Haykal iztirobi

0
15
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

Shahar markazida Baxtiyor Shahzoda haykali turardi. Haykalning butun tanasi qimmatbaho toshlardan ishlangan. Noyob durdan yasalgan ko‘zi xuddi tirik odamnikidek chaqnar, yal-yal yonayotgan qilichi esa sof oltindan edi.
U odamlarning ishonch va umid timsoliga aylangan edi. Yashashdan umidini butkul uzgan, tushkunlikka tushgan har qanday odam unga nigohi tushgani hamon ko‘ngli bir qadar taskin topib, hayotga ishonchi ortardi.
Shirinlik tegmagani tufayli oymomoga tikilgancha xarxasha qilib o‘tirgan bolakayga onasi: “Sen Baxtiyor Shahzodaning qo‘liga suv ham quyolmaysan. U hech qachon, hech narsa uchun ko‘zyoshini oqizmagan”, derdi.
Darsdan qaytayotgan maktab o‘quvchilari uning yonidan o‘tayotib:
– Farishtaga o‘xsharkan-a! – deya haykalga hayrat bilan boqdilar.
Ularning bu gapidan ajablangan matematika o‘qituvchisi:
– Qayerdan bilasiz? Tirikligida unga hech qachon duch kelmagansiz-ku! – dedi.
– Tushimizda ko‘rganmiz uni, – deya javob qildi bolalar.
Hayrati oshgan o‘qituvchi chuqur o‘yga toldi.
Unga kattayu kichik hamma havas bilan tikilardi. O‘zini go‘yo ashaddiy san’at shaydosiday ko‘rsatishga urinayotgan shahar hokimi:
– U nafaqat g‘ururimiz, balki chinakam san’at durdonasidir, – dedi. Atrofdagilar uning san’atni yaxshi tushunmasligini fahmlasalar-da, og‘zidan chiqqanini ma’qullashardi.
Tunda shahar uzra mitti qaldirg‘och uchib o‘tdi. Safdoshlari olti hafta burun Misrga uchib ketgan, biroq u dengiz o‘simliklaridan ko‘ngil uzolmay ortda qolgandi. Dengiz uzra pastlab ucharkan, sap-sariq kapalakka ko‘zi tushdi va beixtiyor unga maftun bo‘ldi. Biroz o‘ynoqlab uchgach, kapalak bilan suhbatlashgani to‘xtadi. Banogoh sohilda barq urib turgan yaproqqa ko‘zi tushdi-yu, kapalakni tamoman unutib, yaproqqa parvona bo‘ldi. Yaproq ham unga go‘yo hurmat bajo keltirib ta’zim qilayotgandek edi. Qaldirg‘och uni aylanib uchaverdi, uchaverdi. Mitti qanotchalarini qoqib, pitirlab suvni to‘lqinlantirar, og‘ziga suv olib, yaproq poyiga quyardi. Yaproq qushning juftiga aylangandi go‘yo. Qaldirg‘och o‘sha yerda yoz oxirigacha qolib ketdi, ammo vaqt o‘tgani sayin tobora yolg‘izlik girdobiga g‘arq bo‘lib borardi. Yaproq hamon sassiz, qaldirg‘och rashk o‘tida azoblanardi. Uning hislariga yaproqning beparvoligi ayon bo‘lib qoldi. Sokin esayotgan mayin shabada yaproqni erkalatar, u esa baxtdan masrur raqs tushardi. Bundan qaldirg‘och darg‘azab bo‘ldi va yaproqdan ixlosi qaytdi. Qaldirg‘och o‘ziga-o‘zi: “U sayohat qilolmaydi, parvozga ham yaramaydi. Mening esa sayohat jonu dilim, ustiga-­ustak, jahongashtaman. Bo‘lg‘usi juftim o‘zimga o‘xshasa nur ustiga nur edi-ya”, deya xayolidan o‘tkazdi va yaproqdan so‘nggi bor:
– Men bilan birga ketasanmi? – deb so‘radi.
Yaproq esa bosh egganicha jim turaverdi. Negaki, uning tanasi o‘z joyiga mustahkam o‘rnashgan, Xudo uni shunday yaratgandi. Chindanam, ular hech qanday jihatdan bir-biriga o‘xshamasdi. Shu bois bu muhabbatda mantiq yo‘q edi. Chunki ular butkul boshqa-boshqa jins bo‘lib yaralgandi. Nihoyat yurak-bag‘ri tilka-pora qaldirg‘och: “Alvido!” deganicha yaproqni umrbod tark etib uchib ketdi.
