Shom va tong orasida

0
25
marta ko‘rilgan.

(Qissa)

Boboravshanga deganlarim

Boboravshanning hikoyalariga matbuotda ko‘zim tushgan. Ammo asarlarini yaxshi olib o‘qimagan edim. Uning “Shom va tong orasida” deb nomlangan qissasini o‘qidim, yoqdi. Qissada bundan qariyb yuz yil burungi sho‘ro yurtimizni g‘orat qilgan davr voqeligi qalamga olingan. Yosh baxshi Mengziyo bir “qo‘li juqa” eldoshining to‘yida xizmat qilib tongga qadar “Alpomish”ni kuylaydi, lekin tugatolmaydi. Sababi, u ilhom bilan o‘zi to‘qigan voqealarni qo‘shadi. Ultonning amriga ko‘ra yurt baxshilari og‘izda cho‘p tishlab doston aytishga majbur qilinibdi. Chunki baxshilar Qalmoq yurtida qolgan Alpomishni sog‘inib kuylashgan edi. Bu Ultonga yoqmaydi. Cho‘p tishlab doston kuylamoq esa hech kimning qo‘lidan kelmaydi. Oqibatda el baxshilarining bari o‘ldiriladi, cho‘llarga badarg‘a qilinadi.
Mengziyoning otasi birinchi bor ajablanib: “Har zamondi o‘z qo‘shig‘i bo‘larkan-da baxshijon”, deydi hayratlanib. Ne ajabki, o‘sha badarg‘a qilingan baxshilarning qismati o‘sha kundan Mengziyoning boshiga tushadi. Ertalab Toshqul sho‘ro uni mahkamaga oborib qamaydi. Mahkama deganlari borsa kelmas joy. Ya’nikim, dostonda aytilgani kabi, baxshi eli ozod, hur qo‘shiq kuylashni bas qilib, saqovga, mum tishlashga majbur qilingan yurt Ultonga o‘xshagan zolimning qo‘lida qolib qulga aylanadi, degan baxshining nafaqat ko‘kayi kesiladi, balki jismonan o‘zi yo‘q qilib yuboriladi.
Sho‘ro baxshining otasi Tangriqul boboni, ukasi O‘ktamni, xotini Oydinni ham tinch qo‘ymaydi. Ko‘chish, qochish, sargardonlik boshlanadi. Bu oilaga-ku, elda boshpana topiladi. Ammo gulday ko‘rkam Oydinning “er oyinlab” kasalga mubtalo bo‘lishi, o‘g‘li Elmurodning ham ayni paytda issig‘i ko‘tarilishi, oqibatda tunda Oydinning joni uzilishi, Tangriqul boboning qishloqdan bir siqim tuproq olib kelmaganiga afsus chekib, yana ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarib, mehribonchilik ko‘rsatgan tog‘ odamlari bilan xayr-xo‘shlashib yurtga qaytishi… o‘quvchini shoshirib qo‘yadi. Chunki Mengziyo baxshi qaytmas bo‘lib ketdi. Tangriqul boboning o‘zi, o‘g‘li O‘ktam, kelini Oydin ham qidiruvda edi. Endi bular sirtmoqni bo‘yinga olishga rozi bo‘lib ketayotgan odamlar. Qiziq. Odamni o‘rtab yuboradi.
Qissada odamning taqdiri, odatlar, irimlar xususida g‘aroyib hikmatlar, iboralar bor. “Tulki o‘z iniga qarab ulisa, qo‘tir bo‘ladi”. Tangriqul bobo qamaldi – qaytmadi. O‘ktam urishga chaqirildi – qaytmadi. Toshqul sho‘ro ham urushga boradi, lekin soppa-sog‘ qaytib, tag‘in o‘z ayshini suradi, uzoq yashaydi. Ammo umri so‘ngida “qo‘tir” bo‘ladi. Xalqning qarg‘ishi uni esdan judo qiladi. Farzandlaridan ham ro‘shnolik ko‘rmay o‘lib ketadi. Mengziyoning birgina o‘g‘li Elmurod bobo bo‘lib mustaqillik kunlarida umrguzaronlik qiladi.
Men Boboravshanning tengqurlari ichida xuddi shu mavzuda bitilgan hikoya va qissalarni o‘qiganman. Qiziqki, ular bir asr burungi voqealarni tilga olganlarida chalkashib ketmaydilar, syujet orqasidan ergashib uloqmaydilar. Har safar bosh qahramon yo o‘z qavmi, o‘z hamqishlog‘i bo‘lgan sho‘ro xiyonati va razilligiga duchor bo‘lib qismati kesiladi.
Asarda mo‘ljal nishonga to‘g‘ri olingani shundan iboratki, inson agar o‘z eldoshi dushmanligidan omon qolsa, qishloqdoshlari bilan “ovzi bir” bo‘lsa, u baxtli hayot kechirar edi.
O‘zbekni shu xiyonat, qo‘rqoqlik abgor qilgan…
Aslida xiyonatni bo‘yniga olgan xalq mo‘rtdir.
Biz buyuklarimiz bilan maqtangan holda, ularning qirchinidan qiyilishida aynan o‘z odamlari bosh sababchi bo‘lganini jonimiz og‘rib bayon qilamiz, axir bu – o‘zbekning uyat joyi, oriyati-ku!..

Boboravshanning tengqurlarida goho so‘zga saxiylik, ba’zan o‘zi topgan ibora, holatlarga mahliyo bo‘lish yoxud butunlay so‘zga e’tiborsizlari bor. O‘zini takrorlovchi, bilib-bilmay taqlid qiluvchilar, uslubda qiynalayotganlar ham uchraydi.
Katta mezonlardan og‘ishmay, o‘tkinchi ta’sirlarga berilmay, sobitlik bilan ijodni davom ettirish – to‘g‘ri yo‘l.
Boboravshanga shu ulug‘ yo‘l umrbod muyassar bo‘lsin!
Sobir O‘NAR

 

