25 daqiqada öqiladi

126 marta körilgan

Sizni öylayman…

Abdusaid Köçimov

Samarqand şahridan yölga çiqqan “Afrosiyob” poyezdi loçinday uçib, Toşkent temiryöl bekatiga kirib kelgan payt edi. Poyezddan tuşayotgan mahalimizda qöl telefonim jiringlab qoldi. Telefon qilayotgan yigit “Özbekiston” radiokanalida işlaydigan şoir Berdi Rahmat ekan.

– Aka, Barot Boyqobilov haqida bir eşittiriş qilyotuvdim. Siz rahmatli Barot akani yaxşi bilardingiz, şundaymi?

Savol bağoyat oddiy esa-da, bir zum hayron bölib, olağovur perronda turib qoldim. “Yo tavba! – deyman içimda. – Bu bir tasodifmi yoki tabiatning sirli qonuni? Buni qarang, axir, boyagina biz xuddi şu odam – Barot Boyqobilovni xotirlab, qança-qança voqealarni eslaşmovdikmi?”

Poyezddan tuşib, taksilar tizilib turgan manzil tomon borarkanman, Barot Boyqobilovning zuvalasi bovliqday eşilgan Kenagas qişloği bösağasidagi “Boği Xamsa”, boğning toğ betida tuproqlari çökib, atrofini endi-endi maysalar qoplayotgan qabr “lop” etib köz oldimga kelganday böldi. Ana, uç oğayni – şoir va adib Muso Abdurazzoq, urgutlik maorifçi örtoğim Quddus Asqar va kamina – uçovimiz, mitti kökatlar orasida döppayib turgan qabr oldida çökkalab turibmiz. Quddus “Qurʼon” tilovat qilyapti. Tevarak-atrofda yugurib yurgan bezovta şamol bir zayldagi hazin tovuşni boğ oralatib, qirlar sari olib ketyapti. Qarşimizdagi qora-qönğir döngsak ostida şoir yotibdi. Bir özi. Yolğiz. Mangu uyquda.

– Akaning qabri nega qabristondamas? – deb söradi tilovat tugaganidan keyin Muso Abdurazzoq. – Qişloqning mozori bordir?

– Bu – Barot akaning vasiyati, – izoh berdi Quddus. – Ölimidan bir yarim oyça avval u kişi qişloqqa kelgan ekan. Rahmatli hokimi­miz Xolmuhammad Jumayeviç ikkovimizni çaqirtiribdi. Men u vaqtda rayono mudiriman. Xolmuhammad Jumayeviç jurnalistdan çiqqan hokim emasmi, Barot akani yomonam yaxşi körardi. Bilsangiz kerak, Xolmuhammad Nur – şunday taxallusi bor edi – köp yillar Jizzax va Samarqand viloyat gazetalarida işlagan. Özimizning “Zarafşon”ga Boş muharrir bölgan. Kitoblari çiqqan. Şuytib, gaştipeşin, ikkovimiz “Boği Xamsa”ga keldik. Bu boğ Barot akaning taşabbusi va viloya­timizning öşa paytdagi hokimi saʼy-harakatlari bilan barpo bölgan. – Anavi bino, – deb boğning bir çetidagi ikki qavatli zamonaviy usulda qurilgan imoratga işora qildi Quddus. – “Maʼrifat uyi”. Barot Boyqobilovning umri davomida yaratgan nazmiy, nasriy, ilmiy asarlari, şoirga dastxat bilan tuhfa etilgan kitoblar şu yerga qöyilgan. Kelsak, Barot aka boğ hovlida yolğizgina bir özi, rangi öçinqiragan, stulda oyoqlarini çalkaştirib, öyga çömib ötirgan ekan.

Salom-aliklar qandaydir vazmin, yöq, undaymas, oçiği, odamni dilgir qiladigan, huş­yor torttiradigan bir alpozda böldi. Barot akani salomlaşiş paytida quçoqlaşib, öpişib, yalab-yulqaşiş odati yöqligini yaxşi bilardik. Qöl uzatib, gapni kalta qilardi doimo. Bu safar esa… Hokimimizning qölini qölidan qöymay uşlab turdi-turdi-da:

– Men yaqinda ölaman, – dedi tösatdan tomdan taraşa tuşganday sovuqqina qilib.

Ikkovimiz baravariga u kişiga qaradik. Nihoyatda xotirjam edi u kişi. Öz ölimi haqida bunday bemalol va bamaylixotir gapirgan odamni umrimda birinçi körişim. Etim vijillab ketdi. Xolmuhammad Jumayeviçning rangi oqarib ketgandi.

Barot aka yana bir muddat hokimimizning qölini uşlab turgandan söng, sekingina tirsagidan tutib, boğning toğ tarafidagi pastqam­likka qarab yura boşladi. Gapirmadi. Eski molhovuz örnidekkina çuqurlik marzasiga yetib, töxtadi. Bolaligida şu hovuzga bir narsasini tuşirib yuborgan-u, hozir öşani izlayotganday diqqat bilan çuqurga tikilib qoldi.

– Sizlarga bitta vasiyatim bor, – dedi yana birpas şu tarzda turganimizdan keyin siniq tovuşda. – Ikkovingizga işonaman. Ölganimdan keyin meni mana şu yerga qöyasizlar.

– Unday demang, ustoz, hali köp yaşaysiz, – dedi sovuq “vasiyat”dan haliyam öziga kelolmayotgan hokimimiz.

Barot aka Xolmuhammad Jumayeviçning gaplariga eʼtibor bermadi:

– Taʼziya bilan boğliq irim-sirimlargayam ikkovingiz boş böling. Sizlarga işonsam, bemalol oyoq uzatib ketaversam böladimi?

Xolmuhammad Jumayeviç menga, men u kişiga qarab duduqlanib turibmiz desangiz, qan­day köngil ovlaşni, nima deyişni bilmaymiz.

– Tağin bir gap, – dedi Barot aka undanam bamaylixotirroq. – Qişloqdagi baʼzi qariyala­rimiz “Qabristonimiz bor, bir qişloqqa ikkita mozorning keragi yöq”, deyişlari mumkin. Men, mana şu yerda – “Boği Xamsa”da yotsam, deyman. Qarşilik qilganlarni özingiz köndirasiz, xöpmi, Xolmuhammadjon?