U kun bo‘yi uchdi va tun qorong‘isida ulkan shaharga yetib keldi. Uzoq va mashaqqatli parvozdan so‘ng holdan toygan qaldirg‘och: “Qayerga qo‘nsam ekan, shahar ahli menga u-bu narsa hozirlab qo‘ygandir”, deya ko‘nglidan o‘tkazdi. Kutilmaganda, baland tepalikdagi ulkan haykalga ko‘zi tushdi. O‘ziga-o‘zi: “Shu yerga qo‘naman, bu yerda toza havo ko‘p bo‘ladi, – dedi. Shunday qilib, u baxtiyor shahzoda haykalini tanladi va biroz tin olish uchun atrofga alangladi, – Uxlagani eng maqbul joy, – deya o‘ziga-o‘zi pichirladi u va mizg‘ib olgani jajji boshini qanotlari ostiga qo‘ygan ham ediki, qayerdandir bir tomchi suv tomdi. – Qiziq, osmonda bulut ko‘rinmaydi. Yulduzlar ravshan porlab turishiga qaramay yomg‘ir yog‘sa-ya, – hayron bo‘ldi u. – Dengiz yaprog‘i yomg‘irni sevardi, biroq bu ham uning xudbinligidan edi. – Keyin yana bir tomchi tushdi. – Bu qanday haykal bo‘ldi-ya, yomg‘irdan panalashgayam yaramasa, hoynahoy, yaxshigina bir mo‘ri topmasam bo‘lmaydi chog‘i, – deb endi uchishga chog‘lanib turgan edi, uchinchi tomchi kelib tushdi. – Nimalar bo‘lyapti o‘zi?” – u ko‘rayotganiga ishonolmasdi.
Baxtiyor Shahzodaning mungli ko‘zi qayg‘uga to‘lgan. Alamli yoshlari yanoqlaridan oqib turardi. Oy shu’lasida uning nurli yuzi shu qadar go‘zal ediki…
– Kimsan? – so‘radi qaldirg‘och.
– Men Baxtiyor Shahzodaman, – javob berdi u.
– U holda nega yig‘layapsan? Hamma yoqni obi diydang bilan shalobbo qilib yubording-ku!
– Tirikligimda, yurak ko‘ksimda urib turganda, ko‘z yoshi nimaligini bilmasdim, – davom etdi haykal, – Sans-Sausi qasrida g‘am-anduhsiz yashardim. Kunni do‘stlarim bilan bog‘da, tunni esa hashamatli qasrimda jononlar bilan raqs tushib o‘tkazardim. Bog‘ atrofidagi ulkan devor ortida nimalar bo‘layotganiga qiziqmasdim ham. Hayotim betashvish va betakror o‘tardi. A’yonlarim meni Baxtiyor Shahzoda deb atardi. Rohat-farog‘at baxt sanalsa, chindanam saodatmand edim. Shu asnoda yashadim-u, shu zaylda vafot etdim. Qisqagina umrim faqat o‘yin-kulgidan iborat bo‘ldi. Vafotimdan so‘ng sharafimga mana shu ulug‘vor haykalni qo‘yishdi. Bugun baland devor ortida nimalar bo‘layotganini ravshan ko‘ryapman, ammo nachora, qo‘limdan hech narsa kelmaydi, men endi bor-yo‘g‘i tosh qotgan bir haykalman, xolos. Jafokashu mehnatkash xalqim boshidan o‘tkazayotgan qiyinchiligu zahmatini ko‘rib, o‘zimdan nafratlanyapman. Tosh qalbim erib larzaga kelmoqda, tirikligimda yosh ko‘rmagan ko‘zlarim, endi zor-zor yig‘lamoqda.
Qaldirg‘och o‘yga cho‘mib qoldi: “Nahotki sof oltindan yasalgan jonsiz haykal odamlarga achinsa-ya! Nahot uning qalbi hamon tirik”. To‘satdan uning xayolini haykalning mahzun nolasi buzdi.