Qorachiroq yorug‘ida muk tushib kitob o‘qib o‘tirgan Tangriqul bobo loysuvoq devorga suyanib bir lahza shiftga termildi. Baytni mulohaza qilib jilmaydi. Keyin kitobni ochib, qayta o‘qishga tutindi. Mutolaa so‘ngida tomoq qirib, sandal atrofida o‘tirgan yaqinlariga qaradi. Maryam momo kelini Oydin va kenjasi O‘ktam bilan mo‘ysafidga xalal bermaslik uchun pichirlab suhbatlashardi. Chol tag‘in yo‘talib oldi. Ular baravariga xonadon sohibiga yuzlandi. Diqqatni jamlagan Tangriqul bobo boyagi baytni qiroat bilan baland ovozda qayta o‘qidi:
– O‘zlarini xalqlar aro tutqoy ulug‘,
Botirlari ichra yo‘qtur zarra furug‘…
Odatda, Tangriqul bobo jimgina kitob xatm qilib o‘tirar, o‘ziga yoqqan misra yoxud baytni farzandlariga takror o‘qib berar, so‘ng ularga buning ma’nosi haqida so‘zlardi. Hozir ham Ahmad Yassaviy hikmatlarini mutolaa qila turib, shu baytni ko‘ngliga yaqin oldi. Uni o‘qib bo‘lgach, ma’nosi haqida so‘zlamoqchi edi, eshik ochilib, bir qo‘liga do‘mbira, boshqasida tugun ko‘tarib olgan Mengziyo kirib keldi. U ostona hatlashi barobarida salom berdi. Bo‘yniga osilgan o‘g‘li Elmurodga do‘mbirani tutqazdi. Xotini Oydin esa tugunni oldi. O‘ktam ham o‘rnidan turib, akasini qarshiladi. Mengziyo janda1dan qavilgan choponini yechib, eshik yonidagi ilgakka ildi. Quyonteri telpagini deraza rafiga qo‘ydi. So‘ng ostonaga qaytib borib o‘tirdi-da, maxsisini yecha boshladi va:
– Rayimboy to‘y qilib, xumordan chig‘ayin degan ekan, – dedi ovozini baralla qo‘yib. – Kechgacha ruxsat bermadi. O‘ziga o‘xshagan besh-olti jo‘rasi kegan ekan, sho‘lardi “ha-ha”laganiga ulog‘ib tomoqdan na ovqat o‘tdi, na suv. Kechgacha doston aytdim.
Uning zavq bilan aytayotgan so‘zlarini onasi bo‘lib:
– Nasibadan gapiring, – dedi sinovchan ohangda.
Onasidan bu gapni kutmagan Mengziyo shoshib qoldi. Nima deyishni bilmay, otasiga umidvor nigoh tashladi. So‘ng onasiga qarab:
– Tushum-ku, yaxshi bo‘ldi, – dedi chaynalib. – Rayimboy deganimiz qo‘li juqa2 odam-da, ena! Bo‘masa birgina to‘qli so‘yib to‘y qilama? Shunga topganimdi to‘yana qilib…
– Xo‘p, binoyi ish qilibsiz, baxshijon, – dedi Maryam momo o‘g‘lini alqab.
Mengziyoning chehrasi ochilib, boyagiday quvnoqlik bilan gapida davom etdi:
– Chin tinglovchi bo‘sa, odam charchamaskan. Qurda o‘tirganlar to‘y oxirida, “Baxshi, bugun boshqacha aytdingiz, Rayimboy dadilroq ataganmi?” deb hazil-xuzul ham qilishdi, – dedi.
So‘ng ustozining, baxshi umrida bir marta daryoday to‘lib, sherday na’ra tortib qo‘shiq aytmasa, aytar gapi ichida armon bo‘lib ketadi, degan gapini esladi. Bugun o‘zi mana shunday to‘lib, bor dardu hasratini to‘kib doston aytganini va birdan bo‘shagan xumday bo‘lib qolganini his etdi. Tag‘in ustozining, agar bu baxshining oxirgi qo‘shig‘i bo‘lsa, ichi bo‘shab, govara3si shovshab qoladi, degan so‘zi yodiga tushib vujudi titrab ketdi. Shunda boshiga baland qasaba kiyib urchuq yigirayotgan onasi, oppoq soqoli ko‘ksiga tushib, kitob varaqlayotgan otasi va sut tishi endi katilgan o‘g‘lidan tortib uyidagi qorachiroqqacha shu qadar aziz bo‘lib ko‘rindiki, beixtiyor bularning barchasini birdan yo‘qotib qo‘yadiganday qo‘rqib ketdi. O‘g‘lining mahzun bo‘lib qolganini ko‘rgan ona:
– Tinchlikma, bolam? – dedi.
– Bilmayman, ena. Ko‘nglim allatovur bo‘lib ketdi… Shu bugun “Alpomish” hech oxiriga jetmadi. Hakimbek chakka tushgan joyidan so‘ng xiyli narsa qo‘shib jubardim, – dedi.
Boyadan buyon o‘g‘lining gapini jimgina eshitib o‘tirgan Tangriqul bobo yalt etib unga qaradi va:
– Nima deb aytding?! – deb so‘radi.
Bu so‘roqda qo‘rquv va allanechuk umidvorlik bor ediki, Mengziyoni otasining vazmin, ayni damda jarangdor ovozi gunoh ustida qo‘lga tushgan boladay sarosimaga solib qo‘ydi. U hadik bilan gap boshladi:
– Alpomish Qalmoqda qolib ketgandan keyin yuzboshilar Elboshini sog‘inib qo‘shiq boshlabdi, – dedi Mengziyo otasidan ko‘zini olib qochib. – Bu Ultonga yoqmabdi. Baxshilardi bandi qilay yaki qo‘shiq ayttirmay desa, eldi ko‘ngli battar undan soviydiganday… Shunda u bir shumlikdi o‘ylab, o‘ylaganidan o‘zi rohatlanib kulibdi… Ulton degani cho‘rining bolasi emasmi, allaqayerdan irg‘iy tayoqni topib kelib, uni barmoqday-barmoqday uzunlikda bo‘lib chig‘ibdi. So‘ng tayoqchalardi jugurdagiga berib, “Baxshiman degandi bariga bundan bittasini berasan, qo‘shiq aytsa shuni tishida tishlab, og‘zidan qo‘ymay aytsin, bo‘masa boshini qo‘ltiqlab kelib kundaga ko‘ndalang qo‘yabersin, men – Ulton biyning amrim shul”, debdi. Buni eshitgan baxshilar uning farmonini avval hazil bilibdi. Qarasa, chinga o‘xshaydi. El oldiga tushib, oqsoqolman degan to‘rt-besh odam borib, Ultonga arz qigan ekan, ulardi boshini olib, Boysundi to‘rt tomonidan keladigan karvon yo‘liga osib qo‘yibdi. Shunda yuzboshilardi bir xili qo‘rqib, baxshilikdi tashlab, do‘mbirani ko‘rsa qochadigan bo‘libdi. Boshqalari cho‘pni tishlab, ming‘irlab nima deyayotganini o‘ziyam bilmaydigan bo‘lib qolibdi. Yana boshqa birlari qo‘li qonab, juragi ado bo‘guncha do‘mbirani turli nag‘malarda chalib-chalib, tilini tishlab aytar gapi og‘zida qolib, so‘zdi og‘irligidan urti yorilib, dunyoyi qo‘tirga qo‘l siltab ketibdi. Na unisiga, na bunisiga ko‘nmaganlar Qalmoq cho‘liga surgun qilinib, adoqsiz sahroda o‘zilariga o‘zlari qo‘shiq ayta-ayta izsiz ketibdi.
Mengziyoning gapini tinglagan otasi boya kitob o‘qiyotib bir zum tin olib, mulohazaga berilgani kabi bir muddat sukutga cho‘kdi. Keyin hukm o‘qiyotgan qoziday ovozini baralla qo‘yib:
– Har zamondi o‘z qo‘shig‘i bo‘larkan-da, baxshijon, – dedi.
Tangriqul bobo o‘g‘lini birinchi bor “baxshi” deb atagan edi. Bu: “O‘z qo‘shig‘ingni yaratibsan, yuzboshi bo‘libsan”, degani edi. Otasining so‘zidan quvongan Mengziyo daryoday oqib do‘mbira chalgisi, tog‘day tebranib qo‘shiq aytgisi keldi. Tuni bilan uxlay olmadi. Yuragi hapriqib qo‘li do‘mbiraga qarab ketaverdi. Ammo boshqalarning oromini buzgisi kelmay, tonggacha pichirlab doston aytib chiqdi. U bugun aytganlarini takrorlar, tag‘in dostonga yangi-yangi voqealar qo‘shar, bundan Ultonning hunari ko‘payib, Alpomishning yurtga qaytishi olislab ketayotgan edi. Mengziyoning ko‘ngli xijil bo‘ldi. Axir, tong otguncha ham “Alpomish”ni nihoyasiga yetkaza olmadi. O‘rnidan turishi bilan do‘mbirani qo‘liga olmoqchi edi, avval itning hurgan ovozi, keyin kimningdir qattiq so‘kingani va, nihoyat, Mengziyoni yo‘qlagan chaqiriq tovushi qulog‘iga chalindi. Istar-istamas eshikka qarab yurdi.
U tashqariga chiqqanida Toshqul sho‘ro yaqin kelib qolgan edi. Toshqul sho‘ro novcha, oqsariqdan kelgan va kosasidan bo‘rtib chiqqan ko‘zi atrofga besaranjom boqadigan kishi edi. Uning kalta iyagi baqbaqasiga qo‘shilib ketgan va qaddini g‘oz tutib yurishidan o‘ziga bino qo‘ygani shundoq bilinib turardi. Hozir ham odatiga ko‘ra salmoqlab qadam tashlar, boshini adl tutib qo‘lidagi tayoq bilan vovullayotgan itni nari haydab kelarkan, ortiga qarab-qarab qo‘yardi. Mengziyo uni ko‘rishi bilan ko‘nglidagi hadik battar avj oldi. Axir, Toshqul sho‘roning tongdan birovning hovlisiga bostirib kelishi hech qachon yaxshilik keltirmagan. Shunday bo‘lsa-da, yuzidagi samimiyatni yo‘qotmaslikka urinib, ochiq chehra bilan salom berib, mehmonni uyga taklif etdi. Toshqul sho‘ro uning muomalasini o‘zicha tushunib, mi­­yig‘ida kuldi. Qo‘lidagi tayoq bilan kirza etigiga urib, changini qoqqan bo‘ldi. Keyin shunchaki bir ko‘rib ketish uchun kelganday hovlining chor tarafiga loqayd ko‘z tashladi. Ammo shu qarashning o‘zidayoq har bir narsaning qanday, qayerda turganini yodlab qolayotganday taassurot uyg‘otardi. Nihoyat mehmon tilga kirdi:
– Mengziyo baxshi sizmi? – dedi. Bu gapni eshitgan baxshi piq etib kulib yubordi va:  
– Toshqul aka, nima, meni tanimayapsizmi? Yo kecha to‘yda anavindan ko‘proq olib, a?! – dedi Mengziyo boyagi dilxiraligini unutib.
Bu gapdan sho‘roning qovoq-tumshug‘i battar osilib ketdi. Unga yeb qo‘yguday tikilib:
– Men o‘yin uchun kemadim. Sizdi hukumat idorasiga olib ketishga jo‘natilgan odamman, – dedi.
– Tinchlikma, Toshqul aka? – sarosimaga tushib so‘radi Mengziyo. – Bizdan nima gunoh o‘tibdi?
– Birinchidan, senga aka-pakamasman! Ikkinchidan, nima gapligini borganda bilasan. Hozir savol beravermay oldimga tush, – dedi endi sensirashga o‘tib.
Mengziyo uning niyati jiddiy ekanini ko‘rib, ko‘ngliga g‘ulu tushdi. Qachon va qayerda nima ayb, qanday gunohga qo‘l urganini eslash uchun zo‘r berib o‘ylay boshladi. Ammo biror arzirli sabab topolmadi. Bundan biroz tinchlandi. Bir-ikki so‘roq-savol qilib qo‘yib yuborishadi, deb o‘yladi. Toshqul sho‘ro o‘ziga qarab angrayib turgan Mengziyoga:
– Tez-tez bo‘l, nima, gapdi eshitmadingma? – dedi po‘pisa qilib. Mengziyo sergak tortdi. U ust-boshini alishtirish uchun xonaga qaytib kirmoqchi edi, sho‘ro yo‘lini to‘sdi.
– Shunday yuraver. Seni to‘yga olib ketayotganim yo‘q, – dedi.  
Mengziyo uning gapini tushunmadi. Lekin sho‘ro yo‘lini to‘sib turgani bois:
– Otib tashlasangiz ham, choponimdi olib chig‘ay. Yo shuyam mumkinmasma? – dedi achchiq bilan.  
Mengziyoning vajohatini ko‘rgan sho‘ro unga yon berdi.
– Uyga kirib qarab turaman.
– Qo‘rqmang, qochib ketmayman. Gunohim bo‘lsayakan, qo‘rqib qochsam… Ishonmasangiz, nimayam derdik. Kiring!
Mengziyo shunday deya eshikni lang ochib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi. “Mehmon” istehzoli kulib etigini yechmasdan ichkariga bir qadam tashladi. So‘ng xavfsiraganday bo‘sag‘ada turib oldi-da:
– Shu joyda qarab turaman, tez chiq, – dedi. Mengziyo xonaga kirishi bilan Oydinning titroq ovozda yig‘lagani eshitildi. U Mengziyo­dan nima aybi borligini, ne sababdan sho‘ro uni olib ketish uchun kelganini so‘rardi. Ayni paytda Oydin ichki bir sezgi ila oldinda katta kulfat kutib turganini his etardi. Mengziyo ham shu kabi xayolga borar va shunday paytda Oydinning ustma-ust savol berishi uning g‘ashini keltirgan edi. U xotiniga ilk bora sababsiz qattiq gapirdi.
– Men qayerdan bilaman? Biror ishi borki, kegan. Buyam garangmas-ku, qurtlagan kallasini duch kelgan uyga suqib ketaberadigan.
Ostonada turib bu gapni eshitayotgan sho‘ro:
– Tilim bor deb valdirayverma! Tez-tez bo‘l! Yana bir marta ming‘ilasang, tilingni sug‘irib olaman, –  dedi vajohat bilan.
Shu payt paydo bo‘lgan Tangriqul bobo sho‘roning ortida turib:
– Ha, Toshqulboy, tinchlikma? Kallayi saharlab qip-qizil xo‘rozday birovdi bo‘sag‘asida g‘o‘ddayib turibsan, – dedi.
To‘satdan baralla yangragan ovozdan cho‘chib tushgan sho‘ro apil-tapil o‘zini o‘nglab:
– Hukumatdi odamini hashuva qimang, – dedi chiranib. – Qamoqqa ketgingiz kelayotgan bo‘sa, ayting.
– Bizga o‘xshagan munkillagan choldi hukumat nima qiladi? Yo ketimizga shapatlab, yaxshi bola bo‘l, deb po‘pisa qilama? – dedi Tangriqul bobo battar uning jig‘iga tegib.
Sho‘roning lablari pirpirab, ko‘zi ola-kula bo‘lib ketdi. Ko‘rsatkich barmog‘ini boboga nuqib:
– Siz apasniy chelovek, – dedi. – Hozir baxshi bilan gaplashib olay, keyin o‘zim bilaman!
– Bo‘ldi, tomoshani bas qi, – dedi toqati toq bo‘lgan Tangriqul bobo cho‘rtkesarligiga borib. – Mengziyo hech qayerga bormaydi!
Toshqul sho‘ro ne deyishini ham, nima qilarini ham bilmay bir zum taraddudlanib turdi-da, shaxt bilan o‘zini ichkariga urdi. U uyga kirish barobarida bor ovozda kimnidir yordamga chaqirdi. Mengziyoga otasining gapi dalda bo‘lib derazadan chiqib qochmoqchi edi, sho‘ro uni epchillik bilan tutib qoldi. Shu payt uyning ikki tomonida panalab turgan qizil askarlar miltig‘ini o‘qtalib yugurib kela boshladi. Birinchi askar o‘ziga qarab hurib borayotgan itga o‘q uzdi. Ko‘ppak g‘ingshiganday cho‘ziq uvladi-yu, ikki qadam nariga otilib ketdi, qora qoniga belanib qoldi. Miltiqning gumbirlagan ovozidan yeru ko‘k larzaga keldi. Oydin bu tovushdan cho‘chib, dodlab, boshini changallab, o‘tirib qoldi. Meng­ziyo sho‘roning qo‘lidan otilib chiqib, qo‘rquvdan yig‘lab yuborgan Elmurodni quchib oldi. O‘ktam esa molxona tomondan yugurib keldi. Qo‘lini musht qilib qizil askarlarga tashlanmoqchi edi, otasi uni mahkam tutib qoldi. O‘ktam dam otasiga, dam qurol ko‘tarib olgan askarlarga qarab alami bo‘g‘ziga tiqildi. Bu g‘ala-g‘ovurdan endi xabar topgan Maryam momo kafti bilan qulog‘ini berkitib: “Bola-a-am-mm”, deb dodlab yubordi. Meng­ziyo o‘g‘lini yupatishga urinib, bag‘riga qattiq bosib turardi. Bularning barchasi shu qadar tez sodir bo‘ldiki, Mengziyo butun voqeani idrok etishga ham ulgurmadi. Toshqul sho‘ro esa ularning sarosimaga tushib qolganini ko‘rib, ajib bir mag‘rurlik ila qo‘lidagi tayoq bilan Mengziyoning yelkasiga gursillatib urdi va:
– Qani, oldimga tush, sotqin! – dedi baralla.
Mengziyo beixtiyor qo‘lini boshining orqasiga qo‘yib o‘rnidan turdi. Kecha barcha yaqinlari va uyidagi narsalargacha ko‘ziga aziz bo‘lib ko‘ringani kabi hozir ham mana shu lahzalar unga vidolashuv onidek tuyuldi. Hozirgidek kech kuzakning izg‘irinli kunlaridan to navro‘zgacha cho‘g‘i o‘chmaydigan sandal, uning atrofida yaqinlari jam bo‘lib o‘tirib suhbatlashish­lari, otasining hikmat o‘qishi, onasining urchuq aylantirib burung‘i matallardan aytishi… bularning barcha-barchasi juda olis xotira va ayni damda yetib bo‘lmas orzuday ko‘rinardi. Illo, endi ukasi O‘ktamni, o‘g‘li Elmurodni qayta ko‘rmasligini, Oydinning qo‘lidan bir piyola choy icholmasligini his etardi. U Toshqul sho‘roning oldiga tushib ketarkan, dod-fig‘on qilib yig‘layotgan onasining ham, ayoli Oydinning ham aytimlarini eshitmaganday o‘zini loqayd tutishga urinar, ichidagi titroqni bazo‘r bosib, zo‘raki iljayardi. Bu bilan sho‘ro va qizil askarlar oldida boshini adl tutmoqchi edi. Ammo otasi bilan ko‘zlari to‘qnashdi-yu, butun vujudini allaqanday dard ayovsiz ezg‘ilab tashladi. Shu damda sho‘roni yoqavayron qilib do‘poslamoqchi bo‘ldi. Lekin quloqlari ostida boya itning vang‘illab yiqilgani va o‘q ovozining aks sadosi bong urib, tishini tishiga bosdi. U endi ukasiga qaramaslik uchun tez-tez qadam tashlab o‘tib ketdi. Shu payt ichkaridan yugurib chiqqan Elmurod ovozining boricha:
– Ota-aa, – deb baqirdi.
Qizil askarlar qurshovida ketayotgan Meng­ziyo ortiga o‘girilib qarar ekan, Tang­riqul bobo Elmurodni quchib to‘xtatib qolganini ko‘rdi. O‘g‘li ikkala qo‘lini bobosining yelkasi uzra oshirib unga talpinar, mo‘ysafid esa boshini egib hiqillab yig‘lar, bu uning titrayotgan jussasidan shundoq ko‘rinib turar edi.  
* * *
Mengziyo askarlar qurshovida mustahkam devor bilan o‘rab olingan istehkomga yetib borganida Amudaryo to‘lqinida quyoshning zaif nuri mavj urar edi. Kuni bilan tuz totmagan Meng­ziyo yo‘l azobidan charchab, ochlikdan sillasi qurigandi. Uning ko‘zi kosasiga cho‘kkan, jussasi kichrayib, avvalgi Mengziyo bilan hozirgisining orasida yer bilan osmoncha farq bor edi. Baxshi shuncha azoblarga qaramasdan, yo‘l bo‘yi tilini yeb qo‘yganday jim keldi. Zero, sho‘rodan tayinli gap chiqishiga ishonmagan va barcha savollariga shu yerda javob topmoqchiydi.
Mengziyo kabi mahkumlar qamalgan bu istehkom qadim Termizning bosh-adog‘i ko‘rinmas biyday cho‘lida qad rostlagan. Imoratga g‘arbiy darvozadan kirib borgan Mengziyoning ko‘ziga dastlab chor tarafi devor bilan o‘ralgan qal’aning mo‘l-ko‘l hovlisi va o‘z yumushi ila andarmon askarlar, ular uchun zarur buyum va qurol-yaroqlar ko‘rindi. Undan so‘ng himoya devoriga qo‘shilib ketgan xonalarning eshik-derazasiga qaradi. Bu vaqtda narida turgan soqchi askar ularning yoniga yetib keldi. Mengziyoni olib kelganlar unga nimanidir tushuntirdi. So‘ng soqchi Mengziyoni yetaklab ketdi. Ular ochiq maydonda devor bo‘ylab borib zinadan pastga tushdi. Qorovul ularni ko‘rishi bilan temir darvozani ochib ichkarida osig‘liq fonusni olib yo‘l boshladi. Eshikdan kirgan Mengziyo yana ikki-uch zina enib, askarlar qurshovida bosh-adog‘i ko‘rinmas, qorong‘i va zax yo‘lakning so‘l tomoniga qarab uzoq yurdi. Yorug‘dan kelib birdan zimistonga kirib qolgan Mengziyo o‘zini lahadga tushganday his etdi. Nihoyat qorovul temir panjarali eshik yonida to‘xtab, fonusni sherigiga tutqazdi. O‘zi qulfni ochib, Mengziyoni ichkariga kiritdi. Baxshi ostona hatlab, qayoqqa yurishini bilmay bir muddat serrayib qoldi.
O‘shandan buyon ham uch kun o‘tdi. Mengziyo xonaning odam bo‘yi yetmas balandlikdagi dar­chasidan tushayotgan yorug‘likka qarab kun bilan tunni farqlar va, ayniqsa, kechalari vaqt yanada imillab qolar edi. Boz ustiga, u tunni deyarli uyqusiz o‘tkazardi. Qorong‘i va zax xonada qamalib o‘tirgan Mengziyoni ochlik va uyqusizlik qanchalik horitgan bo‘lsa, javobsiz savollar undan-da battar azobga solardi. Holbuki, u o‘tgan vaqt ichida faqat gunohi nima ekani haqida bosh qotirardi. Lekin savoliga javob topilmas, bundan Mengziyoning yuragi battar siqilar edi. Tag‘in xayollari chuvalashib, uni olib ketishayotganda onasining dodlab yig‘lagani, Elmurodning yugurgani, otasining ko‘zidagi dard va ukasining qo‘lini musht qilib, chorasizlikdan titrab turgani ko‘z o‘ngidan o‘tib: “Uying kuygur Toshqul”, derdi. Mengziyo namxush xonada choponga o‘ranib o‘tirar, tag‘in bir zum o‘tar-o‘tmas o‘rnidan turib, majolsiz oyog‘ini sudrab u yoqdan-bu yoqqa borib-kelardi va sovuqdan dir-dir qaltirardi. Tag‘in kuzakning izg‘irini panjarali darchadan kirib, xonani zabtiga olardi.
 Bu ham yetmaganday, bugun kech tushishi bilan qo‘shni xonada allakimning tinimsiz dodlashidan qulog‘i tom bitdi. U: “Gunohim nima?” deb baqirar, yalinib-yolvorib bolalarining qarovsiz qolganini aytar, tag‘in og‘ziga kelgan so‘kishni qaytarmay, qo‘pol so‘zlarni qalashtirib tashlardi.
Nihoyat, kimdir temir eshikni g‘iyqillatib ochdi. Boyagi mahbus eshik ochmishga yalina boshladi. So‘ng birdan tashlanib qoldi, shekilli, to‘s-to‘polon boshlanib ketdi. Ko‘p o‘tmay miltiqning gumbirlagan ovozi chiqdi-yu, dunyo birdan sukutga cho‘kdi. Keyin kimdir temir eshikni qarsillatib tepdi. Ruschalab so‘kindi va yonidagi sherigiga:
– Endi buni chiqarib tashlash kerak. Turgan-bitgani dahmaza, – dedi.
Mengziyo qo‘shni kameradagi qabohatni his etib boshini changallab muk tushdi. Mengziyo qizil askarning gapini tushunmadi. Lekin ular shunchaki qorovul emas, qonxo‘r qotil ekanini bilib butkul sarosimada qoldi. Uning yuragida nimadir uzilganday ich-ichidan ezilib ketdi. Baxshi o‘zini unutar darajada madorsizlandi.
Hamon qulog‘iga o‘q ovozi eshitilib turarkan, Mengziyo miyasiga o‘rnashgan bu tovushdan qutula olmay, anchagacha esini yo‘qotib eshik yonida qolib ketdi. Baxshi shu holida Toshqul sho‘ro haqida o‘ylardi. U Toshqulning mana shu kimsalarga hamtovoq ekaniga ishongisi kelmasdi. Mengziyo sho‘rodan qanchalik nafratlanmasin va Toshqulni pastkash va sotqin ekanini bilsa ham, uni bunchalikka boradi deb o‘ylamas edi. Ayni paytda Toshqul qanday qilib hukumat xizmatiga o‘tib qolgani haqida o‘ylarkan, ancha yillar oldingi voqea yodiga tushdi.
Mengziyo bolalik chog‘ida tengqurlari bilan bahorning seryog‘in kunlari kunbotar tomondagi adirda, boshqa vaqtlari esa daryo sohilida mol boqib kun o‘tkazardi. O‘shanda Toshqul, Mengziyo va yana ikki yigitcha qo‘radan molni haydab chiqib, ko‘chada qay tomonga ketishni kelisha olmay turishardi. Toshqulning o‘zi bir yoq bo‘lib sohilga borishni, qolganlar esa tepaga chiqishni aytib bahslashardi. Shu payt Tursun polvon kelib qoldi. Qishloqda polvonning obro‘si baland edi. Tursun polvonning gapini uncha-muncha odam ikki qilmasdi. U yigitchalarni ko‘rib:
– Ko‘chada serraymay bir tomonga ketsalaring bo‘maydima? Mollaring bor daraxtni kamirib chiqdi, – dedi. Ularning qayoqqa borishni kelisha olmayotganini bilgan polvon:
– Boharda adirga chig‘ish kerak-da! Halamzamat o‘t qaytadi. So‘ng daryoga borasilar, – dedi.
Polvonning gapidan so‘ng Toshqul birdan o‘zgardi va chaqqonlik qilib:
– Shuni bularga tushuntira olmayappan-da, polvon bova. Hammasi birigib daryo tomon boramiz deyapti, – dedi. Uning gapiga boyagi ikki yigit beozor kulib qo‘ydi. Lekin Mengziyoning rostgo‘yligi tutib:
– Torozining pallasiga qarab gapirmang-da, Toshqul aka, – dedi. – Hozir o‘zingiz adirga chiqmaymiz, dedingiz-ku!
Toshqul achchiqlanib Mengziyo bilan sen-menga borib qoldi. Polvon ularni ajratib qo‘ydi.
Toshqulning achchiqlanishiga sabab bor edi. U shunday vaziyatda tosh qay tomonga bossa, o‘sha yoqqa og‘ib ketardi. Shu sabab qishloqdosh­lar Toshqulga “Tarozi” deb laqab qo‘yishgan edi. Toshqul hukumat ishiga yollangach, “Tarozi” laqabi esidan chiqib, “Sho‘ro” degan nom oldi.
Mengziyo shular haqida o‘ylarkan, Toshqul sho‘ro bu bandixonani ko‘rganmikan, degan xayolga bordi. Darhaqiqat, sho‘ro istehkomga bir necha marta kelgan edi. Ammo u yerto‘la borligini yetti uxlab tushida ham ko‘rmagan. Zero, sho‘ro qamoqning tepasidagi shifti baland hashamdor xonalarga, po‘rim libosli askarlarga, tashqi devordagi tuynukda tumshug‘i chiqib turgan zambarak va yana o‘zi uchun yangilik bo‘lgan barcha narsaga mahliyo bo‘lib ortiga qaytgandi. Hukumatning kuch-qudrati yonida o‘zini kuchliroq shamolda uchib ketadigan to‘yaqorin1day his etardi. Toshqul sho‘ro o‘z inon-ixtiyori bilan tobe bo‘larkan, hukmfarmo boylar va “qonxo‘r bosmachilar”ni mavh etgan hukumatning adolatparvarligiga zarracha shubhalanmasdi. Sho‘ro shular haqida xayol surganida komandiri unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib yelkasiga qoqib dalda berganini eslarkan, “ulug‘ og‘asi”ga taqlid qilib papiros tutatar va bundan huzurlanardi.   

