Tlyon, Ukbar, Orbis Tertius

0
104
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

I

Ko‘zgu va ensiklopediyaning o‘xshashligi tufayli men Ukbarni kashf qildim. Ramos-Mexiada, Gaona ko‘chasidagi uyning yo‘lak adog‘ida ko‘zgu tashvishli jimirlar, ensiklopediya esa kishini chalg‘itish uchun The Anglo-American Cyclopedia deb nomlangan edi (Nyu-York, 1917). U 1902 yilgi Encyclopedia Britannicaning so‘zma-so‘z, ammo ancha kechikkan qayta nashri edi. Bu voqea besh yil chamasi avval sodir bo‘ldi. O‘sha oqshom menikiga Bioy Kasares mehmon bo‘lib kelgan va biz romanni birinchi shaxs nomidan qanday yozish kerakligi haqida bahslashib, uzoq o‘tirib qoldik. Fikrimizga ko‘ra, roviy bu kabi roman sahifalarida ba’zi bir voqealar haqida atayin so‘zlamas va yo ularni buzib ko‘rsatib, turli xil qarama-qarshi talqinlarga yo‘l qo‘yardi; o‘z navbatida bu hol ba’zi – juda ozchilik – o‘quvchilarning beshafqat va yo bachkana mohiyatni tushunib yetishlariga ko‘mak berar edi. Yo‘lak adog‘ida bizni ko‘zgu kuzatib turar va biz ko‘zgularda allaqanday mudhishlik bor ekaniga e’tibor qildik (yarim tun chog‘i bunday kashfiyotlar muqarrar). Shunda Bioy Kasares Ukbar yeresiarxlaridan birining so‘zlarini esladi: “Ko‘zgu va qo‘shilishlar jirkanchdir, illo ular odamlar miqdorini kupaytiradi”. Men ushbu ko‘hna hikmat manbaini so‘radim – bu The Anglo-American Cyclopediada, Ukbar haqidagi maqolada bosilgan, deb javob qildi Bioy. Bizning uyda (jihozlari bilan ijaraga olgan uyimizda) shu nashrning bir nusxasi bor edi. XXVI jildning so‘nggi sahifalarida biz Upsal haqidagi maqolani, XXVII jildning dastlabki sahifalaridan “Ural-Oltoy tillari” to‘g‘risidagi maqolani topdik. Ukbar haqida esa lom-mim deyilmagan edi. Biroz xijolat bo‘lgan Bioy ko‘rsatkich-jildlarni qo‘liga oldi. U turli talaffuzlarni saralab behuda urinardi: Ukbar, Ugbar, Ookbar, Oukbar… Ketish oldidan aytdiki, Ukbar Iroq va yo Old Osiyodagi allaqaysi bir viloyat edi. Tan olishim kerak, men bir qadar o‘ng‘aysizlangan ko‘yimcha uning fikrini ma’qullagan bo‘ldim. Xayol qildimki, nom-nishonsiz bu mamlakat va ism-sharifi yo‘q bu yeresiarx Bioy shosha-pisha to‘qib chiqargan narsalar edi va u – kamtarligi tufayli – shular vositasida o‘z jumlasini asosli qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lgandi. Yustus Pertes xaritalaridan biriga besamar tikilish oqibatida bunga ishonch hosil qildim.

Ertasi kuni Bioy menga Buenos-Ayresdan qo‘ng‘iroq qildi. Ensiklopediyaning XXVI jildiga kiritilgan Ukbar haqidagi maqola qarshisida turganini aytdi. Unda yeresiarxning ismi ko‘rsatilmagan, ammo garchi adabiy nuqtai nazardan ancha bo‘sh bo‘lsa-da, harqalay, qariyb o‘sha so‘zlar bilan ifoda etilgan ta’limotning bayoni bor: “Qo‘shilish va ko‘zgular – jirkanchdir” – “Copulation and mirrors are abominable”. Ensiklopediya matnida shunday deyilgan edi: “Ushbu gnostiklardan birining nazarida bu dunyo sarob yoki (aniqrog‘i) nedir botil makon edi. Ko‘zgular va bola tug‘ish­lar jirkanchdir (mirrors and fatherhood are hateful), illo mavjud narsani ko‘paytirib, chor-atrofga tarqatadilar”. Men bu maqolani ko‘rmoqchi ekanligimni aytdim. Bir necha kundan so‘ng Bioy uni olib keldi. Men hayratdan yoqa ushlab qolgandim – Ritterning “O‘lkashunoslik”, “Erdkunde” deb atalgan mufassal ko‘rsatkichlarida “Ukbar” degan nomga ishora ham yo‘q edi, axir.

Bioy keltirgan kitob chindan ham Anglo-American Cyclopedianing XXVI jildi edi. Uning qo‘shimcha muqovasi va g‘ilofidagi tartib so‘zlar aynan bizning nusxamizdagi kabi (Tor-Urs) edi, biroq uning sahifalari 917 ta emas, balki 921 ta edi. Xuddi mana shu qo‘shimcha sahifalarda (o‘quvchi fahmlaganidek) so‘zlikda ko‘rsatilmagan Ukbar haqidagi maqola bor edi. Biz keyinroq jildlar orasida boshqa tafovutlar yo‘qligini aniqladik. Ikkovi ham (aytib o‘tganimdek) Encyclopedia Britannica o‘ninchi jildining qayta nashri bo‘lib, bu kitobni Bioy “kimoshdi” savdosida xarid qilgan ekan.