– Jin ko‘chada g‘oyat kambag‘al bir xonadon bor, – davom etdi u: – Lang ochiq derazadan mung chekib o‘tirgan bir ayolni ko‘ryapman. Yuzi horg‘in va ma’yus. Tikuvchi-da sho‘rlik, qavargan qo‘llariga igna kiraverib, ilma-teshik bo‘lib ketgan. Hozir u qirollik saroyi xonimlariga tungi bazm uchun ko‘ylak tikyapti. Xonaning bir burchida esa o‘spirin o‘g‘li to‘shakka mixlanib yotibdi. Isitmalayotgan bolakay onasidan apelsin sharbati so‘rab ingrayapti. Onaizorda esa daryo suvidan bo‘lak hech vaqo yo‘q. Bechora bolakay esa tinmay yig‘laydi. Qaldirg‘och, qaldirg‘ochginam, qilichimdagi toshlarni yulib unga hadya qilmaysanmi? Mening oyoqlarim ustunlarga mahkam bog‘langan. Yurolmayman baribir, joyimdan jilolmayman.
Haykalning yurakni junbishga soluvchi gaplaridan esankiragan qaldirg‘och:
– Misrga ketishim kerak, birodarlarim allaqachon Nil daryosidan uchib o‘tdi. Hademay ular buyuk fir’avn qabri ustiga qo‘nadi, – dedi.
Haykal nola qila boshladi:
– Qaldirg‘och, qaldirg‘ochginam, bir kecha ming kecha emas, xabarchim bo‘lolmaysanmi? Norasida bola juda chanqagan, onaizor esa kuchdan qolib, g‘amga botgan.
– To‘g‘risi, bolalarni jinim suymaydi, – davom etdi qaldirg‘och: – O‘tgan yili yozda, daryo bo‘ylab uchib yurganimda, tarbiyasiz bolalar menga tinmay tosh otdi. Shunga qaramay, ular meni toshbo‘ron qilolmagan. Chunki biz qaldirg‘ochlar bu borada ustasi farangmiz. Otilgan toshlariga chap berganman. Shunday bo‘lsa-da, bu shumtakalardan nafratlanishimga yetarlicha asos, deb o‘ylayman.
Qaldirg‘ochning javobidan Baxtiyor Shahzoda g‘amga botdi. Buni ko‘rgan qaldirg‘och:
– Bu yerlar menga sovuqlik qiladi, lekin iltimosingni yerda qoldirmayman, – dedi.
Shunday qilib, qaldirg‘och Shahzodaning qilichidagi toshlarni tumshug‘i bilan cho‘qilab olib, shahar uzra uchib ketdi. U ibodatxonalar ustidan o‘tib, serhasham qasr ustiga yetganda raqqoslarning dillarga surur beruvchi quvnoq kulgisini eshitdi. Bir go‘zal qiz deraza oldida yigit bilan suhbatlashardi.
– Umid qilamanki, kechki bazmga qadar oqshom ko‘ylagim tayyor bo‘ladi, biroq anovi tikuvchi ayol rosa dangasa-da, – derdi u o‘z juftiga.
Qushcha parvoz qilishda davom etdi. U bepoyon dengiz uzra ucharkan, bir to‘da qayiqchilarga ko‘zi tushdi. Ular o‘z qayig‘iga tunda suzish oson bo‘lishi uchun maxsus yoritgichlar o‘rnatardi. So‘ng qaldirg‘och yahudiylar yashaydigan ovuldan o‘tdi. Ular nimanidir bir-biri bilan tortishib savdolashardi. Nihoyat Baxtiyor Shahzoda aytgan o‘sha nochor ayol uyiga ham yetib bordi. Avvaliga ona-bolani zimdan kuzatdi. Bolakay hanuz behush, isitmalab yotar, onaizor esa holdan toyib uxlab qolgandi. Qushcha darchadan ichkariga ohista uchib kirdi va stol ustida turgan angishvona yoniga tumshug‘idagi qimmatbaho toshni qo‘ydi. So‘ng bolakayning peshonasi uzra jajji qanotlarini sekin silkitdi. Bemor mayin shabadadan orom olib, shirin uyquga ketdi. Qaldirg‘och Baxtiyor Shahzoda huzuriga qaytib, ko‘rgan-kechirganini birma-bir aytib berdi. Qaldirg‘och haykalga:
– Qahraton eshik qoqqaniga qaramay sovqotmayapman, – dedi.
– Chunki sen ezgu ish qilding, – deb javob qildi Baxtiyor Shahzoda.