Oqshom cho‘kib, darchadan to‘lin oyning yog‘dusi butun xonaga oqib kirar, faqat panjaraning shakli tushgan yer qorayib ko‘rinar edi. Meng­ziyo darchadan mo‘ralab turgan oyga chuqur botgan ko‘zlari bilan uzoq vaqt termilib o‘tirdi. Oy yorug‘ida g‘amning qora chiziqlari qaboqlari ostida qalin iz qoldirgani shundoq ko‘rinib turar va ozib-to‘zib ketgan yuzida paydo bo‘lgan bir taram ajinga urilgan yog‘du butun xona bo‘ylab taralardi. Oyga boqar ekan, uning yuzidagi qora dog‘ni bir vaqtlar urchuq yigirayotgan momoga mengzagani yodiga tushdi. Shu payt o‘sha momo birdan jonlanib, ko‘ziga onasi bo‘lib ko‘rindi va beixtiyor: “Ena-aa”, deb yubordi. U bu so‘zni shu qadar titroq va xastahol ohangda aytdiki, ovozi qulog‘iga ham yetib bormay havoga singib ketdi. U yana uzoq vaqt so‘zsiz ko‘kka qarab o‘tirdi. Oy esa najot kutayotgan mahbusday panjaraga yuzini qattiq bosib turardi.
Mengziyo shu ko‘yi uzoq vaqt hech narsa haqida o‘ylamaslikka urinib jim o‘tirdi. Nihoyat, tun yarimdan oqqan mahal temir eshik sharaqlab ochildi va fonus ko‘tarib turgan askar Meng­ziyoning qo‘lini orqaga qayirib xonadan olib chiqdi. Ikkinchisi esa miltiq o‘qtalib ortidan yurib zinadan tepaga ko‘tarildi. Ular hovliga chiqishgach, o‘ng tomondagi xonalardan biriga kirishdi. Shifti baland va keng xonaning o‘rtasida stol-stul turar, oppoq rangga bo‘yalgan devorda dohiyning suratidan boshqa hech narsa yo‘q edi. Xona to‘rida devorga qo‘shib qurilgan g‘ishtin pechdan chiqayotgan tutun derazaning ochiq ko‘zidan tashqariga o‘rlardi. Mengziyo soqchi ko‘rsatgan burchakka borib turdi. Ko‘p o‘tmay po‘rim libos kiygan kishi xonaga kirib, tutundan bo‘g‘ilib qaytib chiqdi. Shu yerda turgan askar shosha-pisha pech tagini kavladi. Eshikni keng ochib qo‘ydi. Pech gurillab yonib, tutun g‘oyib bo‘ldi. Shundan so‘ng boyagi kimsa qaytib keldi, eshik-deraza mahkamlandi. Tergovchi stulning birini pech yoniga qo‘yib o‘tirdi. Uning izidan kelgan kotib esa o‘rtadagi stulga joylashib, yozishga tutindi. Tergovchi qo‘lidagi qog‘ozlarni sinchiklab o‘qidi-da:
– Sen juda xavfli bosmachi ekansan-ku! – dedi. Keyin labidagi papirosni yerga tashlab, oyog‘i bilan ezg‘iladi. – Kechagi yakshanbada qayerda eding, nima ish bilan shug‘ullanding?   
Mengziyo quruqshab qolgan lablarini yalab tomoq qirdi. Xonaning harorati yuziga urib qizardi. Ammo ichidagi sovuq titroq battar kuchayib, madorsiz oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmay, devorga suyanib qoldi. Keyin savol bermishning so‘zlarini tushunishga urinib diqqat bilan quloq tutdi. Bundan tergovchining jahli chiqib savolni takrorladi:
– To‘g‘ri tur! Sendan so‘rayapman. O‘sha kuni qayerda eding?!
– O‘rischani tushunmayman, – dedi Mengziyo.
Savol bermish uning gap ohangi va o‘zini tutishidan nima deyotganini tushunib, baralla so‘kinib yubordi. So‘ng eshikog‘asidan tarjimon bor-yo‘qligini so‘radi. Tag‘in o‘ziga-o‘zi:
– Hozir hammasi to‘ng‘izday qotib uxlayotgandir, – dedi asabiy holatda. – Bu ahvolda ishlab bo‘ladimi?.. Mayli, davom etamiz. Takror so‘rayman: o‘sha kuni qayerda eding?!
Mengziyo uning birorta gapiga tushunmadi. Bundan tergovchining battar fig‘oni chiqdi. Uning ishorasi bilan soqchilardan biri Meng­ziyoning qo‘lini qayirib qiynoqqa soldi. Bundan qanoatlanmay, qo‘liga kamar olib Mengziyoning yelkasiga zarb bilan urdi. Baxshining ko‘zidan o‘t chaqnab ketdi. Gandiraklab yiqilib tushdi. Tergovchi jahl bilan soqchining qo‘lidan kamarni oldi-da:
– To‘nini yechib, erkakka o‘xshab ur! – dedi.

