21 daqiqada öqiladi

196 marta körilgan

Şinçao. Hikoya

Çoy Un Yong

  Yoşim öttiz ikkiga tölibgina bolaligimning bir parçasi qolgan qadrdon göşaga keldim…

Öşanda ön ikki yaşar qizaloq edim…

Ming töqqiz yuz töqson beşinçi yilning yanvarida oilamiz –dadam, onam, men va singlim Da Yon Germaniyaga qaytib keldik. Ikki yil avval Berlinda bir muddat yaşab, Koreyaga qaytgan edik. Bu safar dadam Plauen şaharçasidagi korxonaga işga joylaşdi. Atigi beş yil muqaddam ikki Germaniya hali birlaşmagan davrda  Plauen Şarqiy Germaniyaga tegişli edi. Taşlandiq binolar-u huvullagan boğlar, avtobus bekatida töplanib ötiradigan, ustidan badböy aroq isi anqigan erkaklar… Mana şu men bilgan Plauen şaharçasi manzaralari edi.

Dadam bilan birga işlaydigan vetnamlik Xo amaki uyiga, keçki ovqatga taklif etgan kuni onam uzoq yasan-tusan qildi. U oxirgi vaqtlarda qöl urilmagan liboslarini kiyib, qayta-qayta atir sepdi. Mening uzun soçlarimni örib, töy marosimlarida kiyadigan qora köylagimni kiydirdi. Ikki yaşar singlim Da Yonning ham egnida yangi libos paydo böldi. Neça yillardan buyon öziga qaramay qöygan onam bugun közlarimga fariştadek körinib ketdi. U oyna oldida özini köz-köz qilar, mamnun jilmayardi. Plauenga kelganimizga uç oy bölgan, ilk mehmonga borayotganligimiz uni hayajonga solardi.  Bizni ostonada Xo amakining xotini – Nguen xola kutib oldi. 

 – Şinçao! – dedi onam vetnam tilida salom berarkan boş egib. Men ham onamning aytganini takrorladim. Nguen xola uzoq vaqtdan beri uçraşmagan döstlarini körgandek mamnun jilmayib qöydi. Oşxonada Xo amaki kuymalanib ovqat tayyorlar, ikki yuzi sovuqda qolgan yoş bolalarniki kabi qip-qizil tusga kirgan. Xo amaki va Nguen xolaning Tuy ismli öğli bölib, nemis maktabida men bilan öqirdi. Xo amaki pazanda ekan: zumda dasturxonni pomidor va göştli şörva, qovurilgan qisqiçbaqa, salatlar va manti bilan töldirdi. Ovqatlanib bölgaç, kattalar içkilik xöplagan köyi suhbatga berilişdi. Men esa Tuy bilan kitob javonini titkilay boşladim

 – Olti yoşimdan beri yiqqanman bularni, – dedi Tuy maqtanib.

Kitoblarning köpçiligi Snupi nomli kuçukça haqidagi rasmli hikoyalar edi. Men Tuyni kitobdagi Snupiga öxşatardim. Maktabda hamma uni yaxşi körardi.

– Seni ilk körganimda Vudstakka öxşatganman, – dedi Tuy kulimsirab, rasmdagi boşqa kuçukçaga işora qilarkan.  – Öşanda seni bozorda körgandim. Boğning narigi tarafida ham yurarding. Adaşmasam, uylaring öşa tomonda-ya?

Men uning gapini tasdiqlab, közlarimni yana kitobga tikdim.

Germaniyadagi ha­yotimiz derazadan taşqarini tomoşa qiliş kabi maroqli edi. Bizni oçiq çehra bilan kutib olgan Tuyning ota-onasi-yu birgalaşib ovqatlanişlar… Bunday iliq lahzalarni unutiş mumkinmikan. Ulğaygaç, begonalar bilan döstlaşişim qiyin bölganligi uçun bu kunlarni eslasam yuragim hapqiradi.

Plauenga jazirama yoz ham kirib keldi. Onam issiq havoga könikolmay juda qiynaldi. “Uxlaş uçun közlarimni yumsam, xuddi butun tanamni ilon böğayotgandek tuyiladi”, deydi u Nguen xolaga zorlanib.