Biz maqolani sinchiklab o‘qib chiqdik. Bioy eslatgan jumladan boshqa hayratga soluvchi ma’lumot yo‘q edi. Boshqa hammasi qat’iy tartibga solingan, uslubi jihatidan shu nashr ruhida va, tabiiyki, zerikarli edi. Qayta o‘qiyotib esa aynan shu qat’iy uslub soyasidagi jiddiy noaniqlikka e’tibor qildik. Jo‘g‘rofiy bo‘limda eslatib o‘tilgan o‘n to‘rt nomdan faqat uchtasini, bir ishora tarzida matnga kiritilgan uchta nomni qidirib topdik – Xuroson, Armanis­ton va Arzirum. Tarixiy ismlardan esa faqat bittasini: ko‘proq majoz ma’nosida keltirilgan qallob va afsungar Smerdisni. Maqolada go‘yoki Ukbar sarhadlari ko‘rsatib o‘tilgan, ammo manzillari butunlay notanish edi – mazkur viloyatning daryolari, jarlik va tog‘ tizmalari. Masalan, janubiy sarhadda Soyi Xaldun botig‘i va Aqso daryosining deltasi joylashganligi, ushbu delta orollarida bo‘lsa yovvoyi otlar o‘tlab yurishi haqida o‘qib qoldik. Bu 918-betda aytilgan edi. Tarixiy bo‘limdan (920-bet) ma’lum bo‘ldiki, o‘n uchinchi asrda kechgan ta’qiblar oqibatida dindorlar orollarda jon saqlaganlar, u yerlarda hali-hamon bu odamlar yaratgan tosh lavhlar saqlanib qolgan va ba’zan ularga tegishli tosh ko‘zgulari ham uchrab turadi. “Til va adabiyot” bo‘limi ixcham bo‘lib, faqat shu narsa e’tiborni jalb qilardi: unda aytilishicha, Ukbar adabiyoti xayoliy yo‘nalishga ega hamda doston va afsonalari hech vaqt voqelikni aks ettirmas va balki Mlexnas va Tlyon nomli xayoliy mamlakatlarni tasvirlar edi… To‘rtta kitob sanab o‘tilgan bo‘lib, garchi ularning uchinchisi – Sayles Xeyzlem: “Ukbar nomli mamlakat tarixi” – “History of the Land Called Uqbar”, 1874 – Bernard Kuorich kitob do‘konidagi ko‘rsatkichlarda qayd etilgan bo‘lsa-da, biz ularning birortasini hali-hamon topa olganimiz yo‘q. Ro‘yxatdagi birinchi kitob – “Kichik Osiyodagi Ukbar mamlakati haqida maroqli va mutolaaga loyiq ma’lumotlar” – “Lesbare und lesenwerthe Bemerkungen ober das Land Ugbar in Klein Asien”, 1641 yil, deb belgilangan va Yogann Valentin Andree tomonidan yozilgan edi. Qiziqarli hol: oradan bir necha yil o‘tgach, men bu ismni tasodifan De Kuinsida (“Asarlar”, o‘n uchinchi jild) uchratib qoldim. Ma’lum bo‘lishicha, bu ism XVII asr boshlarida xayoliy rozenkreyserlar jamoasini tavsif qilgan nemis ulamosiga tegishli edi. Keyinchalik boshqalar uning tasavvur mahsulini chindan ham hayotga tadbiq etdilar.

O‘sha oqshom Milliy kutubxonaga yo‘l oldik. Turli xil xaritalaru manbalar ro‘yxatlari, jo‘g‘rofiy jamiyatlar jurnallari va sayyohlar esdaliklarini behuda titkilab sarson bo‘ldik – hech kim va hech qachon Ukbarda bo‘lgan emasdi. Bioy qo‘lga kiritgan ensiklopediya umumiy ko‘rsatkichida ham bu nom tilga olinmagan. Ertasi kuni Karlos Mastronardi (u ham bizning izlanishlarimizdan voqif edi) Korriyentes va Talkuano kitob do‘konida “Anglo-American Cyclopedia” jildlariga duch keldi… Do‘konga kirib, XXVI jildni so‘radi. Tabiiyki, unda Ukbar haqida ishora ham yo‘q edi.

II

Janubiy temir yo‘l tarmog‘ida xizmat qilgan muhandis Gerbert Esh haqidagi allaqanday ojiz, tobora xira tortib borayotgan xotira Adrogadagi mehmonxonada, baravj butazorlar aro va ko‘zgularning xayoliy tublarida hali-hanuz muqim. Hayotlik chog‘ida u ko‘pchilik inglizlar singari arvoh kabi deyarli ko‘rimsiz yashab o‘tdi; o‘limidan so‘ng u endi hatto avvalgi arvoh ham emas. U norg‘ul va ozg‘in, bir vaqtlar mallarang bo‘lgan siyrak cho‘qqisoqolli va, fahmlashimcha, befarzand so‘qqabosh edi. Quyosh soatlari va bir tup eman daraxtini tomosha qilish uchun (uning o‘zi bizga ko‘rsatgan suratlarga ko‘ra xulosa qilyapman) u bir necha yil oralatib, Angliyaga borib kelardi. Otam u bilan do‘st tutingandi; ta’bir joiz bo‘lsa, ularning bu do‘stligi sof inglizcha edi, o‘zaro e’tirof­lardan voz kechib, tez orada suhbatlarsiz ham davom qiluvchi do‘stliklar sirasidan edi. Ular kitob va gazetalar bilan o‘zaro o‘rtoqlashishar, shaxmatda dona surishar, ammo bularning barchasi sukut pardasiga o‘ralgan bo‘lardi… Men uni mehmonxona yo‘lagida riyoziyotga oid kitobni qo‘lida tutgan ko‘yi osmonning betak­ror bo‘yog‘iga tikilgan qiyofada eslayman. Bir kun oqshom biz o‘n ikkilik hisob tizimi haqida so‘zlashib qoldik (bu nazariyaga ko‘ra, o‘n ikki xuddi o‘nday yoziladi). Esh aytdiki, u hozir aynan shu ish bilan, qayta hisoblash orqali o‘n ikkilik jadvallarni oltmishlik jadvalga aylantirish bilan mashg‘ul edi (bunga ko‘ra, oltmish o‘n raqamiday yoziladi). Bu yumush Riu-Grandi-du-Suldagi bir norvegning buyurtmasi ekanini ilova qildi u. Biz sakkiz yildan buyon tanish bo‘lsak-da, u yoqlarda bo‘lganini biror marta tilga olgan emasdi… Biz cho‘ponlar turmushi haqida, “kapangalar” va sharqdagi ba’zi qariyalar hali-hamon “gaucho” deb talaffuz qilib yurishgan bu brazilcha so‘zning kelib chiqishi haqida suhbat qurdik. Va – O‘zi kechirsin! – o‘n ikkilik hosilalar haqida qaytib og‘iz ochmadik. 1937 yilning sentyabrida (biz bu vaqtda mehmonxonada emasdik) Gerbert Esh bo‘yin tomirining yorilishidan qazo qildi. Qazosidan bir necha kun avval uning nomiga Braziliyadan muhr bosilgan quti kelgan, ichida ancha salmoqli bir kitob bor edi. Esh uni qahvaxonada qoldirgan joyidan ancha oylar o‘tib topib oldim. Men uni varaqlay boshladim va birdan sarosimaga tushdim – hayratimni tasvirlab o‘tirmayman, zero, gap mening tuyg‘ularim haqida emas, balki Ukbar, Tlyon va Orbis Tersius haqida borayotgan edi. Islomning ta’lim berishicha, allaqaysi bir oqshom, Kechalar Kechasi deb ataluvchi allaqaysi bir oqshom falakning yashirin darvozalari lang ochiladi va ko‘zalardagi suvlar yanada lazzatli tortadi; men o‘sha darvozalar qarshisida ham bu oqshomdagi kabi hayratga tushmagan bo‘lur edim. Kitob ingliz tilida yozilgan edi, hajmi 1001 sahifa.

