Yangi davr she’riyatining Cho‘lponi

0
1
marta ko‘rilgan.

Ayni ijodi gullagan davrida mustabid tuzum qurboni bo‘lgan xalqimizning o‘tyurak farzandi Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon ijodiga, shaxsiyatiga qiziqish hech qachon so‘nmadi. Adib merosi, ayniqsa, istiqlol yillari yurtimizda, shuningdek, xorijda ham katta qiziqish bilan o‘rganila boshladi. Tatariston xalq shoiri Radif Gatashning Cho‘lponga bag‘ishlangan maqolasi fikrimiz isbotidir. Quyida maqola qisqartirib e’tiboringizga havola etilmoqda.

 

Yigirmanchi asrning birinchi choragida o‘zbek adabiyotining tong yulduzi bo‘lib balqigan, uning boyishida muhim o‘rin egallagan shoir, shubhasiz, Cho‘lpondir. U she’rlar bilan bir qatorda roman, hikoyalar yozdi. Badiiy puxta pyesalar bitib, o‘zbek teatr­larida sahnalashtirdi. Bundan tashqari, Gotssi, Shekspir kabi adiblar asarlarini (“Turandot”, “Gamlet” va hokazo) o‘zbek tiliga o‘girdi.

Abdulhamid (Cho‘lpon  – uning taxallusi, ayrim asarlariga  “Qalandar”, “Mirzaqalandar”, “Andijonlik”  deb  imzo qo‘ygan) 1897 yili Andijonda So‘laymon savdogar oilasida tug‘ilgan. Otasi, eskicha ta’lim olgan bo‘lsa-da,  farzandlarini  jadid madrasalarida (Andijon va Toshkentda), keyinchalik  o‘zbek-rus maktabida o‘qitgan. U Qozon, Orenburg va Toshkentda bosiladigan eng yaxshi jurnalar, hattoki Misr hamda Hindistonda turkiy tilda chiqadigan gazetalargacha olgan. Shu bois Cho‘lpon juda ziyrak, bilimdon, dunyoqarashi keng shaxs bo‘lib yetishdi. Shoir deyarli barcha turkiy tillarda gaplashgan. Arab, fors adabiyoti bilan bir qatorda rus, Ovrupa she’riyati bilan ham yaxshi tanish edi. Cho‘lponning otasi Sulaymon ham she’riyatga ko‘ngil qo‘ygan kishi bo‘lib (u ham she’rlar yozgan) o‘ziga manzur kelgan eron she’riyati durdonalaridan devon tuzgan. Yigirmanchi yillarda Cho‘lpon Moskvada yashab, u yerda  tashkil topgan o‘zbek teatr studiyasi talabalariga o‘zbek tili va  adabiyotini o‘qitgan vaqtda, unga yo‘llagan xatlarini she’riy (g‘azal, qasida) shaklda yozib turgan. Mana, oilaviy muhit qanday bo‘lgan!

Ahmad Zakiy Validiyning mashhur “Xotiralar” kitobini o‘qigan kishi biladi: uning butun bilimi, pedagogik, siyosiy  faoliyati adabiyot bilan chambarchas bog‘langan edi. Esdaliklarida u ko‘plab Qozon adiblarini, Orenburgdagi yozuvchilar davrasini yorqin tasvirlagani ham aslida shundan. Turkiy va forsiy shoirlar yozgan asarlardan misralar, parchalar keltirib, zamondoshlari  – Dardmand, Mag‘jon, Cho‘lpon haqida ehtirom bilan yozadi. Musofirlikda yashaganda ham doim eslab turadi  va ularning asarlarini “ma’naviyat xazinasining durdonalari”, deb biladi. Cho‘lponni “modern (zamonaviy) o‘zbek adabiyotining ulug‘ shoiri”, deb ataydi. Mag‘jon Jumaboyevni ham…

Xotiralardan shuni anglash mumkinki, bu iste’dodli shoirlar Orenburgda Babich bilan tanishib do‘st bo‘lib qoladi. Men bu uch shoir lirikasida, obrazlarida, hasratlarida hamohanglik ko‘raman. Bu holat  yigirmanchi asr boshiga to‘g‘ri kelgan, faqat o‘n-yigirma yilgina davom etgan, xolos.

