6 daqiqada öqiladi

224 marta körilgan

Tulki yili

Ğafur Şermuhammad

Bu voqea quyon yili arafasida allaqaysi örmonda yuz berdi. Kutilmaganda keksa tulki barça qavmdoşlarini ulkan eman ostiga maşvaratga çorladi.

Tungi ovdan söng kunduzi issiqqina inida beğam-betaşviş yalpayib yotgan tulkilar istar-istamas aytilgan manzilga yöl oldi. Bir zumda emanning atrofida tumonat tulki yiğildi.

Yaqinda qor yoğib ötgan, kun juda sovuq edi. Katta-kiçik, oriq-se­miz, kulrang-malla tulkilar heç narsaga tuşunolmay, norozi qiyofada şumşayib turardi.

Qarib, qötir pöstakdan farqi qolmagan kulrang tulkining öz qavmi orasida hurmati baland edi. U hassasini sudrab davraga çiqdi-da, şilpiq közlarini osmonga qadagan köyi palağda tovuşda gap boşladi:

– Men şu yoşga kirgunça köp qiyinçiliklar kördim. Oçdan ölmaslik uçun qönğiz, çigirtka yegan paytlarimiz böldi. Ne-ne ğaybar tulkilar bola-çaqa boqiş ilinjida qişloq oralab, itlarga yem böldi. Boyaqişlarning möynasi odamlarning boşiga telpak, egniga pöstin böldi.

Keksa tulki bir muddat sukut saqlab, gaplari qavmiga qanday taʼsir qilganini bilmoqçidek zimdan ularga nazar soldi. Semiz tulkilar xörsinib, oriq tulkilar çiyilladi.

– Köz tegmasin, hozir hayotimiz farovon. Odamlar tovuqqa qanoat qilmay, uyida quyon, bedana va yana allaqanday parrandalarni boqyapti. Keça nabiram qişloqdan qafasga solingan ğalati quşni kötarib kelibdi. Yuzi ukkinikiday taypoq, közlari çaqçaygan, ora-sira yoqimsiz sayrab qöyadi. Nimaligini bilolmadik, lekin qurğurning göşti şirin ekan.

Davrada kulgi kötarildi. Keksa tulki birdan jiddiy tortdi. Ölja isini olgandek irkit tumşuğini oldinga çözib, junlari hurpaydi. Uning vajohatini körib tulkilarning nafasi içiga tuşib ketdi.

– Töğri, qornimiz töq, ğamimiz yöq. Lekin biz qaçongaça faqat qursoq taşvişi bilan yaşaymiz? Hammadan aqllimiz deb kerilamiz-u, izzat-nafsimiz haqida öylaşni unutib qöydik!

Maşvarat ahli bunday jumboqli malomatning mağzini çaqolmay angrayib qoldi.

– Mana, ön ikki yillik muçal hisobida tönğiz, maymun, ilon, çayon, sigir, quyon va hatto anavi tovuqmiya tuxumbosarlarga ham joy berilgan, lekin oliynasab tulkilarga örin ajratilmagan. Birontangiz şu haqda öylab kördingizmi?

Qarang, bunday köz körib, quloq eşitmagan adolatsizlik şu çoqqaça heç birining xayoliga kelmagan ekan. Yağir tulkining aqliga tasanno!

Avvaliga davraga suv quygandek sukunat çökdi, söng kuçli ğala-ğovur qöpdi. Ulkan emanning şoxida mudrab ötirgan qarğaning ötakasi yorilib, qağillagança osmonga uçdi.

Junbişga kelgan tulkilar alam bilan bir-biriga gap uqtirardi:

– Nega tulki yili yöq?

– Şörimiz qursin, xarob böpmiz!

– Tovuqça qadrimiz yöqmi?

– Laʼnati tuxumbosarlarni bitta qöymay yeb bitiriş kerak!

