10 daqiqada öqiladi

505 marta körilgan

Yurtkezar

Yurtkezar

(Hikoya)

Amakim – donği çiqqan tabib. Sindi-çiqdi, köz-nazar – bariga davo topadi. Uni Surxon elida, azbaroyi hurmat yuzasidan mulla Toşboy, deb ataşadi.

Birida uyimizga boysunlik çol daraklab keldi. Kampiri eşakdan yiqilib, oyoği sinibdi. Töpiği borgan sari kadiday şişayotgan ekan. “Bir qadamam bosolmayapti, bi-ir borib körib bering”, deb turib oldi. Amakim ötgan kuni Bobotoqqa çiqib-tuşgandi. Horiganidanmi, “özini ob kelaqoling”, dedi. Çol oyoq tirab turib oldi, duolar qildi. Amakim yöl yurişga işqibozmasmi, sal yumşadi. Manzil-makonini suriştirdi, maʼqul keldi, şekilli, bugun bizning musofirxonada tunang, olisdan kelganlar bor, söng erta saharlab yölga tuşamiz, dedi.

Tongda jönadik. Amakim kasbi taqozosi bilan butun Surxonni aylanib yuradi. Buyoği Regardan tortib Mozori şarifgaça qadami yetgan. Kuraş, köpkari bormi, qoldirmaydi. Şu bois odamlar orqavarotdan “yurtkezar” deb ataşardi.

Mana, körib turganingizdek yana yurt kezişga tuşdik. Amakim bilan men qirçanğida, çol esa orqada, eşakda. Dalalar oşib borayapmiz. Kun kötarilgan sayin olovday qizdiradi. Köm-kök yönğiçqazor bijirlaydi, boş tortgan gullari ummon kabi sollanadi. Xuşböyi dimoğni qitiqlaydi, kayfiyatni kötaradi. Oq, sariq tusdagi kapalaklar şodlanib öynaydi. Bedanalar biri qöyib, biri sayraydi. Gohi-gohida olovday porillab tustovuq kötariladi, böynini çözgança uçadi va yana yönğiçqazor bağriga ğarq böladi. Bir xillari havoni zirillatib osmonga sapçiydi-da, allatovur qilib qiçqiradi. Ayni şundaylari boşqalariga nisbatan kattaroq, semizroq va yana olisroqqa uçadi. Şunda amakim, bunisi xörozi ekan, deb ğudranadi.

Bunday dalalardan oşayotganingizda, ayniqsa, agar u çöl va adirliklar bağrida yo unga yondoş kengliklarda bölsa, albatta, sizga mullatörğay hamroh böladi. Ular sizni kun çökkunça kuzatib boradi. Mullatörğayning qiziq odati bor: yölingizdan bexosdan çiqadi-da, havoga kötariladi, muallaq turgança çuldiraydi, söng tezlik bilan yana yerga şönğiydi. Amakim uni juda şum quş, deb aytadi. Çunki u şarpa sezişi bilan inidan halisroqqa uçib, göyo polaponlariga qayğurganday sayraydi. Tabiiyki, şu yöl bilan xavfni aritadi, bolalarini omon saqlaydi. Xalq orasida olaşaqşaq, degan oti bölişiga qaramay, hakkani xöp maqtaydi. Alqaşi barobarida köp yillar burungi ğaroyib voqeani gapirib beradi. Yaʼniki, saratonda Oqtumşuqdan arpa örib qaytayotganida Qorasuv daryosi böyidagi xarsang supaga çiqadi. Issiqdan lohas bölib, mulgib qoladi. Bir payt deng, tuşidami, öngidami, quloğiga hakkaning şaqillagani çalinadi va sakrab örnidan turadi. Qarasaki, biror terak böyi narida yiltillab semirgan, sap-sariq mor sudralib kelaveradi. Hakkayu maynalar tevaragida çağillab, oldinga yurişga qöymaydi. Ötakasi yorilayozgan amakim qişloqqa qarab chopadi. Şu-şu, yotaridayam, turaridayam halovat yöqoladi. Ozib-töziydi. Axiyri qişloqning mullasi – Mengboy xalfaga yoriladi. “Xalfa – qiziq odam edi-da, – deya eslaydi u. – Heç narsa qilmaydi, isiriq tutatib yubor, hammasi yaxşi böp ketadi”. Meni yoş bola kördi, deb yomon oçuvi çiqadi, şunda. Senday xalpani, deb sökadi. Söng qöşni qişloqdagi Mömin xalfaga boradi. U darrov kitob varaqlay ketadi. Amakimning rangi-röyiga qarab, yuragingiz tuşibdi, hozir joyiga solamiz, deb kökragiga tepib qöyadi va yana tayinlaydiki, albatta, özingizni xaloslang, butunlay kuşoyiş topasiz, deydi.

