22 daqiqada öqiladi

79 marta körilgan

Yengilmas Arsenov

Yuriy Nagibin

(Hikoya)

Uning şarifi yoki bulğorça, yoki avlod-ajdodi gruzinlarga borib taqaladi. Arsen – Gruziyaning xalq qahramoni. Ammo Petya Arsenovning kelib çiqişi Yaroslavldan. Bu yaroslavllik yigit öz şarifining özgaça jaranglaşidan ğururlanadi, şunday bölsa-da, uning asli nomaʼlumligiça qoldi.

Petya Arsenov taşqi körinişidan odatdagi yaroslavlliklarga mutlaqo öxşamaydi – körkam, qoraça yuzli, jingalaksoç, jussasi miqtidan kelgan, pişiq va juda epçil yigitça. Şaharlik bolakay nozikkina edi, ösmir bölgaç, muşaklari tortilib, yelkalari yozildi va soddalarça ğururlanib, uçraganga qölini tirsakdan egib, muşaklarini silab körsatgisi kelardi. Bu natijaga katta mehnat, temir intizom, maşq, metallçilar klubidagi boks tögaragiga muntazam qatnaş evaziga erişdi. Lekin yuzining rangi qizarmadi va yaroslavlliklar safiga qöşilolmadi.

Biz Petya Arsenov bilan nihoyatda faxrlanardik: bölmasam-çi, har bir uyning öz boksçisi bor! Hovlimiz pahlavonlari orasida u, albatta, birinçi örinda turadi. Töğriroği, tanlovdan taşqari, uni boşqalar bilan bir qatorga qöyib bölmaydi. Bizga öxşaş havaskorlar orasida u çinakam sportçi ekani uçun ham ajralib turardi, uni hatto Vovka Kovboyday bolalarga taqqoslaş heç kimning xayoliga kelmagandi.

Hovlimizdagi bolalar hayotini eslasam, unda murakkab poğo­nalarni köraman, u şahar emas, saroy hovlisiga öxşaydi. Qança yillar ötib ketgan bölsa-da, azamatlarimiz darajasini hali unutganimça yöq. Vovka Kovboydan keyin Senka Zaxarov, undan keyin Slava Zubkov, keyin Seryoja Lepkovskiy – xalq artistining nevarasi, nihoyat, Borka Solomatin… Undan keyin kim edi? Saxaroza bölişi kerak, biroq butun hovli bolalari köz öngida men uni yakkama-yakka olişuvda burnini yerga işqab qöydim va bu örin meniki böldi. Gap şundaki, Borka Solomatinga kelib birinçi qator tugaydi va Saxaroza ustidan qozongan ğalabamdan söng ikkinçi qator mendan boşlanadi. Yurkaning Solomatindan keyin tu­rişini aytiş heç kimning xayoliga kelmaganmiş. U yerda boşqa guruh, bu yerda boşqa, Mardondan boşlanib janjalkaş-yiğloqi Mulya bilan tugaydigan uçinçi guruh ham bor, qolgani – mayda-çuyda bolalar. Guruhlaş bolalar yoşiga asoslangan. Na kuç, na böy, na jismoniy va aqliy rivoj­laniş, heç qaysi biri muhim emas. Guruh içida bir örindan ikkinçisiga ötiş mumkin, ammo-lekin katta qiyinçiliklar natijasida – hovli tartiblarida eskiça qaraşlar hukmron, oliy darajaga ötib olişni esa tasavvur qilib bölmaydi. Eng bölmağur gersog ham, baribir, eng omadli grafdan unvon jihatidan baland turadi, undan oşib heç qayerga borolmaysan. Men Saxaroza ustidan tantana qilganim taʼsirida yuqoridagilarga bosqiçma-bosqiç böysuniş tartibi mustahkamligini hisobga olmabman, Borka Solomatinni “turtkilab” qöydim. Hammaning oldida, ketma-ket ikki marta, çunki yutqaz­ganiga işonmay, burni qonasa ham, yana suqilib kelaverdi. Uning yoşi mendan ança katta edi, biroq afsonaviy Zurabdan farq qilib, oqsoqol bahodirga rahm qilmadim. Oxiri şu bilan tugadiki, u ğazab otiga mindi, oğriqdan emas, albatta, tahqirlanganidan. Lekin men ğalaba çambari kiyişni bekor kutibman. Katta bolalar menga xömra­yib, duşmanday qaray boşlaşdi. Men axloq qoidalarini, muqaddas tartibni buzib, tinçlikka raxna solib, boşboşdoqlikni keltirib çiqarganmişman. Qöpol qilmişim kattalar huquqi va yoşi uluğlarning imtiyozlariga, hayotiy tajribalariga zid bölib çiqibdi.