Toş haykal bölib qotgan Xolmuhammad Jumayeviç “xöp”, deyişniyam, “yöq”, deyişniyam bilmasdi.

– Keça keluvdim. Kun böyi piyoda yurib, sekin qişloqni aylanib çiqdim, – dedi xayrlaşayotganimizda Barot aka. – Juda özgarib ketibdi. Köçalar boşqaça, odamlar boşqa, yaşaş boşqaça. Avvalroq kelib, tört-beş yil şu yerda tursam bölarkan, deb armon qildim. Bolaligimiz ötgan daştlar, “eşak mindi” öynagan qirlar, bahorda eçki-uloq tugul, eşak-otlarniyam çirpirak qilib oqizib ketadigan Sağanoq böylari… Eh-he, hammayoq armon. “Umr – oqar daryo”, deganlari şu ekan…

Izimizga qaytayotganimizda hokim bovo­miz boşini sarak-sarak qilib:

– Ustozga bir gap bölgan… – dedi ezilib. – Ilgari munday emasidi. Aytganday, eşonim, ustozning hozir aytgan gaplarini bironta odamga aytib-netib yurmang, tağin, turli miş-mişlar bilan odamlarga har xil yorliqlar osişni yaxşi köradiganlar köp, mayda-çuyda gaplarni bolalatib yuborişadi.

Attang, öşanda Barot aka rost gapirganini bilmay, turli xayol-gumonlarga borib köp xato qilgan ekanmiz. Xudoyimning qudratini köring­ki, oradan bir oy ham ötmay Toşkentdan: “Barot Boyqobilov olamdan ötdi. Tobuti Urgutga ketyapti”, – degan xabar keldi. Şoiri­mizni özi tayinlaganday qilib, özi belgilab bergan joyga qöydik. Barot aka yarim avliyo ekanmi, deyman, aytganlarining barisi rost çiqdi. Qariyalarning ayrimlari emas, juda köpi, xuddi marhum taxmin qilganiday: “Bitta qişloqqa ikkita qabristonning nima keragi bor? Özimizni mozorga qöyaveramiz”, deb turib olişdi. “Tirigida qişloqqa aralaşmovdi. Endiyam qöşilgisi kelmayaptimi?” degan eʼtirozlar ham köp böldi.

– Yöğ-e? – dedi bu gaplardan hayron bölgan Muso Abdurazzoq. – Bundan çiqdi, Barot aka ajali yaqinlaşganini oldindan sezgan ekan-da, a? Qabr örnigaça özi körsatib, belgilab berdimi, a?.. Odamzot deganlari haqiqatan ham tubsiz xilqat, turgan-bitgani sir. – Muso aka bir nafas xayolga çömib qoldi. Va nogahon muhim bir nima esiga tuşib qolganday: – Barot aka qişloqqa kam aralaşarmidi? – deb söradi.

– Bilasiz-ku, Barot aka işli odam edi. Toşkentda yaşardi, – öziça izoh bergan böldi Quddus. – Toşkent deganing, Samar­qand yo Urgut emaski, “ha”, deganda, “ma”, deb çopqillab kelaversang. Undan keyin, “yurtdoş”, “hamqişloq” deganda, köpçiligimizning xayolimizga töy-u maʼrakalarda qamişdan bel boğlab xizmat qiladigan, bordi-keldini joy-joyi­ga qöyadigan, boşiga biror taşviş tuşganda yonma-yon yelib-yuguradigan odamlar keladi. Şunday insonlarni maqtaymiz, alqaymiz, olqişlaymiz. Bu rost. Lekin, mening nazarimda, hamqişloqlik tuyğusi Barot akaning içida edi, yuragining törida edi. Kindik qoni tomgan tuproqqa, hamyurt-hamqişloqlarga muhabbat, ona qişloği Kenagasga bölgan mehr ham qon-qoniga singgan, yuragi çaşmalar-u çinorlar maskani bölmiş yurtimiz Urgut bilan çirmoviqday çirmaşib ketgan edi.

Tölqinga töş ursam soyingizda men,

Jismimda bor dardim tutday tökilar.

Soğinçdan boş qöysam poyingizga men,

Közdan yoş tirqirab, yurak sökilar,

Men sizni sevaman, sevilgim kelar,

O, Urgut toğlari!

Şohona toğlar!

Bir insonning yuragida yurtiga, xalqiga muhabbati bölsa, şunça böladi-da, töğrimi?

– Rost. Bizaram Boyovutdagi köp tadbirlarga qatnaşolmaymiz.

– Gap tutun çiqqan har uyga şipillab kelib-ketişdamas. Yurakda. Mehr yurakda bölsin. Barot aka sirtdan qaragan kişiga özidan bölakni öylamaydigan mağrur va kibor odamga öxşab köringani bilan yuragida odamlarga, döst-u birodarlarga beadoq mehr jöş urib turgan qaynoq qalb egasi edi. U kişi, menimça, heç qaçon, heç kimga beparvo yoki loqayd bölgan emas, aksinça, yuragining tub-tubidagi mehr şu qadar köp bölganki, undagi çeksiz nazokatdan hayratlaniş mumkin, xolos.