Mengziyo yerto‘ladagi kameraga qaytib kelganida o‘lar holatga tushib qolgandi. Tergovchi nuqul baqirib-chaqirib gapirdi. Soqchi uni savalashdan, kotib esa nimanidir yozishdan to‘xtamadi.
Keyingi bir haftada Mengziyo bundan ham battar azobni boshidan o‘tkazdi. So‘nggi so‘roq kunigacha Mengziyo qiynoqdan shu darajada zada bo‘ldiki, bu azobdan qutulish uchun jonini berishga ham tayyor edi.
Tag‘in savol bermish barchasini boshidan boshlab so‘radi:   
– O‘sha kuni qayerda eding?
Tarjimon baxshiga savolni takrorladi. Meng­ziyo javob berdi:
– To‘yda.
– U yerda nima qilding?
– Doston aytdim.
Tergovchi qaysi doston, uning mazmun-mohiya­tini so‘radi. Baxshi “Alpomish”ni qisqacha aytib berdi. Tarjimon uning gapini bilganicha ruschada takrorladi. Savol bermish o‘ylanib xonada u yoqdan-bu yoqqa borib keldi. So‘ng Meng­ziyoning ro‘parasida to‘xtab uzoq gapirdi. Tarjimon tag‘in to‘tiday takrorladi:
– Alpomish yakkahokim bo‘lgan. Podsholik qilish uchun urush qilib, oddiy odamlarni azobga qo‘ygan. Sen shuni maqtab doston aytgansan…
– Doston aytishim chin. Lekin Alpomish siz aytganday odam emas. Ana Ultonni yomon desa bo‘ladi.
– Vey, qanday odamsan o‘zi?! Alpomishning yomonligini bilmagan ekanman, kechiringlar, desang bir joying kamayib ketadima? – dedi tarjimonning jahli chiqib.
– Bo‘lar gap shu bo‘lsa, o‘tirik (yolg‘on) aytayma?
– Alpomish jon jigaringmidi, buncha tarafini olasan?
Mengziyo g‘azab va achinish qorishgan nigohi ila tarjimonga tik qaradi. Nimadir demoqchi bo‘lib og‘iz juftladi. Ammo ro‘parasida turgan kimsa chaqqonlik qilib tergovchiga qarata:
– Bu odam bo‘lmaydi, – dedi. Shu asno baxshi yana kaltak ostida qoldi. Bu azoblarga endi chidab bo‘lmasdi. Mengziyoning oyoq-qo‘li qanchalik shalvirab qolgan bo‘lsa, ruhiyati undanda battar ahvolda edi. Uni diqqat bilan kuzatib turgan tergovchi:
– Manavi qog‘ozga imzo qo‘ysang bo‘ldi, ishing yopiladi, – dedi. Mengziyo uning nima deganini bilgach tarjimondan:
– Barmoq bosganimdan so‘ng nima bo‘ladi? – deb so‘radi.
– Hammasidan qutilasan. Ikkovimizam tinchiymiz. Bulardi aytganini qisang yomonlik ko‘rmaysan, – dedi. Uning so‘ziga ishongan va o‘zga chorasi yo‘qligini yaxshi bilgan Mengziyo hujjatni imzoladi. Bu aybnomada quyidagicha xulosa bitilgan edi: “Mahbus Meng­ziyo Tangriqulovich aql-hushi joyida bo‘lgani holda o‘zini telbadek tutib, tergovning og‘ir kechishiga sabab­­chi bo‘ldi. Holbuki, biz uning nihoyatda xavfli nusxa ekanini, turli marosimlarda eskilik sarqiti bo‘lgan eposni aytib, odamlar orasida yakkahokimlik va aksilsho‘roviy g‘oyalarni targ‘ib qilayotganini aniqladik. U olib borilgan tergov jarayonida bu ayblarga to‘la iqror bo‘ldi.
Tangriqulovich Mengziyo xatosini tan olishdan avval tergovni chalg‘itish maqsadida rus tilini bila turib, savollarimizga ataylab o‘z tilida javob qaytardi. Millatchilik qildi. Aziz vaqtimiz qanchalik isrof bo‘lishiga qaramasdan tergovni to‘xtatib, mahalliy tarjimonni chaqirib, uning xolis xizmatidan foydalanishga majbur bo‘ldik va hokazo…”