Ertasigayoq qişloq ahlini aytib, jonliq söyadi. Köpning duosi köl, deganiday, dard sekin-asta ariydi. Biroq u ança bosiq, kamgap bölib qoladi. Şundan buyon yolğiz yurmaydi, qavatiga akamni yo meni ergaştirib oladi.

Darvoqe, çol ham kamgap. Yölga tuşgandan beri miq etmaydi. Dala-tuz tugab, past-baland adirliklar qöyniga kirdik. Biron zoğ yöq. Quyoş zabtiga olib, odamni elitmoqda. Amakim munkib ketmay, deb çolni gapga tuta boşladi.

– Bova, bu, Boysunning uçi-quyruği yöq-da,

he-yeç adoğiga yetib bölmaydi, – dedi.

Çol durust eşitmadi, nima deyapsiz, deganday boşini sarakladi.

– Boysunning keti keng, deyman.

– Ha-a, Xudo Boysunga kelganda saxiylik qilgan. Toğidanam, çölidanam ayamagan.

Uning gapi amakimga yoqib tuşdi. Muştdaygina, pahmoqqina bölgani bilan gaplari töqmoqday.

– Toğlaringiz zör…

– Bundayini boşqa joydan topolmaysiz. Şvetsariya toğlariga öxşaydi, deydi. Bekor gap. Bu – ulardan aʼlo. Ilk insoniyat qadam izlari ayni şu yerda qolgan. Işonmasangiz tarixni varaqlab köring. Hammasiga guvoh bölasiz. Boyligini aytmaysizmi, ming xil va bitmas-tuganmas. Olimlar uning jismlarini örganolmay, nom topolmay sarson. Ana, Qizilqoyani oling. Axir bu – sof, yer yuzidagi eng qimmatbaho granit. Unga işlov beriş, foydalaniş kerak. Sizga aytsam, Boysun – oçilmagan qöriq.

Çoli tuşmagur tarixçi yo geolog bölgan, deb öyladi amakim. Özidan söraşga botinolmadi. Keçadan buyon durust izzat-ikrom körsatmaganidan xijolat çekdi.

Olis yölga tuşsak, albatta, örik qoq olvolamiz. Odamga ança quvvat. Çol rözador. Hozir qaysidir hijriy-qamariy oyning boşlanişi.

Osmondagi taqir bulutlar qizğiş tusga kira boşladi. Kun botmoqda edi. Biz qönğir toğ bağriga kirib borardik. Havo salqinlamoqda. Yupunman. Amakimning belboğidan mahkam uşlab, engaşib oldim. Biroz issiq tutdi.