Lekin odamzotning tabiati şunaqami, bilmadim, hamişa yonimizdagi odamlarni tirigida qadrlaşni eplolmaymiz, qadrlaş nari tursin – tuşunmaymiz, tuşunişni istamaymiz, alaloqibat, yomon köramiz, malomat toşlarini otamiz. Şakarguftorlik qoğoziga öralgan yolğon mehribonliklar oldida esa eşi­lib ketamiz, köklarga kötarib maqtaymiz undaylarni, yonida yurgimiz, könglini ovlagimiz, totli sözlari, yoqimtoy maqtovlarini yanayam mölroq eşitgimiz kelaveradi – töymaymiz yolğonlarga, yolğon maqtovlarga. Töğri, halol odamlardan esa… Ey-y! – deb qöl siltadi Quddus. – Biri kam dunyo degani şu-da… Xullas, Barot akani kimlardir töğri tuşunmagan bölişi mumkin. Agar hokimimiz Xolmuhammad Jumayeviç mahkam turmaganda, şoirning vasiyati ham bajarilmay qolişi aniq edi. Xolmuhammad Jumayeviç, iloho, joylari jannatdan bölsin, Barot Boyqobilov aytgan vasiyatlarni töla-tökis ado etdi. Bajardi-yu, ertasi kuni… öziyam ustozining orqasidan ketdi… Şoir yerga qöyilgan tunda gazdan zaharlanib, ellik olti yoşida bu dunyoni tark etdi. Urgut ikki kunda ikki uluğidan ayrilib qoldi… – tomoğiga bir nima qadalgandek Quddusning ovozi böği­lib, közlarida yoş ğiltilladi.

Örtaga oğir sukunat çökdi.

– Qabr uçun bahavo joy tanlagan ekan, – dedi ançadan keyin Muso Abdurazzoq. – Qarang, bu yerdan hamma yoq kaftdagiday köri­nib turibdi.

Uçovimiz bir muddat Urgut toğlarining şakar sepilganday oqsoçli qoyalari, qoyalar orasiga ilonday buralib-öralib kirib ketgan söqmoqlar, toğ yoqalab marjonday tizilgan Şirvoq ota, Zinak, Mingbuloq, Qoratepa, Omonqöton qişloqlariga jimgina tikilib qoldik.

– Rahmatli Barot aka Navoiy bobomga qarab yotayin, deb şu manzilni ixtiyor etgan bölsa kerak, – dedi Quddus çap tomonda tasmaday tovlanib turgan “Toşkent – Termiz” şohköçasi yoqasidagi baland toştepa ustida turgan Alişer Navoiy hazratlarining haykali tomonga işora qilib. – Biz – nodonlar, öşa mahalda şoirimizning şu oddiy istagini tuşu­nib yetmabmiz.

– Öziga xos şoir edi Barot Boyqobilov. Ayniqsa, sonetlari…

Odatda, şoir qavmi, majlis-u maşvaratlarda gumburlatib nutqlar irod qiliş, qarsilla­tib şeʼrlar öqiş, teleekranlarda qayta-qayta körinişlar berib turiş kabi xislatlarga öçroq böladi. Hozir eslab körsam, Barot akani biron adabiy uçraşuvda ayqirib-hayqirib şeʼr öqigani, nutq sözlagani yoki televizorda özini köz-köz qilib ötirganini körmagan ekanman. Bunaqa masalalarga evatayi yöq edi uning. Xizmat safarlaridan boşqa paytlarda xuddi tramvay kabi ertalab bitta yöldan işga borib, keçqurun öşa yöldan töğri uyiga qaytişini esa köp kuzatganman. Öxşatiş qöpolroq tuyulsa-da, Barot akaning har kungi “marşruti” aynan tramvayning temir izlari singari mustahkam va bir xil edi. Men tanigan, bilgan kundan to umrining oxirigaça ana şu “marşrut”ni buzmay yaşadi. Barot aka töy-u maʼrakalarda ham yakkam-dukkam körinardi. Gap-gaştak degan gurunglardan olis edi, vaqt­ning har daqiqasini öta qatʼiy reja va ölçov asosida zargarona hisob-kitob bilan sarflardi. Endi bilsam, iş va yozişdan boşqasi haqida öylaşga vaqt qoldirmaydigan, butun vujudi bilan temir intizomli odam bölgan ekan u inson. Xotiralar içiga kirib boryapman-u, yuragimda tuşuniksiz tuyğular jimillab ketyapti: hovriqibmi, şeʼr aytgisi kelibmi…

– Şoşmanglar, – deb yubordim mavridi bor-yöqligini öylab ötirgim kelmay. – Şu yerda Barot akadan tört qator öqişimiz kerak. U kişi hozir bizdan şuni kutib turibdi.

– Oh! – dedi Muso Abdurazzoq. – Ayni vaqti. Öqing, aka.

– Quyoşga öxşaydi muhabbat,

Muhabbat quyoşday qarimas.

Quyoş-la kulganday tabiat,

Yurakdan muhabbat arimas.

 

Muhabbat öxşaydi quyoşga,

Quyoş-ku yaşolmas osmonsiz.

Demakkim kirsa ham şu yoşga

Muhabbat yaşolmas insonsiz.

Men şeʼrni tugatar-tugatmas Quddus ilib ketdi:

– Soy böyida ikki arğuvon,

Novdalari ketgan tutaşib.

Göyo işqin etib armuğon

Ikki oşiq turar öpişib.

– Bu şeʼrni studentlikda qizlarga aytib, açko olardik, – iljayib davom etdi Quddus. – “Muhabbat xiyoboni” degan kitobidagi şeʼrlar­ning köpi hoziram esimda turibdi.

– Barot akani yaxşi körarkansiz, – deb Quddusga havasli nazar soldi Muso Abdurazzoq. – Men özimni u odam bilan yaqin edik, ustoz-şogird edik, deyolmayman. Ammo Barot aka haqiqatan ham mehnatkaş edi. U kişini hayotning rohat-faroğatlaridan voz keçib, özini adabiyotga baxşida qilişga kuç topgan zahmatkaş ijodkor edi, deyiş mumkin. Adaşmasam, ellikdan ortiq kitobi bor, eng mayda janr farddan tortib beş şeʼriy romandan iborat “Xamsa” yaratiş darajasigaça yetdi.

– Gap akaning asarlari töğrisida ekan, men aytay, sizlar eşitinglar, – Quddus şunday deb Boyqobilovning kitoblarini sanay ketdi: – “Afrosiyob”, “Samar va Qand”, “Vatan tuproği”, “Visol”, “Sonetlar”, “Seni izlayman”, “Zamon zayli”, “Muhabbat xiyoboni”, “Kim sokin yaşaydi Özbekis­tonda”, “Şarq kamalagi”, “Visol va hijron”, “Meni kuting, yulduzlar”, “Tabarruk tuproq”, “Sen tuğilgan kun”, “Kun va tun”, “Şukuhli karvon”, “Notinç Xuroson”, “Sokin Xuroson”, “Qonli Xuroson”, “Navoiynoma”, “Hayrat ul-Ahror”, “Özbeknoma” – bunça kitobni şeʼrsuyarlar ixtiyoriga topşiriş uçun, eh-he, qança mehnat, qança zahmat çekiş kerakdir.

