllarini nega şol qilmading?! Ayt, nega?!

Ey, Xudo hökiz arava ortida vujudi parça-parron bölgan bolamni, Ayrontepa öngirida yurgan besar hökizlar şoxlab taşlabdi, ayyuhannosning nafi yöq, çidamoqdan özga çora yöq deb, menga taskin-tasalli berib, avragan, hosilotning bersa töydiradigan, ursa öldiradigan Karimbek hosilotning, Davron qasamining harom tuki Karimqulning yonini olib, unikini juft qilganlarning tillarini nega tanglayiga yopiştirmading?! Ayt, nega?!

– Çol jazavasi tutib, dahşatli tuş körayotgandek aljirar va şu barobar sözlarni yamlab talaffuz qilar, şundanmi endi uning sözlariga tuşuniş tobora qiyinlaşib borardi.

Holbuki, endi Usmonqulning ham quloğiga heç narsa kirmasdi. U otasining öt içida alahsirab aljiraşidan, şu damga qadar, öziga nomaʼlum bölib kelgan bir sirdan voqif böldi-yu, xuddi şu lahzada butun vujudini kuydirib, taniga bir oğriq kirganini sezdi va ingrab yubormaslik uçun lablarini qattiq tişladi.

Öşa kuni çoşgohga borib çol uzildi…

 Keyinçalik, Usmonqul öşa kunni öylar ekan, bir yoqdan Bozor kal dalabegining gaplariga işonib, Karimqul hosilot bilan ora oçdi qilmaganini, bilib-bilmay birov bilan yovlaşganini töğri deb topar, ikkinçi yoqdan öt-olov içida alahsib, otasining Sarvi deb öksinib yiğlaganini eslar ekan, yuragining bir burçagida Karimqul hosilotga nisbatan qul ostida qolgan çöğdek ojiz miltillagan iştiboh uyğonar va uning kuçsiz, lekin jismini sim-sim titratadigan oğriğiga doş berolmay qiynalardi.

Öşa kuni Usmonqul otasining oğzidan bu gapni eşitgaç, boşidan qaynoq suv qöygandek sezdi özini. U ingrab yubormaslik uçun lablarini qattiq tişlaganiça hamon ğuldirab alahsirayotgan otasini holi qoldirib, taşqariga çiqdi.

Öçoq boşida çoyguş ostiga tappi qalayotgan xotinining közi Usmonqulga tuşdi-yu, yuragi şuv etib ketdi; nahotki Sarvining bobosi ölgan bölsa?

– Ha, Sarvi, tinçlikmi? – Qizi ölgan bölişlariga qaramasdan hamon u erini qizining nomi bilan çaqirardi.

Usmonqul xotiniga yetmay töxtadi va göyo oğriq azobiga çiday olmayotgan odamday yuzlarini tiriştirib, kuçanib söradi:

– Mehri, rostini ayt? Şu gap rostmi? Sarvining öligini öz közing bilan körganmiding?

Erining iztirobiga töla bu sörovidan xotini hamma gapga tuşundi. U Usmonqulning issiqqonligini, agar şu gap rost desa uning bir baloni boşlaşini, lekin uruşdan yarimjon bölib qaytgan Usmonquldek yotarga töşagi, yopinarga körpasi yöq odamning, oyoği uzangida turgan, özini harna Elsaroyning uluği deb yurgan Karimqul bilan bellaşolmasligini, mabodo, Xudo körsatmasin, bellaşgudek bölsa, çala çopilişini bilardi. Şuning uçun erining qon va qasos töla közlaridan közini olib, boşini ham qildi va oğir uf tortib:

– Yöq. Sarvining bobosi bekorga şubha qilyapti. Qizim beçorani hökiz şoxlagani rost bölsa kerak. Ha, rost!.. dedi past ovozda va negadir öpkasi tölib yiğlab yubordi…

Hovliga Bozorkal dalabegi kirib kelganida, Usmonqul xotinining yoniga borib çönqaygan va özini bosolmay yiğlayotgan xotinini yupatmoqqa tutingan edi.

Ularning bu holidan bexabar Bozorkal kiçkina jussasiga yaraşmagan tezlikda pildirab odatiça baqirib-baqirib kirib kelardi.