Ammo tengdoşlarim bu ğalabani jiddiy, heç qanday zavq-şavqsiz qabul qilişdi. Anʼanalarni buziş ularga ham yoqinqiramadi. Oradan bir-ikki kun ötgaç, katta bolalarning qaraşlaridan hukmdan köra tahdid, xavfni sezib qoldim. Şak-şubha yöq: meni şafqatsiz qasos kutardi. Men qölimni şiddatli köta­rib, şunçaki zaif naynov Solomatinga emas, balki undan yuksakroqqa, butun hovli aslzodalariga daxl qilibman, endi intiqomdan qoçib qutulib bölmaydi. Öynayotganimizda hammaning joniga tegaveradigan pök Tovuq – u jadvalda Borka Solomatindan bir poğona yuqori turadi – heç bir sababsiz menga taşlandi va ustimdan bosib tuşdi, kuçsiz jussasini surib taşlaganimda, undan ruhan va jismonan zör ekanimni his etdim. Lekin könglim qandaydir maʼyus tortdi, Tovuq Borka Solomatindan ça­yirroq va baquvvatroq bölsa ham, baribir kuçsiz, biroq itoatkorlik tuyğusi qalbimda sado berdi: böysun! Tovuq mening suyaklarim ustida ğalaba raqsini tuşdi va jazolaş marosimini sözsiz kuzatib turgan tengdoşlariga qarab olgaç, mendan söradi: “Taʼziringni yedingmi? Yetarlimi?” Uning çöçiganini sezdim. “Bas qil”, – dedim men va atrofdagilarning yuzlari qizarib ketganini kördim. Tartib tiklandi, tartibga şon-şaraflar!..

Bizda hamburgça hisob-kitoblar yöq. U ança keyin, ösmirlik ostonasiga yetganimizda paydo böldi. Ana öşanda köpçilikning obrösi bir pul böldi. Men quyoş ostidagi öz örnimni kutilmagan şuhratparastlar – Baqqol laqabli (uning otasi baqqollik dökonini boşqaradi) semiz Jenka Melnikov yoki menga taşlanişdan oldin yiğlaşni boşlab yuborgan beçora Muli singari mişiqilardan himoya qilişimga töğri keldi. Men ham, öz navbatida, Tovuqqa avvalgi qilmişini eslatib qöydim, biratöla akasi va puştipanohi Lelikni ham paçağini çiqardim. Pahlavon Zaxarovni tiz çöktirgan Slava Zubkovning dimoği haddan taşqari kötarilib ketdi va salkam Kovboyga tenglaşib qoldi; kelişgan va ritsarmonand Seryoja Lepkovskiyning popugi pasaydi; Borka Solomatin batamom sindi. Ammo-lekin hamon Petya Arsenovning yulduzi yuksaklarda yorqin porlardi, u – boksçi, buyuk va yengilmas.

Şu bilan birga, Petyaning yengilmasligi könglimizda qandaydir şubha uyğotardi. U metallçilar klubidagi maşğulotidan ayançli ahvolda, yuzlari bejalib qaytardi-da. Jigarrang öyçan közlari ostidagi kökimtir doğlar heç qaçon ketmaydi, faqat tusi özgaradi, xolos: qizildan kökimtir-qoraga va xantal rangiga ötib turadi. U oğir qadamlar bilan, madordan ketganday, bir qölida boksçi aşqol-daşqollari solingan jomadonni, ikkinçi qölida yu­maloq qölqoplarni ipidan tutib şalvirab qay­tardi. U norozi ohangda, qölqoplar jomadonga siğma­yapti, deydi. Biroq menimça, Petya atayin kiçkina jomadon tutadi, çunki qölqoplarni alohida kötarib yurişni xuş köradi. Hamma boksçi kelayotganini körib qöysin-da, axir! Oçiq aytaman, u faqat maşğulotga ketayotganda yengilmas jangçiga öxşaydi, aslo qaytganda emas. Gavdasi nozik, xolos, Arsenov ruhan bukilmas boksçi. Unga odatdagidek: “Qalaysan, yaxşigina savalaşdimi?” – deb hazillaşişganda, bejalgan çehrasi oçilib, quvonib javob beradi: “Bölmasam-çi? Bolalar boplab tuşiradi! Men ham bexato ketmayman”. U haqiqatan har qanday holda ham özini himoya qilişiga işonçingiz komil böladi. Bu fikringizga uning keyingi eʼtirofi xalal bermaydi: “Men zarbaga turib berolmayman-da!” Bu sözlar ğamgin ohangda emas, ğururlanib aytiladi, yaʼni yigitning omadi kelganini isbotlaydi. Innaykeyin, biz “zarbaga turib berolmaslik” nimaligini tuşunmasdik. Faqat ançadan keyin Arsenovga qançalik qiyin bölganini ang­lab yetdim. Eng mahoratli boksçi ham, agar zarbaga çidaş bermasa, ringda qolişi qiyin. Bizning Arsenov haqida gapirmasa ham böladi, hali jahon çempioni bölişiga ança bor. U tez harakatlaniş, masofa saqlaş, epçil himoyalaniş, jangni bir maromda olib borişni özlaştirişi lozim ekan. “Boşqalar bitta zarba berganda, men qatorlaştirib taşlayman”, – derdi kamtarona faxr bilan Arsenov. Keyinçalik bunday boksçilarning köpini kördim va ularga çin könglimdan açindim. Dahşatli zarbalarni bir nafasda qatorlaştirib taşlaydi, tomoşabinlar hayratdan hayqirib yuboradi, raqib esa bu xavfsiz uyurmani xotirjam ötkazib yuborgaç, javoban faqat bitta, ammo qaq­şatqiç zarba tuşiradi. Petya Arsenov ham özining uyurmali zarbalaridan söng köpinça ring örtasiga qulab tuşardi. Lekin har safar öziga kelgaç, yana yengilmas holatiga qaytadi, çunki yengilmaslik – bu ğalabaga qatʼiy işonç, boşqaça ğoliblik bölmaydi – ertami-keçmi, hammaning yelkasini boşqaning qöli yerga tekkizmasa, vaqtning qöli tekkizadi.