* * *
Ko‘p vaqt o‘tmay, Mengziyo va unga o‘xshagan yana o‘ttiz-o‘ttiz besh chog‘li kishining oyoq-qo‘lini zanjir-kishanlar bilan mahkamlab, temiryo‘l vokzaliga olib borishdi. Bularning barchasi baxshi kabi arzimas sabablar bilan mahkamaga keltirilgan va eng og‘ir jinoyatchi deb topilgan edi. Yigirmadan ortiq qizil askarlar ularni birma-bir sanoqdan o‘tkazib, hammasi joyida ekaniga qayta ishonch hosil qilgach, vagonga chiqara boshladi. Yuk uchun mo‘ljallangan vagon temir panjara bilan xonalarga bo‘lingan va har birining eshigida otning kallasiday qulf osilib turardi. Ular mahbuslarni qafasga qamab, qulf­lab qo‘­­yishdi. So‘ng qayta sanoq o‘tkazib, vagon eshigini orqasidan yopishdi. Poyezd cho‘ziq signal chalib, qattiq tebrandi-yu, ohista yurib ketdi. Borgan sari uning tezligi oshib, bir maromdagi taraq-turug‘i kuchayib, quloqni qomatga keltirar darajaga yetdi. Mahbuslarning barchasi o‘z dardi bilan bo‘lib jim yotishar, ko‘pchiligi madorsizlik va so‘ngsiz azoblardan deyarli hushsiz bo‘lib qolgan edi. Mengziyo ham anchagacha nimalar bo‘layotganini bilmay yotdi. Uning ko‘z o‘ngidan bahorgi yaylov va qirda tiklangan o‘tovda chordona qurib o‘tirgan otasi, sal narida qo‘y sog‘ayotgan onasi va hayrovdan endi qaytib, kunchuvoqda toblanib yotgan ukasi o‘ta boshladi. Keyin Oydin ko‘rinish berdi. Shu payt o‘g‘li qoqilib yiqildi va: “Ota-a!” deb yig‘lab yubordi. Cho‘chib tushgan Mengziyo bu voqea xayolidan o‘tdimi yo tush ko‘rdimi, bilolmadi. Ko‘ngli xijil bo‘lib, bu yonboshiga ag‘darilib yotdi. Yog‘och o‘rin badaniga botib ketgan bo‘lsa-da, turib o‘tirishga majoli yetmadi. Boz ustiga temir izga bosh urayotgan g‘ildiraklar miyasiga kelib tegayotganday asab tolalarini tarang­lashtirar edi. Tish og‘rig‘i kabi biroz zaif, ammo muttasil azob beradi. Mengziyo bularning barchasidan qutulish uchun butun vujudini quloqqa aylantirib, temir tovushni tinglay boshladi. Bu shovqin avval allaqanday ohangga va asta-sekin kuyga aylandi. So‘ng do‘mbiraning sehrli ovozi butun olamni tutganday bo‘ldi. Shundan so‘ng Mengziyo ozgina chalg‘isa, bu kuy yana sovuq temir tovushga aylanib qolishidan cho‘chib qo‘shiq ayta boshladi:
Oqar daryo murdor bo‘lmas,
Sakson ko‘ppak sorisa.
Bir kapgir osh elga yetar,
Boshiga Xidir dorisa.
Botir yigit shul bo‘lar,
Yovdan yurtin qo‘risa.
Shoir kishi shul bo‘lar,
So‘zi yurtga porisa…
U o‘z-o‘ziga terma aytar ekan, Ultonning farmoni bilan Qalmoq cho‘liga surgun qilingan baxshilar ko‘z o‘ngidan o‘tib, alami bo‘g‘ziga tiqilib, tobora ona yurtidan olislayotgan poyezdda borsa-kelmasga ketib borardi.
* * *
Poyezd Sibirning qoru muz bilan qoplangan quyuq o‘rmonlari tomon yeldek uchib borar ekan, temir izlar Tangriqul boboning ko‘kragidan o‘tganday ko‘kayi kesilib, aftodahol bo‘lib qolgandi. Mo‘ysafid o‘g‘lining ahvoli ne kechganidan qayg‘urar, necha oydan buyon Mengziyodan biror darak topolmaganidan xavotirda edi. Bu hadik uning yuragiga toshdek og‘ir botib toliqtirardi.
Tangriqul bobo bugun ham tong yorishmasidan burun tuman markaziga qarab yo‘l oldi. U odatdagiday chakmonini egniga tashlagan, boshiga quyonteri telpakni bostirib, quloqchinini iyagi ostidan o‘tkazib bog‘lagan, jussasiga yarasha uzun va baquvvat qo‘lida qamchini o‘ynatib, otga nomigagina urib qo‘yardi. Uning qiyiq ko‘zlari atrofga sinovchan boqar, ro‘paradan urayotgan shamolda ko‘ksiga tushgan oppoq soqoli ikki yonga yoyilib, qoziq iyakli cho‘zinchoq yuzini kichraytirib ko‘rsatardi. Tangriqul bobo toshloq yo‘lda bir maromda yo‘rg‘alayotgan qashqa jiyronning yurishiga monand tebranib borardi. Tuman markaziga eltadigan bu toshloq yo‘l Surxon daryosining o‘ng sohili bo‘ylab ketgan edi. Sohilning ikki yonida ham past-baland tepalik­lar yastanib yotar, uning bir tomoni Bobotoqqa, ikkinchisi Boysun tog‘iga borib tutashgandi.
Sohildagi yo‘ldan Boysun tog‘i deyarli ko‘rinmas va kun asrdan og‘ishi bilan quyosh huv baland tepaliklar ortiga omonat yashiringanday bo‘lardi. Shu bois bu yerlarga tez qorong‘i tushar edi. Narigi qirg‘oqdagi tepaliklar ham baland bo‘lishiga qaramay, Bobotog‘ ko‘zga yaqqol tashlanar edi. Tangriqul bobo mana shu keng va bepoyon dashtni yorib o‘tgan daryo sohilida tug‘ilib o‘sgan, fe’l-atvori ham shunga yarasha edi. Uning ko‘ngli dasht kabi keng, keksa tepaliklar yanglig‘ vazmin, mulohazali va ayni damda daryoning quyi oqimi kabi shijoatli edi. Shu bois yoshi yetmishdan oshgan bo‘lsa-da, tetik va doim qaddini g‘oz tutib yurardi. Mengziyoni olib ketishganidan buyon yuzi so‘lg‘in tortgan, burgutko‘z nigohi toliqqanday taassurot uyg‘otardi. Boz ustiga, qaddi egilib, otameros asoni olib yurishni odat qilgandi. Hozir o‘g‘lini izlab ketar ekan, qaddini yanada egib, sovuq havodan ko‘ksini to‘sishga urinar edi. Tag‘in kimsasiz yo‘lda otning “tak-tuk”lab yurishi va quloqchini orasidan shamolning uvillab kirishidan boshqa sas-sado eshitilmas va bu sukunatdan qulog‘i tom bitgan, faqat o‘y-xayollargina uni  dahshatli yolg‘izlikdan qutqarardi.
Mo‘ysafid shu alpozda anchagina yo‘lni bosib o‘tdi. Bir payt kimningdir salom bergani eshitildi. Tangriqul bobo jilovni tortib, atrof­­ga alangladi va sal naridagi, to‘qay ichidagi otliqni ko‘rib to‘xtadi. Tangriqul bobo tomon kelayotgan yo‘lovchi ellik yoshdan oshgan, qoramag‘iz va polvon kelbat kishi edi. U Tangriqul boboga yaqinlashgach salom berdi. Ular ot ustida turib, uzalib ko‘rishdi. Ming yillik qadrdonlar kabi quyuq so‘rashishdi.
– Yo‘l bo‘lsin? – dedi boyagi yo‘lovchi Tang­riqul boboga qarata dashtliklarga xos jarangdor ovozda.
– Sho‘rchiga…
– O‘zim ham shunday bo‘sa kerak, deb o‘yladim. Yo‘limiz bir ekan, gangir-gungur qilib ketamiz-da, a?!
Yo‘lovchining samimiyat bilan aytgan so‘zidan Tangriqul boboning ko‘ngli yorishdi va shunday yo‘ldosh topilganidan mamnun bo‘lib:
– Ha, odam zaxini odam oladi. Olis yo‘lga yakka chiqishdi xasiyati yaxshimas, – dedi. So‘ng uning uloviga razm solib qaragan mo‘ysafid: – Ot daryoni kechib o‘tgan ko‘rinadi, Xo‘jamulkidanmisiz?! – dedi narigi sohildagi qishloqni nazarda tutib.
– Xo‘jamulkidan. Tovoshar boboni eshitganmisiz? – dedi yo‘lovchi o‘zini tanitib. – Shu kishining o‘rtancha uli bo‘laman.
– Ey, shunday deng! Polvon boboni nebarasi ekansiz-da. Ha, yashang! – dedi Tangriqul bobo. So‘ng uning ozib-to‘zib ketgan otiga sin solib qarab, gapida davom etdi. – Bu jonivordi kayitib1 qo‘yibsiz-ku!
– Bilmadim, shu saratonning adog‘idan boshlab et tashladi. Bo‘masa, og‘zi tinmaydi. Jegani porimay qoldimi, deyman. O‘zi-ku o‘lguday baquvvat. Ovgayam minaman, boshqagayam. Tindirmayman. Charchamaydi. Bir-ikki vaqt dam olsin, deb uydan chig‘armay qo‘ydim. O‘zgarish qayerda, battar ozib ketdi.
– Ichida illati bo‘sa kerak-da?
– Bor! Bo‘masa sho‘ytama. Ha, bozorlab jo‘nadingizma? – dedi ot egasi gap daromadini burib.
– Bozor desayam bo‘ladi, – dedi Tangriqul bobo hafsalasizgina xo‘rsinib. – Molimiz qolib, jonimiz bozorga tushgan. Gunohini aytmay, hukumatdi odami olib ketgan ulimdi daraklayapman.
– Obbo! Chatoq ish bo‘bdi-ku, – dedi u gap nimada ekanini bilib. – Ulingizni kim degich edi?!
– Mengziyo…
Tangriqul bobo o‘g‘lining ismini aytishi bilan yo‘lovchi uning gapini ilib ketdi:
– Mengziyo baxshima?.. Otasi bo‘lsasizma?! Eshitganman. Bizdi qishloqqa to‘yga borganda ko‘rishganmiz, – dedi faxrlanib. Keyin o‘ylanib qoldi va bir muddat o‘tib: – Ulingizdi Toshqul olib ketganma?! – dedi bu gaplardan uncha-muncha xabari bor kishiday salmoqlanib.
– Ha, shu Toshqul sho‘ro…
– O‘zi ovchiman, – dedi yo‘lovchi boboning gapini bo‘lib. – Quyon, tulki ovlab, terisini hukumatga topshiramiz. Hozir ham xurjun to‘la surlangan teri. Shunga rayondagi gap-so‘zdan eshitib turaman. Meni yo‘ldan qoldiryapti, demang, ulingizdi Sho‘rchidan izlashingiz bepoyda! Ulardi barini rayonda jamlab, Termizga jo‘natadi. Daragini shu yaqdan topasiz. Sho‘rchidagilar odamga gap bermaydi…
– O‘zimam shundayma, deb o‘yladim. Necha kundan bermag‘on eshik poylayman. Birov nimasan, demaydi. Qorovulga, hukumatning oldiga kirit, desam, ko‘nmaydi. Ulim qayerdaligini o‘zing ayt desam, men qayerdan bilaman, bir kunda undaylardi nechovi kelib-ketadi, deydi.
– Aytdim-ku, bular gap bermaydi deb, – aytgani rost chiqqanidan quvonib, davom etdi u. – Bugundan qomay, Termizga jo‘nang. Baxshini Sho‘rchida olib o‘tirgan bo‘lsayam (qamab de­­yishga tili bormadi), termizliklar aytsa, javob beradi.
Bu gaplardan so‘ng Tangriqul bobo ne qilarini bilmay o‘ylanib qoldi. Mo‘ysafid jilovni keskin tortganidan shashti qaytgan jiyron depsinib oldinga intilar, ot egasi esa uni yonga burib tinchlantirmoqchi bo‘lar edi. Boboning aro yo‘lda qolganini ko‘rgan yo‘ldoshi:
– Xohlasangiz, Sho‘rchiga borib, so‘ng qayting. Men bilganimcha aytdim, – dedi gunohi uchun uzr so‘rayotgan kishiday.
Ovchi o‘zini aybdorday his qilayotganini ko‘rgan mo‘ysafid:
– Yo‘q, jo‘ra, – dedi, – gazandani kallasidan ushlash kerak. Nima bo‘lsa ham, Termizga borganim ma’qul.
Tangriqul bobo ortiga qaytib ketarkan, o‘g‘li haqida eshitgan-bilgan odam topilganidan quvonib borardi. Jiyron esa shashti qaytganidan bir-ikki taysalladi-yu, yo‘rg‘alab ketdi. Shamol ham endi teskari tarafdan urayotgan edi. Bu vaqtda kun choshgohdan o‘tgan bo‘lsa-da, quyosh jamolini ko‘rsatmas, bulut qoplagan osmon bo‘zarib turardi. Esayotgan izg‘irin esa tez orada qor yog‘ishidan darak berayotgan edi. Tangriqul bobo yo‘l-yo‘lakay dastlab qayerga borish kerakligini mulohaza qilib, peshin vaqtida uyiga kirib bordi. U deyarli yuz chaqirim uzoqdagi shaharga borish uchun, avvalo, uyining yonidan qaytib o‘tishi va, eng muhimi, oilasidagilarni ogohlantirib qo‘yishi kerak edi.
Mo‘ysafid uyida peshin namozini ado etdi va yo‘l uchun yemak hozirlab oldi. Bobodan o‘g‘li haqidagi xushxabarni eshitgan Maryam momo ovchini alqab uzoq duo qildi. O‘ktam esa necha paytdan buyon Toshqul sho‘roni izlab uyiga borar, uni topguday bo‘lsa: “Sizdan ginamiz yo‘q. Akamning qayerdaligini aytsangiz bo‘ldi”, deb Mengziyo haqida bilib olmoqchiydi. Ammo u ko‘pdan beri Toshqul sho‘roni topolmadi. Hozir ham tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib qishloqdan qaytgandi. O‘ktam ham yangilikni eshitib quvondi. So‘ng otasi kabi qiyiq ko‘zlari bilan yer chizib, yag‘rindor jussasi bilan eshikni to‘sdi va:
– Ota, – dedi titroq ovozda. – Termiz ko‘p uzoq yo‘l. Sizdi shuncha joyga borishingiz… Akamdi o‘zim daraklab kesam-chi?!
O‘ktamning so‘zlaridan so‘ng Tangriqul boboga sinovchan qarab turgan yaqinlari mo‘ysafid boshini ko‘tarib qarashi bilan ko‘zlarini olib qochdi. Faqat O‘ktam otasiga umidvor termilib turardi.
– Yo‘q, – dedi Tangriqul bobo uning umidini puchga chiqarib, – hukumatdi odami seni yosh bola bilib gap bermaydi.
– Lekin…
– Lekin-pekini yo‘q! – dedi mo‘ysafid o‘g‘lining gapini keskin bo‘lib. – Gap shu! Endi sho‘roni uyiga borishdi bas qi. Qo‘lida xayr bor odam bu qiliqdi qimasdi. Tuhmatiga qolib ketma.
O‘ktam boyagi turishida:
– Xo‘p, – deya bosh irg‘adi. – Siz kelabering, xurjunni olib borib, otdi egarlayman.
– Xurjunga dadilroq arpa sol. Yo‘l uzoq. Ot charchaydi.
O‘ktam otni yo‘lga hozirlash uchun ketgach, Tangriqul bobo dasturxonga duo qildi. So‘ng ro‘parasiga kelgan nabirasini tizzasiga o‘tqazdi. Elmurod:
– Bobo, otamdi oldiga borasizma? – dedi bolalarcha samimiyat bilan.
Tangriqul bobo go‘dak ko‘zidagi sog‘inchni ko‘rib yurak-bag‘ri ezilib ketdi va:
– Ha, – dedi.
– Meniyam olib boring.
– U yaqqa bolalar bormaydi-da, otajon.
Tangriqul bobo nabirasiga shunday dedi-yu, Elmurod Mengziyoga juda o‘xshash ekanini payqab qoldi. U ham otasi kabi qo‘yko‘z, sochi qalin va qattiq, yuzi bug‘doyrang, barmoqlari ham tirnoqlariday uzun va yana qotmadan kelgan, yoshiga nisbatan novcha edi. Tangriqul bobo nabirasiga qarab turib, o‘g‘lini ko‘rganday bo‘ldi va bo‘g‘ziga nimadir tiqilib achishdi. Ko‘zi yoshlandi. Mo‘ysafid duo qilganday kafti bilan yuzini siypalab yoshini artdi. Ko‘zini uzmay turgan Elmurod bobosining bo‘yniga osilib, yuzidan o‘pdi va:
– Unday bo‘sa, otam kegancha kutib turaman, – dedi.
Labini tishlab kuzatib turgan Maryam momo:
– Ha, balam-a! – deb yubordi.
Tangriqul bobo esa nabirasini bag‘riga bosib, yuzidan hidlaganday bo‘lib ohista o‘pdi. Bobosining soqoli qitig‘ini keltirgan Elmurod o‘zini chetga tortdi. Tangriqul bobo uni qo‘yib yuborib, o‘rnidan turdi. Burchakda ro‘molining uchini tishlab jim o‘tirgan Oydin borib eshikni ochdi. Tangriqul bobo ishonch bilan ostona hatladi.