Birpasda qoş qoraydi. Qoronğuda quşlarning sayraşini birinçi marta eşitdim. Ajoyib bölar ekan. Biroz yurib, yöl böyidagi tömpaygan kulbaga duç keldik. Töxtadik. Ulovlarni toş devor biqinidan çiqib turgan qoziqqa qantardik. Çol zim-ziyo kulbaga kirib ketdi. Şitir-şitir ovoz keldi, gugurt çaqildi va toşdan terilgan boşpana yoridi, devorda çolning ulkan gavdasi akslandi. Kelaveringlar, dedi. Uzun-kalta bölib kirdik. Xona tor, devorlari tutundan qoraygan va allaqanday yoqimsiz hid ötirib qolgan. Yerda kigiz, ustida girbişin körpaça. Ötiringlar, degan amrona xitob böldi. Ötirdik. U belboğini yeçib, örtaga yozdi. Qöynidan bir neça bölak qotgan non va qurt çiqardi. Amakim irğib turib, xurjundan örik qoq bilan suv ola keldi. Qani olinglar, dedi. Oldik. Qotgan non biram şirin ekan.

Keyin bilsak, bu yölovçilarning qönoği ekan. Bunga qöngan odam dam oladi, özidan nima ortsa – gugurt, şox-şabba, qoq non va boşqa narsalarni keyingi yölovçilar uçun taşlab ketarkan.

Çol amakimga zimdan qaradi, uzr ohangida, endi, mulla aka, töğri tuşunasiz, bizning Maçay qişloğimiz şunday olisda, dedi.

– Men Börijardan ötgandagi Maçaymikan, deb öylab edim.

– U – oddiy Maçay. Bizniki toğning tepasidagi. Katta Maçay, deb aytiladi. Oz qoldi. Bu yoqlarniyam körgan yaxşi-da. Tabiati butunlay özgaça.

– Zör ekan. Rosti, Katta Maçayga qadamim yetmagan. Bir paytlar Çak-çak tomondan baland dovondagi ovulga olib borişgan. Menimça, u sizlardanam narida bölsa kerak. Qandaydir amaldorning qizi betob ekan. Yarim tunda bemorni kirib kördim. U qoqsuyak bölib yotardi. Vaqti-soati yaqinlaşgan, ramaqijon bölib yotardi, yordam berib bölmasdi. Beçora onasi holi-jonimga qöymadi. Unga haqiqatni aytmadim. Uy sohibi safarda ekan. Yotiği bilan tuşuntirmoqçi edim.

Çol qilt etmasdan, sovuqqon boqqança eşitib ötirdi.

– … boumid turli muolajani bajardim, qizning könglini kötarişga, hayotga bölgan muhabbatini uyğotişga harakat qildim. Ikkimiz yolğiz qolganimizda u qölimni mahkam siqib, doktor, bari befoyda, özingizni qiynamang, dedi. Hafsalam yanada pir böldi. Boyaqiş onaga sabr tilab, tong bözarmasdan qaytdim.

Olov sönib, lağça çöqqa aylandi. Atrof qizğiş rangga kirdi.

– Neççiga çiqdingiz, bova, – söradi amakim. – Bollardan neçov?

– Saksonni örib qöydik, mulla aka. Bunday qarasak, jarning yoqasiga kep qobmiz. Baholi qudrat ğimirlab yuribmiz. Lekin sizniki maza. Yöl yurgan, el körgan qarimaydi.

– Sizni heç kim saksonga kirgan, demaydi. Köz tegmasin hali dayovsiz.

– Sizga öxşab yölovçimiz-da. Yanayam, hammasi odamning öziga boğliq. Har kim özini yaxşi körişi kerak.

Gurung qizidi. Çol otga işqiboz ekan. Tarlon, jiyron, böz ot, çavkar otlar haqida gapirildi. Bizning otni maqtamadi. Aksinça, rözğorbop, dedi. Qiziq, toğ keçasi vahimali, jimjit bölsa kerak, deb öylardim. Unday emas, ming xil ovozga, sayroqqa tölib ketarkan. Tevarakda şoqollar ulidi. Tulkilar çözib-çözib akilladi. Ovozi ğalati va qörqinçli. Çol toğlik-da, quş, hayvon, haşarot, garandayu guranda ovozini ajrata biladi. Bir mahal uzik-uzik çirillagan tovuş keldi. Bu – yerilon. Odamga ziyoni yöq. Qaynatib içsa, yuz xil dardga davo… Uxlab qolibman.