– Ov, Usmonqul miroxör, bu uruşga borib deyman, toza xotinjoni bölib qaytibsanmi-a?!

Kavaleriyadagi rus jiyroni deb öylama bu özbekning ayoli? Tap etding minib ketabergani!

Bozorkal er-xotin boşiga yetib kelib, ikkalasining ham közida yoş körgaç, örinsiz xuşçaqçaqligi tumandek tarqab ketdi. U özining bemavrid hazilidan xijolat tortgandek böldi, kaftdek kiçkina va tekis peşonasini tiriştirib, öylab qoldi. Qölidagi qizil dasta qamçi bilan telpagini yeçmay, ensasi aralaş boşini qaşidi.

Usmonqul örnidan turib, Bozorkalga ögirildi. Bozorkal Usmonqulning öziga yuz burganini körib dadillandi.

– Ha, Usmonqul bu nima yiği? – dedi u hamon boşidagi römolini yuziga tösib, piq-piq yiğlayotgan xotinga imo qilib. Usmonqul Bozorkalning savoliga javob bermadi. Lekin özi Bozorkal tomon bir qadam taşlab töxtadi va içki bir ötinç bilan söradi:

– Bozor aka, töğrisini ayting, faqat töğrisini. Siz bilasiz, hammasidan xabaringiz bor, mening qizim Sarvini hökiz şoxlagani rostmi yo… yo… boşqa…

Bozor kal Usmonqulning muddaosini sezdi va özining boşidan ham huşi uçdi; kutilmaganda yuragi tagga tortib, Usmonqulning qizining ölimi uçun gunohkor sanar, lekin Karimqulning zuğumi sabab, öşanda ham, hozir ham, bundan keyin ham, umuman abadiy til tişlab yurişga majbur edi. Axir uluğ ölaat Elsaroyda Bozor kalga öxşagan parti ketib, şarti qolgan çolnoma kal, kal tugul uruşdan oğir yengil yarador bölib qaytgan soğ yoşlar yöqmi? Bor! Lekin ular elboşi Karimqul hosilotga sodiq mahram, köz ilğamas Odambormas daştlaridagi ğalla dalalariga dalabegi bölolmaydilar. Şu sabab, Bozorkal Usmonqulning muddoasini sezdi-yu, Usmonqulning gapini böldi:

– Nimalar deyapsan, Usmonqul inim, rahmatlik qizingni ana u oqdum odamxun hökizning çangalidan özim ajratib olganman. Işonmasang, boşimda Xudo bor. Öşandayam otang tuşmagur Karimqulga zuğum qilib, “Nabiramni sen öldirding”, deb turib oldi.

Özing bilasan Usmonqul tuhmat xudoning arşidan uluğ. Gumon-imon!

U yoğini aytsang, şu Karimqulga otangning nima xusumati bor, bilmayman?

Elsaroy elining baxtiga şu Karimqul ölmasin. Özi oç qolsa ham, elni töqlaşni öylaydi, beçora.

Sizlarga uning yomonlik soğinganini men heç eşitganim yöq. Bilasan, seni Ayrontepadagi buğdoyzorga ham özi aytib qöydirdi. Buyam senga qayişganidan.

Odamlar bir hovuç don-don deb öylayotganidan xabaring bor. Otangning alahsib aytgan gaplariga işonib, Karimqul bilan yovlaşişing aqlning işi emas. Alahsiraş bu tuşday gap. Tuşga, bilasan, nimalar kirmaydi.

Mana hozir ham senikiga şu Karimqulning tayinlovi bilan birrov xabar olgani kiruvdim. “Oqsoqol Usmonqulning otasidan boxabar bölib turing, keksaygan, kasalmand odam. Yanayam non çuççik paytlar. Usmonqul ham uruşdan yarimjon bölib qaytgan odam. Kalovlanib qolmasin tağin”, degandi keça dala boşida menga Karimqul.

Karimqul aka şunday elparvar odam, Usmonqulboy. Sen şaytonga hay ber, u haqda bölmağur xayollarni boşingdan çiqarib taşla! – Bozorkal sözlaşdan töxtab, avval iztirob içida sukutda qotgan  Usmonqulga boşdan-oyoq bir qur nazar soldi va kutilmaganda baqirib, tahdid bilan gapira boşladi.