Malla charmli g‘ilofda qiziqarli yozuvni o‘qib qoldim, u qo‘shimcha muqovada ham takrorlangan: “Tlyonning birinchi ensiklopediyasi. XI jild. Xlayer-Jangr” – “A First Encyclopaedia of Tlön, vol. XI. Hlaer to Jangr”. Nashr etilgan vaqt va joy ko‘rsatilmagan, birinchi sahifa bilan rangli jadvallardan birini to‘sib turgan xitoy qog‘oziga quyidagi yozuvlari bo‘lgan zangori shakl muhrlangan edi: “Orbis Tertius”. Yashirincha nashr qilingan allaqaysi bir ensiklopediya sahifalarida xayoliy mamlakat haqidagi qisqa bayonni o‘qib qolganimdan buyon oradan ikki yil kechdi va, mana, endi tasodif menga ancha qadrli va chindan salmoqli narsa ato etdi. Mana, men endi butun boshli noma’lum sayyoraning tarixi, me’morchiligi va tafovutlari, afsonalarining qo‘rquvlari va zabonlarining kuylari, hukmdorlari va dengizlari, toshlariyu qush va baliqlari, riyoziyoti va olov-otashlari, ilohiyotga oid va metafizik aksil talqinlari jo bo‘lgan ko‘lamdor va tartib bilan tuzib chiqilgan kitobga ega bo‘lgan edim. Bunda hamma narsa aniq, ravon, pand-nasihat va yo masxara qilish niyatidan holi tarzda bayon qilingan edi.

Men hikoya qilayotgan o‘n birinchi jildda avvalgi va keyingi jildlarga ishora qilingan. “N.R.F.”da e’lon qilingan va klassikaga aylanib ulgurgan maqolasida Nestor Ibarra ayni shu boshqa jildlarning mavjudligini inkor etadi; Esekiyel Martines Estrada bilan Driyo la Roshel uning gumonlarini to‘la muvaffaqiyat bilan rad qildi. Ammo astoydil qidiruvlar hozircha natija bermayotgani ham rost. Ikkov Amerika va Yevropa kutubxonalarini benaf ag‘dar-to‘ntar qilib chiqdik. Izquvarlikdan iborat mana shu qo‘shimcha yumushlardan charchagan Alfonso Reyes hatto yetishmayotgan kitoblarni qayta yarata boshlashni barchamizga taklif qiladi: panjasiga ko‘ra arslonni tiklash, ex ungue leonem. U buning uchun “tlyonchilar”ning bir avlodi yetarli bo‘lishini hazil aralash hisoblab chiqdi. Ushbu dadil xulosa bizni asosiy muammoga olib qaytadi: Tlyonning ixtirochilari aslida kimlar? Bu joyda ko‘plik sonini qo‘llash zarur edi, negaki yakka-yolg‘iz ixtirochi haqidagi, noma’lumlik va kamtarinlik zimistoni aro ter to‘kayotgan allaqanday cheksiz va tanho Leybnits haqidagi faraz bir ovozdan rad qilindi. Bu go‘zal yangi dunyo, brave new world – noma’lum daho rahbarligi ostidagi munajjimlaru o‘simlikshunoslar, musavvir va muhandislar, metafizik va shoirlar, kimyogaru riyoziyotchilar, ahloqshunos va geometrlar… yashirin jamiyatining ijodi, deb o‘ylash haqiqatga yaqinroq. Mana shu turfa ilmlardan boxabar odamlar behisob, ammo xayol qilishga qobillar ozchilikdir va bu xayolni qat’iy tartibli rejaga bo‘ysundira oluvchi odamlar hisobi bundan-da kamroq. Ushbu reja shu qadar ko‘lamdorki, har bir ishtirokchining ulushi olomon ichra adashgan chivin kabidir. Dastlab boshda Tlyon bu – boshdan oyoq tartibsizlik hamda tasavvurning bemas’ul to‘polonidan iborat, deb xayol qildilar. Endi ma’lum bo‘lishicha, Tlyon bu – yaxlit dunyodir va garchi xomaki tarzda bo‘lsa-da, uni boshqarib turuvchi ichki qonunlari ishlab chiqilgan. Ommabop jurnallar ularning o‘zlariga xos ishtiyoq bilan Tlyonning hayvonot olami va qir-adirlarini omma mulkiga aylantirdi – fikrimcha, shaffof qoplonlar va qonxo‘r minoralar barcha odamlarning diqqat-e’tiboriga loyiq emas. Tlyondagi dunyoqarashlar majmuasini bayon qilish uchun atigi bir necha daqiqa so‘rayman.

 

Yum aytgan ediki – men bu fikrga qo‘shilaman – Berklining dalil-isbotlari hech qanday e’tirozga yo‘l qo‘ymagani kabi, zig‘ircha ishontira olmaydi ham. Ushbu mulohaza bizning yerga nisbatan to‘la-to‘kis haqiqatdir, Tlyonga nisbatan esa to‘la-to‘kis yolg‘on. U sayyora xalqlari tabiatan idealistlardir. Ularning tili va ular tilining hosilalari – din, adabiyot, metafizika – dastlabki idealizmni taqozo etadi. Ularning nazarida olam – buyumlarning makondagi to‘plami emas, balki turli-tuman alohida xatti-harakatlarning turfa xil majmuasidir. Tlyon uchun makondagi emas, balki vaqtdagi davomiylik xos. Tlyonning taxmin qilinayotgan – “hozirgi zamon” tillari va lahjalari o‘sib chiqqan bobo tili, Urspracheda otlar mavjud emas. Unda faqat adverbial ma’noga ega bo‘lgan bir bo‘g‘inli so‘z yasovchi qo‘shimchalar (yoki oldqo‘shimcha) ko‘rinishidagi aniqlovchili shaxssiz fe’llargina mavjud. Masalan: “oy” so‘ziga to‘g‘ri keladigan biror so‘z bo‘lmagani holda “oylamoq” yoki “oylantirmoq” tarzida o‘girish mumkin bo‘lgan so‘zlar mavjud. “Daryo uzra oy ko‘tarildi” jumlasi “xlyor u fang aksaksaksas mlyo” bo‘lib jaranglaydi yoki bo‘lmasa, so‘zma-so‘z tarjima qilinsa, mana bunday: “yuqori uzra doimiy oqim oylandi”.