Charchab qolgan qaldirg‘och beixtiyor uyquga ketdi. Tong otgach, u tunda Misrga uchgani taraddudlana boshladi. Shahzoda esa yana faryod chekdi:
– Qaldirg‘och, qaldirg‘ochginam, men bilan yana bir kecha qololmaysanmi?
– Misrga uchmasam bo‘lmaydi. Ertaga birodarlarim ikkinchi daryodan ham uchib o‘tadi, – javob qildi qaldirg‘och.
– Qaldirg‘och, qaldirg‘ochginam, – davom etdi Shahzoda, – Shahar chekkasidagi ko‘rimsiz kulbada, bir kishini ko‘ryapman. Ish stolida qog‘ozlarga ko‘milib o‘tiribdi. Sochi to‘zigan, horg‘in va o‘ychan ko‘zlari atrofga umid bilan boqadi. U nimanidir yozib tugatishga harakat qilyapti, ammo qahratondan qaltirab qalam tebratgani madori qolmagan. Ochligu sovuq tinkasini quritgan.
– Mayli, sen bilan yana bir kecha qolishga roziman. Qimmatbaho toshingdan unga ham olib borib beraymi? – so‘radi qaldirg‘och.
– Afsus, menda boshqa unday tosh yo‘q, boru yo‘g‘im ko‘zimda. Ular juda qimmat javohir. Ming yil burun Hindistondan keltirilgan. Birini cho‘qib ol-u, o‘sha ijodkorga hadya qil. U uni zargarga sotib, o‘tinu yegulik xarid qiladi va o‘z ishini oxiriga yetkazadi.
Yurak-bag‘ri ezilib yig‘lay boshlagan qaldirg‘och:
– Qadrli Shahzodam, men bunday qilolmayman… Ko‘zlaringni o‘yib ololmayman.
– Qaldirg‘och, qaldirg‘ochginam, iltimos, so‘zimni yerda qoldirma, – yolvordi Shahzoda.
Noiloj qolgan qaldirg‘och Shahzodaning bir ko‘zini o‘yib, yozuvchi kulbasi tomon uchdi. Ichkariga kirish qiyin bo‘lmadi. Chunki aftodahol kulba derazasining oynalari ham yo‘q edi.
Sovuqdan azob chekayotgan yozuvchi qavat-qavat kiyimlariga o‘ranib, boshiga qalin qalpog‘ini qo‘ndirib olganidan qushchani payqamadi ham. Birozdan so‘ng ish stoliga erinibgina qaragan adib hayratdan qotib qoldi. Qalashib yotgan qog‘ozlar ustida noyob dur turardi. Terisiga sig‘may ketgan ijodkor:
– Bu qanday mo‘jiza! Menga ham Xudoning atagani bor ekan! Nihoyat asarimni yakunlaydigan bo‘ldim, – deya qichqirib yubordi.
Atrofga qorong‘ilik tushib, oy samoda suzayotgan bir mahal qaldirg‘och yana Shahzoda huzuriga yo‘l oldi.
– Endi vidolashishga to‘g‘ri keladi, – dedi qaldirg‘och.
– Qaldirg‘och, qaldirg‘ochginam, menga bir kecha hamrohlik qil, – yolvordi Baxtiyor Shahzoda.
– Qahraton ham keldi, – davom etdi qaldirg‘och, – Hademay qor yog‘adi. Misrda esa quyosh charaqlamoqda. Hamrohlarim in qurish bilan band. Oppoq kabutarlar ularni qiziqish bilan kuzatib, musiqiy ohangda kuylayapti. Qadrli Shahzodam, seni tark etish vaqti-soati yetdi. Biroq seni hech qachon unutmayman, unutolmayman. Keyingi yil bahorda biz albatta ko‘rishamiz. O‘shanda senga dunyodagi eng go‘zal toshlarni sovg‘a qilaman.
– Shaharning janubiy qismida ma’suma bir qizaloq bor, – davom etdi Shahzoda. – Johil o‘gay otasi qizaloqqa doim yomonlikni ravo ko‘radi. Undan har kuni pul topib kelishni talab qiladi. Qizcha esa hali juda kichkina, oyog‘ida etigi, boshida qalpog‘i ham yo‘q. Agar u o‘gay otasiga pul olib borib bermasa, muttaham qizaloqni kaltak­lab jazolaydi. Iltimos, ikkinchi ko‘zimni ham yulib ol va uni qizaloqqa oborib ber. Toki unga o‘gay otasi zulm qilmasin.