– Hoy, Usmonqul xudodan töğri tila, hali yoşsan. Sening bola-baqrang ham, dovi davlating ham toğu toşlarda turibti. Ha, inim Usmonqulboy şuni bil sen. Hammasidan ham mana bu kelinni öksitma! – Bozorkal köpdan yuragiga tugib yurgan bu gaplarni tökib solgaç, boyagi qörquvni unutib, biroz yengillaşgandek böldi…

Usmonqul Bozorkalning ögitiga quloq tutdi. Öşa kuni çoşgohga borib Usmonqulning otasi ölganini eşitib, eng birinçilardan bölib Karimqul yetib keldi. Çolni kömiş uçun lozim bölgan barça katta-kiçik işlarga boş-qoş bölib turdi. Buni körib, Usmonqul Bozorkalning ögitiga quloq tutib, töğri qilgan ekanman, otam gumon bilan alahsiragan, gumon-imon, deb öyladi…

Lekin keyinçalik Usmonqul öşa kunni öylar ekan, bir yoqdan Bozorkal dalabegining gaplariga işonib, Karimqul hosilot bilan ora oçdi qilmaganini, bilib-bilmay birov bilan yovlaşmaganini töğri topar, ikkinçi yoqdan esa, otasining öt-olov içida alahsib, Sarvi deb öksinib yiğlaganini eslar ekan, yuragining bir burçagida Karimqul hosilotga nisbatan kul ostida qolgan çöğdek ojiz miltillagan iştiboh uyğonar va uning kuçsiz, lekin jismini sim-sim titratadigan oğriği doş berolmay qiynalardi. Baʼzi paytlar bu oğriq butun kun-u tun uni tinç qöymasdi. U jizzaki va hafsalasiz bölib qoldi. Usmonqul qorovullikdan juda keç, köpinça tun yarmidan oqqanidan keyin qaytar va yana tong yulduzi sönmay dalaga otlanardi. U hatto tuşida ham qizini, özi uruşga ketayotganida bijirlab gapirib tinmaydigan, baʼzi keçalari araz urib, yarim keçada Usmonqulning qöyniga kirib, çuçmal va yoqimli sut xidiga uni buktirib, uxlab qoladigan dundiq qizçasini köradigan bölib qoldi. Negadir qizi uning tuşiga sakkiz yoşli emas, tört yoşligida bölib kirardi.

Köpinça u Ayrontepa etagini aylanib yurar ekan, zil-zambil öylardan kalavasining uçini yöqotib qöyar, hammasidan ham yomoni, laʼnati kontuziyaning asoratimi, bir pasda boşi qizib, ğuvullay boşlar, bu ham yetmagandek, şu barobar qoq miyasidan boşlangan kuydirgi harorat butun vujudiga yoyilardi. Bunday çoğlar Usmonqul sirqiray boşlagan, anduh töla yuragini çangallagança bu zil-zambil öylardan çalğiş ilinjida tagidagi qirçanği Oqburgunga zuğum qilardi:

– Çuh, uv harom qotgur! Munça imillamasang, yeganingni oqla-da laʼnati! Çuh, çuh, çuh! – deb Usmonqul otning biqiniga sekin-sekin poşnasini nuqar, qölidagi qamçisini havoda öynatib, urmoqqa çoğlanar, lekin havoni şuv etib kesgan qamçi Usmonqulni etagiga kelib tegar edi. Şunday bölsa-da, qattiq poşnalarning ohista-ohista niquvidan, etik qönjining kutilmaganda şatirlab ketişidan seskangan ot, irimiga bölsa ham lökillab biroz jadallaşgan bölar, lekin bir fursat ötmay yana özining boyagi bir maromdagi madorsiz yurişiga ötardi. Usmonqul esa otning yörtişiga alahsib, bir dam yuragini kemirayotgan öylardan foriğ bölgandek bölar, lekin ot sekinlaşişi bilan yana öşa oğir va alamli öylar balo-qazoday bostirib kelardi. Hammasidan ham dahşatlisi şunda ediki, u öylagan sari öziga mudhiş bir haqiqat ayon bölib borayotganini sezar va uning zildek yukidan vahmga tuşardi.