Azonda uyğonsam, ular ot boldirini qariçlab ölçayotibdi. Qança uzun bölsa, şunça yaxşi bölarkan. Bu – govlak ot, dedi çol. Börini körsa, özi yerga yiqiladi. Zotdor va yana şum, abjirlari esa börini öynatadi. Baribir, böri ularniyam gallaydi. Qurğur, dumiga osiladi-da. Ot oldinga çiranganda, qöyvoradi. Qarabsizki, jonivor ömganlaydi. Jondor kelasolib, qornini yoradi. Yana deng, otning tumşuğidan tişlab tortgan börini körganman. Eski usul – mahkam tortib qöyvoradi va ötirib qolgan otning böğzidan oladi. Jondor degani juda aqlli hayvon. Faqat zabon yöq.

Yerga şudring ingan. Otning abzali ham olaçalpoq nam. Bobo ufqqa qaragança, hozir möjiza körasizlar, dedi. Qontalaş ufq asta-sekin kengayayotir. Quyoş oltinday yaraqlab, boş kötarmoqda. Avval gardişi, söng böy-basti körina boşladi. U sekin, lekin bir zaylda kötarilmoqda. Şu payt harakatdan töxtaganday, osilib qolganday tuyuldi. Çindan ham u qotib qoldi. Sal çekindi va yana yuksakka talpindi. Zamin uni qöyvormayapti. Odamni vahm bosdi. Endi nima böladi? Quyoş silkina-silkina oxiri yer qobiğidan çiqib ketdi. Söng, butun olam nurga töldi.

– Quyoş har tongda şunday azoblanadi, – dedi çol. – Bu holni boşqa joyda kuzatolmaysiz.

Yana yölga tuşdik. Arça, gujum va yana bir qança daraxtlar bilan qoplangan qönğir toğ oralab ketayapmiz. Osudalik. Tungi qaynoq hayotdan nişon ham yöq. Birgina quşlar sayraydi. Osmonda tasqaralar qanotlarini keng yozib, ölja poylaydi. Lekin ular heç sayramaydi.

Amakim çolning tilini ança tuşunib qoldi. Galma-gal qişloqlarni, polvon va otlarni maqtaydi.

– Polvonlarning zöri Toştemir, – dedi amakim.

– Be, uning davri ötdi. Hozir Qaytmas qişloğidan Loçin laqabli polvon çiqqan. Qurmağur, öynoqlab olişadi. Kuçi köp. Kelbatiyam Toştemirlardan kam emas.

– Bizdagi Eralini ololadimi?

– Eralingiz muğombir. Agar u halol olişsa, bemalol oladi.

Gurung bilan bölib çöqqilarini oppoq qor qoplagan qoya poyiga borib qolibmiz.

– Bu – bizning qişloq, – dedi çol.

– Jannatday yerda yaşarkansizlar.

Lekin bunda na Oltinsoyni, na Şerobodni körib bölardi. Tört tomon ham çöqqilar edi.

Toşdan terilgan, biqinib, mingaşib ketgan uylarning biriga kirdik. Tim qora, közi sarğiş, böydor, baquvvat it qarşimizga yugurib çiqdi. Laqabi Muxtor ekan. Egasi tanbeh bergaç, bizga izzat-ikrom körsatib, qirqilgan dumini likillatdi. Hovli keng, qayroq toşni taraşlab, yotqizgan. Mezbon kunçiqarga qaragan bölmaga boşladi. Keng va yoruğ xonaning törida, qavat-qavat körpaça ustida muştdekkina kampir çözilib yotibdi. U örin içiga çökib ketgan, dabdurustdan kirgan kişi, tabiiyki, körmasdi. Salom berdik. Nimjongina ovoz alik oldi. Amakim törvasidan dori-darmon, tayoqça, allaqanday yoğlarni oldi. Çol kampirning qalin paypoğini yeçdi. Töpiqning usti köm-kök, atrofi oqarib şişgan.