– Quyonlarni ham…

Qiziqqonroq tulkilar ğussali ohangda çözib-çözib akilladi. Bittasi hatto alamiga çidolmay paxmoq dumini ğarçillatib tişlab oldi.

Keksa tulki qölidagi asoni baland kötargaç, ehtiroslar biroz bosilganday böldi.

– Keyingi paytlarda örmon qonunlari butkul özgarib ketdi. Hamma hayvonlar bizga taqlid qilyapti. Siçqondan tortib, filgaça bir-bi­rini aldaşga tirişadi. Tulkilikni eplagani yaxşi yaşayapti, eplolmaganining şöriga şörva tökilyapti.

– Töğri, örmonda tulkitabiat maxluqlar köpayib ketdi, – deya luqma taşladi kimdir.

– Baribir heç biri muğombirlikda bizga teng kelolmaydi!.. – Donişmand tulki köksovdek uzoq yötaldi-da, gapini uzilib qolgan joyidan davom ettirdi. – Tulki yilida tuğilganlar tabiatan ustomon, abjir böladi. Bunday xislatga ega jonivorlar qança köpaysa, şunça yaxşi. Gapning qisqasi, biz özimizning huquqimizni talab qilişimiz kerak.

Ulkan eman ostidagi ğaroyib yiğin ança vaqt davom etdi. Quyoş botib, keçki ayoz zabtiga ola boşlagaç, tulkilar bir qarorga kelib, in-iniga tarqaldi.

Şundan söng tez orada örmondagi oliymaqom mahkamaga muçal hisobini butunlay özgartiriş va undagi tovuq yilini tulkilarga böşatib beriş haqida qatʼiy talabnoma kelib tuşdi.

Aslida, yuqori idoralarda bunday asossiz daʼvolarni inobatsiz qoldirsa ham bölaveradi. Biroq mazkur örmonda barça hayvonlar teng huquqlidir, degan adolatli tartib-qoida örnatilgan edi. Şuning uçun tulkilarning arznomasi qaysidir rasmiyatçi töraning ğaladonida çang bosib qolib ketgani yöq.

Örmon qonunlarining rioyasiga masʼul bölgan ayiq va böri köp yillik namunali faoliyati davomida bunaqa bemaza talabga duç kelmagan edi. Ular tulkilarning surbetligidan juda xafa bölişdi. Ança davom etgan mulohazalardan söng keksa tulkining yaxşilab aqlini kiritib qöyiş kerak degan töxtamga kelişdi.

Ertasi kuni keksa tulki mahkamada hozir-u nozir böldi.

– Mavjud qonunlarimiz muçal hisobini özgartiriş huquqini bermaydi, – dedi Böri unga sovuq tikilib. – Hayotda qonundan baland turadigan qadriyatlar bor. Ularni buzişga heç kim­ning haqqi yöq!

– Men har qanday yangilikka qarşiman, – dedi mahkamaning moliya noziri yölbars. – Çunki har qanday yangilik ortiqça sarf-xarajatlarga sabab böladi.

– Şu yoşingizda sizga şu işlar yaraşadi­mi, oqsoqol, – dedi ayiq ulkan boşini sarak-sarak qilib. – Undan köra, yoşlarga ögit-nasihat qilib, töğri yölga boşlasangiz yaxşi bölardi.

Mahkama xodimlari biri olib, biri qöyib keksa tulkining rosa pöstagini qoqişdi. Ançadan söng ular fitnakor qariyani tavbasiga tayantirdik degan xayolda biroz tin olişdi.

– Xöş, özingiz nima deysiz, oqsoqol? – söradi ayiq kelganidan beri mum tişlab ötirgan keksa tulkidan. U hassasiga tayanib örnidan turdi.

