KUKARACHA

0
269
marta ko‘rilgan.

Marta xolaning atrofi tut, shaftoli, olcha daraxtlari bilan qurshalgan boloxonali uyi Varazisxevi ko‘chasining etagiga joylashgan.

Yoz boshlanishi bilan kvartalimizda yashaydigan bolalar ana shu daraxtlarga mo‘rmalaxday yopirilishar, shunda hovli Marta xolaning adoqsiz qarg‘ishlariyu do‘q-po‘pisalariga ko‘milib ketardi:

— Tush deyapman senga, hoy tirrancha!

— Yeganing yegan, shoxini sindirganing nimasi?!

— Ho‘y, ko‘r bo‘gur! Olchaga hali rang kirgani yo‘q-ku!

— Jora, miltiqqa tuz sopke!

— Uying kuygur o‘g‘rilar, darbadarlar, muttahamlar!

— Tushinglar hozir, bo‘lmasa Kukarachani chaqiraman!

— Ota-onalaringni ko‘ziga kuydirgi chiqqanmi?! Yoki yetimchamisanlar, a?! E-e, parvardigor, bu qaroqchilarning bir dodini ber! Ichburug‘ bo‘lib dumalab qolishmasa go‘rimda tikka turaman!

Marta xola xipchin ko‘targancha u daraxtdan-bu daraxtga yugurar, keyin butkul holdan toyib, hovlining o‘rtasiga o‘tirib olardi-da, pand-nasihat qilishga o‘tardi:

— Natela, qizalog‘im, muallimaning qizisan-a?! Bu qanaqasi: oying butun Vakega[1] imloni o‘rgatadi, «Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon»dan saboq beradi, ammo yakka-yolg‘iz qiziga o‘ziniki bilan birovnikini farq qilishni o‘rgatolmapti-da?!

— Bay-bay-bay-bay! Dudu, kallavoy-yey! Otang, kimsan — injener! Shaharning yarmini qurgan, seni esa birovlarning uyini xonavayron qiladigan bola qilib o‘stirishipti-da, a?!

— Hoy, dumbul Guriyeli, namuncha kishnamasang! Sen raykom sekretarining emas, qassobning o‘g‘li bo‘lib tug‘ilishing kerak edi, Vereda[2] ichak-chavoq yuvsang qandoq yarashardi! Bu yoqqa tush, yaramas, qatiq quyib beraman! Tush, deyapman daraxtdan, ishyoqmas, xudo ko‘rsatmasin, yiqilib tushsang, tovoningga qolaman-a!

— E-e-e, sen ham shu yerdamisan, Brodzeli? Darvoqe, senday kallakesar, tovlamachi shu yerda bo‘lmay qayerda ham bo‘lardi!.. Bugun olcha o‘g‘irlaysan, ertaga birovning uyini tunaysan, indinga poyezdni qaqshatasan, u yog‘iga qarabsanki, dengizda suzib yurgan kemani ko‘ngling tusab qoladi…

— Ie, o‘zingmisan, Kuchiko?! Seni nima jin urdi?! He, basharang qursin, xumkalla!

— Ha-a-a, Kostya-grek! Siz nega qadam ranjida qildingiz, meni qon qaqshatish uchundir-da, a?! Nima balo, Gretsiyada olcha bilan tutning urug‘iga o‘t tushganmidi, a?

— Seni ko‘zing qayoqda, Kukaracha?! Og‘izda botirsan! Undoq qilodurman, bundoq qilodurman! Uchastka inspektoriman! O‘g‘ri va tovlamachilar uchun azroilman! Yoshlarning murabbiysiman! Lattachaynarsan, bildingmi! Murabbiy emish-a! O‘zing ham yetimxonada o‘sgan bo‘lsang kerag-ov! He, o‘rgildim sendaqa botirdan!

 

Rayonimiz militsiyasining uchastka inspektori Kukaracha haqgo‘y, hammaga g‘amxo‘r va mehribon kishi, shuning uchun ham kattayu kichik uni boshiga ko‘taradi. Birovni chivin chaqsa ham darrov Kukarachaning oldiga yuguradi. Muhimroq ishlar-ku ko‘pdan buyon Kukarachaning aralashuvisiz bitganmas.