Ön olti yoşlarga borganda Arsenovning bolalarniki singari odatdagi yuzi vahimali niqobga aylandi. Paçoqlangan, suyaksiz burun atrofiga yoyildi, quloq çiğanoqlari öz şaklini yöqotib ikkita yalpoq patirday boşiga yopişdi, çandiqlar terini tortib, yuzidagi muşaklar harakatini çeklab qöydi. Arsenovning özi qi­yofasidagi özgarişlarni körib benihoya quvondi. “Darrov bilinadi-a: boksçi”, – dedi u. Ammo quvonişlar tölqini bilan çeklanmay, taşqi qiyofa özgarişining sirli foydasini aytib berdi. Maʼlum bölişiça, eng dahaştlisi, agar raqib muşti toğay suyagi ustiga tuşsa, juda qattiq oğritar, çidab bölmas ekan. Hozir unda bironta ham toğay suyagi qolmabdi, u lattaday burni va quloğini aylantirib körsatdi. Lekin Arsenov bu imkoniyatlarga erişganda ham, ğalabalari soni oşmadi. U avvalgidek, zarbaga turib berolmasdi. Avvalgidek metallçilar tögaragidan oyoğini sudrab, bemador, şalviragan qölida qölqoplarining ipidan tutib, kökargan közini yaşiriş uçun kepkasini bostirib kiyib qaytardi.

Petya qançalik orzu-umidlarga berilmasin, mağlubiyatlarning oxiri körinmasdi, heç bölmaganda, kelajak taqdirini öylab köriş lozim! Biroq avvalgidek, unga hamdardlik bildirib yoki eʼtiborsiz, parişon holda: “Işlar qalay?” deb körişardik. Uning ezilgan labiga tabassum yugurib va işonç, mehr va quvonç bilan özining ilohi – boksni maqtaşga tuşardi.

Arsenovni na ruhlantiruvçi ibrati, na qizğin taşviqotlari bizning birortamizda ringga çiqiş orzusini uyğotolmagani qiynardi. Biz Petya istasa, har birimizni çap qölida ham dabdala qilişi mumkinligiga işonardik, ammo aftidan, mana şuning özi bizni boksda biron natijaga erişolmasligimizni isboti edi. Uning raqiblari qanday bahodirlar ekan-a, şunday Buyuk Arsenovni sportzaldan şalviratib çiqarib yuborayotgan bölsa!..

 Qolaversa, munosabatlarni oydinlaştirib oladigan vaqt keldi. Avvaliga Petyaning obrösiga heç kim raxna solmagan edi. Lekin vaqt öz izmidan çiqmaydi va heç qaçon şafqat qilmaydi. Har narsaga şubha bilan qarovçilar tölqini Arsenovga urildi. Bir gal, pillapoyada, u közi ostidagi qizil şişga qörğoşin malham qöyib ötirganda, boksçilar guruhining otaliq xöjalikka borişganini hikoya qilib berdi. Ular qişloq bolalarini boksga jalb qiliş maqsadida tarğibot tadbiri ötkazişibdi. Unga qarşi xöjalikdagi eng kuçli yigit – temirçi jangga çiqibdi. U qöllarini yozib zarba beribdi, biroq Petya özini çetga olganda, temirçi muvozanatini saqlolmay yerga yiqilibdi. Temirçi alam qilgandan yiğlab yuborgunça şunday davom etibdi. “Axir, men unga barmoğimniyam tekkizganim yöq, mana bu madaniyatli jang olib boriş usuli deyiladi, – xulosa qildi Petya Arsenov. – Töğri, – qöşimça qildi u odatdagi töğrisözligi bilan, – temirçi biroz hovliqmaroq ekan”.

– Albatta! – gapga qöşildi Vovka Kovboy. – Şuning uçun yiqilgan-da. Sen esa maqtagan usullaring bilan himoyalangansan. Öşa xonada özlaring qopni döpposlab, arğimçoqda sakrab ivirsib ötirasiz, mard bölsang, şunçaki köçadagi muştlaşuvga çiqib kör-çi!

– Yöğ-e, – kuldi Arsenov, – haqiqiy boksçi heç qaçon köçadagi muştlaşuvga ara­laşmaydi. Bizga mumkinmas.

– Nega endi?

– Öldirib yoki mayib qilib qöyişimiz mumkin, – xotirjam tuşuntirdi Arsenov.