– Men ham Germaniyaga ilk kelganimda sizdek azob tortganman. Bu yer Koreya havosiga teskari iqlim. Nima qilmay foyda bermagandi, – deya Nguen xola onamga öz qöllari bilan tayyorlagan krem berdi. Har kuni yuvinib, öşani sura-sura onam yozni halovatli ötkaz­di. Nguen xola juda oqila ayol edi, bizning har qanday muammomizni oldindan sezar, kelib hal qilib berardi. Eng muhimi, u har kuni ikki yaşar singlim bilan band onamning yagona dugonasiga aylangan edi. U onamni körganida Tuyning gödaklik çoğlaridagi qiyinçiliklari haqida sözlab berar, “Zeriksangiz menga, albatta, telefon qiling”, derdi. Tuylar­ning oilasi bilan haftada bir marta keç­ki ovqatni goh ularnikida, goh biznikida birga yer edik. Yoz kelib, tun qisqarganligi tufayli baʼzan tonggaça suhbat qizigandan-qizirdi. Taom yeyilgaç, kattalar özaro suhbatga berilar, biz Tuy ikkimiz rasmli kitoblarni varaqlardik. Hozir öylab qarasam, biz juda ahil döstlarga aylangan edik. Gohida ota-onalarimiz köproq içib qöyişsa, qöşiq kuylaşga tuşişar, onam koreysça, Nguen xola esa men tuşunmaydigan vetnam tilida qöşiq aytardi. Maʼnosini tuşunmasa ham, onam ularning tilidagi qöşiqqa jör bölar, lekin talaffuzi töğri kelmas edi.

Baʼzan onam menga:

– Dadang bilan qaraşlarimiz mos emas, – deydigan böldi. Ovqatlanganda, televizor körganimizda yoki maşinada biror joyga borsak, ota-onam bir-birlariga sovuq muomala qiladigan bölib qolişdi. Onam dadam bilan nemis tili fakultetida birga öqib, bir-birlariga köngil qöyişgan. Garçi öqiş borasida qattiq raqobatlaşgan bölişsa-da, et va tirnoqdek bir-birlariga yaqin edilar. Men har kuni iç-içimdan dadam onamga jilmayib sözlaşini, nafratlanmaslikni va ular ajraşmasliklarini tilardim. Şuning uçun ham Tuylarning oilasi bilan bordi-keldimizni yaxşi körardim. Çunki ularnikiga borganimizdagina dadam va onam bir-birlariga qarab kulişar, özlarini ahildek körsatar edi. Balkonga, çekiş uçun çiqayotganida dadam onamning yelkasini silab ötib ketganligi-yu kulimsirab nimanidir gapirayotgan dadamga onamning mehr bilan tikilganligi esimda. Bu öz uyimizda köriş mumkin bölmagan holatlar edi. Men öşandan oldin ham, keyin ham onamning yuzida haqiqiy tabassumni körmadim.

Yoz oqşomlari osmonda bir nur yaltiraydi. Nur asta-sekin xiralaşib boradi va qoronğilik qöyniga şönğiydi. Buni tomoşa qiliş zavqli. Uyga oçiq derazadan yengil şabada kiradi. Oşxona tomondan ota-onalarimizning ğönğir-ğönğir tovuşlari-yu yengil kulgulari eşitilib turibdi. Bu vaqtga kelib Tuy kamgap bölib qoladi va uyqusi kelganligini sezaman. Taşqaridan taralgan nur Tuyning yuzida aks berib, asta yöqoladi. Bu baxtli damlar ötkinçi ekanligini his qilib turaman.

Baʼzan Tuy ikkimizni non yoki sut olgani dökonga yuborişardi. Bu juda quvnoq onlar edi. Tuy yugurgilab ilgarilar, ança masofadan yana oldimga halloslab qaytardi. Men uning ortidan çopişni öylayman-u, oldimga qaytişini sezib, sekin odimlaşda davom etaman. Közdan ğoyib bölib, zum ötmay qaytadigan Tuyning yuziga qarab qiqirlab kulaman. U bilan nigohlarimiz töqnaşsa, böynini qimirlatib, battar kulgili holatga kirardi. Birga öqiydigan bolalar bizni körib, masxara qilmasliklari uçun narigi yöldan yurardik. Tuy yolğiz paytimizda meni: “Vudstak”, deb çaqirardi. Vaqt ötgan sari bu nom menga bir umrga qöyildi. Şu paytgaça heç kim menga laqab bermagandi. Uyga yaqinlaşganimizda yugurib horigan Tuydan piyoz hidiga öxşaş ter isi anqirdi.

Tuy heç narsadan tortinmas, maktabda körgan-keçirganlarini Nguen xolaga oqizmay-tomizmay aytib berardi. Unga biror gap aytsam: “Şunaqami…hm…”, der, gaplarimga tu­şunmaydigandek tuyulardi. Öşa kuni beparvo ohangda:

– Dadam va onam bir-birlarini yomon köradi, – dedim hissiz iljayib. Oldinda ketayotgan Tuy birdan qadam bosişdan töxtadi va ortiga ögirildi. Yuzida jahli çiqqanligi sezilib turibdi. Içida nima öylaganligini anglaş muşkul edi.