1914 yili Ahmad Zakiy Validiy qadimgi madaniy merosimizni tadqiq  etish niyatida ilmiy safarga chiqib,  Toshkent,  Andijon, Buxoro shaharlarida  Mahmudxo‘ja Behbudiy, Vasliy, Munavvar Qori kabi  o‘zbek ziyolilari bilan tanishadi. U safar davomida  andijonlik yosh shoir hamda uning otasi bilan uchrashadi. Aslida, olimning asarlarini o‘qib, u haqida ko‘p eshitgan Cho‘lpon “yosh tarixchi qari Zakiy”ni (Babich so‘zi) mehmonga taklif etgandi.

Cho‘lpon mehmonning oldida bir do‘sti bilan o‘zaro suhbatlashib o‘tiradi. Cho‘lpondan Sulaymonning noroziligini sezgan  Ahmad Zakiy Validiy: “Bulbul – betakror sayroqi qush. Ammo u sayraganda boshqa qushlar jim (sayramay) turmaydi…” deb mavlono Rumiydan bayt keltiradi. Bu so‘zdan mezbonning ko‘ngli taskin topadi.

Axir bolaligidan Rumiyni, Sa’diyni, Hofizni, bizning To‘qayni sevib, ularning “sayrashiga” muhibban (yoqtirgan, sevgan) bo‘lsa-da, Cho‘lponning o‘zi “sayrab”, “ko‘ylab” yurdi. Ovozi tobora tiniqlashib, kuchga kirdi. Natijada, turkiy xalqlarning umumiy iftixori — ulug‘ shoir bo‘lib yetishdi. Bu yorug‘ dunyoda sayroqi qushlar ham, shoirlar ham  o‘z tinglovchilarini topadi!

Yigirmanchi yillarda Cho‘lponga “yorliqlar (kambag‘allar) shoiri emas” deb, sinfiy pozitsiya­dan kelib chiqib, matbuot orqali o‘n yilga yaqin hujum uyushtirildi. Bu paytda shoir ayni kuchga to‘lgan, ijodi yanada gurkiraydigan davr edi. Moskvada ham, Toshkentda ham Cho‘lpon ijodini qadrlagan do‘stlari, shogirdlari ko‘p edi. Masalan, G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon, Uyg‘un kabi shoirlar Cho‘lponni o‘ziga ustoz deb bilgan va shoirni himoya qilishga uringan. Lekin tez orada ular “xatolarini tan olishga” majbur bo‘ldi. Maxsus adabiy “sud”lar, shoir ijodi to‘g‘risida partiyaviy chiqishlar, keyinroq esa uni qoralashlar bo‘ldi. Natijada, 1937 yili hibsga olingan shoir, 1938 yili otildi…

1990 yillarga qadar hatto uning ismini ham o‘chirib tashlashga harakat qilindi. Lekin shuni bilmadilarki,  bunday shoirni unutib bo‘ladimi? Mumtoz Sharq adabiyoti  traditsiyalarini davom ettirib, yangi adabiy kashfiyotlar qilib, zamon o‘zgarishlarini sozga solgan, o‘ziga xos uslubini ro‘yobga chiqarib, ta’sirli, o‘tkir she’riyat yaratgan Cho‘lponni-ya!

Ahmad Zakiy Validiyning “Xotiralar”ini o‘qiganimda, ko‘nglimga o‘rnashib qolgandi. Cho‘lpon asarlarini uzoq vaqt izladim. Kitobimni topmoqchi bo‘lib, o‘zbek do‘stlarimdan so‘radim. 2009 yili “Qozon o‘tlari” jurnalining aprel sonida olmon olimi M.Fridrixning Dardmand ijodiga bag‘ishlangan maqolasi (I.Giylajev tarjimasida) bosilib chiqdi. Olimning: “Unga (Dardmanga) faqat Cho‘lponni tenglashtirish mumkin”,   degan fikri mening qiziqishimni yanada oshirdi. Uning yana bir fikri diqqatga sazovor: tabiat hamda mangulik mavzusi, hayotning o‘ziga xos she’riy modelini yaratishda bizning shoirlarga hamohang, ustozlar U.Uitmen va R.Tagor nomini keltirib,  Dardmand va Cho‘lponga yuksak baho beradi. O‘sha maqola Cho‘lpon asarlarini topishga yanada kuchli ishtiyoq uyg‘otdi. Nihoyat, niyatimga yetdim. Kitobni topib shoir ijodini o‘rgana boshladim.

 

Radif GATASH,

Tatariston xalq shoiri

 

Tatarchadan Zulfiya Hasanova,

Adhambek Alimbekov

tarjimasi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.