Vovka kulaverib qotib qoldi.

– Sen öldirib qöyasanmi? Qöysang-çi, biron marta oynaga qaraganmisan özi?

– Men çivindekman, – aççiqlanmay tasdiqladi Petya Arsenov, – ammo aniq zarba bersa, çivinnikiyam xavfli.

Öşanda xayolimda bir fikr yarq etdi: zarba kuçini bilmadim-u, lekin boks kişi xarakterini toblaydi, tarbiyalaydi.

Kovboy özini özi ötga urdi. U Petyani tahqirlaş, haqorat qilişni istar, Arsenov esa özini çinakam erkakday tutardi. Balki, garçi bu borada kuç sinaşib körmagan bölsa-da, hovlida undan ham kuçli kimdir borligi joniga tekkandi. Şunda Kovboyning Ivan bilan töqnaşganda jiddiy şikast yeganini esladim. Yana ham yuksaliş uçun Vovka çinakam boksçi ustidan ğalaba qozonişi kerak.

Arsenov Kovboyning hiylasini payqaşga ança soddalik qilardi – tarbiyali ösmir. Atrofdagi hamma bolalar könglida Kovboyning Arsenovni “jangga çaqirayotganini” sezib turişar, u esa soddalik qilib, Vovkaga boksning foydalari va nojöya iş qilmaslik haqida gap sotardi.

– Janjal! – tasdiqladi Kovboy. – Arzimagan oliftagarçilik.

– Agar ikkimizga keçasi bezorilar hujum qilsa, öşanda ahvolingni bir körardim…

– Başarasiga tuşirardim – döpposlardim! – dedi Kovboy qöpol ohangda. – Sen esa öşa yerda qolib ketasan.

– Töğri, urmasdim.

– Yöq, senga oq şippak keltirib berişardi.

Bolalar kulib yuborişdi va nihoyat, Petya Arsenov gap nimadaligini, bolalar uning ustidan kulişayotganini anglab yetdi.

– Afsuski, sen qoidani bilmaysan-da, Kovboy, men senga boks qanaqaligini körsatib qöyardim, mendan böying uzun va vazning oğir bölsayam, – dedi Arsenov quvonib.

– Sizning ahmoqona qoidalaringizni yaxşi bilaman, – dedi Kovboy. – Boğda yuz marta boks körganman. Pastga va oçiq qölqopda urmaslik. Boş bilan suzmaslik. Buni qarang, turgan-bitgani ilm!

– Afsus, afsus, sen boşqa heç narsani bilmaysan! – Arsenov boşini sarak-sarak qildi. – Bölmasa, seni biroz sinab körardim.

– Behuda safsata sotma, sen şunçaki qörqyapsan!

Kovboy xuddi şu gapni aytmasligi kerak edi. Arsenovning paçoqlangan yuzi oqarib ketdi va qovoğini qora niqob qopladi.

– Uç raundga çidab berasanmi? – söradi u. – Dabdala qilmayman, qörqma. Lekin sen özingni ahmoqligingni, boks nimaligini birinçi va sönggi marta bilib olasan.

Albatta, janjalni Kovboyning özi boşladi: u har qanday raundlarga tupuradi, Arsenovni şundoq ham “esini kiritib” qöyişi mumkin, biroq Petya Arsenov öz gapida qatʼiy turib oldi. Hammasi qoidali böladi: hakam, kuzatuvçilar, uç daqiqadan uç raund – tanaffusi bilan, belgilab qöyilgandek. Jang bir tomonning mutlaq ustunligi sezilsa, muddatidan oldin tugatilişi mumkin, nojöya zarba bersa – jangdan çetlatiladi.

Ring maydonini çizib çiqqunça, mayda bolalarni quvib solişdi, Arsenov uyidan qölqop, soçiq va suv töla idiş olib çiqdi. U kiyinib olibdi: tursi, mayka, sport ki­yimi, yelkasiga eski paxmoq xalat taşlagan. Boksçilarning haqiqiy xalati barçamizda özgaça taassurot uyğotdi.

Vovka şim va köylagini yeçiş bilan çeklandi, şuning özi yetarli, ammo Arsenovning boksçi qiyofasi yaqqol körindi. Kovboyning qomati kelişgan, xuddi yoş maʼbudga öxşaydi – keng tekis kökrak, sal egilgan kuçli yelkalar, oyoqlari yengil, muşaklari xuddi anatomiya darsligidagi suratga öxşaydi, badani buğdoyrang. Arsenovni ham butunlay zaif deb bölmaydi. U qandaydir muşaklarini çiqarolgan. U ötirib-turganda, maşq qilganda böğimlari tarang tortiladi, maşq qilgani yaqqol seziladi. Lekin u juda oppoq, ozğin, buning ustiga, boşidan oyoği­gaça badaniga sarğiş sepkil toşgandi. Xullas, hozirgi sovuq xotiradan köra Arsenov uyğotgan bevosita tasavvur, albatta, yorqin. Biz Arsenovning yengilmasligiga işonardik va şuning uçun arzimas sepkillariga emas, qölining pişiq muşaklariga, ingiçka suyaklariga emas, epçilligiga qaradik.