– Yana bir kecha qolishga roziman, ammo ikkinchi ko‘zingni o‘yib ololmayman. Mabodo shunday qilsam, butkul so‘qir bo‘lib qolasan, – dedi qaldirg‘och.
– Qaldirg‘och, qaldirg‘ochginam, iltimosimni yerda qoldirma, – dedi Shahzoda.
Shunday qilib, qaldirg‘och Shahzodaning ikkinchi ko‘zini ham o‘yib, yo‘lga otlandi. U noyob durni ko‘zlari mo‘ltirab turgan qizaloqning jajji kaftiga qo‘ydi. Bundan hayratga tushgan qizcha:
– Qanday mo‘jiza! – degancha o‘zida yo‘q xursand bo‘lib, uyi tomon chopqillab ketdi.
Qaldirg‘och Shahzoda huzuriga qaytdi.
– Endi sen basirsan. Sen bilan umrbod birga qolishga qaror qildim, – dedi.
– Yo‘q, jajji oshnam, Misrga parvoz qilish vaqt-soati yetdi, – dedi.
– Yo‘q, Baxtiyor Shahzodam, yoningda umrbod birga qolaman, – deya Shahzodaning oyoqlari orasida uxlab qoldi qaldirg‘och.
Shu tariqa bu qahratonda haykalu qaldirg‘och o‘rtasida samimiy do‘stlik kurtak yozdi. Bunda na manfaat va na g‘araz bor edi. Ularning pok vijdoni va bir-biriga sadoqati iliq muhabbatni paydo qilgandi. Ikkisi borgan sari bir-biriga bog‘lanib, yanada yaqin bo‘lib borar, kechinmalarini hikoya qilib dardlashardi. Ayniqsa, qaldirg‘och hamsuhbatiga bir-biridan qizig‘u quvnoq hikoyalar aytib berishdan erinmasdi.
Kunlardan bir kun:
– Azizim qaldirg‘och, menga ajoyib ko‘ngil­ochar hikoyalaringni aytib ko‘nglimni xushnud etding! Lekin meni bundan-da baxtli qiladigani  – odamlarning quvonchini ko‘rish, ularning dardiga sherik bo‘lishdir. Qaldirg‘ochginam, shahrim uzra parvoz qil va ko‘rgan-kechirganlaringni menga aytib ber, – dedi.
Qaldirg‘och ulkan shahar uzra parvoz qilarkan, boylar oltinu zarlarga ko‘milib, aysh-ishrat bilan bandligini, nochoru kambag‘allar esa bir burda nonga zorligini payqadi. U parvoz qilishda davom etdi va ochlikdan rang-ro‘yi sarg‘aygan yetim bolalaru sovuqdan junjikib, bir-birining pinjiga tiqilgan qizaloqlarni ko‘rib yuragi larzaga keldi. U butun boshli shaharni parvoz qilib chiqdi va Shahzodaga hammasini afsusu nadomat bilan so‘zlab berdi.
– Tanamga sof oltin suvi yugurtirilgan. Oltinlarni sidirib, bechoralarga ulash, – dedi Shahzoda.
Qaldirg‘och har kuni Shahzoda tanasidan oltinlarni tumshug‘i bilan sidirib, beva-bechoralarga oborib berardi. Bu hol Baxtiyor Shahzodaning tanasi butkul kulrang tusga kirgunicha davom etdi. Qanchadan-qancha beva-bechoralar, kambag‘al-qashshoqlar, yetim-yesirlarning qozoni qaynadi, usti but bo‘ldi. Nihoyat qor yog‘di. Ko‘chalar muzlab, kumushdek tovlandi. Bolalar ko‘chalarda chang‘i uchib, qorbo‘ron o‘ynab hayqirib kulardi.
Bechora qaldirg‘och sovuqdan a’zoi badani qaltirab azoblansa ham, Shahzodani tark etolmasdi. Negaki, mehribon va olijanob Shahzodaga butun vujudi bilan bog‘langandi. Afsus, bunday qahratonda qaldirg‘ochning omon qolishi imkonsiz edi. U Shahzoda bilan vidolashuv onlari yaqinlashayotganini bilar, ichidan nimadir uzilganday bo‘lar va unsiz yig‘lardi. Parvoz qilgani madori qolmagandi. Shunga qaramay bor kuchini to‘plab, majolsiz qanotlarini zo‘rg‘a qoqdi-da, Shahzodaning yelkasiga qo‘ndi va:
– Alvido, Shahzodam, alvido! – dedi.