* * *
Mo‘ysafid boyagiday jiyronni yo‘rg‘alatib qishloq oralab borardi. Tepadan pastga qarab tarqoq joylashgan ovul uylari oralab o‘tgan yo‘l esa goh burilib, goh to‘g‘ri ketardi. Qishloq adoqlab qolgan joyda, qalin to‘qayzorga duch kelgan yo‘l biroz tepaga ko‘tarilib, Toshqul sho‘roning uyini aylanib o‘tar edi. Hozir Tang­riqul bobo o‘sha yerga yaqinlashib borar ekan, beixtiyor ot jilovini tortdi. Bir muddat tadoriklanib, so‘ng daryo sohilidagi to‘qay oralab ketdi. Ammo ot namxush yerga chuqur botgan tuyog‘ini uzib, tag‘in betartib o‘sgan jangalzor oralab yurishga ancha qiynalib qoldi. U goh pattaning betartib o‘sgan novdasi xurjundan ushlab qolgani bois burilib ketar, goh qalin o‘sgan yulg‘un aylanib o‘tishga majbur bo‘lardi. Bundan Tangriqul boboning jahli chiqardi. Illo, to‘g‘ri yo‘l qolib, bu yoqdan yurishga majbur edi. Mabodo u yo‘ldan ketsa, sho‘roga duch kelishi tayin. Tangriqul bobo uni uchratib qolsa, ayab o‘tirmasligini o‘zi ham yaxshi bilar, shu bois imkoni qadar sho‘rodan nariroq yurishni istardi. Hozir otdan ham, to‘qaydan ham nolimas, faqat sho‘roni koyirdi. Nihoyat, Toshqulning uyidan uzoqlashib, shu bilan birga, qishloqdan ham olislab katta yo‘lga chiqib oldi. Bu yerda yo‘l tepalikdan oshib tushar va bir tomondan daryo sohilidagi to‘qayzor chegaralab turgan, ikkinchi tarafidan esa adirlar qo‘riqlab yotgan qishloq ko‘zdan g‘oyib bo‘lar edi. Tangriqul bobo o‘sha yerdan turib qishlog‘iga yana bir qur nazar tashladi. Ko‘ziga shipshiydam tepalar sarg‘ayib munkayganday, to‘qayzor esa qishloqning bargsiz daraxtlari ila uyg‘unlashib qorayib ko‘rinar edi. Boz ustiga, daryoning yuqori qismidan o‘rlagan quyuq tuman manzaralari yanada xiralashtirib qo‘ygandi. Mo‘ysafid bularning barchasini oniy lahzada his etdi-yu, otga qamchi bosib, daryo oqimi bo‘ylab ketdi.
Tangriqul bobo borgan sari otni qistab kechgacha ko‘proq yo‘l bosishga urinardi. Zero, qorong‘i tushishi bilan bu yerda chiyabo‘rilar galasi sang‘ib yurar va hatto qobonlar ham uchrab turardi. Buni yaxshi bilgan Tangriqul bobo jiyronga ustma-ust qamchi bosib, namozshomdan burun Makidon ko‘prigiga yetib oldi. Yilning bu faslida ko‘prik tagidan o‘tgan suv ancha past tashlar edi. Shu sabab asrlar bo‘ylashgan ko‘hna g‘ishtin ko‘prik bu yoqda qolib, to‘g‘ridagi kechuvdan bemalol o‘tishi mumkin. Ammo mo‘ysafid terlagan otni muzday suvga kechirishni istamadi. Yontoqzor oralab ko‘prikka qarab yurdi. “Tavba, – deb o‘ylardi u ko‘prikka yaqinlashgan sari. – Iskandarday jahangir pishiq-puxta ko‘prik qurib nima qilardi?! Dunyoning narigi chetidan ne bir daryolardi kechib kegan odam bu yerdan sakrab o‘tsayam bo‘lardi… Olloni karomatini qarang, Iskandar Zulqarnay dunyoga qancha g‘avg‘o somasin, baribir, qo‘li ochiq o‘tib ketdi, lokin mundayin ko‘priklar qolaberarkan”.
Shunday o‘ylar bilan ketayotgan Tangriqul bobo kechaning bir mahalida yo‘lda duch kelgan ovulga burildi. U qator joylashgan pastqam uylarning eng chekkadagisi tomon borib, qopag‘on itlarni “Tur! Tur, ket”, deb haydab, kulbaga yaqinroq kelib:
– Kimsan aka… Hu-uvv Boybova, – deb chaqirdi. Ko‘p o‘tmay ichkaridan: “Hozir!” degan ovoz eshitildi. So‘ng kimdir fonus ko‘tarib chiqdi. U avval itlarni quvib soldi. Keyin:
– Kimsiz?! Keling! – dedi notanish yo‘lovchiga sinchiklab qarab.
– Mehmon qabul qilasizma?!
– Mehmon atoyi Xudo! Kelabering, – dedi uy sohibi allanechuk hadik, ammo samimiyat bilan.
– Assalomu alaykum! Boybova, uzr endi, sizdi bemahal bezovta qildik. Shu deng Termizga jo‘nab edim, kech qoldim.
– Eh-hey, Termiz qayerda, birov qayerda! Bu yoqqa burilib to‘g‘ri qilibsiz. Bemahalda yo‘l unmaydi! – dedi mezbon endi yanada ochiq chehra bilan ot jilovidan tutib. – Qani, otdan tushing-chi. Yo‘ldo-osh! Ho-oo, Yo‘ldosh! – deya uy egasi ortiga qarab chaqira boshladi.
Loysuvoq uyning pastqam eshigi ochilib, ichkaridan o‘smir bolaning ovozi eshitildi.
– Labbay!
– Uyga mehmon keldi! So‘ng o‘zing berman qara.
Bola onasiga o‘rin hozirlashni aytib chiqdi, shekilli, uyga birrovga kirib, so‘ng otasi tomon yugurib keldi. Qorong‘ida yuraverib ko‘zi ravshanlashib qolgan mo‘ysafid uning kelishidanoq o‘rta bo‘yli, to‘ladan kelgan yigit ekanini fahmladi. U yetib kelar-kelmas salom berib, mehmonga qo‘sh qo‘l uzatdi.
– Otni olib borib joylashtir, – dedi otasi unga jilovni tutqazib. – Egarini yechib ol-da, oshxonadagi kigizdan birovini yopib qo‘y. Kun sovuq. Bedadan tashla. Somon berma tag‘in.
Yo‘ldosh otasining gaplariga: “Xo‘p-xo‘p”, deb javob qaytarib olisladi. Uning ovozidan mamnunligi aniq sezilib turardi. Aftidan, Yo‘ldosh uylariga mehmon kelgani va yana jiyronni unga ishonib topshirishganidan quvongan edi.
Mezbon Tangriqul boboni uyga boshladi. Uy torgina dahliz va uning ikki yonidagi bir juft xonadan iborat edi. Ular o‘ng tarafdagi chog‘roq xonaga kirishdi. Bu yerga allaqachon yangi ko‘rpa-to‘shak solingan va dasturxonda bir juft zog‘ora non bor edi. Tangriqul bobo uy sohibining qistovi bilan to‘rga o‘tib, chordona qurdi. Mezbon esa poygakda omonat cho‘kib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi. Ular uzoq va quyuq ahvollashdi. Bu orada Yo‘ldosh qaytib kelib, qo‘shni xonaga kirib-chiqdi. Uning izidan onasi ham tashqariga chiqdi, shekilli, eshiklar yana g‘iyqillab ochilib-yopildi. Tashqaridan o‘tinning qarsillab singan tovushiga qo‘shilib ona-bolaning ovozi eshitilib turdi. Ko‘p o‘tmay ostonada Yo‘ldosh paydo bo‘ldi. U avval choynak-piyola, ikki kosa suyuq ovqat olib keldi.
– Bu nima tashvish?! – dedi Tangriqul bobo astoydil xijolat tortib.
– Tashvishi borma?! Allag‘aytib bir kebsiz, – dedi mezbon – To‘ra aka o‘sha-o‘sha samimiyat ila.
Ular bu vaqtgacha bir-birlari haqida suhbatlashib olgandi. Endi Tangriqul boboning qayerdan kelayotgani, qayoqqa, ne sababdan ketayotgani haqida so‘zlashib o‘tirishgandi. Dasturxonga qaralgach, o‘rtabo‘y, to‘ladan kelgan va qalin lablari osilib turadigan mezbon gapini boya to‘xtab qolgan joyidan boshladi.
– Nimasini aytasiz, mehmon. Zamonasiga o‘t tushdi. Hamma yoq alg‘ov-dalg‘ov. Mana, bizam asli tangiharamlikmiz, – pichirlab so‘zini davom ettirdi u. – Sho‘roning zulmidan qochib, shu yerlarga keb qoldik. Yangi hamsoyalarga “Hech kimimiz jo‘q. O‘zim sog‘ir o‘sganman. Yashashdan qiynalib ko‘chib keldik”, dedim… Nima bo‘lganini so‘ramang! Bir kechada qizil askarlar uyimizga bostirib kelib, otamdi olib ketdi. So‘ng dushmanning bolasi, deb o‘zimdi ham qistovga olaberdi. Yo qochib, yo o‘lib qutulaman, deb elingizga qarab kelaberdim. Qancha so‘rab-surishtirdim. So‘ng bilsam, otam o‘qiydigan kitoblar hukumatga qarshi yozilganmish. Tovba, deysan kishi. Huv, burung‘i zamondan qogan kitobdi ularga nima aloqasi borakan?! Bizdi bobolar bu kitoblardi yozganda dunyosida sho‘ro borligini bilmagan bo‘sa kerak?!
– Rost-rost, jo‘ra. Ulimda qanday guno bor edi? Qiladigan hunari yog‘och jo‘nib, qora uy (o‘tov), otga egar, odamga do‘mbira yasash. Nari borsa, qishloqdagi to‘ylarda, doston aytardi.
– Ey, ulingiz yuzboshimidi?! – hovliqib so‘radi mezbon.
– Ha, to‘y-po‘yga borib turadi.
– Bo‘ldi-bo‘ldi! Uniyam tangiharamlik baxshiday doston aytgansan, xalqdi miyasini zaharlagansan, deb olib ketgan. Bular uyda jimgina kitob o‘qib o‘tirgan odamdi qamaydi-yu, uni qo‘shiq qilib aytgandi tinch qo‘yama?! Nima bo‘ganda-yam, eldi manaman degan g‘ujurli  jigitlarini saralab olib ketyapti ukkag‘arlar!
– Tushunmay qoldim. Hech zamonda qo‘shiq aytgan odamdi qamaydima?! – dedi Tangriqul bobo eshitayotgan gaplariga ishonmay.
– Zamonasi shuytib aqldan ozib qoldi-da, mehmon bobo!