– Nega bunday gapni kulib aytyapsan? – dedi Tuy va oldinga qarab gurs-gurs bosgança ketdi.

Har doimgidek oldimga yugurgilab qaytişini öylagandim. Lekin u ortiga qayrilib ham qaramadi. Men uning ğazablanganini unutib yuborgan bölsam-da, ulğayib, kollejda öqiyotgan vaqtimda jahldan yuzlari oqargan Tuyning gaplari quloqlarim ostida jaranglaydigan böldi. Yoşim ulğayganidan keyingina Tuyning yuragini anglagandek edim.

– Germaniyaga ilk kelganimizda judayam sovuq edi, – dedi Nguen xola kulgidan özini tuta olmay. – Har qança qalin kiyinsam ham, izğirin yengardi. Tuy şu yerda tuğilgandi. Qorni bi­rinçi marta körib turganligim uçun qöllarim muzlab qolsa ham qor öynaganman.

Onam gul-gul yaşnab sözlayotgan Nguen xolaga tikilib ötiribdi. U boşidan ötgan qi­yinçiliklar haqida kulimsirab gapirarkan, onam ham jilmayişga urinardi. Bu orada Nguen xola onamni: “Özgalarning yuragini eritadigan, muhabbatga limmo-lim tölgan ayol”, deya maqtadi. U onamning zahmatkaş ayolligini bot-bot takrorlar, töxtamay maqtov yoğdirar, onamning har bir holatidan yaxşilik qidirar, onam esa yuzlari qizarib ketardi. Men Nguen xolaning gaplarini tinglab, onamni qayta kaşf qilgandek bölardim. Şunday qilib, onam va Nguen xola opa-singil­dek inoq bölib ketişdi. Bir kun körişmasa tura olişmas, xolaning quritilgan dengiz karamini yoqtirişini bilib qolgan onam Koreyadan keltirilgan narsalardan unga eltib berdi. Öz navbatida, Nguen xola ham onamga yeguliklar keltirdi.

Plauenga kelganimizga ikki yil bölayotgan bir vaqtda biz Tuylarning oilasi bilan bir jon-u tandek bölib qoldik. Qiş paytlari uyimiz eskiligi sabab sovuq bölar, Tuylarning uyi esa hamişa issiq va saranjom edi. Nguen xola meni öz qizidek körar, köp savollar berib, içimdagilarni bilgisi kelardi. U goh Koreyada qaysi maktabda öqiganligim-u, dengizga borganligimni, goh nemis taomlaridan nimani yoqtirişimni sörardi. Uning savollari “Nega böying bunçalik past?”, deb kamsitgannamo söraydigan boşqalardan farq qilardi. U yoş boladek beğubor ayol edi.

Bir kuni u mendan koreys yozuvida ismimni yozişni söradi. Söng mening yozuvimga qarab, jilmaydi. Keyin  özining, Xo amakim va Tuyning ismini yozdi. Şundan söng menga tikilib:

– Sen bolalikdagi bir dugonamga juda öxşaysan. U bilan bitta qişloqda yaşardik, – dedi va negadir siniq kulimsiradi. U baʼzi xotiralarini eslasa şunday ğamgin kulardi. Uç yoşli singlim Da Yonni körganida ham şu hol takrorlangandi. Vaqt ötgan sayin xolamning baxti ğam-anduh bilan yonma-yon ekanligini anglay boşladim. Qaçonlardir undan bolalikdagi suratini körsatişini söragandim. U maʼyus boş çayqadi:

– Yöqolgan. Qaniydi bir dona bölsa ham bölganda…  – söng boşimni silab: – Afsuski, yöqotganlarim faqatgina suratlar emas, – dedi.

U past ovozda sözlar, yuragidagi ğamginlik­ni his qilib turardim.

Garçi Tuylarning uyi öz uyimdek bölsa-da, kitoblar saqlanadigan xonasiga kiriş ilojsiz edi. Heç kim u xonaga kirişni taqiqlamas, ammo doim yopiq turganligi sababli kirib köriş xayolimga kelmagan.

Bir kuni eşigi oçiqligini körib qoldim va qiziqsinib içkariga kirdim. Eşik yonida yoğoçdan yasalgan kiçik şkafça eʼtiborimni tortdi. Uyça şaklida yasalgan şkafçada beş dona oq-qora rangli suratlar yopiştirilgan va har bir surat qarşisidagi idişçaga qum töldirilgan. Idişçalarga mitti fonuslar örnatilgan bölib, gugurt qutisidek kelardi. “Oila aʼzolari bölsa kerak”, deya öyladim. Rostini aytsam, ölgan odam suratini birinçi marta körişim edi. Şu­ning uçun yuragimni vahm bosdi va ortimga qaytdim. Xotiram pand bermasa, ularning faqat bittasi qariya, qolganlari men va singlim Da Yon tengi bolakaylar edi. Nega Tuy yoki Nguen xola bu narsalar haqida gapirmaganligini bilgim keldi. Ammo qörquv buni söraşga yöl bermadi.