Hakam Seryoja Lepkovskiy – u Berrouzning “Boksçi Billi” kitobini qöldan qöymaydi, şu­ning uçun ham boks bilağoni sanaladi – jangni boşlaşga belgi berdi, Arsenov Kovboyga nisbatan nafrat saqlamay, uning qiyofasida oliyjanob raqibni tasavvur qildi. U jang oldidan lozim bölgan urf-odatlarni bajardi va nihoyat, hovlida butun mahoratini namoyon etişga imkon tuğilganidan quvondi, hozir mahoratini mardona körsatadi, axir, buni egallaş uçun ha­zilakam ter tökdimi, qolaversa, şu qiyofasidan yorqin taassurot olgan yana bir qança döstlar orttiradi. Işonçim komilki, u öyinda iştirok etişga va barça qonun-qoidalarga amal qilişga rozi bölgan Vovkani boşqa raqiblari singari yaxşi kördi – balki uning muvaffaqiyat qozonişiga mana şu odati xalal bergandir?..

Nihoyat, jang boşlandi. Petya Arsenov barça usullarni biladi, gap bölişi mumkin emas, Kovboyni tentakdek öynatdi. Kiçkina jussasi unga qöl keldi. Kovboy bemaʼni harakatlari bilan havoni muştlar, Arsenov uning betartib zarbalariga hazilakamiga çap berar edi. Ammo öyladim: agar Arsenovga şunday kuçli zarba tuşsa, tasodifan bölsa ham, holi ne keçadi?..

Uçinçi raundda bu savolga javob topildi. Öşangaça Arsenov Kovboy bilan siçqon-muşuk öynadi. Biz boksning çinakam gözalligini kördik. Bizni bir narsa taşvişlantirardi: Arsenov yoki xohlamadi, yoki Kovboyni risoladagiday döpposlaşni eplolmadi. Balki biri ikkinçisiga boğliqdir? U tanaga keskin, yengil zarbalar berar, har zamonda boşga bir-ikkita urib qöyar, Kovboy esa xuddi çivin çaqqanday hovliqib, yana olğa intilar edi. Faqat bir marta Arsenovning qisqa, juda aniq, tez, ketma-ket bergan zarbalari tomoşa­talablarda yorqin taassurot uyğotdi. Kovboy yalangoyoq bölib, boşini ğalati titrata boşladi, xuddi miyasini joyiga tuşirişga harakat qilayotganga öxşardi, közlari xira yelim bilan qoplanganday körindi.

Tanaffuslarda nafas rostlagan, yordamçi Slava Zubkovdan şabadalatişni, yuziga suv sepişni, xullas, çinakam boksçiday tanaffus qilişni örinlatgan Arsenovdan farqlanib, Vovka öz burçagida qovoğini solib, xömrayib kutib turdi va yordamçisi Ivanning xizmat körsatiş borasidagi takliflarini norozi boş çayqab rad etdi.

Uçinçi raundda u maynavozçilikni tugatiş niyatida maydonga otildi. Arsenov yana nozik jimjimalarini davom ettirdi, ammo endi bu natija bermadi: Vovka unga uyatsizlarça, kör-körona, axlat öraning yonidagi olişuv­dagidek muşt tuşira boşladi, qölbola bölsa-da, ringdaligini unutib qöydi. Albatta, u atayin şunday qilgani yöq, lekin ehtiyotsizlik – tayoq­ning ikkita uçi böladi-da. Uning aylantirib urgan, umuman boksga aloqasi bölmagan muşti Petyaning qanşariga kelib tuşdi. Bu töqmoq bilan urganga öxşadi. Umuman, xunuk va besönaqay, beçora Arsenov yerga baqaday yopişib qoldi.

 – Notöğri, hakam, qayoqqa qarayapsan, tentak?! – qiçqirdi Slava Zubkov hakamga.

– Özim ham körib turibman, ahmoq! – ğazablandi Seryoja Lepkovskiy, biroq u ayni paytda qanday xulosa qiliş kerakligini bilmasdi.

Taqiqlangan zarba oçiqdan-oçiq va şunçalik qöpol ediki, jangni töxtatib, Kovboyni çetlatiş kerak. Ammo Seryoja bu sönggi çorani qöllaşga jurʼat qilolmadi. Arsenov örnidan turdi.

– Bu tasodif! – dedi u Seryojaga. – Vovka yanglişdi. Sen şunday bölişini xohlamaganding, töğrimi? – uning ovozida yolvoriş ohangi sezildi.

– Şunday, xohlamagandim! Jinni qilma, yetar. Buni qarang-a, bolakay xafa bölib qoldi!

– Boks! – dedi Seryoja Lepkovskiy.