Quddus jöramning sözlari Barot akaning: “Ijodkorda metin tartib bölmoği şart”, mazmunidagi gapini esimga tuşirdi.

– “Kunduzi işxonangni, keçasi öz işingni öyla, – derdi u kişi. – Men kun davomida idora yumuşlari bilan maşğul bölaman. Keçqurun – mutolaa qilaman, kitob öqiyman. Saharda turib yozaman. Ikki-uç varaqdan kam yozgan kunim – eng besamar kun hisoblanadi men uçun”.

Bu tartib. Ammo bunday tartib bilan bir kun, ikki kun, boringki, bir hafta işlaş mumkindir. Ammo oylab, yillab… Qiyin. Juda qiyin. Köp şoirlar: “Bir neça oylab qölimga qalam uşlolmayman”, – deb noliydilar. Özbekiston Qahramoni Abdulla Oripovday uluğ şoir ham qaysidir şeʼrida: “Olti oykim, şeʼr yozmayman, yuragim zada”, – degan.

– Barot aka, yozuvçining vazifasi, umuman, ijodkorning yaşaşdan maqsadi, faqat yozişdan iborat deb, tuşunganmikin, degan öy keladi xayolimga, – dedi Muso Abdurazzoq.

– Yöqsa, tirik inson uçun öyin-kulgi, gap-gaştak, deganlarni bir çetga yiğiştirib qöyiş osonmi? Barot aka tinmay yozgan. Reja bilan, oldiga “plan” qöyib yozgan. “Plan” tölmagan kunni “eng besamar kun” deb hisoblagan.

– Ijodkorning adabiyotdagi örni qança köp asar yozgani-yu, kitoblarining semiz-oriqligi bilan ölçanmasligi almisoqdan qolgan haqiqat.

Umuman, gözal poeziya olovli tuyğulardan yaraladi. Serhosillik esa turli-tuman munozaralarga mavzu böladi.

– Barot akaning asarlari ham köp-köp mulohazalarga sabab bölganini hammamiz yaxşi bilamiz.

– Adabiyotni sizlar aytayotgan murakkab tomonlariga unça aqlim yetmaydi-yu, mening bilganim, Barot aka nihoyatda töğri söz odam edi. Bor gapni betingga aytardi-qöyardi, – deb Quddus şu yerda yana suhbatga qöşildi. – Betga aytganning zahri yöq, deymiz-u, lekin köpçiligimizda şu xislat – betga aytiş fazilati yetişmaydi. Çunki haq sözli böliş oğir masala. Betga aytiş uçun eng avval öşa odamning özi halol, öziga işongan bölişi, heç kimdan tili qisiq joyi bölmasligi kerak. Sözlari “aççiq-töğri”ligi uçun ham Barot aka ayrim yaqinlarini özidan bezdirib qöygan, ularga yoqmay qolgan bölişi mumkin. E-e, uzoqqa borişning nima keragi bor, mana, Abdusaid, – deb menga yuzlandi. – Qani, nimalar demagansiz Barot akani, a, ayting? – jim turganim uçun endi Muso akaga burildi. – Mana şu oğayningizning öziyam köp yillar Barot akadan ranjib, yomon körib yurgan. Sababi, Barot aka gapning pöstkallasini aytgan unga. Yo gapim notöğrimi? – deb yana menga tikildi.

Quddus jöramning bu savoli Barot aka bilan bölgan birinçi uçraşuvni esimga tuşirdi.

Bugungidek yodimda. 1972-yilning bahori edi.

Institutni bitirib, diplom qölga tegadigan kunlar yaqinlaşayotgan payt. Bilasiz, bunday damlarda ikki qator şeʼri matbuotda çiqqan qalamkaş borki, unça-munça şoirni – şoir, yozuvçini – yozuvçi, demaydi. Biz ham Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi kabi uç-törtta şoir-u, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Şukur Xolmirzayev singari beş oltita yozuvçidan boşqasini mensimay, tutab yuribmiz. “Tan olinganlar” röyxatida Barot Boyqobilov ham bor. Şoirning sonetlari, ayniqsa, maşhur. “Barot Boyqobilov – Petrarka, Dante, Şekspir, Mitskeviç, Puşkin kabi özbek ada­biyotini sonetlar bilan boyitayotgan şoir”, deb orqavoratdan maqtanib ham qöyamiz. Bitiriş arafasida men “Öqituvçi” naşriyotiga işga taklif qilingan esam-da, orzum, adabiy til bilan ifodalaganda, “ijod bilan şuğullaniş” bölgani tufayli, könglimdagilarni ança-munça sirdoş bölib qolgan domlamiz, talay yoş qalamkaşlarning mehribon ustozi rahmatli Pirmat Şermuhamedovga aytdim.

– “Öqituvçi” naşriyoti juda uluğ dargoh. Bunday taşkilotda işlaşning özi katta baxt, – dedi domlamiz. – Bu naşriyot, asosan, darsliklar çiqaradi. Ijodiy taşkilot masalasida, eng yaxşisi, siz Barot Boyqobilov bilan bir maslahatlaşing. Barotjon hamyurtingiz, hozir dasti uzun, kattakon naşriyotning rahbarlaridan bittasi, albatta, töğri yöl-yöriq körsatadi.

Men Barot Boyqobilovni örta maktabning oltinçi-yettinçi sinfda öqib yurgan paytimdan buyon yaxşi tanisam-da, şu paytgaça körişib, gaplaşgan emasdim. Demakki, u kişi ham meni tanimaydi.