Fin urushidan ko‘ksiga Qizil Bayroq ordenini taqib qaytgan Kukaracha o‘sha kuniyoq rayon partiya komitetiga kirib ish so‘ragan deyishadi. «Qo‘lingdan nima ish keladi?» — deb so‘rapti raykom sekretari. «Otish va dushmanlarimizni yer tishlatishni do‘ndiraman», — deb javob  beripti  Kukaracha.  Sekretar miyig‘ida kulibdi-yu, uni rayon militsiya bo‘limiga jo‘natipti. Inspektorimizning biz bilgan bor-yo‘q tarjimai holi mana shu. Frontda mardona jang qilgan, degan gap-so‘zlar ham yuradi. Buning ustiga, Qizil Bayroq ordenini shaxsan Voroshilovning o‘zi ko‘kragidan yechib, o‘z qo‘li bilan Kukarachaning gimnastyorkasiga qadab qo‘yganmish. Tag‘in yelkasiga qoqib:

— Barakalla, Kukaracha, dzalian kargi bichi xar![3]— deganmish.

— Gruzinchani qayoqdan bilasiz, o‘rtoq Kliment Yefremovich? — deb so‘raganmish Kukaracha taajjublanib.

Voroshilov Kukarachaning soddaligidan bir kulib qo‘yganmishu so‘ng:

— Iosif Vissarionovich o‘rgatgan-da, — deb javob berganmish.

Kukarchadan, shu gaplar rostmi, deb so‘rashsa, aniq javob bermaydi, «ha»yam demaydi, «yo‘q» ham demaydi.

— Qayoqda… Ammo-lekin ordenni nima uchun olganimni gapirib berishim mumkin… — shunday deb, u bir hikoyasini yuzinchi marta ham takrorlayveradi.

…Shundoq bo‘ladiki, Kukaracha o‘z tanki bilan tankka qarshi qazilgan handaqqa tushib ketadi. Ming urinmasin, o‘radan chiqolmaydi, o‘zimiznikilarga ham xabar qilolmaydi. Tinkasi qurigan Kukaracha uyquga ketadi. Bir mahal tank atrofidan g‘ala-g‘ovur eshitiladi. Tirqishdan qarasa — ana xolos! Finlar ikkita yengil tank bilan Kukarachaning tankini shatakka olib, tortib yotishipti! Kukaracha miq etmay o‘tiraveradi. Nihoyat finlar tankni handaqdan chiqazib, o‘zlari egallab turgan joyga olib kelishadi. «E, yo‘q, — deydi Kukaracha o‘ziga-o‘zi, — bunaqasi ketmaydi!.. Senlarga asir tushib bo‘pman!..» U shunday deydi-yu, tankni o‘t oldiradi, shartta oraqaga burib, gazni oxirigacha bosadi… Finlar es-hushlarini yig‘ib olgunlaricha, ularning ikkita yengil tankini sudrab jo‘nab qoladi… Shu alpozda o‘zimiznikilar turgan marraga yetib keladi. To‘g‘ri, finlar tanklaridan sakrab tushib, qochib qolishadi, ha mayli, sadqai sar! Shunday qilib, dushmanning bus-butun ikkita tanki Kukarachaga o‘ljaga qoladi.

Shu yerga kelganda Kukaracha hikoyasini to‘xtatadi. Kliment Voroshilov bilan bo‘lgan suhbatning mazmuni har gal sirligicha qolaveradi.

Kallai saharlab Sxnetidan[4] Tbilisiga tushgan qatiqfurushlar eshaklarini Marta xolaning hovlisida qoldirib, o‘zlari sut-qatiq solingan bankalarga to‘la xurjunlarini yelkalariga tashlashardi-da, «qatiq sota-ma-an, kimga sut kera-ak!» — deya baqirgancha shahar ko‘chalariga tarqalib ketishardi.