Öşandan beri “zarbani tutib qolmaslik” nimaligini yaxşi bilaman va Petya Arse­nov qanday ğaroyib mardlik körsatgani ham maʼlum, agar boksni taşlamagan bölsa. Yi­qilişgandan söng ham avvalgi harakatlarini davom ettirdi, lekin hozir faqat usullar va hiy­lalar aniq körina boşladi. U endi Kovboyni urmadi, biroq Kovboyning zarbalari nişonga tegardi. Ammo Petya özini tutdi, raundni nihoyasigaça yetkazib qöyişni xohlardi. Hatto tabassum qilişga urindi. Buyuk, Yengilmas boksçi haqidagi afsonaga qöpol va şiddatli zarba berilganda, özi nelarni his qildi ekan? Balki Petya avvalgiday öziga işonib, mağlubiyat haqida öylamagandir? Hali portlaşga kuçi bor edi. U Kovboyning qöli ostidan kirib, tanasiga ketma-ket bir neça zarba berdi. Kimdir qarsak çalib yubordi, kimdir qiçqirdi: “Qoyil!” Kovboy yoqimsiz, qahrli jilmaydi. Keyin urdi. Agar bu zarba möljalga tekkanda, hammasi tamom bölardi. Biroq Petya egilib çap berdi va Kovboyning qölqopi uning peşonasiga sal tegib ötdi. Petyaning boşi şunday çayqal­diki, xuddi orqasidan kimdir birdan soçidan tutib tortganday tuyildi. Kovboy ortga çekindi, jilmayiş yöqoldi, u yangi, sönggi zarba be­rişga şaylana boşladi. Şunda ringga soçiq taşlandi.

– Brek! – birdan qiçqirdi olamni buzib Seryoja Lepkovskiy, lekin boksçilar bir-biriga yopişib qolmagandi. – Sen nima?.. – asabiylaşib soçiq taşlagan Ivanga qayrilib qaradi.

– Kovboy gangirayapti, – dedi baland ovozda Ivan. – Nima, körmayapsanmi? U suzib yuribdi-ku.

– Mengayam şunday körindi… – ğöldiradi ensasi qotib Seryoja.

Kovboy Ivanga taşlandi:

– Kim suzyapti?.. Sen, nima – aqldan ozdingmi?..

– Ğolibni eʼlon qil! – qiçqirdi Ivan hakamga va Kovboyga nimadir deb şipşidi.

Kovboy ham közi öqrayib, rangi oqarib unga nimadir dedi. Ivan unga juda xotirjam javob berdi, biroq baribir bu gapni eşitmadik – şovqin-suron bölib ketdi.

– Arsenov ğolib! – qiçqirdi Seryoja.

Köngli tozaligi uçun ham ğoliblikni unga beriş kerak, u öz ğalabasini ajablanmay qabul qildi. Tomoşabinlar qarşisida taʼzim bajo etdi, hakamga minnatdorlik bildirdi, Vovka tomonga otildi va uning qölqopli qölini tutib çin qalbdan qutladi.

 – Senga zarar yetkazmadimmi, Kovboy? – söradi u hamdardlik bilan.

Unga Ivan javob berdi:

– Hammasi joyida, Arsen. Sen zarba be­rasan – dazmollamaysan-da!

– Men emas, – dedi kamtarona Arsenov, – boksçi könikmasi.

Seryoja Lepkovskiy bexabar qolganlarga gangirab qoliş holati nokautga tengligini tu­şuntirişga kirişdi. Garçi boksçi oyoğida tursa ham, jangni davom ettirolmaydi, “suzilib” qoladi.

Biz uning tuşuntirişini maʼlumot uçun qabul qildik. Ammo köz oldimizda bölib ötgan tomoşa heç kimni qoniqtirmadi. Uning şart­li tomonlari juda köp edi. Gardanga tuşiriş negadir taqiqlandi, közga esa xohlagança uraver. Qöli baland kelayotgan birdan mağlubga çiqarildi, çunki u “suzilib” qolganmiş, öziga aniqroq sezilibdi. Har holda, “suzilib” qolgan Kovboy, agar Ivan soçiqni taşlamaganda, Arsenovni bemalol urib taşlardi. Töğri, Arsenov epçil, har xil usullarni biladi, biroq kimnidir yuzini bejab qöymoqçi bölgan Kovboyga ular çöt emas. Petya Arsenov bizning isyonkor fikrlarimizdan xabari yöq, köngli tölib, özini baxtiyor his qilardi…

* * *

 – Menga qara, Kovboy, Ivanga taşlanganingda, u senga nimalar dedi? – şu voqeadan söng oradan öttiz beş yil ötgaç, söradim.

– Axlat öra.

– “Axlat öra” – nima degani bu?

– U menga öşa, ikkalamizning örta­mizdagi muştlaşuvni eslatdi… axlat öradagi, – istar-istamas tuşuntirdi Kovboy.

– Sen-çi?

– Men: aralaşma, u meniki, urib taşla­şimga qöyib ber, dedim.

– U-çi?

– Agar sen uni ursang, men seni uraman, dedi. Hammaning oldida. Axlat öradagidan battar böladi, dedi. Men, xöp, dedim, – kuldi Kovboy, – keyin ğolibni qutladim.