Yuqoridagi so‘zlar janubiy mintaqa tillariga taalluqli, shimoliy mintaqa tillari (bularning bobo tili haqida o‘n birinchi jildda juda oz ma’lumot berilgan) fe’lning emas, balki sodda sifat asosiga qurilgan. Ot sifatlarni yig‘ib borish yo‘li bilan hosil qilinadi. “Oy” emas, balki “qop-qora-dumaloq yuzasidagi havolangan yorug‘” yoki “osmon” o‘rniga “mayin-zangor” deyishadi va yo xohlagan boshqa birikmani ishlatishadi. Biz tanlab olgan misoldagi sifatlar birikmasi, chindan ham, mavjud jismga mos keladi – ammo bunday qilish aslida umuman shart emas. Ayni shu mintaqa adabiyotida (Meynong voqeligidagi singari) poetik niyat talablariga binoan bir lahzada paydo bo‘lib, g‘oyiblikka yuz tutar xayoliy buyumlar hukm suradi. Ba’zan ular bir lahzalik vaqtga bog‘liq bo‘ladi. Ikki sifatdan – ko‘rinuvchi va eshitiluvchi belgilardan – iborat narsalar mavjud: shafaq rangi va qushning olis qichqirig‘i. Ko‘p belgilardan iborat narsalar mavjud: quyosh va suzuvchi ko‘ksiga qarshi suv – yumuq qaboqlar ortidagi g‘ira-shira zangori shu’la, daryo oqimi va yo tush quchog‘iga o‘zini baxshida qilgan odamning tuyg‘ulari. Ikkinchi darajali ushbu jismlar boshqalari bilan birikishi, ba’zi bir qisqartma so‘zlar yordamida esa butun bir jarayon deyarli adoqsiz bo‘lishi mumkin. Bitta dona ulkan so‘zdan iborat mashhur dostonlar mavjud. Muallif yaratgan “poetik ob’yekt” bu so‘zda yaxlit holga keltirilgan. Gapning ot bo‘lagi borligiga hech kimning ishonmasligi oqibatida qiziq jumboq kelib chiqdi – shimoliy mintaqaning fuqarosi har bir ularning (otlarning) miqdori cheksiz, deb hisoblaydi. Ushbu mintaqa tillarida hind-ovro‘pa tillarining barcha otlari hamda ko‘plab boshqa narsalar ham mavjud.

Mubolag‘asiz aytish mumkinki, Tlyonning mumtoz madaniyati bor-yo‘g‘i bitta ilmdan – ruhiyotshunoslikdan iborat bo‘lib, boshqa barcha fanlar unga bo‘ysunadi. Aytib o‘tganimdek, bu sayyora odamlari dunyoni makonda emas, balki vaqt davomiyligida sodir bo‘luvchi moddalar harakatining majmuasi sifatida tushunadilar. Spinoza o‘zining cheksiz ilohiga ko‘lam va tafakkur sifatlarini loyiq ko‘radi; birinchi sifatning (faqat ba’zi holatlarga xos birinchi sifatning) ikkinchi sifatga (koinotning bekamu ko‘st ayniyati hisoblangan ikkinchi sifatga) qarama-qarshi qo‘yilishini Tlyonda hech kim tushunmagan bo‘lur edi. Boshqacha qilib aytganda, makonga tegishli allaqanday bir narsaning vaqtda davom qilishini ular xayollariga ham keltirmaydilar. Ufqda ko‘ringan tutun, kuyib yotgan dala va keyin mana shu yong‘inga sabab bo‘lgan chala o‘chirilgan papirosning namoyon bo‘lishi g‘oyalar birikmasiga misol tarzida izohlanadi.

Mana shu yalpi monizm yoki idealizm har qanday fanni noraso qiladi. Allaqaysi bir hodisani tushuntirish (yoki aniqlash) uchun uni boshqa bir hodisa bilan bog‘lash lozim; Tlyon fuqarolarining qarashlariga ko‘ra, bu kabi aloqa jismning navbatdagi holati hisoblanadi va, o‘z navbatida, bu holat avvalgi holatni o‘zgartirish va yo izohlashga qodir emas. Har qanday tafakkur holati hech qanday oqibatga olib kelmaydi: hatto shunchaki nomlash holati – ya’ni, id est turlarga ajratish – orqali xatoga yo‘l qo‘yiladi – asl nusxa buzib ko‘rsatiladi. Shu vaziyatlardan kelib chiqaroq, Tlyonda fanlar va hatto oddiy mulohaza ham bo‘lishi mumkin emas, deya xulosa qilish mumkin edi. Ammo qizig‘i shundaki, fanlar behisob u yerda. Falsafiy ta’limotlar ham shimoliy mintaqadagi otlarning ko‘yiga tushgan. Har qanday falsafa, hech shubhasiz dialektik o‘yin, allaqanday Philosophie des Als Ob –  Xuddi Guyo falsafasidir, degan haqiqat falsafiy majmualarning ko‘payishiga olib keldi. U yerda turli-tuman aql bovar qilmas falsafalar o‘pqoni yaratilgan bo‘lib, ularning qurilishi aksariyat hollarda joziba va shov-shuvga asoslangan tarzdadir. Tlyon metafiziklari haqiqat tugul, uning qarindoshiga ham intilmaydilar – ular taajjubga soluvchi narsani izlaydilar. Ularning fikricha, metafizika – fantastik adabiyotning bir tarmog‘idir. Har qanday tizim aslida borliq barcha jihatlarining allaqaysi bir muayyan jihatga bo‘ysunishidan boshqa narsa emasligini ular juda yaxshi bilishadi.

Hatto “barcha jihatlar” iborasi ham yaramaydi, zero, bu bilan hozirgi zamon va o‘tgan zamonlarning aqlga sig‘mas birligiga ishora qilinadi. Qolaversa, ko‘plik soni – o‘tgan zamonlar – ham nojoiz, zero, bu bilan o‘zgacha tasavvurning aqlga sig‘masligiga go‘yoki ishora qilingan bo‘ladi… Tlyon falsafiy oqimlaridan biri oxir-oqibatda vaqtni ham inkor etdi: bu donishlarning mulohazasiga ko‘ra, hozirgi zamon noaniqdir, kelajak bo‘lsa, u haqda hozirgi zamon bag‘rida o‘ylangan fikr tariqasidagina voqelikdir. Yana boshqa bir oqim aytadiki, “barcha zamonlar” o‘tib bo‘ldi va bizning hayotimiz, shu holicha, yakuni tomon beomon o‘tib borayotgan muqarrar jarayonning elas-elas xotiralari va yo jilla qursa, pajmurda in’ikosidir. Yana bir oqimning faraz qilishicha, jahon tarixi – bizning barcha hayotlarimiz tarixi, hayotlarimizning mayda-chuyda tafsilotlari tarixi yashirin jahon tarixi – iblis bilan til biriktirgan allaqaysi ikkinchi darajali xudo tomonidan muttasil qayd qilib borilgay. Yana birining fikricha, dunyoni ba’zi belgilari ahamiyatsiz bo‘lgan kriptogramma – maxfiy noma bilan qiyos qilish mumkin va uch yuz kechada bir sodir bo‘lar hodisagina chin haqiqatdir. Yana birovi – biz bu yerda uxlab yotar ekanmiz, o‘zga dunyoda bedor yuramiz, shu tariqa har bir odam ikki odamdan iboratdir, deya ishontiradi.

