Sevsang agar mening qadar sev…

0
62
marta ko‘rilgan.

Bir xudoga, bir sevgiga ishondim

 Pok sevgimning ikki nomi bor ulug‘,

Bir Xudoga, bir sevgiga ishondim.

Ikki og‘a, ikki shohu ikki pir,

Bir Xudoga, bir sevgiga ishondim.

 

Adashmadim, tanladim Haq yo‘lini,

Sevaverdim ko‘ksim ikki bo‘linib.

Qo‘rg‘onimni qulatmadim qo‘l urib,

Bir Xudoga, bir sevgiga ishondim.

 

Boshimni tark aylamadi tumanlar

Qanday sevgi istaganman, sumanbar?

Ich-ichimda isyon qilsa gumonlar,

Bir Xudoga, bir sevgiga ishondim.

 

Ayting, kimning bo‘stoniga tosh otdim,

Axir, qachon yot yostiqqa bosh otdim?!

O‘lsam o‘ldim, sof sevgini yashnatdim,

Bir Xudoga, bir sevgiga ishondim.

 

Mansur deydi: sev, yuragim, sev, dilim,

Sevsang agar mening qadar sev, gulim.

Hatto senga ishonmadim, sevgilim,

Bir Xudoga, bir sevgiga ishondim.

 

 

                                * * *

Eng shirin xayolim olursan mening,

Sochlaring umrimdek chigal ko‘raman.

Kunduz ko‘zlaringni oftobim deyman,

Tunda qoshlaringni hilol ko‘raman.

 

Kechaman ko‘nglingning gulshanlaridan,

Toblanaman ishqning gulxanlarida,

Ne tong, azoblansam ol lablaringdan

Dardimga malhamu majol ko‘raman.

 

Xayoldan ayrilmoq istamayman hech,

Bandi yuragimdan zanjirlarni yech!

Sen qaydan bilasan, sahardan to kech

Naqadar o‘zimni malol ko‘raman.

 

Bilmadim, Mansurdan nega qochasan?

Gohida shirinsan, goho o‘jarsan,

Qayda nodonlardan suhbat ochilsa,

Ul joyda o‘zimni misol ko‘raman.

 

 

                                * * *

Bir lahzada ko‘z yosh qildi, lab osdi,

Sevgi emas ekanda bu, havasdir.

Endi sen-la tanishmog‘im abasdir,

La’l umrimni qo‘y umrimning ustina!

 

Mening kabi kim qayg‘urdi, g‘am chekdi?

Taskin berdim, umid berdim, ichikdim.

Hayot ta’mi gohi achchiq-chuchukdir,

Bol umrimni qo‘y umrimning ustina!

 

Ruhing to‘ymas, ishqni qonib icharsan,

Qaytib kelib yana ko‘ngil ocharsan,

Balki mening yuragimga ko‘charsan,

Dol umrimni qo‘y umrimning ustina.

 

Umr qisqa, bu bir oniy hayotdir,

Gulim, senga sadqa jonim hayotdir,

Dunyo go‘zal, hayot foniy hayotdir,

Ol, umrimni qo‘y umrimning ustina.

 

 

      SYeVIB QOLDIM

 

Qismatim shu ekan-da, tilagimga aylanding,

Ishqim to‘fon ko‘tardi, bo‘lagimga aylanding,

Ko‘chamdan bir bor o‘tib, yuragimga aylanding,

Ko‘chada sevib qoldim!

 

Sen falakdan tushgan oy, yerda qayerda bu baxt?

Koinotning ko‘ksida yashab yurganding xushvaqt,

Ro‘baro‘ kelganingda to‘xtab qolganmidi vaqt?!

Nechada sevib qoldim?

 

Muzga aylangan ko‘ksim omon chiqar to qishdan,

Milyon orzu tug‘ildi senga bir bor boqishda,

Tanimasang, bilmasang, najot bormi yoqishdan,

Qanchada sevib qoldim?

 

Gullar yaxshi his qilar yozning xosiyatini,

Sevmaganlar anglamas qizning hissiyotini,

Tosh urib tushirolmas tilloning qiymatini,

Shuncha-da sevib qoldim.

 

Sahargacha zavq bilan yechding tunning chokini,

Kunduz yaraladingu, kecha, ol, dard yukini!

Kunim kun bo‘lmay qoldi, yashayapman o‘kinib,

Kechada sevib qoldim.

 

Jilmayasan noz ila, tag‘in sevdirib meni,

Sof ishqimni yashnatding, jonim, sevdirib meni,

Qurbon bo‘lay Xudoga, seni sevdirib, meni

g‘unchada sevib qoldi…

 

Mansur Hasanzoda

 1981 yili Ozarbayjon Respublikasining Qazax shahrida tug‘ilgan. 1998– 2002 yillarda Ozarbayjon davlat iqtisodiyot universitetida tahsil olgan.

 

Ozar tilidan

Faxriddin Hayit tarjimasi

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.