“Yöq, mumkin emas, otam öşa kuni kasalning zöri bilan alahsiradi, deb öylardi Usmonqul otning jilovini  qöyib yuborib, endi u özining ot ustida ketayotganini unutardi.

– Ha, otamning gumon bilan alahsigani rost. Axir, bu mumkin emas! Axir, Karimqul bu yovuzlikni qilmaydi. Otasining qasosini olgani bekor! Axir, könglida kiri bor odam, Usmonqul uruşdan qaytgan kun hammadan avval kelib hol sörarmidi? Yanayam unga qayişib, hafta ötmay uni Ayrontepaga qorovul etib, Bozorkaldan manavi otni berib yuborarmidi? Axir, könglida kiri bölsa, otasini jonazasida hamma işga özi boş-qoş bölarmidi?!

Yöq, otasining kasalning zöridan alahsiragani rost!”

Ayrontepani aylanadigan öziga maʼlum yöllardan bir maromda yurib borayotgan ot, egasining kutilmaganda ovoz çiqarib minğirlaganidan sergaklanib, quloqlarini dikraytirib, biroz sekinladi. Usmonqul otning bu holatiga eʼtibor ham qilmay, öziça minğirladi: ha, otamning alahsiragani rost. Alahsiragan. Otam… alahsiragan!

Usmonqul iztirob ötida qovrilib, otasining alahsiraganiga, qizini Karimqul öldirmaganiga özini özi işontirişga, yuragini ezayotgan şubhalardan qutilişga harakat qilar va hatto bir qadar bunga erişardi ham. Lekin şu işonç va şu taskin, tassali manzil etgan yuragining tub-tubida bir tuyğu yaşardiki, baʼzan benigoh bu tuyğu boş kötarib, Usmonqulning hozirgina orom topgan jismini çarmoq urgan daraxtdek kuydirib, jizğanak qilib taşlardi. Bunday çoğlar ğazab va qahrdan közlariga qon tölgan Usmonqulning böğziga bir söz kelib tiqilardi: qasos, qasos, qasos!!!

Karimbekning Usmonqullar xonadoniga bölgan kek va nafrati ham ança eski va ğazabli edi. Uning yuragini toş kabi bosib yotgan nafrat va alam yillar ötişi bilan köpaysa köpayibdiki, kamaymabdi, yiğilsa, yiğilibdiki, soçilmabdi, gazaklab illatlasa, illatlabdiki, soğaymabdi. Buni u öşa Usmonquldan qolgan çölpanani öldirib qöygan kuni sezdi. U öşa kungaça boşiga kelgan barça dard-sitamlarni unutdim, kim qilgan bölsa, yaratganga soldim, deb yurardi. Bu tasallisi, bu yöriği hato ekan. Buni u özi el boşiga hukm bölib keldi-yu, tuşundi. Madomiki, özi yor bölib, oyoğing uzangiga yetibdimi, sen xörlaganlarni, toptaganlarni unutişingga haqqing yöq! Tomiringda bobomeros qoning gupirib turar ekan, bu beş kunlik dunyoda senga azob bergan, boşingga ne bir qora kunlarni solganlarni unutib, ular oldida nafas yutib, jim ketişing erkakning işi emas. Bu qasosli dunyo!

Ayni şu kunlarda Karimbek mana şu aqida bilan yaşar, holbuki, uning bundan özga çorasi ham yöq edi. U faqat şu aqidagagina suyanib, özining mudhiş jinoyatini haq deb topar, takror-takror şunga özini işontirmoqçi bölar, lekin özining qayta va qayta aldanayotganini öziça ham böy bermas, yuragining qay burçagida ğimirlab turgan botiniy bir sezgi bilan tuyardi.