“Yaxşi tanişim”ning yana bir sababi şuki, Barot akaning qişloği – Kenagas bilan bizning qişloq orasi tomga çiqib huştak çalsang eşitilgudek bir-biriga yaqin, qolaversa, şoir akamiz bilan maktabdoş hammiz. Maktabimiz kutubxonasida uning “Samarqand satrlari”, “Samarqand uşşoği” degan kitoblari bölib, kitoblardagi şeʼrlarni yaxşi körardim. Ularni öqiganda qişloğimiz köçalari yoqalab oqayotgan ariqlardagi suvning jildiraşlari, hamma yoqni oppoq çangga kömib daştga örlayotgan podadagi qöy-eçkilarning maʼraşlari juda boşqaça – qandaydir sehrli eşitilganday bölaverardi. Ayniqsa, Urgut toğlari haqidagi şeʼrlari ğalati tuyğular qözğar edi bola şuurimda. “Karj-karj toğlar etagida bor xazinasin, Javohirday köz-köz etib yuksalar Urgut. Kumuş soçli çöqqilarga qöyib siynasin, Çöng bilakli pahlavonday ter tökar Urgut”, – deb boşlanuvçi şeʼridagi “karj-karj toğlar”, “kumuş soçli çöqqilar” degan sifatlarni tasavvurimga siğdirolmay, toğlarni “karj-karj”, çöqqilarni “oq soç” deyiş mumkinmi, deb adabiyot muallimi­mizdan söraganlarim ham yodimda.

O, Urgut toğlari!

Şohona toğlar!

Sizga asir tuşdim bolalik kezdan,

Şaydoyi könglimga jonona toğlar.

Yoşlik barvaqt meni ayirdi sizdan,

Qoşimda çarx urgan parvona toğlar!

Bu toğlar, toğ etaklarida yastanib yotgan qir-adirlar, dala-daştlardagi har bitta giyoh, har tup maysa haqida katta-katta dostonlar yozgim, ertaklar töqigim kelib ketardi mening ham. Barot Boyqobilov şeʼrlarining taʼsiri edi bunday tuyğularning hammasi.

Keyin-keyin uning “Urgut çinoridan mening qalamim, Qalbimning sofligi – buloqlaridan. Odamlarin mehri – ötli kalomim, Qaddim rasoligi – alp toğlaridan”; “Hamma uyda yonadi çiroq, Kulib boqar ming bir deraza. Çiroq öçgan bir uyda biroq, Parvonalar tutadi aza” – degan misralarini odam yöq joylarda ayqirib-hayqirib aytib yurgiç bölganman.

Maktabimizning katta zalida “Bular – maktabimiz faxri” – degan oynali taxta bölib, unda turli vazifalarda işlayotgan sobiq maktabdoşlarimiz – amaldorlar, olimlar, jurnalistlar, şoirlar, bir söz bilan aytganda – “maşhur kişilar”ning surati osiğliq turardi. Ostiga “Şoir Barot Boyqobilov” deb yozilgan suratni ilk marta ana şu taxtada körganman. Köçalari çang-çung, uylarining tomida qizğaldoqlar oçilib turadigan qişloqdan ham şoir çiqişi mumkinligi hayajonlantirgan bölsa kerak. Boyqobilov maktabni bitiribmi yoki sakkizinçi sinfni bitirganidan keyinmi, u yoğini aniq bilmayman, Samarqanddagi pedagogika bilim yurtiga öqişga kirgan. Söngra Alişer Navoiy nomidagi Samarqand Davlat universiteti­ning özbek filologiyasi fakultetida tahsil olgan. Undan keyin Toşkentga ketgan va katta-katta vazifalarda işlagan. Bular, albatta, keyingi gaplar. Hozir esa yana Pirmat domlamiz maslahat bergan kunlarga qaytayin.

Şunday qilib, domlamizning maslahati bilan Barot Boyqobilov huzuriga – meni tanimaydigan odamning oldiga borsammi-bormasammi, deya ikkilanib yurganimda, Barot akaning qişloqdoşi va qarindoşi bölmiş şoir Erkin Neʼmatov bilan uçraşib qoldik. “Bormang! Befoyda, – dedi Erkin aka qatʼiy. – Bekorga könglingiz xira bölgani qoladi”. Döst-birodarlariga mehribon, kuydi-pişti, qölidan keladigan yaxşilikni birovdan ayamaydigan Erkin aka­ning bu gaplari ikkilanişlarimni battar köpaytirdi. Lekin Pirmat domlamiz har körganda qistovga olaverdilar:

– Nega bormayapsiz? Barotjon yoşlarga mehribon. Boring. Albatta, maslahat beradi.

Domlamizning gaplaridan ilhomlanib: “Borsak, boribmiz-da, oldiga solib haydamas. Bahonada tanişib olamiz”, deb, oyoğim tortmayroq yölga tuşdim. Katta akamning “Boyqobilov bilan bir klassda öqiganmiz”, degani quloğimda qolgan edi. Aytsam, esiga tuşar. Esiga tuşsa, yurtdoşlik tuyğulari jöş urib ketar, degan umid ham köngilda yöq emas. Lekin eşikdan kirgan zahoti juda katta xatoga yöl qöyganim yaqqol bilindi. Barot aka meni beş-begonadan beş battar sovuq qarşi oldi. Gaplarimni derazaga qarab ötirgan holda faromuş eşit­di. Şunday bölsa ham, men “nimalar bilan maşğulligimga qiziqar, nimalar yozişimni sörar”, degan ilinjda edim.

– Demak, şaharda qolmoqçisiz. Şundaymi? – deb söradi göyo bir nimadan noroziday. Uning ovozi vazmin, bir tekisda silliq va andak tahdidli edi. Allaqanday sinovçan tajanglik ham bor edi qiyofasida. Barot aka savol berişga berdi-yu, ammo javob kutmay, gapni kalta qildi: – Maslahatim, uka, qişloğingizga boring, kamida ikki yil yaşang. Maktabda dars bering, dehqonçilik qiling, mol-holga qarang. Agar şundan keyin ham şeʼr yozgingiz kelaversa, qayting. Gaplaşamiz. – Şuning bilan “gap tamom” deganday stolga “şap” etkizib bir urdi-yu, oldida oçiq turgan qoğozlar ustiga egildi.