Amakim şişni avval suğur, keyin, ot, yovvoyi çöçqa, kölvor ilon yoği bilan obdon ivitib, işqadi. Tana yoğni birpasda şimib oldi. Kampirning inqillaşiga qaramay, bir-ikki burab ham kördi. Keyin paypoqni kiydirib, yana körpaga öradi. U uxlab qoldi.

Bemor şomga yaqin uyğondi. Oyoqdagi şiş qaytib, kampirning yuziga qon yugurgan. Lekin töpiq haliyam qizib, qotib turibdi. Amakim suyak inidan köçib, pay çözilibdi, dedi. Kampirning oh-vohigayam qaramay, oyoqni yana bir-ikki qirsillatib buradi, tortdi, paxta öradi va bintli tayoqçalarni mahkamlab boğladi.

Şu keça çolnikida tunadik. Ertalab qarasak, bemor hovlida hassada yuribdi.

– Boringizga şukr, umringizdan baraka toping, – dedi u amakimga. – Odam oyoqdan qolmasin ekan. Hafta tugal yotdim. Jonim halqumga keldi.

U qişloq kampiriga öxşamaydi. Turiş-turmuşi, gapi ziyolinamo. Yo şahardan köçib kelgan, yo Katta maçayliklarning bari adabiyça gaplaşadi, öziça tusmolladi amakim.

Uyda ikkisidan boşqani uçratmadik. Çol qöy söydi. Qöşnilar çiqdi. Ziyofat tugagaç, qaytdik. Ular bizni pul-çaqa, yana turli gazmol bilan siyladi. Kampir bösağagaça kuzatib qöydi. Çol esa bizga hamroh böldi.

Pastga eniş oson. Hademay, Boysundan çiqib, Handalga yetdik. Çol kampirini geolog olima Maryam Aliyeva, dedi. “Asli Kavkazdan. Bir ugina ajdodlari udumini buzib, özga elga keldi. Ammo haligaça, ölsam, yurtimga, otamning poyiga eltib kömasiz, deb qöymaydi. Xöp, deyman”.

Ular Moskvada öqişgan. Maryamga köngil qöyib, yetti yil çeçen yurtiga qatnagan. U oilada ön qizning biri. Otasi çapdast odam. Udumga köra, eşikdan kelgan mehmonga hurmat körsatadi. Yaxşi gap va sovğa-salom bilan oşiq yigitni qaytarib yuboraveradi. Oxiri, yigit toğdan bir çöponni topib, öğil tutinadi. Söng çöpon Maryamni öğliga söraydi. Ota rozi böladi. Şunday qilib, Maryam Boysunga kelin bölib tuşadi. U bu yerga tez könikkan. Uning Kavkazga öxşaş jihati köp. Qariyb qirq yil institutda işladi, Boysunda tadqiqot olib bordi.

– Siz kasaliga davo topolmagan öşa qiz – mening yagona qizim edi, – dedi çol oğir xörsinib. – Toşkentda öqidi. Asli çeçen bölgan samarqandlik kursdoşidan köp sovçi keldi, qaytardim. Özimning Boysunimga beraman, dedim. Ikkisigayam buyurmadi. Öldiyu ketdi. Qaynotam aytgiç edi, qiz bolani birinçi va qöymay söraganga ber, şunisi çinbaxt, qolgani badbaxt.

Amakim bir muddat çolga qarab qoldi. Iskandar köprigining ustida edik, xöşlaşdik. U ketdi…

Dilmurod SODIQ

1984-yili tuğilgan.

Özbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.

“Oltin köprik” töplamida hikoyasi çop etilgan.

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…