Bu voqea jim yuradigan Ivan Layma ismli qizçani mazax qilgani uçun Kovboyni urgan axlat öraning yonida bölib ötgan. Dunyoning mana şu burçagiga ham taraqqiyot yetib kelibdi. Çetidan çiqindilar toshib turadigan ulkan yoğoç qutining – uning sassiq hidi hozirgi beşinçi qavatlarga teng keladigan uçinçi qavatdagi derazamgaça anqib borardi – yonida qopqoqli qöşquloq tunuka idiş turibdi. Bejirim, pokiza, heç qanday hid çiqarmaydi. Ammo zerikarli. Hozir bu yerlarga Mitya amaki – çangakli kişi çiqindilar orasidan yaroqli buyumlarni ajratib olgani kelmaydi. Mitya amaki bolalarni yaxşi körardi, ularga öşa kondan topgan qalay askarçalar va huştaklarni sovğa qilardi.

Biz, uçta ellik yoşli kişilar – Layma, Vovka va men – axlat öra yonidagi kiçkinagina boğçada ötirardik. Boğça qaçonlardir, inqilobgaça çoy savdosi bilan şuğullangan maşhur Visotskayaga tegişli bölgan. YIS  davrida tarqalgan maşhur iborani öşa ayol aytgan: “Oramizdan kimda ikki-uç million yöq?” deb. Inqilob saroydan quvib solgan kampirşo Visotskaya bizning uyga, derazasi axlat öra tomonga qaragan xonadonga köçib kelgan. Derazalar bir-biriga töğri burçak holida joylaşgan. Işbilarmon kampirşo derazadan derazagaça tösiq tortgan, nafaqat axlat örani tösgan, balki öziga uçburçak hovliça yasab, gullar va nihollar ekib, örindiq örnatib qöygan. Peçakgul va uzumlar de­razalarga tirmaşib yuqoriga ösgan. Uning butun mulki Andersenning bekalari boğ yaratgan tokçadan kattaroq bölgani uçun katta uyda ya­şovçi xalq keksa nahangning oçközlarça harakatlariga barmoq orasidan qarolmadi. Visotskaya boğini mana şu uyda yaşovçilarga oçib qöyişini talab qilişdi. Kampirşo rozi böldi, ammo ommaviy sayr qilinadigan boğçada “Velosipedda yuriş qatʼiy taqiqlanadi” deb eʼlon ilib qöydi.

Biz aynan şu boğda uçraşdik. Ajabo, yaşil uçburçak uylarning qayta-qay­ta quri­lişlarida ham omon qolibdi, hatto gullab-yaşnabdi – albatta, devor böylab yuqoriga kötarilgan, atrofga yoyilmagan. Yovvoyi uzumning qizğiş yaproq yozgan novdalari uçinçi qavatgaça çözilgan. Har birimizning uyimiz, oilamiz bor, lekin bu boğ hozirga, kelajakka ham daxldor, biz bugungi olamda qadimdan qolgan burçagimiz bölişini xohlagandik. Layma şunday dedi: “Visotskayaning Semiramida boğlari” – bizga eng kerakli joy şu ekanini darrov tuşundik. Xilvat, sokin, salqin, qolaversa, ötmiş nafasi ufurib turadi. Tarvaqaylab ösgan uzum de­razani yopib, bizga tinçgina göşa yaratgandi. Biroq örindiq torlik qilyapti – axir, biz “ulğa­yib” qoldik, ayniqsa, Kovboy. Baland böyli, xuşbiçim ösmir katta, çiroyli, basavlat, ammo semiz – bu odamga yoruğ dunyoda bunça köp joy kerak ekan-a! Layma ikkimiz ham çöpday emasmiz, lekin ikkimiz ham bir bölib bunçalik katta joyni egallamaymiz-ku. Mening böyim pastroq, Layma esa özini saqlagan, tarang, qamişdek bölmasa ham, qayoqda! – xullas, hammasi meʼyorida. Vovka­ning hurmati, semirmadi, harakatçanligini yöqotmadi. Umuman, uning taşqi körinişi egallagan martabasiga mos. Uning martabasi hazil emasligidan ogohlantirgan Kovboy qöl siqişganimizda bunday dedi:

– Dangal ayt – mendan senga nima yordam kerak?

– Yoşligimni qaytarib ber.

– Xuddi mana şu narsa qölimdan kelmaydi-da.

Yanglişdi, u bu işni bajarib böldi – şu yerda ötirişi ham hali bolalik diyorini taşlab ketmaganidan dalolat berardi. Turli sabablar bois bolalik bizni tark etmagandi. Menda bu yozuvçilik faoliyatiga boğliq, uning esa semirib ketayotganini yaşirişga urinadigan, közini yoşlarday çaqnatib, sölib borayotgan yuz-közini atir-upalarning sifatsizligidan deb hisoblovçi yoşi katta xotini bor.