Sovuq qiş kunida hovuzga tuşib ketganday afsus va alamdan qalt-qalt titrab yölakka çiqdim. Erkin Neʼmatovning maslahatiga quloq solmaganim uçun tepib-tepkilablar taşlagim keldi özimni. Bor, deb tezlagani uçun ustozim Pirmat Şermuhamedov ham “quruq” qolmadi. “Kaltak kötarib quvmasangiz, Toşkent sizga torlik qilib qoldimi? Bu odamning oldiga ikkinçi qadam bosmayman!” degan xayollarga borganim hali-hali xotiramda.

Yana bir voqea ham esimda qolgan. Aniq bilaman, 1980-yilning qişi edi.

Öğlim Oybek kap-katta yigitça bölib qolgan. Otam akamning öğliga qöşib, bizni öğilçani ham “qölini halollaydigan” böl­dilar. Bu paytda bolalar gazetida işlardim va turli-tuman sabablarga köra, endi Barot Boyqobilov bilan tanişib, onda-sonda uçraşib ham turardik. Barot aka öziga yaqinlaştirgisi kelmayotganini sezganim bois, tirğalmasdim, uzoqroq yuriş payida bölardim. “Barot aka özi bilan odamlar orasiga körinmas bahaybat devor qurib olgan. Teng-töşlari, kasbdoşlari ham ötolmaydi bu devordan. Haymiqibmi, begonasirabmi, işqilib, ehtiyotkor turişadi oldida. U bilan böladigan oddiy suhbatlar ham rasmiy tus oladi”. Köp kuzatuvlardan keyin ana şunday töxtamga kelib bölgandim.

Töy bahona uç-törtta jöralar va kasbdoş akalarni Urgutga taklif qildim.

– Barotjongayam ayting, eşitsa, xafa böladi, – dedi qaynotamiz – şoir Şamsi Odil.

Ular bir-birlari bilan ança yaqin edilar. Benihoyat samimiy va beğubor inson bölgani tufayli qaynotamizning gapini qiyolmadim. Bir parça qoğozdan iborat “Taklifnoma”ni kötarib, Barot akaning Oloy bozori yaqinidagi “dom”iga bordim. Törtinçi qavatga kötarildim. Qönği­roqni bosdim. Barot akaning özi çiqdi.

– Otangizning puli şunçalar oşib-toshib ketganmi? – dedi töyxabarga köz qirini taşlab. – Unday bölsa, borib ayting, sizga uy olib bersin. Ijarada, birovlarga siğindiday yurmaysiz. Töy bilan odamlarni qoyil qiladigan zamonmi hozir?!

Içim ezilib ketdi bu muomaladan.

Örni kelgani uçun 1983-yilda sodir bölgan yana bir voqeani ham aytişim kerak.

Öşa yili bolalar gazetining masʼul kotibligidan “Şarq yulduzi”ga – şu vazifaga ötdim. Jurnaldagi mazkur vazifa öşa zamonlardagi “sekapartiyaning nomenklaturasi”da turar ekan. Yangi idorada beş-ön kun işlaganimdan keyin boş muharririmiz Pirmat Şermuhamedov (ha, öşa, özimizning domla) qölimga jurnal­ning yangi sonidan ikki nusxa tutqazib aytdiki, şuni Barot Boyqobilovga eltib bering. Şu bahonada minnatdorlik ham bildirib kelasiz.

Bu yoqqa ötişimda Barot akaning hissasi bor ekan-da, degan fikrda xursand böldim. Barot aka öşa paytdagi sekapartiyaning madaniyat bölimida sektor mudiri vazifasida bölib, Yozuvçilar uyuşmasi va uyuşmaga aloqador taşkilotlarni “kureruvit” qiliş ham u kişining zimmasida edi.

– Katta rahmat. Sizning qöllovingiz bilan bu yoqqa ötib… – deb boşlagandim hamki, gapimni şartta kesib:

– Mening aloqam yöq. Söraşganida: “Hali yoş, qiynaladi”, deganman. Nima qilsa, Pirmatning özi qildi. Azimov (Sarvar Azimov) va Törayev (Madaniyat bölimi mudiri Aziz Törayev) bilan kelişib, özi hal qildi, – dedi.

Öşanda Barot akaning muomalasidan xafa böldim, yuragim oğridi. “Qarşilik qilibsan-qilibsan, endi, köngil uçun bölsa hamki, bu yoğiga ehtiyot böl, yaxşi işla, desang, asakang ketadimi?” deyman içimda.

Bu gaplardan Quddusning xabari bor edi. Muştdaylikdan birga ösib, birga öynab, birga katta bölganimiz sababdan hayotimda sodir bölgan voqealarning köpini unga aytganman. Hozir u öşa voqealarga işora qilayotgan edi.

– Nega xayol surib qoldingiz? – deb burovni mahkamroq tortdi Quddus. – Neççi martalab könglingiz qolgan. Töğrimi? Töğri gap tuqqa­ningga yoqmaydi, deganlariday, a?

– Bilasizlarmi, nima, – dedim fikrlarimni birmunça jamlab bölganimdan keyin. – Barot Boyqobilov soxtalik va soxtakorlardan, dumini qilpanglatib turadigan xuşomadgöylardan, şirin yolğonga mazaxörak bölib qolgan xuşomadxörlardan jirkangan, undaqalarni qayirib taşlagan. Özigayam, boşqalargayam talabçan, samimiy va behad toqatli bölgan. Nimaga erişgan bölsa – “qora mehnat” orqasidan erişgan, boşqalarniyam yengil va oson yöldan borişini istamagan; qiynalsin, hayotni tuşunsin, vaqtning qadriga yetsin, birovlarning yelkasini narvon qilib tomga çiqişga örganmasin, degan. Bu haqiqatni keyin, oradan köp yillar ötib ketganidan keyin angladim.