Faqat aroqning ötkir taʼsiridangina bularning hammasini unutiş mumkin edi. Şuning uçun ham uning belida piçoq örnida uruş esdaligi kiçkina suv bidonçasida spirt yurardi. Aslida kayf ustida Usmonqulning qizçasini ham tarang, hatto jon aççiğida çarillab yiğlaşiga ham qaramay aravaga tirkab boğlagandi. Kayfi tarqagaç, Karimbek özining mudhiş jinoyatini anglagandi. Lekin endi keç. Faqat bitta yöl bor – hammasini unutiş kerak, faqat unutiş kerak! Keyinçalik Karimbek unutiş bilan ham iş bitmasligini, azoblardan qutiliş uçun biror bir jöyali yöriq, aqida kerakligini angladi. Na çora, aqida ham topdi.

Aqida va spirt, spirt va aqida – Elsaroy qişloğining hosiloti Karimbekning faqat özigagina maʼlum zirhli niqobi bölib qoldi.

Karimbek ot ustida Odambormas daştni aylanib yurar ekan, baʼzan özini yuragining tubidagi öşa botiniy bir tuyğuga, hammasi yolğon-yolğon deb hayqirayotgan öşa içki bir ovoz hukmiga topşirardi. Bunday çoğlar u hamon özining Usmonqulning xotini Mehrinisoni unutolmayotganini, uni unutiş mumkin emasligini, Usmonqulning qizçasini ham otasining qasosi uçun emas, yöq şu ayolning vaqtli visoliga yetmaganligi uçun, durkun-durkun qizlar olmadek qöyniga kelib kirişni xohlab turgan bir paytda, beva (hali u vaqt Usmonqul uruşda edi) bir ayol böy bermaganiga, hatto uni hosilot Karimbekni nazar-pisand qilmagani uçun, uning iflos yöriğiga yurmagani uçun öldirganini tan olardi.

Aslida ham şunday bölgan edi. Otasidan erta yetim qolgan Karimbek tengqurlaridan ança oldin er yetdi. Şu kabi tirikçilik taşvişlarini ham u öz tenglaridan xiyla oldin boşladi. Qança ur-yiqit bilan endigina oyoqqa turgan kolxozning qöyini boqdi, töğriroği, çöliq bölib, maşhur Şafoat çöponga ergaşdi.

Zarang tayoğini yelkaga taşlab, Odambormasning oyoq yetmas keng-keng havorlarida bodrab ötlab yurgan suruv boşida ötirgan Karimbek zerikişdan tars yorilay derdi, öşanda. Lekin könikişdan, çidaşdan özga çora yöq, yetti qora közning taqdiri şunga boğliq. Bunday çoğlar xayollarning borligiga şukur qilasan, kişi.

Özidan ikki köklam kiçik Mehriniso şu tariqa ilk marta uning xayol dunyosiga kirib bordi. U kelindek iymanib, qimtinib, nozlanib, toğ ortidan çiqib kelayotgan quyoşga boqib, Mehrinisoni öylardi. Baʼzan u kelindek uyatdan, mehrdan-muhabbatdan lov-lov qizarib ufq bağriga boş qöyayotgan quyoşga boqib, Mehrinisoni öylardi. Yoqimli, huzurbaxş, entiktiruvçi öylarning adoği yöq edi öşanda.

Hatto u şundan keyin ikki marta Mehrinisoni yaqindan kördi.

 Birinçi marta töy bahona qişloqqa enganida kutilmaganda u qişloqqa kiraverişdagi köça muyulişida oldidan çiqib qoldi. Karimbek buni öziça xayol qilgandi. “Qani endi şu topda taqimiga tuşgan örim soçlari yerni öpib, yasangan-tusangan Mehriniso çiqib qolsa”, deb öylardi u qişloqqa yaqinlaşar ekan. Heç biri mantiqqa töğri kelmasa-da, böz bola Karimbek qizni yasangan-tusangan holda tassavur qilgan edi öşanda. Lekin uning ham öziça bunga asosi bor edi, Mehriniso kimsan kolxoz aktini – Qobul şöroning qizi axir. Tasodifni qarang, köça muyulişida şunday öylar oğuşida kelayotgan Karimbekning qarşisidan lop etib neça kun, neça oylardan beri orom bermay yurgan gözal qiz çiqib qolsa böladimi.

(Davomini 2020-yil 7-8-sonlarda öqiysiz).

Temirpölat TILLAYEV

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Oldingi
Keyingi

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…