Tushdan keyin, sut-qatiqlarini sotib bo‘lishgach, ular yana hovliga to‘planishar, uzun taxta stol atrofiga o‘tirvolishib, Kaxetiya vinosini ermak qilishar, qadah so‘zlari orasida kun bo‘yi ko‘chada eshitgan yangiliklari va har turli oldi-qochdilardan bir-birlariga so‘zlab berishardi.

Biz Marta xolaning hovlisini «karvonsaroy» derdik.

Ba’zan sxnetilik qatiqfurushlar eshak poyga tashkil qilishardi. Start joyi — hovli darvozasi, marra — hovlining etak devori, oraliq — 25—30 metr. Chavandozlikka bizni, bolalarni yollashardi. Yutgan bir banka qatiq olardi, yutqazgan esa o‘lguday masxara bo‘lar va gardaniga bir musht ham yerdi.

Tabiiyki, har bir eshakning o‘z nomi bor edi, lekin biz ularni egalarining ismi bilan atardik.

…O‘sha kuni shirakayf qatiqfurushlar ham poygada qatnashmoqchi bo‘lishdi. Besh so‘m ganak tikildi.

Men Kitesga, Natela — Arshakka, Dudu — Shakroga, Iracha — Imedoga, Kostya-grek — Xalvatga minvoldik. Boshqa eshaklar ham bor edi, lekin ular birinchi turda qatnashmayotgandi — poyga yo‘lining eni shuni taqozo qilardi. Marta xola bilan musobaqada qatnashmayotgan eshaklarning egalari hakamlik qiladigan bo‘lishdi.

Marta xola uchgacha sanadi, poyga boshlandi. Bir gala eshak quloqlarini chimirgancha tapira-tupur qilib marraga intildi. Qizishib ketgan qatiqfurushlar hay-haylab bizga ham, eshaklarga ham dalda berishardi:

— X-xi, harom o‘lgur, yegan arpangni oqla!

— Hoy bola, sag‘riniga o‘tir, tezroq chopadi!

— Eshak eshakligini qilarkan-da! Nuqul orqaga tisariladi-ya! Biqiniga tep, biqiniga!

— E, qoyil! Zo‘r qiz ekan! Boplayapti! Barakalla!

— He, lapashanglar! Qiz bolachalik bo‘lolmadinglar-a!

Natelaga bir banka qatiq tegdi, Arshak besh so‘mlik bo‘ldi, men gardanimga bir musht yedim.. Endi ikkinchi turni boshlamoqchi bo‘lib turuvdik, hovliga rangi dokadek oqarib ketgan Zevara chopib kirdi-yu, ho‘ngrab yig‘lab yubordi:

— Kukarachani o‘ldirishipti!

Hamma turgan joyida qotib qoldi. Favqulodda bu sukunatdan hatto daraxt shoxlarida chirqillayotgan chum-chuqlarning ham uni o‘chdi.

Zevara sal o‘zini bosib olgach, yana o‘sha gapini takrorladi:

— Kukarachani o‘ldirishipti, hoy odamlar! — dedi u va quruqshab ketgan lablarini tili bilan bir namlab oldi.

— Kim? — deb so‘radi uzoq sukunatdan so‘ng Marta xola.

— Bilmayman, — deya yelkasini qisdi Zevara.

— Qayerda? — deb so‘radi yana Marta xola.

— Kabuleti tepaligida, — dedi Zevara qo‘li bilan o‘sha tomonga ishora qilib.

— Inganing uyidami?

Zevara bosh irg‘adi. Marta xola boshidagi ro‘molini sidirib olib, hovlidan chiqib ketdi.

Oradan o‘n minut o‘tar-o‘tmas kvartalimizning jamiki aholisi Ingannig uyi yoniga to‘plandi.

Sanatiarlar bilan ikkita militsioner zambilda Kukarachani olib chiqishdi. U behush edi. Ko‘kragining o‘q teshgan ikki joyidan hanuz qon silqib turardi. Zambil bilan yonma-yon rang-ro‘yi bir ahvolda Inga kelardi. U hadeb zambilga engashar, dahshatdan baqraygan ko‘zlarini qonga bo‘kkan dokadan uzmay, pichirlardi:

— O‘lma, Kukaracha, meni ham ado qilma… Onamning ruhini o‘rtaga solib iltijo qilaman, Kukaracha, o‘lma… Meni aybim yo‘qligiga kim ishonadi… Kukaracha, qadrdonim, o‘lma, o‘tinaman…

Zambilni tez yordam mashinasi yoniga olib kelgan paytlarida Kukaracha ko‘zlarini ochdi.