Haq gapni aytgani uçun Barot akadan xafa bölib yurganlarimga kelsak, ha, rost. Birinçi uçraşuvimizdagi gaplarni, “öziga işonçi bölmasa, ijod qilaman deb, katta şaharda qiynalib yurmasin”, degan niyatda degan. Qolaversa, bizga öxşaganlardan heç qaçon Abdulla Oripov yoki Erkin Vohidovlar çiqmas­ligiga közi yetgan bölişi ham mumkin. Töy töğrisidagi fikrlariyam töppa-töğri. Öşa paytda otam töyga ketgan sarf-xarajatga uy olib berganida, ehtimol, neça yillar ijarama-ijara qiynalib yurmagan, bolalarimning uçalasi ham ijaralarda dunyoga kelmagan bölarmidi… Boşqa mavzularga ötib ketmasimizdan avval jurnal bilan boğliq masalaniyam izohlab keta qolay. Insof bilan aytadigan bölsak, öşa paytda Barot akaning örnida ötirgan odam sira ikkilanmasdan: “Zörğa ötkazdik. Qarşiliklar köp böldi. Özim turib berdim. Javobgarligi böynimda, dedim. Bu yoğiga endi mahkam böl. Yuzimni yerga qaratma” qabilidagi gaplar bilan tilyoğlamalik qilgan bölardi. Barot aka esa heç nimani öylamay bölgan voqeani aytgan. Axir, şuning öziyam ibrat, mardlik emasmi? Nohaq ekanimga allaqaçonlar amin bölganman. Barot Boyqobilovni dilidagilarni oqizmay-tomizmay tiliga çiqaruvçi, haqgöy va botir odam bölganiga imonim komil. Töğri, u kişi baʼzi sözlarni, masalan birinçi uçraşuvimizda menga aytgan gaplarini mayin, suhbatdoşini injitmaydigan, maslahat va yöl-yöriq tarzida ham aytişi mumkin edi. Lekin nima özgarardi? Baribir mohiyat bir xil – bitta-ku!

Keyin-keyin Barot aka hamişa vaʼdasining ustidan çiqadigan, qölidan kelmaydigan işga heç qaçon vaʼda bermaydigan, bir sözli odam ekaniga ham juda köp marta guvoh böldim. Eh-he, bu olamda dunyoga kelganidan buyon bir kalima haq sözni aytişdan qörqib, özini topolmay, tuşunolmay yaşab yurgan ruhan mayib odamlar ozmi!

* * *

Uyga kelgaç, ne pallagaça tölğonib yotdim. Uyqum öçib ketdi. Şoirning jonli, murakkab, maftunkor siymosi köz oldimga kelaverdi. Birovlarning orqasidan gapiriş, yomonlaş, kulib – kalaka qilişni bilmagan bu odamning havasli va hayratli fazilatlari, mana endi öylab körsam, juda köp ekan. Barot Boyqobilov köz yoşlarni ham, taşvişlarni ham mardligi va olijanobligi bilan pinhon tutgan inson bölgan ekan…

Şoirning betakror xislatlarini eslagan sayin yuragim açişadi, dilgirligim oşadi. Aqlim bir narsani aytsa, yuragim boşqa narsaga undaydi. Inson zotining bir-biriga befarqligidan, hayotning berahmligidan tang bölaman, ezilaman. Biz gohida bilib-bilmay qançadan-qança sof dillar samimiyatini poymol qilamiz. Insonlar­ning qadriga yetmaymiz, qadrlamaymiz va keyin afsuslanib yuramiz. Hozir men ham öz vaq­tida uning qadriga yetmaganimni hayotim­ning ulkan yöqotişlaridan va eng katta xatolarimdan biri deb bilaman. Endi heç qaçon Barot Boyqobilovni körmaymiz. Bundan bu yoğiga bizning könglimizga tasalli beradigan narsa – u qoldirgan adabiy meros. Bu meros kattadir, kiçikdir, salmoqlidir, gözaldir yoki munozara­talabdir – bir nima deyolmayman, maqsadim uni ölçab köriş emas. Şoir ijodini tahlil qi­liş, baholaş niyatim ham yöq. Qölimdan ham kelmaydi. Bunday vazifani bajarguvçi kişilar bor, mutaxassislar bor. Vaqti-soati bilan şunday ham bölar. Şunday bölgan taqdirda ham, heç kim yöqdan bor qilolmaydi – suhbatdoşi, darddoşi şu – şoirdan qolgan meros böladi. Biz ham ana şu boylik bilan sirlaşamiz, fikrlaşamiz. Şoirning özi esa bundan keyin tasavvurlarimizda yaşaydi.

Keçasi, soat kimneççilarda, tongga dovur uxlamay, tun böyi şeʼrlar yozguvçi suyukli şoirimiz Azim Suyun telefon qilib qoldi. Azim akaning şunaqa odati bor: qoq yarim keçada uyğotib, radioni qöying, “Bedor tunlar”ni eşiting, falonçining şeʼrlarini beryapti, deydi. Yoki, “Ey döst!”ning yangisini eşiting, deb şeʼr ayta boşlaydi. “Nega jim bölib ketdingiz? – deya tazyiq qildi Azim aka. – Sizda oqibat bormi özi?” Akaning ovozi böğiqroq eşi­tildi. Boşqa vaqtlari yarim oqşomda uyquning beliga tepişi unça yoqmagan bölsa ham, hozir qönğiroğidan quvonib ketdim. Siqilib ötirganingda hamdardning öz oyoği bilan kirib kelişi yoqimli-da. Azim aka bilan ança gaplaşdik. Ungayam Barot aka töğrisidagi bugungi voqealarni gapirib berdim. “Eslatmang, hozir dodlab yuboraman! – deya böğilib nido berdi Azim Suyun. – Barot aka meni köçadan çaqirib olib, ijodimga “Oq yöl” tilagan. Men nima qildim? Bilib qöying, bizlar – hammamiz, ikki dunyoda bir-birovimizni avaylaşni bilmaydigan munofiq kimsalarmiz”.