* * *
Bu vaqtda Oydin o‘g‘lini bag‘riga bosib yotar, undan sal narida Maryam momo ham uxlay olmay, u yondan-bu yonga ag‘darilardi. Oydin qaynotasi keksayganida bunday sarson bo‘lib yurgani, qaynonasining oromi yo‘qolib, bir ahvolda yotganida o‘zini aybdor sanardi. U Toshqul nima uchun Mengziyoning nomini qoraga chiqarganini taxmin qilar, sho‘ro shunday qabohatga qo‘l urishiga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmasdi. Oydin ancha yillar avval uning asl qiyofasini ko‘rgan, o‘shandayoq Toshqulning necha pullik odamligini bilgan edi. Lekin baribir bunchalik past ketishini kutmagandi.
O‘shanda Oydinning bo‘yi yetib, qalbi go‘zal tuyg‘ular oshyoniga aylangan payt edi. Barcha tengdoshlari kabi muhabbat dardiga mubtalo bo‘lgan, sevgisini esa qalb qal’asida asrab-­avaylardi. U boshqalar kabi o‘z dil tug‘yonini ochiq-oshkora aytishni sira istamas, tuyg‘ularini ko‘z-ko‘zlab so‘zlaydiganlarni o‘lguday yomon ko‘rardi. Oydin muhabbatni Yaratganning eng katta in’omi deb bilar, bu tortiqdan vujudi qushday yengil tortib, osmonda parvoz etgisi kelardi; qulochini keng yoyib yam-yashil qirlar osha yugurishni, azim tog‘larni va keksa daraxt­lardan yangi ungan maysalargacha bag‘riga bosishni xohlardi. Bu istak kuchaygani sari tanasi tobora to‘p o‘tmas qo‘rg‘onga aylanib borar, beixtiyor sirini oshkor qilib qo‘ymaslik uchun mum tishlaganday jim yurardi.
U aksari bo‘z bolalar va tengdosh dugonalari bilan qishloq va daryo oralig‘ida mol boqar ekan, muhabbatiga sazovor bo‘lgan yigitni zimdan kuzatishni, daryo sohilidagi ko‘l yoniga borib, shirin orzular og‘ushida o‘tirishni xush ko‘rardi.   
Bahorning seryog‘in kunlari daryo qishloq yaqinigacha toshib oqardi. Yozga yaqinlashgan sari suv orqaga qaytib, qishloq va daryo oralig‘ida keng maydon ochilardi. Bu maydonda katta ko‘l hosil bo‘ladi. Daryoning yuqori qismidan bir ariq suv ko‘lga oqib kelar va quyidan katta oqimga qo‘shilib ketardi.
Bu ko‘l Oydinning ko‘ngli kabi tiniq va sirli edi. Suvning musaffoligidan tubidagi mayda toshlargacha aniq ko‘rinib turardi. Cho‘pon bolalar tushlik payti uy-uylariga tarqaydi. Ular ketgach, qizlar atrofini butalar o‘rab olgan ko‘lda cho‘milar edi.
O‘sha kuni dugonalari kelmay, Oydin yolg‘iz bo‘lib qoldi. O‘g‘il bolalar uyiga ketishini poylab o‘tirdi. Bolalar qo‘yupodasini haydab jo‘nagach, atrofda hech kim qolmaganiga ishonch hosil qilib, ro‘molini yechdi. Etagini xiyol ko‘tarib suv kechdi. Uzun va bo‘liq oyog‘i suvda egri-bugri va kalta bo‘lib ko‘rindi. Bundan Oydinning zavqi keldi. Yana bir-ikki qadam tashlab ko‘lning chuqurroq joyiga bordi. Saratonning issig‘ida tanga rohat bergan suv qalbiga ajib tuyg‘u in’om etdi. Oydin etagini qo‘yib yuborib, nozik barmoqlari bilan quloq-burnini berkitgancha suvga sho‘ng‘ib chiqdi. Suvdan bosh ko‘tarishi bilan harir libosi tanasiga chippa yopishdi. Sochidagi suv durday tomib ko‘ksiga tushdi. Oydin kaftini suv yuzida yurg‘izib osmonga qaradi. So‘ng bir hovuch suvni olib, yuzini chaydi. U endi ko‘ldan chiqmoqchi bo‘lib oldinga yurgan edi, butalar orasida qarab turgan kimsani ko‘rib dodlab yubordi. Ko‘lning sayoz joyida o‘tirib olib, tanasini nomahram nigohdan yashirdi. Boyagi kimsa esa: “Jim! Tuss! Jim bo‘lsang-chi!” deb buta ortidan chiqib keldi. Oydin ro‘parasida Toshqulni ko‘rib:
– Nomahramga ko‘z tikishga uyalmaysanma, yeryutgur, – dedi. Toshqul esa sohilda turgan ro‘molni olib yuziga bosdi va:
– Nimaga nomahram bo‘larkan? Ertaga enam sovchi bo‘lib boradi, – dedi.
– Bekordi aytibsan!
– Bekormas, Oydin, senda ko‘nglim bor.
Oydin uning xotirjam gapirishidan negadir qo‘rqib ketdi. So‘ng Toshqul avvaldan qizlarning cho‘milishini poylab yurgan bo‘lsa-ya, degan xayolga bordi va:
– Nahs bosgan ko‘nglingga o‘t tushsin! – dedi alam va iztirob bilan. – Senga tekkandan ko‘ra qaro yerga kirganim durust. Ko‘zimdan yo‘qol, zanchalish!!!
Bu gapdan Toshqulning jahli chiqdi.
– Ko‘lda cho‘milayotganingni ongdan ko‘rib qolganimni  birovga aytsam, seni maxov ham xotinlikka olmaydi, – dedi.
– Olmasa-olmas, ko‘zim uchib turgani yo‘q… iflos qo‘lingni ro‘molimga tekizma!.. Bo‘masa, hozir baqiraman.
Toshqul noiloj o‘rnidan turdi. Lekin past kelgisi kelmay:
– O‘ylab ko‘r, ertaga enam boradi, – deb nari ketdi.
Oydin ho‘ng-ho‘ng yig‘lab sohilga chiqdi. U achchiq iztirob ila ro‘molini oldi. Unga Toshqulning qo‘li tekkan deb loy va qumga ishqalab qayta-qayta chaydi. Ammo baribir ko‘nglidagi g‘ubor tarqamadi.  
Oydin hozir shu voqeani eslab, bir vaqtda ikki uydan sovchi kelgani va u Mengziyoni tanlagani uchun Toshqul alamini olayapti deb o‘yladi. Bundan xo‘rligi kelgan Oydin: “Zanchalish… qo‘rqoq!” dedi. Maryam momo uning tovushidan sergak tortdi va:
– Kelin, tinchlikma? Nima deyapsiz? – dedi. Oydin beixtiyor ovoz chiqarib gapirib yuborganidan uyaldi va:
– Yomon tush ko‘rippan, – dedi. So‘ng yig‘isini qaynonasiga sezdirmaslik uchun ro‘molining uchini tugun qilib qattiq tishladi va Elmurodni bag‘riga bosdi.