Ertasi kuni tarix darsida öqituvçimiz ikkinçi jahon uruşi haqida sözlab berarkan:

– Xayriyatki, bu uruşdan keyin dunyoda katta talofatli jang-u jadallar bölmadi, – dedi.

Şu çoğda Tuy qölini kötardi va gapirişga ruxsat berilgaç:

– Yöq! – dedi.

– Nima yöq?

– Vetnamda uruş tufayli juda köp odamlar öldi, – dedi Tuy dona-dona qilib gapirarkan. – Mening bobom, buvim, ammam, xolam, toğala­rim ham… Harbiylar kelib, şunçaki öldira­verişibdi. Hatto bolalarni ham… Onamning aytişiça, butun qişloğimiz yöq bölib ketibdi.

– Töğri, Tuyning gapida jon bor, – dedi öqituvçimiz, keyin sinfga yuzlanib gapirdi: – Bolalar, sizlar Vetnam uruşi haqida eşitmagan bölsangiz kerak. Tuy, örtoqlaringga Vataningda bölgan uruş töğrisida aytib berasanmi?

Öqituvçi Tuyning fikrlaşidan mamnun bölgandi. Lekin Tuyning yuzlari qizarib ketgan, sal gapirsa yiğlab yuboradigan holatda edi. U oğzini yumgan köyi boşini egib turaverdi.

– Tuy, gapirib ber. Biz ham bilişni istaymiz, – dedi yana öqituvçimiz.

Tuy sukut saqlaşda davom etdi. Şu payt sinfboşimiz Inga qöl kötarib, gapira boşladi:

– Televizorda körsatişgandi. Vetnam bu uruşda matonat körsatgan ekan. Amerika qöşinlaridan beş yuz ming odam halok bölgan. Tinç aholidan esa ikki million odam ölgan. Duşmanlar samolyotda bombalar taşlaşib, dov-daraxtlarni quritadigan dori ham sepişibdi.

Men Tuyning qip-qizil tusga kirgan quloq­laridan köz uzmay ötiribman. Öqituvçimiz Ingani maqtab qöydi va mavzuni davom ettirib, bu uruş xato bölganligini aytdi. Öylaşimça, Tuy ham şuni aytmoqçi edi. Şu çoğda uning könglini kötaradigan gap aytgim keldi-yu inday olmadim. Uning jismi sinfxonada bölsa-da, xa­yolan boşqa joyda yurardi. Nemis sinfdoşla­rimiz baribir uning qalbini tuşunmaydigandek tuyulaverardi.

Öşa kuni keçki payt Tuylarning uyida Xo amaki tayyorlagan kuksi va mantini yeb ötirgan edik. Gap aylanib, öşa mavzuga qanday öralaşganligini bilmayman. Ön bir yoşimda singlim tuğilganidan buyon biror iş qilsam: “Yoş bolamisan?”, deya dakki eşitardim. Kattalar yapon mustamlakasi haqida sözlaşayotgan mahalda men ham bilağonlik qilgim kelib qoldi. Koreya tarixini heç kim mendek bilmaydi. “Bundan bexabar Tuy va ota-onasiga sözlab bersam, dadam va onamdan maqtov eşitaman”, deb öyladim.

– Koreya heç qayerga bostirib kirmagan, – dedim dadam va onamga qarab olib.

Dadam mening gaplarimni eşitmagandek, bir qiyo ham boqmadi. Onam esa: “Jim böl, mahmadona!” degan maʼnoda közlarida im qoqdi.

– Şörvaga tuzni köp solmadimmikan-a, – dedi Xo amaki mavzuni özgartiriş uçun. Hamma mening sözlarimga beparvoligini hazm qilolmadim va:

– Gaplarim rost. Biz heç qaçon buzğunçilik qilmaganmiz! – dedim.

Men Vatanimizning tinçlikparvarligini aytib, hammalarini qoyil qoldiriş, ulardan şirin sözlar eşitişni kutgandim. Röparamda ötirgan dadamga umid bilan tikildim. Şunda dadam kutilmaganda koreysçalab:

– Sen kattalarning suhbatiga umuman aralaşma, tuşundingmi? Nimaniyam bilarding sen? – deb baqirdi.

Dasturxon atrofiga yiğilganlarning qöllari­dagi qoşiqlar havoda muallaq qoldi. Tuy va ota-onasining oldida koyiş eşitganimdan juda uyaldim va közlarimda yoş qalqidi. Oxirgi kuçimni töpladim-u, hamma tuşunişi uçun nemisçalab:

– Vatanimizda şunday taʼlim olganman. Koreya heç kimning dilini oğritmagan. Biz faqat zahmat körganmiz, – dedim.