Tlyondagi hech bir ta’limot materializm kabi ashaddiy munozaralarga sabab bo‘lmagandi. Ba’zi faylasuflar uni ham – ko‘proq ehtirosga berilib – bir jumboq tarzida izohlaydilar. Ushbu aql bovar qilmas ta’limotni anglash oson bo‘lsin uchun o‘n birinchi asr yeresiarxi to‘qqiz dona kumush tangadan iborat jumboq o‘ylab topdi. Ushbu benazir topishmoqning ko‘plab talqinlari bo‘lib, ularda tangalar va topildiqlarning turlicha miqdorlari ko‘rsatib o‘tiladi; bu talqinlarning eng mashhurini keltiraman.

“Seshanba kuni kimsasiz yo‘ldan o‘tib borayotib, X to‘qqiz dona mis tangalarni yo‘qotib qo‘yadi. Y payshanba kuni shu yo‘ldan chorshanba kuni yog‘ib o‘tgan yomg‘ir tufayli biroz zang bosgan to‘rt dona mis tanga topib oladi. Z juma kuni yo‘ldan uchta tanga topadi. O‘sha kuni ertalab X o‘z uyi yo‘lagidan ikkita tanga topadi”. Yeresiarx bu voqea orqali topib olingan to‘qqiz dona tanganing mavjudligini,  ya’ni borliqda uzluksizligini isbot qilmoqchi edi. U ta’kidlaydiki, “Ayni tangalarning to‘rttasi seshanba bilan payshanba oralig‘ida, uchtasi seshanba bilan juma oqshomi oralig‘ida, ikkitasi esa seshanba bilan juma kuni ertalab oralig‘ida mavjud emasdi, deb o‘ylash bema’nilik bo‘lur edi. Ular vaqtning mana shu uch bo‘lagi har bir daqiqasida – jillaqursa inson anglay olmas qandaydir yashirin holatda – mavjud edi, deb o‘ylash haqiqatga yaqinroq”.

Ushbu jumboqni ta’riflashga Tlyonda amalda bo‘lgan til yaroqsiz edi – ko‘plar baribir hech vaqoni tushunmadi. Sog‘lom mantiq tarafdorlari dastlab boshda bu cho‘pchakning chinligiga ishonmaslik bilan qanoatlanishdi. Ularning ta’kidicha, bu taomil bilan mustahkamlanmagan va qat’iy mantiqiy mulohazaga yot ikki yangi so‘zdan – “qidirib topmoq” va “yo‘qotmoq” fe’llaridan – g‘ayrioddiy tarzda foydalanishga asoslangan g‘irromlikdir, illo bu fe’llar mantiqiy taomilga zid ravishda dastlabki to‘qqiz tanga bilan keyingi to‘qqiz tanganing ayniyligini nazarda tutadi. Ushbu sog‘lom tafakkur homiylari yana eslatib o‘tadilarki, har qanday ot (odam, tanga, payshanba, chorshanba, yomg‘ir) faqat ramziy ma’noga egadir. “Chorshanba kuni yog‘ib o‘tgan yomg‘ir tufayli biroz zang bosgan” qabilidagi makkor tasvir fosh etilgan edi. Bu jumlada seshanba bilan payshanba oralig‘idagi tangalarning uzluksiz mavjudligini hali isbot qilish lozim edi. Bu shunday tushuntiriladi: “o‘xshashlik” bilan “ayniylik” butunlay boshqa narsalardir, shundan kelib chiqaroq, to‘qqiz odam qatorasiga to‘qqiz kun davomida kuchli og‘riq changalida bo‘lganlari nazarda tutilgan bir ma’nisizlik yoki faraz qilingan hodisa – reductio ad absurdum ishlab chiqildi. Mana shu og‘riq har vaqt bir xildir, deb taxmin qilish bema’nilik emasmi? – savol qo‘yishadi ular. Alalxusus, ayni mantiq bilan qurollangan bu muhtaram jamoa jumboq o‘ylab topgan yeresiarxni kufrda aybladi, ularga ko‘ra, yeresiarx faqat bir narsani – ilohiy “borliq” sifatini oddiy tangalarga ravo ko‘rishday kufr niyatni ko‘ngliga tukkan edi, boz ustiga, yeresiarx ko‘plik shaklini goh inkor etib, goho e’tirof qiladi. Buning uchun shunday dalil-isbot keltiriladi: bordi-yu o‘xshashlik ayniylikni nazarda tutsa, u holda to‘qqiz dona tanga yakka-yagona bitta tangadir, deb o‘ylash ham lozim edi.

Raddiyalar hali adog‘iga yetgan emasdi. Muammo ta’riflab berilganidan so‘ng oradan yuz yil o‘tgach, bizning yeresiarx singari zo‘r qobiliyatli, biroq izchil an’ana tarafdori bo‘lgan boshqa bir donishmand favqulodda dadil farazni o‘rtaga tashladi. Uning ancha puxta taxminida ta’kidlanishicha, yakka-yolg‘iz zot mavjud, mana shu yaxlit zot mohiyat-e’tibori-la olamdagi barcha xilqatlarning har biridir va, o‘z navbatida, barcha xilqatlar ilohning tana a’zolari hamda niqoblaridan o‘zga narsa emas.  XY va Z dir. Z uchta tanga topib oladi, chunki bularni X yo‘qotib qo‘yganini eslaydi; X yo‘lakdan ikkita tanga topadi, chunki qolganlari ham topilganini eslaydi… O‘n birinchi jilddan ma’lumki, ushbu idealistik ta’limotning uzil-kesil g‘alabasi uchta asosiy sabablar bilan bog‘liq edi: birinchisi – fikrlovchi mavjudotni tanho voqelik deb biluvchi ta’limotga (solipsizmga) nafrat; ikkinchisi – ruhiyotshunoslikni ilmlar poydevori sifatida saqlab qolish imkoniyati; uchinchisi esa – xudolar mavqeini saqlab qolish imkoniyati. Shopengauer (ehtirosli va musaffo Shopengauer) “Parerga und Paralipomena” – “Aforizmlar va maksimalar”ning birinchi jildida shunga yaqin ta’limot yaratdi.

 

Tlyon geometriyasi o‘zaro biroz farqlanuvchi ikki ilmdan – ko‘z bilan ko‘rishga va his qilishga asoslangan geometriyalardan iborat. Bizning geometriya bilan baqamti bo‘lgan ikkinchisi birinchi geometriyaga bo‘ysundirilgan. Nigohiy geometriya nuqtalarga emas, balki buyum yuzasiga asoslangan. Baqamti chiziqlardan bexabar ushbu geometriyaning uqdirishicha, bir joydan boshqa joyga harakatlanib ko‘chayotgan odam atrofidagi buyumlar shaklini muttasil o‘zgartiradi. Tlyon arifmetikasining asosida cheksiz sonlar tushunchasi yotadi. Bunda asosiy e’tibor katta va kichik tushunchalarga qaratilgandir. Bu tushunchalarni bizning riyoziyotchilar > va < belgisi bilan ifodalaydilar. Biznikilarning Tlyondagi hamkasblari aytadilarki, hisob jarayonining o‘zi miqdorni o‘zgartirib, uni noaniq hisobdan aniq hisobga aylantiradi. Bir necha odam aynan bitta miqdorni hisoblab, bir xil natija chiqarishlari ruhiyotshunoslar nazarida g‘oyalar birligi yoki xotira o‘tkirligiga misol tariqasida tushuniladi. Tlyonda tafakkur ob’yektining yagona va manguligi esa bizga ma’lum.