— Kukaracha, azizim, o‘lma… — Shunday deb, Inga zambil yoniga tiz cho‘kdi.

Kukaracha tepasida engashib turgan odamlarga ma’yus ko‘z yugurtirib chiqdi.

— O‘lma, Kukaracha, o‘lma, yolvoraman… — deb takrorladi yana Inga. — Xarob bo‘laman, gapimga ishonishmaydi…

— Bas qil… — deya shivirladi Kukaracha, — ket bu yerdan… Sen bu yerda yo‘q eding… Eshityapsanmi? Ket…

— Kukaracha! — Inga Kukarachannig qo‘liga lablarini bosdi. — Azizim…

Kukaracha endi uning gaplarini eshitmas, nigohi bilan kimnidir izlardi. Nihoyat uni topgach:

— David! — dedi.

Olomon orasidan rayon militsiya bo‘limining boshlig‘i sirg‘alib chiqdi.

— David, o‘zing bilasan, bu juvon — mening xotinim. U yuzidagi ko‘z yoshlariday musaffao ayol… Bilasan-ku, axir…

David bosh silkidi. Kukarachaning quruqshagan lablariga nim tabassum yugurdi.

— Inga, — dedi u, — ko‘z oldimni tuman qoplayapti… pushtirang tuman… Seni ko‘rolmayapman… Eh, Murtalo, nomardlik qilding-a, yaramas… — Kukaracha afsus bilan bosh chayqadi, keyin ko‘zlarini Ingaga qadab, qo‘lini uning yuzi tomon uzatdi. Qo‘l havoda bir lahzagina muallaq turdi-yu, so‘ng go‘yo birov zarb bilan kesib tashlaganday «to‘p» etib zambilga tushdi.

Kukaracha — militsiya leytenanti Georgiy Tushurashvili, ana shundoq — zarracha ham ingramasdan, bir og‘iz ham gapirmay, kulimsirab jon berdi…

Yangi uyimizga kelgan birinchi mehmon (biz Anas-tasyev ko‘chasidan akademik Marr nomidagi ko‘chaga joylashgan binoga ko‘chib o‘tgan edik) baland bo‘yli, bug‘doyrang, xushsurat militsiya leytenanti bo‘ldi. Oyim eshikni ochishi bilan u taklifni ham kutib o‘tirmasdan ichkariga kirdi, to‘ppa-to‘g‘ri oshxonaga borib, taburetkaga o‘tirvoldi.

— Kimsiz, nima kerak sizga? — deb so‘radi notanish kishining surbetligidan dovdirab qolgan oyim.

— Men muhtarama… — leytenant duduqlanib qoldi.

— Aniko! — dedi oyim.

— Men, hurmatli Aniko, Gruziya Ichki ishlar Xalq Komissarligi Tbilisi shahar Orjonikidze rayon militsiya bo‘limining uchastkasi inspektori Georgiy Tushurashvili bo‘laman, laqabim Kukaracha! — deb javob berdi u bidirlab.

— Laqabingiz uzukka ko‘z qo‘yganday, — dedi oyim xaxolab.

— Ha… tabiat qora rangni mendan ayamagan.

— To‘ppa-to‘g‘ri…

— Meni Kukaracha deyaverishingiz mumkin.

— Shu gapni aytgani keluvdingizmi?

— Yo‘q, albatta. Rayonimizda yashaydigan o‘spirinlarni ro‘yxatga olib yuribman. Menga ularning maktab va oiladan tashqaridagi hayotiga ko‘z-quloq bo‘lib turish topshirilgan.

Shunday deb, Kukaracha charm sumkachasidan qalin daftar bilan qalam oldi.

— Hurmatli… e-e… Kukaracha, mabodo boshqa joyga kelib qolmadingizmi? — deb so‘radi oyim.