– Nihoyat Misrga ketishga qaror qilganingdan xursandman, – dedi Shahzoda. – Men bilan uzoq qolding, ko‘nglimni quvonchga to‘ldirding! Parvozing bexatar bo‘lsin, boraqol, azizim!
– Misrga uchmayapman, – dedi qaldirg‘och, – o‘lim vodiysiga ketyapman! O‘lim ham uyqudek gap! Uyquning akasi, shunday emasmi?
Qaldirg‘och Shahzodaning lablaridan bo‘sa olib, uning poyiga yiqildi va ohista jon berdi.
Tong saharlab sayr qilib yurgan shahar hokimi va mirshab haykal yonidan o‘tayotib, biroz muddat to‘xtab qoldi. Avvallari ular bu haykaldan faxrlanardi. Endi esa undan jirkanib nafratlanishdi. Chunki u tarovatini yo‘qotib, xunuk toshga aylangandi.
– Qadrdonim, bu Shahzoda haykali buncha xunuk bo‘lmasa, – deya so‘z boshladi shahar hokimi.
Uning gapini ma’qullab turgan mirshab:
– To‘g‘ri aytasiz, rostdan ham juda xunuk bo‘lib qolibdi. Qilichidagi ko‘zni qamashtiradigan qimmatbaho toshlar, ko‘zidagi ajoyib durlar qani? Tanasidagi oltin suvi ham o‘chib ketibdi. Bundan gadoy ham yaxshiroq, – dedi mirshab. – Bunga nima deysiz, janob, uning oyoqlari ostida o‘lik qush yotibdi. O‘lik qushlarning jasadi shahar o‘rtasiga tashlanmasligi to‘g‘risida qonun ishlab chiqarishimiz kerak! Umuman olganda, ko‘rimsiz haykalning endi keragi yo‘q, deb o‘ylayman.
Xullas, ular Baxtiyor Shahzoda haykalini qulatdi va uni maydalab eritdi. Mirshab eritilgan metalni nima qilish kerakligi to‘g‘risida bosh qotirib kengash chaqirdi.
– Biz boshqa bir haykal barpo qilishimiz kerak, – deya so‘z boshladi mirshab. – O‘ylaymanki, bunga eng munosib nomzod menman!
Bu gaplardan shahar hokimi g‘ijinib qo‘ydi:
– Bekorlarning beshtasini aytibsan! Menga haykal quriladi! – dedi u.
– Ikkingiz ham tushingizni suvga ayting! Menga atab haykal qurilishi kerak! – deya da’vo qildi boshqa mansabdor.
Janjal avjiga mindi. Eshitishimga qaraganda, ular hanuz janjallashayotgan ekan.
Haykalni eritgan xizmatchi ajib bir holga duch keldi. Uning barcha qismlari osonlik bilan erib ketganiga qaramay ko‘krak qismi erimasdi.
– Voajab, bu qanday mo‘jiza! – ajablandi xizmatchi va uni qaldirg‘och o‘ligi yotgan joyga uloqtirib yubordi.
Tangri farishtalaridan biriga: “Menga yerdan eng azizu qimmatbaho buyum keltiring”, deb amr qildi.
Shunda farishta uning huzuriga Baxtiyor Shahzoda haykalining parchalangan yuragiyu qaldirg‘ochning o‘lik jasadini olib bordi.
– Tanlashda adashmabsan, – dedi Yaratgan. – Bu jajji qushcha jannatim bog‘ida abadiy sayrab, ne’matlarimdan bahramand bo‘lsin! Bu qalbi pok haykal esa oltindan barpo qilingan shahrimda abadiy Baxtiyor Shahzodaga aylanib qolsin!

Oskar UAYLD
(1854 –1 1900)

«E’tiqod yoki Nigilistlar» (1882), «Padua gersoginyasi» (1883),
«Salome» (1893) dramalari, «Uindermir xonimning yelpig‘ichi» (1892),
«Benuqson erkak» (1895), «Jiddiy bo‘lish qanday muhim» (1896) komediyalari, «Baxtiyor shahzoda» va «Yulduzli bola» (1888) adabiy ertaklar to‘plamlari mashhur.

Ingliz tilidan
Shermuhammad Tuliyev
tarjimasi

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.