– Koreys askarlari öldirişgan, – dedi Tuy tösatdan past ovozda. Lekin hamma buni eşitdi.  – Ular onamning oilasini öldirişgan. Buvimdan eşitganman. Çaqaloqlarni ham ayaşmagan.

– Nimalar deyapsan, Tuy? – dedim uning gaplariga tuşunolmay.

Endi oraga Nguen xola qöşildi:

– Tuy, köp valdirama, – dedi va menga qa­rab, – asabiylaşma. Bu gaplarning senga aloqasi yöq, – dedi.

Xolaning gapi vaziyatni yumşata olmadi. U mening xafa bölib qolmasligimni çin dildan istayotganligi közlaridan bilinib turardi.

– Bu işlar sen tuğilişingdan avval bölib ötgan. Senda ayb yöq, – dedi u menga ğamgin tikilib.

– Men bilmagan ekanman, – dedi onam ham qöşilarkan, – Nguen xonim, dardlaringizdan bexabar ekanmiz. Keçiring.

Onam boşini egib Xo amaki va Nguen xolaga taʼzim qildi.

 – Men öşa qirğinlarni öz közim bilan körganman, – dedi Xo amaki qizargan közlarini bir nuqtaga tikib, ğamgin jilmayarkan. – Uzr söraganingiz uçun  rahmat.

U gapini tamomlab, alam bilan kulimsiradi. Bu xursandlikdan emasligini aniq sezdim. Şu payt Nguen xola eriga qarab biz tuşunmaydigan vetnam tilida bir nimalar dedi. Xolamning sözlarini anglamadim. Ammo u eriga yurakni siqadigan sözlarni bas qilişni söraganligini his qildim. Dadam esa heç narsani eşitmayotgandek, qölidagi qadahni xöplab ötiribdi. Onam dadamga yuzlanib:

– Siz ham biron nima desangiz-çi…– dedi koreysçalab.

– Men nima deyişim kerak? Ayb bizda, deyinmi? Sen kaltafahm nega uzr sörayapsan? – dedi dadam ham koreysçalab baqirarkan.

– Doim şunaqasiz. Ölsangizam keçirim söraşni bilmaysiz. Şunçalik qiyinmi? Men Nguenning örnida bölganimda boşidayoq oilamizni uyga qadam bostirmagan bölardim. Bağrikeng ayol ekan, – dedi onam kuyinib.

 Dadam ovqat uçun minnatdorçilik bildirdi-yu, bir zum jim qoldi. Söng fikrini jamlab:

– Mening akam ham öşa uruşda halok bölgan. U bor-yöği yigirma yoşli oddiy askar edi, – dedi. U heç kimning köziga qaraşga yuragi betlamayotgan kabi yerga tikilib gapirardi.

– Ular qariyalar va bolalarni öldirişdi, – deya Nguen xola gap qöşdi.

– Kim jangçi, kim oddiy aholi ekanligini ajratiş qiyin bölgandir balki, – dedi dadam ham böş kelmay.

– Tuğilganiga bir hafta bölgan gödaklar ham közlariga jangçi bölib köringanmi? Munkillagan çollar hammi?

– Uruş öz nomi bilan uruş…

– Bu bosqinçilik, – deya Nguen xola endi içidagi dardini tökib soçdi.

– Xöp, tuşundim, men nima qilay? Men ham akamni yöqotdim-ku. Ötmişda qoldi hammasi. Mening aybim nima uruşda? – dadamning çinakamiga ğazabi qöziy boşladi.

– Özingizni bosing, – dedi onam dadamning jahli çiqib, aqli qoçayotganligini fahmlab.

Nguen xola örnidan turdi va mayda qadam taşlab kutubxonaga kirib ketdi. Şu tomondan eşikning ğiyqillagani eşitildi. Meni qörquv iskanjasiga ola boşladi. Onam esa singlimni quçoqlab, jim qoldi. U mezbonlarning dili oğri­ganligini bilib, özini qöyarga joy topolmayapti.

– Keçiring! – dedi u yana Xo amakiga qa­rab. – Sen ham keçir, Tuy.

U şunday deb taşqariga çiqib ketdi. Men stol ustidagi sumka va boşqa narsalarni ol­dim-u, unga ergaşdim. Nguen xolaning uruş haqida aytganlari hanuz quloqlarim ostida jaranglar, birdan tabassum yöqolgan tund yuzi köz oldimdan ketmasdi. Uning gaplari dadamni işontiriş, bizni ayblaş yoki özini ovutiş uçun emasdi. Içini kemirayotgan dard-u alamlarini aytib: “Baribir sizlar tuşunmaysiz­lar”, degan öylar zohir edi. Bu keç bizning oramizga körinmas devor böy çözgandi.