Adabiy tamoyillarda ham yagona ob’yekt g‘oyasi hukm suradi. Muallif juda kam hollarda ko‘rsatib o‘tiladi. U yerda “qallob plagiat” tushunchasining o‘zi yo‘q: mavjud barcha asarlar zamondan tashqari va ismi noma’lum yagona muallif asaridan o‘zga narsa emasligi kunday ravshan. Ba’zan esa tanqidchilarning o‘zlari mualliflarni o‘ylab topadi: buning uchun ikki turli asar tanlab olinib – masalan, “Dao De Szin” va “1001 kecha” – ularni bitta adib nomi bilan bog‘laydilar, so‘ngra ushbu ajabtovur homme de lettres – qalamkashning ruhiyati xolis va jiddiy tarzda tadqiq etila boshlanadi.

Ularning kitoblari ham bizniki kabi emas. U yerning adabiyoti yakka-yagona voqeani takomillashtirib borish bilan mashg‘ul. Falsafada hamisha tezis va antitezis, har qanday ta’limotning qat’iy amalda bo‘lgan “parast” va ham “aksil” tushunchasi mavjud. O‘z bag‘rida inkor etuvchisi bo‘lmagan kitob Tlyonda notugal sanaladi.

Idealizm hukm surgan zamonlar voqelikka ta’sir qilmasdan qolmadi. Tlyonning eng qadimiy viloyatlarida yo‘qolgan buyumlarning ikki hissa ko‘payishi muntazam uchraydi. Aytaylik, ikki odam bir dona qalamni izlaydi, birinchi odam topib olib, lom-mim demaydi: ikkinchi bir odam boshqa qalamni, avvalgi qalam singari chinakam, biroq bu odamning tasavvuriga ko‘proq mos keladigan boshqa qalamni topadi. Ayni ikkilamchi buyumlar “xryonirlar” deyilib, ular birmuncha beo‘xshov bo‘lsa-da, foydalanishga ancha qulay. Yaqin vaqtlargacha “xryonirlar” xayolparastlik va xotira sustligining tasodifiy mahsullari edi. Ular endigina yuz yildan buyon rejali ravishda ishlab chiqarilayotganiga ishonish qiyin, ammo O‘n birinchi jild bunga guvoh. Dastlabki urinish­lar muvaffaqiyatsizlikka uchragan edi. Biroq shunday bo‘lsa-da, modus operandi, ishlab chiqarish uslubi eslab o‘tishga loyiq. Davlat tasarrufidagi qamoqxonalardan birining boshlig‘i daryoning eski o‘zanida qadimiy qabriston borligini mahbuslarga e’lon qilib, kimki arzigulik buyum topsa, uni ozod etishni va’da qildi. Qazish ishlari boshlanishidan bir necha oy avval ular topishlari lozim bo‘lgan buyumlar suratini ko‘rsatishdi. Ushbu dastlabki urinish umid va badnafslik ishga xalal berishini namoyish etdi: belkurak va cho‘kich bilan bir hafta ter to‘kilgach, tajriba o‘tkazilayotgan vaqtdan ancha avvalgi davrga mansub, zang bosgan g‘ildirakdan bo‘lak hech qanday “xryon”ni topib bo‘lmadi. Maxfiy tutilgan tajribani keyinroq to‘rtta kollejda takrorlashdi. Dastlabki uchtasida hech bir ish chiqmadi, to‘rtinchi kollej o‘quvchilari esa (bu kollej boshqoni qazish ishlari boshlangach, to‘satdan qazo qildi) oltin niqob, ko‘hna shamshir va ko‘ksida yozuvi bo‘lgan, yashilga moyil shohona sovutni qazib oldilar va yo bunyod etdilar. Yozuvni esa hech o‘qib bo‘lmadi. Qidiruvlarning tajriba ekanidan boxabar guvohlarning ishga yaroqsizligi shu tariqa ayon bo‘ldi… Ommaviy qidiruvlar butunlay teskari xususiyatli buyumlar tug‘dirayotgan edi: o‘shandan buyon qazish ishlarini alohida, hattoki tadoriksiz olib borishga kelishildi. “Xryonirlar”ni rejali ishlab chiqarish (O‘n birinchi jildda shunday deyilgan) arxeologlar og‘irini yengil qildi: endi kelajak singari bo‘ysinuvchan va yuvvosh tortib qolgan o‘tmishga ham jilo berib, uni hatto o‘zgartirish mumkin bo‘lib qoldi. E’tiborga loyiq misol: ikkinchi va uchinchi darajali “xryonirlar”da, ya’ni boshqa bir “xryon”dan kelib chiqqan “xryonirlar” bilan “xryon” “xryon”dan kelib chiqqan “xryonirlar”da dastlabki “xryon” xatolarining kuchayishi ko‘zga tashlanib qoldi; beshinchi darajali “xryonirlar” “xryon”ga juda o‘xshab ketadi; to‘qqizinchi darajali “xryonirlar”ni ikkinchi darajali “xryonirlar” bilan adashtirib yuborish mumkin; o‘n birinchi darajali “xryonirlar”da esa asl nusxalarda ham bo‘lmagan musaffolik mavjud. Ammo bu jarayon davriydir, ya’ni o‘n ikkinchi darajali “xryon”dan buzilish boshlanadi. “Xryon”dan shaklining ajoyib va sofligiga ko‘ra har qanday “ur” ustun turadi: “ur” – ishontirish orqali bunyod qilingan, yo‘qlik bag‘ridan umid ko‘magida olib chiqilgan buyum sanaladi. So‘zlab o‘tganim ajoyib oltin niqob – bunga yorqin misol.

Tlyondagi buyumlar ikki hissa ko‘payadi, ammo shuningdek, ularda yana bir xislat bor: odamlar xotirasidan ko‘tarilgach, ashyolar tobora xira tortib, belgilarini yo‘qota borishga moyil. O‘tmishdan misol – har kuni allaqaysi bir gadoyning oyoqlari tegib turgach mavjud bo‘lgan, u qazo qilgach esa ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan ostona. Ba’zan o‘ziga oshyon qurgan qushlar yoki qirchang‘i ot amfiteatr xarobalarini mangu yo‘q bo‘lishdan saqlab qolgich edi.

Salto-Oriyental, 1940.

Post-skriptum, 1947.