* * *
Yumush bilan andarmon bo‘lib yurgan O‘ktam uylari tomon kelayotgan uch-to‘rt chog‘li kishiga ko‘zi tushdi. Bular shu qishloqning narigi uchida yashaydigan qarindoshlari bo‘lib, eshak minib kelayotgan momo – Tangriqul boboning opasi, yonidagi basavlat kishi Qobil aka – uning katta o‘g‘li, orqaroqdagi yosh yigit Shodiyor esa O‘ktamning bo‘lasi edi. U mehmonlarni olisdan turib tanidi va:
– Checha, – dedi uyga qarab.
Sigir sog‘ib qaytayotgan Oydin qayin ukasining chaqirig‘ini eshitib, unga ters tamondan tovush berdi:
– Chaqirdingizmi, kenja?
– Uyga odam kelyapti, – dedi O‘ktam qo‘li bilan yo‘lni ko‘rsatib va yangasiga o‘girilib qarab. Oydin mehmonlarni kutib olish uchun uyga tomon yurdi. O‘ktam ham yumushni tashlab, yangasining izidan ketdi.
Zarifa momo bilan o‘g‘li Qobil aka Meng­ziyoni olib ketgan kuni ham kelib, qarindosh­lariga tasalli berib ketishgan edi. Bugun ham Meng­ziyoning ahvoli ne kechgani, undan biror darak bormi-yo‘qligi haqida bilish uchun kelishgandi. Zarifa momo eshakdan tushar ekan, kutib olishga chiqqan Maryam momoga qarata:
– Qarindoshning tovushi qorong‘ida tanish deb kelaberdik, – dedi.
– Binoyi, binoyi, egachi, – dedi Maryam momo qaynopasining qoshida girgitton bo‘lib. – Qani, uyga kiringizlar. Elmurod, qo‘lga suv ol. O‘ktamjon, o‘zing qara, bolam!
Maryam momo mehmonlarni uyga boshladi. Avval Zarifa momo, so‘ng boshqalar yo‘l tortdi. U ishonch bilan qadam tashlashidan sakson yoshli kampirga sira o‘xshamas, yuzining tiniqligidan hech bir zahmat chekmaganday taassurot uyg‘otar, jussasini biroz egib yurgani bilan hamon novcha bo‘lib ko‘rinardi. O‘g‘li Qobil ham onasi kabi bo‘ychan, to‘ladan kelgan qoramag‘iz kishi edi. Uchinchi mehmon esa o‘rta bo‘yli, oqsariq va doim kulib turuvchi Shodiyor edi. Ular yoshiga qarab izma-iz uyga kirishdi. Zarifa momo ortida kelayotgan o‘g‘liga:
– O‘t, – deb uy to‘rini qo‘li bilan ko‘rsatdi.
– O‘zingiz to‘rlang, ena, – dedi Qobil.
– Erkak kishi bor joyda ayollar to‘rga chiqmaydi, bolam!
Qobil shunday javob eshitishni avvaldan bilar, ammo hurmat yuzasidan kamtarlik qilgan edi. Shu bois onasining gapi tugamasdan burun epchillik bilan to‘rga o‘tib oldi. U ikki qavat ko‘rpachada chordona qurib o‘tirdi. Boshqalar ham yoshi va hurmatiga qarab joylashdi. Zum o‘tmay o‘rtaga dasturxon yozilib, uy sohiblari topgan-tutganlarini dasturxonga qo‘ydi. Bu vaqtda allaqachon oqshom cho‘kkan edi. Zarifa momo ukasining qayerda ekanini so‘radi. Goh Maryam momo, goh O‘ktam navbatma-navbat gapirib, Tangriqul boboning qayoqqa ketgani va shu kunlarda ahvollari ne kechayotganini naql qildi. Mehmonlar ularning ko‘ngliga tegadigan so‘z aytib qo‘yishdan cho‘chib, ehtiyotkorlik bilan Mengziyoning kelgusi taqdiri haqida mulohaza qilishardi:
– Toshqul bir jugurdak, – dedi Zarifa momo yugurdak so‘ziga urg‘u berib. – Hukumat nima desa, shuni qiladi. Oylanayin, Mengziyojonning begunohligini bilib qo‘yib yuboradi. Bovrungiz to‘lib, to‘y qilib qolasiz. Ana shunda Toshquldi yuzi qorayib, uzr so‘rab keladi.
– Iloyim, aytganingiz kesin, opajon! – dedi Maryam momo ko‘z yosh qilib.
– Mengziyo bilan ariq qazishga borganim sira esimdan chiqmaydi, – dedi Qobil gap daromadini burib. – Huv, tegirmonga kelgan ariqdi daryogacha qazib borishimiz kerak edi. Ertalab Shoydullani uyidan sal balandda qazishdi boshladik. Kun chashga bo‘laberib Shoyduldi ulini chaqirdim. O‘ziyam xotini bilan uyga kirib-chig‘ib turbedi… Uli bizga tomon jo‘nayberib, birov chaqirdima, orqasiga qaytdi. So‘ng salom berib keldi. Bolani oldiga bir bel loyni qo‘yib, “Borib otangga ayt, o‘choqtosh1 tashladim”, dedim. Ukkag‘ardi uli ko‘zini pirpiratib, otam uyda jo‘q, desa bo‘lama?! Bo‘masa, enangga ayt, dedim. Ikkoviyam momomlardi uyiga ketgan, deydi. Bilib turippan: eriyam, xotiniyam uyda!..
– Ha, o‘lmabdi. Bir cho‘mich ovqat bilan biri ikki bo‘lib qolama? – deb gapga aralashdi Maryam momo.
– Bu yog‘ini eshiting-da, checha, – dedi labida kulgi o‘ynab Qobil aka. – Bolaga oting kim, dedim. Vositmi, Qosimmi, dedi. So‘ng, ke, ko‘rishamiz, deb qo‘lidan mahkam ushladim-da, otang qayerdaligini aytmasang, cho‘chog‘ingni kesib olaman, dedim. Shu qo‘limdan chig‘ib ketaman deb chiranadi, deng. Mahkam ushlab turaberdim. Oxiri ko‘zi girillab jilag‘iday bo‘lib, uyda enam bilan otam dashinib o‘tiribdi, desa bo‘lama!.. Borib otangga Qobil bobom cho‘chag‘ingni kesib olaman dedi, uydan chiqmasangiz, sizdiyam shunday qilarkan, deb ayt, dedim.
Bu gapdan so‘ng gurr etib kulgi ko‘tarildi. Shodiyor ichini ushlab yiqilguday bo‘lar, O‘ktam ham ovozining boricha xoxolardi. Zarifa momo esa:
– Ha, ishlaring tushsin… Kap-katta odamgayam shunday deyma? – deb yuzini ro‘moli bilan to‘sib kulardi.
– Keyin nima bo‘ldi? – dedi Shodiyor biroz o‘zini o‘nglab.
– Nima bo‘lardi, zig‘ir moydi palovidan to‘ydik, – dedi Qobil aka oshni hozir yeb tugatganday qornini siypalab.
– Odamlarda oqibat qomadi, – dedi Zarifa momo boyagiday salmoqdor ohangda. – Bo‘masa, shuncha gap-gashtak orttirib o‘tirmay, oshini pishirib, bermon kenglar, desa, bir joyi kamayib ketama?!
– O‘zi bir hazil qilgisi kegan, – dedi Qobil aka Shaydullaning yonini olib.
– Haziliyam, chiniyam shu. O‘choqtosh degani eskidan qogan gap, bolam. Bir ovuz ovqat bilan birov bir narsa bo‘lib qolmaydi. Lokin buyam odamdi sadag‘asiday gap… Shaydulga o‘xshagan qo‘lidan xayri qochgan, oqibatsiz odamlardi dastidan dunyo buzilib boryapti!  
Qobil aka gapning yana bu tarafga burilib ketganidan noqulay ahvolga tushdi. U necha kundan buyon Mengziyoning qayg‘usi bilan yonib yurgan qarindoshlarini biroz chalg‘itish, inchinun, bu kabi so‘zlarni unutib, ko‘ngilochar gurunglardan aytib, kayfiyatini ko‘tarmoqchiydi.  Shu bois onasining so‘zlarini tinglash barobarida Elmurod bilan ko‘z urishtirib, goh yuzini bujimaytib, goh tilini chiqarib, o‘yin qilib o‘tirdi. Qobil akaga taqlid qila-qila, axiri Elmurod kulib yubordi. Barchaning diqqati unga qaradi. Zarifa momo ham gapdan chalg‘ib, bolani erkalay ketdi va har kim o‘zi istagan odam bilan suhbatlasha boshladi.

(Davomi kelgusi sonda.)

1 Janda – mato turi.
2 Qo‘li juqa – qo‘li kalta, kambag‘al ma’nosida.
3 Govara– vujudi, gavdasi.
1To‘yaqorin – ildizi mo‘rt tikanakli o‘simlik.
1 Kayitib – “charchatib” ma’nosida.
1    Shunday odat bor – ariq qaziyotgan hasharchilar ko‘ngli tusagan odamga: “O‘choqtosh tashladik”, deb osharga ishora qiladi. O‘ziga xos mehmondo‘stlik va bag‘rikenglik bilan hasharchilarni osharga taklif qiladi. Garchand qazilayotgan ariqning ularga aloqasi bo‘lmasa ham.

Bobo RAVSHAN
(G‘oziddinov)

1988 yili tug‘ilgan.
Hikoya va esselari markaziy nashrlarda e’lon qilingan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.