Onam Tuylarning oilasi bilan yaqinlikni tiklaş uçun ança urindi. Kiçkina qizaloq bölsam-da, bu endi ilojsiz ekanligini anglab yetgandim. Ammo onam bunday öylamasdi. U men va singlimni yetaklab bir neça marta Nguen xolaning oldiga bordi. Sirtdan qaraganda, hammasi oldingidek: xola bizga çoy va şirinliklar tutar, onam bilan suhbatlaşib ötirardi. Lekin baribir Nguen xola avvalgidek emasdi. Har holda menga şunday tuyuldi. Onam esa oradagi taranglikni “dazmollaş” uçun har doimgidan köproq gapirdi. Ammo onamning nemisça talaffuzi ğalizligi yetmagandek, gaplari ham naf bermadi: Nguen xolaning közlaridagi xafalik tarqalmadi…

Qiş ham kirib keldi. Endi onam Nguen xolanikiga bormay qöydi. Uyda xolaning oilasi tilga olinmas, har şanba kuni Tuylarning uyida ötadigan quvnoq oqşomlar örnini sokinlik egalladi. Keçqurun televizor köramiz-u, uyquga ketamiz. Ammo tun uzun – közlarda uyqu yöq. Narigi xonada stulning ğirçillaşi-yu onamning Koreyadagi opa-singillari bilan telefonda gapla­şişi eşitiladi. Erta tongda uyğonganimda onam haliyam şu joyida ötirgandi. Mening çiqqanligimni sezmadi, şekilli, bir nuqtaga tikilgança ötiraverdi. Biroz ötib bir çöçib tuşdi-yu, menga qaradi va maʼnosiz jilmaydi. Keyin mehmondorçilikka borganida kiyadigan barça liboslarini bir çetga yiğib qöydi. Har yakşanba şahar taşqarisidagi örmon sayriga yoki gul bozoriga borişni yoqtiradigan onam singlimning xonasida şiftga termulib yotardi. Onam uyquga ketganida supur-sidir qilaturib çiqindi idişda bir qança suratlarga közim tuşdi. Mening çaqaloqligimda tuşgan suratlarim… Dadam va onamning meni quçgança baxtga töliq damlari… Suratlar hammasi yirtib taşlangandi. Singlimning yonida uxlayotgan onam bizdan ança yiroqlaşib ketgandek va bundan keyin uni butunlay yöqotib qöyadigandek tuyildi.

Oradan bir neça kun ötib, onam ixçam sovğa qutiçasini Tuyga berib qöyişimni tayin­ladi. Koreyaga qaytadigan vaqtimiz yaqin­laşmoq­da edi. Vaqt şovullagan suvdek ötib ketdi.

Öşa kuni qalin qor yoğdi. Men derazamdan taşqarini tomoşa qilib ötiribman. Boğ içidagi yölakça qorlari kuralgan. Odamlar şu yölakçadan pildirab ötişyapti. Nogahon Tuyni körib qoldim. Sakrab-sakrab, burnini jiyirib ketayotgan bolakayni körmaslik mumkin emasdi. U atrofga alanglarkan, deraza orqali menga közi tuşib qöl silkidi. Ustimga qalinroq kiyindim va sovğa qutiçasini oldim-u, taşqariga çiqdim. Ayla­nib, boğ tomonga ötganimda Tuy körinmasdi. Qorda uning oyoq izlari turibdi. Atrofga alanglab, közlarim bilan izladim. Uzoqdan lökillab yugurib kelgan Tuy qah-qah otib kuldi. 

– Nega yuzingni buryapsan? Haliyam xafa­misan? – dedi u kulişdan töxtab.

– Boşqa bunday hazillaşma, – dedim.

– Hoy, bu nimasi? Axir birinçi martamas-ku bu, – dedi u közlarini katta-katta oçib. – Xöp. Boşqa qaytarilmaydi.

Men yiğlamoqdan beri bölib turardim. U menga obdon tikilib qoldi va ikki qölini oldinga çözib, itning qiliqlarini qila boşladi. Men kulib yubordim. U döstlarining yuziga tabassum qöndiriş uçun masxarabozlik qilib turardi. Keyinçalik anglaganim şu böldiki, içida dardi köp inson özgalarni quvontirişga köproq intilar ekan. Tuy jisman bolakay bölsa-da, ruhan ulğa­yib bölgan edi.

– Birozdan keyin onam şu yerdan ötadi, – dedi u. – Şu kunlarda qaysidir tögarakka qatnaşyapti. Darsi tugaydigan vaqt bölib qoldi.