Yuqorida bayon qilingan badiani men 1940 yilda “Fantastik asarlar antologiyasi”da chop etilgan holicha – bir necha tashbeh va mana endi yengiltaklik bo‘lib tuyulayotgan hazilomuz xulosani hisobga olmaganda – qisqartirishlarsiz keltiryapman. O‘shandan buyon qanday voqealar bo‘lib o‘tmadi deysiz!.. Ulardan ayrimlariga to‘xtalaman.

1941 yil martida Gerbert Eshga tegishli Xinton risolasi sahifalarida Gunnar Erford qo‘li bilan bitilgan maktub topildi. Maktub zarfida Ouro-Preto pochta muhri bo‘lib, sahifalarda Tlyon sinoati to‘kis tushuntirib berilgan edi. XVII asrning birinchi yarmiga mansub allaqaysi oqshom Lyuserna va yo Londonda ushbu ajabtovur loyihaga ilk bor asos solingan, mutlaqo yangi o‘lka o‘ylab chiqarish maqsadida birlashgan maslakdoshlar yashirin jamiyati ta’sis etilgan edi (uning a’zolari qatorida Dalgrano, ke­­yinroq Jorj Berkli ham bor edi). Ancha mubham dastlabki dasturga ko‘ra “germetik ilmlar”, xayriya va kabbala (tilsimot ilmi) nazarda tutilgandi. Andreening maroqli asari ayni shu ilk davrda yaratildi. Kengashish va tahlillar bilan o‘tkazilgan bir necha yildan so‘ng butun boshli mamlakat o‘ylab chiqarish uchun bir avlod kifoya qilmasligi jamiyat a’zolariga ayon bo‘ldi. Tadbirni davom ettirish uchun jamiyatning har bir a’zosi o‘ziga shogird tanlab olishiga kelishildi. Bu kabi merosxo‘rlik tartibi samarali bo‘lib chiqdi: ikki asrlik quvg‘indan so‘ng ushbu firqa Amerikada qayta tiklandi. 1824 yil Memfisda (Tennesi shtati) jamiyat a’zolaridan biri xonanishin korchalon Izro Bakli bilan hamsuhbat bo‘ladi. Hikoyani istehzo aralash tinglab bo‘lgach, ushbu rejaning kamtarona ko‘lamini kulguga oladi. Amerikada mamlakat o‘ylab topish bema’nilikdir, dedi Bakli va bira-to‘la butun boshli sayyora o‘ylab topishni taklif qildi. Mazkur ulug‘vor g‘oyaga u yana bir taklif, o‘z nigilizmi mahsulini ilova qildi: ushbu bemisl reja mutlaq sir tutilmog‘i lozim. Ayni o‘sha mahalda Encyclopedia Britannicaning yigirma jildi bosmadan chiqqandi, Bakli xayoliy sayyoraning tartibga solingan mana shunday qomusini yaratishni taklif qiladi. Oltin zaxiralariga boy tog‘larni, kemalar bilan to‘lib toshgan daryolarni, buqa va bizonlari o‘tlab yurgan yaylovlarni, bu sayyora zanjilariyu islovatxona va dollarlarini ko‘ngilga siqquncha tasvirlayverishsin, ammo shart shuki, “Bu asar lo‘ttiboz Iso Masih izmida yurmasin”. Bakli Xudoga topinmas, ammo ojiz bandalar ham butun boshli olam yarata olishlarini mana shu yo‘q Xudoga isbot qilmoqchi edi. Bakli Baton-Rujda 1828 yil zaharlanib o‘ldi; 1914 yili jamiyat o‘z izdoshlariga – ularning nafari uch yuz edi – Tlyon Birinchi Ensiklopediyasining so‘nggi jildini topshiradi. Bu nashr maxfiy edi: uni tashkil qilgan qirq jild (insonlar qo‘li bilan bitilgan eng ulkan asar) ancha mufassal boshqa bir nashr uchun, ingliz tilida emas, balki endi Tlyondagi tillarning birida yozilishi kerak bo‘lgan boshqa bir nashr uchun asos bo‘lib qolishi lozim edi. Ushbu xayoliy dunyo sharhi  Orbis Tertius deb nomlangan bo‘lib, Gerbert Esh – Gunnar Erford gumashtasi va yo jamiyat a’zosi sifatida – uning yaratuvchilaridan biri edi. O‘n birinchi jild­ning yuborilishi Esh jamiyatning to‘laqonli a’zosi edi, deb taxmin qilishga asos beradi. Boshqa jildlar taqdiri qanday kechgan? 1942 yildan qiziqarli voqealar sodir bo‘la boshladi. Dastlabkilarini aniq-tiniq eslayman va, ehtimol, bu voqea ilk debocha ekanini his etgandim o‘shanda. Bu voqea Laprid ko‘chasidagi chorbog‘da, mag‘ribga qaragan baland boloxona qarshisida sodir bo‘ldi. Knyaginya de Fosini Lyusenj xonim nomiga Puatyedan kumush idishlar olib kelindi. Ajnabiy muhrlar bilan ziynatlangan quti tubidan go‘zal buyumlar paydo bo‘la boshladi: Utrext va Parijdan yuborilgan, jonivorlar surati naqshlangan turli oshxona jihozlari, bu jihozlardan ham ko‘ra nafis choy qaynatgich. Ushbu mudroq jonzotlar ichra qiblanamo sinoatli titrar edi. Qiblanamo knyaginyaga tegishli emasdi. Uning zangor mili ohanrabo maydoni tomon intilgan, qabariq po‘lat sirtiga naqshlangan harflar esa Tlyondagi alifbolardan biriga taalluqli edi. Shu tariqa xayoliy dunyo chin dunyoga ilk bora bostirib kirdi. Meni tashvishga solgan tasodif bois ikkinchi voqeaga ham shohid bo‘ldim. Bu – oradan bir necha oy o‘tgach, Kuchilya-Negradagi bir yemakxonada yuz berdi. Amorim ikkimiz Santa-Anadan qaytib kelayotgandik. Takuarembo daryosi o‘zanidan chiqishi oqibatida biz u joylarning abgor mehmonnavozligini boshdan o‘tkazishga (va toqat qilishga) majbur bo‘ldik. Xo‘jayin sharob meshlari qalashib yotgan xonaga biz uchun joy hozirladi. Biz o‘ringa yotdik, ammo devor ortidagi mast hamsoya goh uzoq va bejamdor so‘kinib, goh esa bachkana qo‘shiqni uvlab kuylagan ko‘yi tongga qadar uyqu bermadi. Biz, tabiiyki, hech tinmagan bu ovozlarni yemakxonada siylangan musallas kasridan deb bilgan edik… Hamsoyani ertalab yo‘lakda jonsiz holda topishdi. Xirildoq ovoz bizni chalg‘itgan edi – marhum hali aroqxo‘rlik ilmidan jiddiy saboq olmagan yosh yigit bo‘lib chiqdi. Uning belbog‘idan bir necha tanga va shashqol donasi kabi kattalikdagi yaltiroq ma’dan konus tushib qoldi.