Men – “munofiq kimsalar”ning bittasi, oxirgi marta Barot akani qayerda körganimni eslamoqçi böldim. Eslolmadim. Ammo uyidan to hozirgi ÖzA qarorgohi bölmiş ön olti qavatli binogaça bölgan masofani har kuni yayov bosib ötadigan şoir qiyofasi xayolimda paydo böldi. Ana u – uyidan çiqib, “Navoiy” köçasini kesib ötib, “Paxtakor” stadionini aylanib ketib boryapti. Anhor böyiga çiqqandan keyin köprikdan oşib, Prezident devoni va Vazirlar Mahkamasi binolari oldi bilan “Toşkent” mehmonxonasiga yondoş osmonöpar katta binoga kirib ketmoqda.

Katta bino…

Baʼzilar: “Barot Boyqobilov umr böyi katta binolarda, katta-katta lavozimlarda işlagan, boy-u badavlat bölsa kerak”, – deb öylaşlari mumkin. Töğri, Barot aka hamişa otda yurdi: “Turkiston” gazetasida, “XXI asr avlodi” naşriyotida, sobiq Sekapartiyada masʼul vazifalarda xizmat qildi. 1991-yildan to umrining sönggi nafaslariga dovur “Muloqot” jurnalida Boş muharrir vazifasini bajardi. Ammo boylik ham, kuç ham odamni baʼzida yakkalab qöyişi mumkinligini yaxşi bilgan şoir faqat ijodgina insonni bu xatardan asraşi – kuçli qila olişiga işondi. Şuning uçun ham beminnat qöli taʼma qilişni bilmadi, bir töğram nonni qalamdan kelgan halol daromad hisobidan topdi. “Navoiy” köçasidagi köp qavatli uyning ikkinçi qavatidagi davlat bergan uy bilan şöro zamonidan qolgan eski aravadan boşqa heç nimasi yöq edi şoirning. Kitob savdosi bir qadar murakkablaşgan yillarda Urgutga, öşa paytda tuman xalq maorifi bölimi mudiri bölgan Quddus Asqarovga telefon qilib, yangi kitobini xalq taʼlimi tizimlari orqali sotiş uçun unga murojaat qilişga majbur bölganidan ham boxabarman.

Tuyqus bir savol quloqlarim ostida jaranglab ketganday tuyildi: “Barot aka nega odamlarga kam aralaşardi?”. Töğri, yolğiz qolib xayol suriş, tungi köçalarga, tongda past-u baland tepaliklar oşa toğlarga tutaşib ketgan dala-daştlarga tikilib öyga toliş, soy böyida bir özing jimillab oqayotgan suvga qarab hayotingda sodir bölgan turli-tuman voqealarni eslaş, şirin orzularga beriliş – bu boşqa gap. Bunday yolğizlik jamiki ijod ahlining doimiy hamrohi. Lekin odamlar bilan birga yaşab turib, ularga qöşilmaslikka intilişning alohida sabablari bölişi kerak. Faqat ijod qilaman, şeʼr yozaman, deb odam odamlardan olib qoçmaydi özini. Balki döstman deb yurganlari aldagan, safdoşlari firib bergan, birodarlari malomat qilgan yoki tuhmat toşlarini otgandir. Balki körolmovçilik, hasad deyilmiş balolarga duç kelgandir. Balki amalidan foydalanib qolişga iştiyoqmand ikki yuzlamaçilardan köngli qolgandir. Şularni öylab turib, yana bir narsani – Barot Boyqobilov degan insonni iç-içimdan hurmat qilişimni, ayni çoğda uning köp fazilatlariga havasim borligini anglab qoldim.

Ezgin xotiralar girdobiga kömilib, qölimga şoirning 1973-yil naşr etilgan “Muhabbat xiyoboni” töplamini oldim. Kitob söz boşisida uning öz kitobxonlariga aytgan mana bu sözlarini öqidim:

“Muhtaram, kitobxon!

Siz bilan uçraşiş men uçun ğoyat katta baxt. Şu baxt muyassar bölsin deb, har gal şeʼrlarimni saralagan paytimda, eng avvalo, sizni öylayman, könglimdagi sevinç-u dardimni siz bilan baham körişga oşiqaman”.

Közlarimni yumaman. Şoir şu sözlarni aytib, “sizni öylayman, sizni öylayman” deya şeʼrsuyar döstlariga navbatdagi kitobini taqdim etişga şaylanib turgandek tuyilib ketadi.

Ha, şoir xalqi şu – tirigidayam, bu dunyodan mangulikka ketganidan keyin ham odamlarni öylaydi, odamlarga oşiqadi, quvonç-u dardlarini odamlar bilan baham körgisi kelaveradi. Ammo biz, tiriklar-çi? Marhumlar ruhi oldidagi qarzimizni uzyapmizmi? Ularni eslab, qabrlarini ziyorat qilyapmizmi? Yoki bir-birimizga malomat toşlarini otiş, bir-birimizning nomimizni qoralaş, tuhmatlar-u ğiybatlar böroniga örab taşlaş bilan ötkazyapmizmi bebaho va omo­nat kunlarimizni? Öz birodarlarimizni el-yurt oldida yomonotliq qilişga qaratilgan “asar”lar qayoqdan paydo bölyapti?

Şunday beadoq savollar girdobida uxlolmay, ertaga böladigan radiointervyuda Barot Boyqobilov haqida nimalarni gapiriş kerakligini aniqlolmay, tongga qadar tölğanib yotdim.

“El suv içgan daryolar” kitobidan olindi.

 

Abdusaid KÖÇIMOV,

Özbekistonda xizmat körsatgan jurnalist

 

1951-yili Samarqand viloyatining Urgut tumanida tuğilgan. Nizomiy nomidagi Toşkent davlat pedagogika institutida tahsil olgan. “Mening Özbekistonim”, “Toşburgut”, “Mening yulduzim”, “Çanoq”, “Halqa”, “Ikki bahor”, “Umid daraxtlari”, “Qiyofa”, ”Yosuman”, “Baland toğlar”, “Közlarimning qaroğidasan”, “Muhabbat boğlari”, “El suv içgan daryolar”, “Safar” nomli publitsistik, şeʼriy va nasriy kitoblari çop etilgan. Özbekiston Respublikasida xizmat körsatgan jurnalist. “Mehnat şuhrati” ordeni hamda “Şuhrat” medali bilan taqdirlangan.

2024/11

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…