Qandaydir çegaradan ötdik, şekilli, hozir Layma uçraşuvdan uçraşuvgaça keksa­yib boryapti, biz esa tez-tez körişib turamiz. Qiziq, Vovka uni qanday körar ekan? Unga xotini yoş qizçaday körinişini tasavvur qilolmayman. Safsata, hayotda bunaqasi bölmaydi. Ehtimol, unga taʼsirli ravişda oqarib, keksayib borayotgan qiyofasi köproq qadrli va yoqimli bölsa kerak. U hamon xotinini sevadi, mana şu ulkan qoraçadan kelgan odamning soçida bir dona oqi yöq. Kimdir Mopassan haqida aytgan ekan: qayğuli buqa, deb. Bu qiyofa Vovkaga biroz mos tuşadi: döngpeşona boş, katta-katta çiroyli közlar, yöğon böyin, töğriroği – gardan. Aytmoqçi, kim quvnoq buqani körgan? Podada ham, yaylovda ham, sahnada ham buqa har doim ğamgin. Ğunajin yonida ham, yaylovda ham, şoxiga baxtiqaro nimjon odamni yoki mitti, qörqoq, ayançli odamni ildirib olganda ham, uni har qanaqasiga öldirmoqçi böladi. Buqa ğamgin, çunki azaldan hayotda heç bir yaxşilik körmagan. Ammo bu özining mavjudligini yaqqol körsatib qöyişga yana köproq xalal beradi.

 – Ivan menga öşa muştlaşuvimizni eslatişi yaramaslikday tuyuldi, – suhbatimizni davom ettirdi Vovka. – Men uni bundan yuqori tursa kerak, deb öylardim…

 – Men ham! – qizarib xitob qildi Layma. – Işonçim komilki, u heç qaçon, heç qaçon bunday qilmagan bölardi.

– “Heç qaçon” – soxta söz, – dedi Vovka. – Men uning ortida, kattami-kiçikmi, yolğon borligiga, aksariyat hollarda tasodifan amin bölganman. Agar ayol kişi eriga “heç qaçon” xiyonat qilmaganman desa, anglaginki: u öz imkoniyati darajasidan kamroq xiyonat qilgan bölib çiqadi. Ular “heç qaçon” körişmagan… Yöğ-e, körişgan, tasodifan bir-ikki marta – köçada, vokzalda, qahvaxonada, umumiy tanişlarning uyida, yoki Ferapontov ibodatxonasida, yoki Everestda. Umuman, barça sönggi isbotlar ehtiyotkorona munosabatda bölişni talab etadi. Ivan bizning janjalni heç qaçon eslamagan, faqat bir marta eslatdi va töğri qildi. Öşanda men buning sababini tuşunmagandim. U tuşuntirib ötirmadi, faqat şunday dedi: “Sen, nima, uni öldirişga qöyib beradi deb öyladingmi meni?..” Vanya aqlli edi. Arsenov tögarakda yengilgan – nimayam derdik, boşqalar zarbaga doş berişgan, nozik harakat qilişgan, bularning barçasi toğning çöqqisida sodir bölgan. Bu yerda esa – dahşat, maqsadlarni puçga çiqaradigan, orzular sönadigan oxirzamon!.. Meni tutib qolgani uçun Vanyadan keyinçalik xursand böldim. Baʼzan keçasi uxlolmay ağdarilib çiqasan, öy qiynaydi, ötgan kunlar xayolingda qaytarilaveradi. Keyin Petya Arsenovni eslaysan va içingda nimadir qöyib yuboradi. Eslang, Muqaddas kitobda qanday yozilgan: “Tangri uzatgan qölni farişta tutib qoldi”.

– Petya Arsenovning taqdiri qanday keçdi? – söradim men.

– Halok böldi. Deyarli Ivan bilan bir vaqtda.

– Sal keyinroq, – tuzatdi Layma.

– Töliq tafsiloti nomaʼlummi?

– U yerda qanaqa tafsilot bölsin! Onasi qoraxat oldi: “Qahramonlarça halok böldi…” Axir, daydi öq tegib ölsayam, şunday yozişadi. Töğri qilişadi, har bir onaning öğli qahramonlarça halok böladi… Lekin, bilasizmi, işonçim komilki, bu yerda qahramonlarça halok bölişni töğri tuşuniş kerak. U juda tez, uruşning boşida, yodingizda bölsa, tanklarga qarşi kökrak kerib borişganda halok bölgan… Bu aynan Arsenovga xos. U, axir, buyuk jangçi edi, zarbaga doş berolmasayam, uni heç kim yengolmagan. Agar vaqti kelib nomaʼlum askar Moskva bösağasida faşist tankiga kökragini oçib borgani aniqlansa, şubhalanmang – bu Petya Arsenov… Ammo agar şunday… agar şunday qilgan bölsa, bunga sabab, avvalroq boşqa bola, Ivan böysunmas Arsenovning qalbini asrab qolgan edi.

Yuriy NAGIBIN (1920–1994)

 

Taniqli rus yozuvçisi. “Oq nastarin”, “Muhabbat oroli”, “Tiniq köllar”, “Zudlik bilan qorday oppoq odam soçlari zarur”, “Aks sado” kabi ösmirlarga atalgan qissa va hikoyalari köplab yoş kitobxonlarga manzur bölgan.

 

Rus tilidan Humoyun tarjimasi

2024/6

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (164)