Bir bolakay konusni olib qochishga behuda urinardi. Uni o‘rta yashar odam bazo‘r ko‘tara oldi. Men uni bir necha soniya kaftimda ushlab turdim: esimda, og‘irlikka toqat qilib bo‘lmas edi, konusni olib qo‘yishgach, yana birmuncha vaqt vaznini his etib turdim. Kaftimda esa aniq bilinib turgan gardish izlari qoldi. Bu qadar g‘ayrioddiy vaznga ega mo‘jaz buyum ko‘ngilda g‘ashlik va xavotir uyg‘otar edi. Kimdir birov uni tezoqar daryoga uloqtirishni taklif qildi. Bir necha peso evaziga Amorim uni xarid qildi. Marhum haqida esa u “sharqiy sohildan” ekanidan boshqasi ma’lum emasdi. O‘sha jajji, vazmin konuslar (er yuzida noma’lum ma’dan) Tlyondagi ayrim dinlarda iloh timsoli bo‘lib xizmat qiladi.

Mana shu joyda hikoyaning o‘zimga taalluqli bo‘lagiga nuqta qo‘yaman. Qolganlari esa barcha o‘quvchilarim xotirasida (va balki umid va yoki qo‘rquvlarida) yashaydi. Faqat yana ayrim misollarni esga solish kifoya. Bashariyatning ko‘lamdor xotirasi ularni to‘ldirib, ravnaq ettirishiga aminman. 1944 yili bir odam Memfis kutubxonasida (Nashvill, Tennesi shtati) “The American” gazetasini tadqiq qilayotib, Tlyon Birinchi Ensiklopediyasining barcha qirq jildini topib oldi. O‘sha kashfiyot tasodif edimi va yoki hanuzga dovur yashirin bo‘lgan Orbis Tertius sohiblarining ijozati bilan ro‘yobga chiqarilganmidi, degan masala atrofida hamon munozaralar tingan emas. Keyingi faraz haqiqatga yaqinroq chamasi. O‘n birinchi jildning ba’zi bir aql bovar qilmas ta’kidlari (deylik, “xryonirlar”ning ko‘payish xususiyati) Memfisda topilgan nusxada tashlab o‘tilgan yoki bir qadar yumshatilgandi. Bundan kelib chiqaroq shunday taxmin qilish mumkin – ayni tuzatishlar ushbu yangi dunyoni chin dunyoga imkon qadar yaqin tasvirlash rejasiga ko‘ra amalga oshirilgan edi. Buyumlarning Tlyondan turli mamlakatlar bo‘ylab tarqalishi, aftidan, bu rejani yakunlashi lozim edi… Haqiqat shuki, jahon matbuoti “topilma” atrofida katta shov-shuv ko‘tardi. Darsliklar, antologiyalar, taqriz va o‘girmalar, Bashariyat Buyuk Asarining mualliflar bilan kelishilgan va yo o‘g‘rincha qayta nashrlari yer yuzini to‘ldirib yubordi. Bu jarayon hali-hamon to‘xtagan emas. Voqelik bir zumda turli nuqtalarda chekina boshladi. Albatta, voqelik aslida ham yon berishni tusab qolgan edi. Atigi o‘n yil avval odamlar xayolini o‘g‘irlash uchun bir-biriga baqamti va qat’iy tartibli tuyulgan tushunchalar, aytaylik, dialektik materializm, aksilsemitizm va yo fashizm kifoya edi. Shunday ekan, har sohasi tartibga solingan yangi sayyoraning – Tlyonning jozibasiga uchish, uning mufassal va ravshan manzarasiga ko‘ngil qo‘yish hech gap emasdi. Axir, voqelik ham tartibga solingan-ku, deb e’tiroz bildirish befoyda. Ha, balki shundaydir, ammo u ilohiy qonunlarga ko‘ra tartib qilingan – buning tarjimasi esa shu: atrofimizda kechayotgan va biz ko‘nikkan voqelik anglab yetish imkonsiz noinsoniy qonuniyatlarga ko‘ra tartib qilingan. Tlyon esa – bu labirint, u insonlar o‘ylab chiqargan labirint, u insonlar anglab yetishlari haqqi barpo qilingan labirint.

Tlyon bilan aloqalar va unga ko‘nikish biz yashab turgan dunyoni yo‘ldan ozdirdi. Tlyonning xushbichimligidan esini yo‘qotgan insoniyat bu uyg‘unlik farishtalarining emas, balki shatranj ustalari niyatining mahsuli ekanini tobora yoddan chiqarayotir. Tlyonning (farazlarga asos­langan) “dastlabki tili” maktablarga bostirib kirdi, Tlyonning barkamol (va hayajonli manzaralarga to‘la) tarixini o‘qitish o‘sha tarixga, bolalik yillarim ustidan hukmron bo‘lgan o‘sha tarixga ko‘lanka tashlab ulgurdi; odamlar xotirasidagi odatiy o‘tmishni boshqa bir o‘tmish, biz qallob ekanidan ham bexabar boshqa o‘tmish siqib chiqarmoqda. Numizmatika, dorishunoslik va arxeologiya o‘zgarishlarga yuz tutdi. O‘ylashimcha, biologiya va riyoziyotni ham shu qismat kutayotir… Yer yuzasi bo‘ylab tariqdek sochilgan tanho donishmandlar shajarasi dunyo tusini o‘zgartirib yubordi. Ularning ishi davom qilayotir. Bordi-yu bashoratlarimiz ro‘yobga chiqsa, yuz yillardan so‘ng kimdir birov Tlyon Ikkinchi Ensiklopediyasining yuz jildini topib oladi.

Va o‘shanda sayyoramizdan ingliz tili ham, farangi va ispan tili ham g‘oyib bo‘ladi. Dunyo – Tlyonga aylanadi. Menga esa baribir, men Adroga qo‘noqxonasining sokin panohi ostida Braun “Dafn ko‘zasi”ga yozilgan Kevedo ruhidagi badiaga (uni chop ettirmoqchi emasman) ishlov berish bilan mashg‘ulman.

Xorxe Luis Borxes

(1899–1986)

Argentinalik taniqli adib. Bir qator milliy va xalqaro mukofotlar sovrindori. 1920-yillarda Lotin Amerikasi ispan tilli adabiyotiga avangardizm yo‘nalishini olib kirgan. Birinchi kitobi – “Buenos Ayres ehtirosi” she’rlar to‘plami. “To‘qilgan voqealar” (“Ficciones”, 1944), “Alef” (“El Aleph”, 1949), “Asoschi” (“El Hacedor”, 1960) singari hikoyalar to‘plamlari, bir qator esselar, tadqiqotlar, she’riy kitoblar va kinossenariylar muallifi.

Rus tilidan Sharifjon AHMEDOV tarjimasi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.