– Gaplaringiz juda bamaʼni. Sizlarning şarofatingiz bilan baʼzi xatolarimni tuşunib yetdim, – dedi keksa tulki. Mahkama xodimlari bir-biriga zimdan mamnun qarab qöyişdi. – Lekin mendek qarib, miyasi aynib qolgan qariyaga bitta savol heç tinçlik bermaydi. Şunga javob topib bersangiz, sizlardan minnatdor bölar edim.

– Qanaqa savol ekan? – dedi böri tumşuğiga qöndirilgan közoynagi ustidan unga mensimagandek qarab qöyib.

– Örmonimiz hukmdori Arslon janobi oliylarini hammangiz hurmat qilasiz, töğrimi?

– U kişini hurmat qilmagan jonzotning bu örmonda yaşaşga haqqi yöq! – dedi davraning törida savlat tökib ötirgan yölbars “şuyam savol böldimi?” degandek ensasi qotib. – Agar kimdir hukmdorimizga osiylik qilsa, qarşisida meni köradi!

–  Barakalla, – dedi keksa tulki. – Lekin nima uçun yölboşçimiz Arslonning muborak nomi muçal hisobiga kiritilmagan?

Mahkama uluğlari bunday savolni kutmagan edi, şuning uçun hammasining nafasi içiga tuşib ketdi.

– Muçal hisobida yölbars yili bor, lekin Ars­lon yili yöq! – dedi keksa tulki tahdidli ohangda va yölbarsni sensiraşga ötdi. – Qani, xöş? Şumi sening hukmdorga sadoqating?

Boyagi vajohatidan ayrilib, suvga tuşgan muşukday şalvirab qolgan yölbars bu gapdan söng qörquvdan dağ-dağ qaltiraşga tuşdi.

Keksa tulki böriga yuzlandi.

– Siçqon, tönğiz kabi tuban maxluqlarni izzatlaş qaçondan beri qadriyat bölib qoldi? Farosat bormi senda!

Böri nimadir demoqçi böldi, biroq jağlari bir-biriga yopişib qolgandek tili kalimaga kelmadi.

– Kallang xumday bölgani bilan tovuqnikiça aqling yöq! – dedi u ayiqqa. – Yoşlarni emas, avval seni tarbiyalaş kerak.

Ayiqdan sado çiqmadi.

– Sizlarning holingiz şu bölsa, hukmdori­mizning oldiga kirişga majburman, – deb keksa tulki hassasini döqqillatgança mahkamadan çiqib ketdi…

Keyin nima böpti, deysizmi? Nima bölardi, mahkama uluğlari ertasi kuni tongdayoq keksa tulkining kulbasiga yugurib borib, ming tavallo-yu tazarrular bilan uni Arslonga doxil böliş fikridan qaytarişibdi.

Şu kunlarda donişmand tulki boşçiligida muçal hisobi tanqidiy ruhda qayta körib çiqilayotgan emiş. Birinçi galda bu röyxatdan örin olgan tovuq, quyon, maymun, siçqon, sigir, baliq, ot, tönğiz, qöy kabi zoti past ötxör va kemiruvçilarning kavuşi töğrilanibdi.

Yangi muçal ön yillik qilib tuzilsa, ixçam, qulay, sanoqqa ham önğay böladi, degan aqlli qarorga kelinibdi.

Tulki yilida körişgunça omon böling, azizlar!

 

Ğafur Şermuhammad

1973-yili tuğilgan.

Özbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Saman toy”, “Quduq” kabi qissa va hikoyalar töplamlari çop etilgan. “Quduq tubidagi faryod”, “Pariqişloq afsonasi”, “Közlarida xoli bor” pyesalari respublikamiz teatrlarida sahnalaştirilgan.

Asarlari asosida bir neçta badiiy va multiplikatsion filmlar suratga olingan. Şuningdek, Murodboy Nizanovning “Aqçagul” qissasi, “Oxi­rat uyqusi”, “Duşman” romanlarini özbek tiliga tarjima qilgan.

2022/7

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Oldingi
Keyingi

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…