Tuy bilan gaplaşmaganimizga ança bölgandi. Maktabda körişsak ham, biror marta dildan suhbatlaşmagandik. Nazarimda, uning böylari çözilib, ulğayib qolgandek.

Biz boğdagi örindiqqa ötirdik.

– Öşanda seni ranjitiş niyatim yöq edi, – dedi Tuy  bir yil avval uylarida bölgan dilxiralikni eslab. – Bundan afsusdaman.

 Men nima deyişimni bilmay bir zum taraddudlandim va:

– Sen ham meni keçir, – dedim.

Özim ançadan beri Tuydan uzr söraşni dilimga tugib yurgandim. Uning közlari hayratdan kattalaşdi. Sal şabada turib, daraxtdagi qor parçalari boşimizga yoğildi.

– Oilaviy qayğularingdan bexabar edim. Keçir, – dedim men şivirlab.

Mening bu gaplarim heç narsani özgartirmasa ham ança yengil tortdim. U oyoği bilan yer çizib ötirar, havo sovuqligidan oğzidan buğ çiqardi. U sumkasidan qalin konvert çiqarib, menga uzatdi:

– Bu senga,Vudstak!

Konvert içida rasmli kitobça borligini sezdim. Tuy ikkimiz kitobdagi kuçukçalar kabi döst edik. Bundan keyin heç kim meni “Vudstak”, deb çaqirmasligini his qilib turibman.

 Nguen xola kelgunga qadar hazil-huzul qilib, qiqirlaşib ötirdik. Uzoqdan köringan xolam bizga qöllarini silkitdi. U kelib, mening yonimga çökdi.

– Qaçon ketyapsizlar? – söradi u horğin ovozda.

– Ertaga tunda uçamiz! – dedim va bir nuqtaga tikilib qolgan Nguen xolaning tizzasiga sovğa qutiçasini qöydim. – Buni onam sizga berişimni söradi.

Nguen xola qutiça sirtidagi qoğozni sidirib, uni asta oçdi. Uning içida uç juftdan şarf, yungli qalpoq va qölqop turardi. Onam bu narsalarni kuzda mukka tuşib, öz qöllari bilan töqigan edi. Undan kim uçun töqiyotganligini söraganimda:

– Şunçaki, zerikdim-da, bolam, – deya hazin ovozda javob berganligi esimda.

Nguen xola yungli qalpoqni olib boşiga qöndirdi. Qalpoqning qalin yungdan tayyorlanganligini aytmasa, xolam yozda boşiga kiya­digan şapkaga öxşardi. Xolam atirgul şakli bilan bezatilgan qalpoq, şarf va qölqopni olib, qimmatbaho buyumga tikilgandek közdan keçirdi. Tuy uçun töqilgan qalpoqni uning boşiga kiydirdi. Xolam oğzini mahkam yumgan, burni hiqillab yiğlamoqdan beri holda edi. Uning yiğisini birinçi marta körib turibman. Hatto uyidagi mehmondorçilikda uruş haqida alam bilan gapirganida ham közlari nam tortmagan edi. Men uning yuzlariga tikildim. Ajin bosgan yuzlarini közyoş yuva boşlagan. Xolamning qalpoğiga qöngan qor parçasini puflab tuşir­dim. Söng vetnam tilida xayrlaşdim:

– Şinçao!

Nguen xolam va Tuy ham xuddi şunday javob qaytarişdi.

Men ular bilan boşqaça vidolaşişni istagandim. Nguen xolamning uyimizga kirişini, oilamiz bilan xayrlaşişini, onam töqigan qalpoqni kiyib kirişlarini, onamning ularni körib quvonişini xohlagandim. Lekin quçoqlab, öpib yiğlaşlar-u hayajonli daqiqalar röy bermadi. “Alvido!”. Lablardan şu sözgina uçdi, xolos. Biz örindiqdan turib, yölakça böylab qorlarni ğiçirlatgança yurib ketdik. Men uyimizga burilganimda Nguen xola va Tuy qadamini tezlatdi. Tuy ikki marta ortiga ögirilib, menga köz qirini taşladi. Ammo yurişdan töxtamadi. Men iç-içimdan ularning qaytib kelişlarini ista­dim. Ular allaqaçon közdan ğoyib bölişgandi. Kelmasliklarini bilsam ham darvozamiz oldida ularni ança kutib ötirdim. Yuragim hapqirib, Tuylarning uyi oldigaça bordim. Biroq köçada heç kim körinmasdi…

Hayot özi şunday beşafqat: riştalar uzilsa – kimdir qoladi, kimlardir esa ketadi. Ikki tomon ham yuragi örtanib qolaveradi. Köp yillar Germaniyaga iş yuzasidan kelgan bölsam-da, Plauenga borişga hafsala va vaqt bölmadi. Ötgan gal kelganimda Plauendan poyezdda ikki soatlik yöl bölgan Leypsigda ön kun böldim. Ammo yurak yutib bora olmadim. U yerda sovuq ayriliğ-u yiğiga guvoh yöllar qolgan. Kimlardandir ayrilib, keyinçalik kulimsiragança körişib ketaverasan. Kimlar bilan esa aksinça. Onam olamdan ötganiga bir yil tölgaç, men Plauenga kelişga ahd qildim. Quyoş iliq nurlarini saxiylarça ayamayotgan erta bahor. Şaharça mening xotiralarimdagidan kiçrayib qolgandek tuyuldi. Men öqigan maktab binosi örnida kiçik fabrika oçilibdi. Har joy-har joyda qariyalar sigaret tutatib ötiribdi. Biz yaşagan uy oldiga keldim. Derazadan boğda ötayotgan odamlar va Tuyning masxaraboz qiliqlarini tomoşa qilganlarim yodimga tuşdi. Yuzimga tabassum qöndi. Tuy menga sovğa qilgan rasmli kitob haligaça javonimda turibdi. Oq-qora rangli rasmlar bölsa-da, undagi Vudstak qalamda sariq rangga böyalgan edi. Har safar kitobni varaqlaganimda Tuyning iliq taftini his qilaman.

Tuylarning uyini osongina topdim. Uy röparasidagi örindiqqa ötirib, öyçan holda qotdim. Anovi deraza oşxona taraf bölsa ke­rak. Öşa derazadan daraxtzor aniq-tiniq körinardi. Xo amaki oşxonada taom hozirlaşni xuş körardi. U tayyorlagan göştli şörva-yu qaynatilgan guruç isi, Nguen xolamning guruçli kulçalari mazasi hanuz yodimda. Men esa Tuy bilan devorga suyangança rasmli kitob varaqlab ötirganlarimiz… Yuragimda hazinlik hukm suryapti. Döstlaridan ayrilişni istamay qança harakat qilgan onam va qalb iztiroblarini içiga yutib, bizni ranjitmaslikka uringan Nguen xolamning birga qöşiq kuylagan baxtli damlari mana şu uyda ötdi.

Onamni tuproqqa qöyganimizda uning ortidan yiğlab qolgan odamlar barmoq bilan sanarli edi.

– U bolaligidan beri odamovi ösgan va öziga heç kimni yaqinlaştirmasdi, – deyişdi xolala­rim.

Şu çoğlarda onamni: “Sevgisi çeksiz ayol”, deya maqtagan Nguen xolam yodimga kelaverdi. U onamdagi boşqalar ilğamagan narsalarni köra olgan yagona inson edi. U onamning gözalligini körar, uning nazarida onamning zaif tomoni yöq edi. U onamni borligiça hurmat qildi. Onamga boğliq bölmagan narsalar ularni ajratib yubordi.

Koreyaga qaytganimizdan keyin onam biror döst topa olmadi, bizga bildirmasa ham Nguen xolani soğinişini sezardim.

– Esimda yöq, – deb rad etsa ham, xola uning yuragida edi.

   Onam umrböyi döstga zor ötdi…

Nguen xola meni oçiq çehra bilan kutib oldi.

– Xo amaking bilan bu yerda yolğiz yaşaymiz. Tuy Hamburgda işlayapti, – dedi u.

Men xolaga hamma keçmişimizni aytmadim. Ammo: “Onang yaxşimi?”, deb söraganida bor haqiqatni aytişga majbur böldim. Ikkimiz ham bir-birimizdan köz uzolmay qoldik. Nguen xola közlarimga mahzunlikda olamdan ötgan onamni eslatib yubordi. Vetnam tilida “Şinçao”dan boşqa sözni bilmaydigan onam! Nguen xola ham mening nigohlarimda onamni kördi, şekilli, közlari çöğdek yondi. Biz bir-birimizga tinmay: “Şinçao”, deya boşladik. Ikkimiz ham onamni soğingan edik…                                  

Çoy Un Yong

1984-yili Gvangmyong şahrida tuğilgan. Koryo universiteti koreys adabiyoti fakultetini bitirgan. 2013-yili “Syoko­ning tabassumi” qissasi Janubiy Koreyadagi “Yozuvçi olami” mukofotiga loyiq topilgan. 2017-yili “Kim Jun Song” va “Li Xe Jo” adabiy mukofotlarini qölga kiritgan. Hikoyalar va qissalar töplamlari çop etilgan.

 

Koreys tilidan Otabek Yöldoşev tarjimasi

2022/8

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…