— Yo‘q, nega endi! Marr ko‘chasi, 2-uy, birinchi yo‘lak, to‘rtinchi qavat, 8-kvartira. Vladimir Ivanovich Guriyeli. To‘g‘rimi?

— Xuddi o‘zi! Lekin erim raykomning birinchi sekretari. Oilamizning militsiyaga biron bir bog‘liq joyi yo‘q, bo‘lishi ham mumkin emas. Toki men tirik ekanman, o‘g‘limning tarbiyasiga birovning aralashishiga ham zarurat yo‘q! — oyimning yuzini qizil dog‘ qopladi. — Sizga maslahatim shuki, bama’ni oilalarning eshigini taqillatib yurguncha, bezori va o‘g‘rilarga ko‘z-quloq bo‘ling. Ha!

— Unaqa demang, hurmatli Aniko! — xotirjam javob berdi Kukaracha va daftarni yopdi.

— Nima deyayotganimni o‘zim yaxshi bilaman! O‘g‘lim hali o‘n ikkiga ham to‘lgani yo‘q. Xatga tushirishning nima keragi bor?

— Unaqa demang, hurmatli Aniko! — takrorladi leytenant.

— To‘tiga o‘xshab, «unaqa demang», «unaqa demang»! deyishni qayoqdan o‘rgana  qoldingiz o‘zi?! Iltimos, bunaqa ishlar bilan ikkinchi boshimni qotirmang! — oyim o‘rnidan turdi. Leytenant ham qo‘zg‘aldi.

— Iloyim, menga ishingiz tushmasin… Ammo-lekin, ochig‘ini aytishim kerak, o‘g‘lingiz tengi paytimda yashiriqcha papiros chekkanman, kvartalimizdagi bolalar bilan qarta o‘ynaganman, hatto bilagimga nina bilan gul ham solib tashlashgan! Mana! — Kukaracha yengini shimarib ko‘rsatdi.

— Bezovta bo‘lmang! O‘z-o‘zidan ko‘rinib turipti! — oyim uni yana kalaka qildi.

— Nima hojati bor, hurmatli Aniko! Siz bilan urishgani kelganim yo‘q uyingizga…

— Ha, yaxshi, yaxshi. Omon bo‘ling! — dedi oyim past tushmay.

— Xayr! — Kukaracha eshikka qarab yurdi. Men yo‘lakda hamma gapni eshitib turgan edim. Oyimning bunaqa dag‘allik qilganini hech qachon ko‘rmagandim. Yonimdan o‘tayotib Kukaracha to‘xtadi, yuzimni silab:

— Isming nima? — deb so‘radi.

— Tamaz! — dedim men qo‘rslik bilan va o‘zimni orqaga tashladim.

— Rahmat, qo‘limni tishlavomading! — deb jilmaydi Kukaracha va eshikni asta yopib chiqib ketdi.

— Surbet! — deb qichqirdi oyim uning orqasidan.

Kukaracha uyimizga kelib ketganidan keyin oradan bir oycha vaqt o‘tgach, boshqa bir voqea yuz berdi.

Biz Varazisxevi ko‘chasidan Veri sohiliga tushdik, hayvonot bog‘ining devoridan oshib o‘tib, kattakon yong‘oq daraxtining yoniga kelib qoldik.

— Bo‘la qolinglar! — deb pichirladi Kuchiko yelkasini tutib. — Bir qo‘yin-bir qo‘yindan yong‘oq olamiz.

Men uning yelkasiga chiqib, egilib turgan bir shoxga osildim-da, undan daraxt tepasiga o‘rmaladim. Ketimdan Dudu, Kostya-grek, Iracha va nihoyat, Kuchikoning o‘zi ham yong‘oqqa chirmashdi.

Ovoz chiqazmay, tez ishga kirishib ketdik. O‘n besh minutda qo‘yinlarimiz yong‘oqqa to‘ldi.

— Bo‘ldi! Tushdik! — deb buyurdi Kuchiko.

Apil-tapil pastga tushib, devordan arang oshib o‘tdik va sohil yoqalab oldinma-ketin yuqoriga qarab yo‘rg‘aladik.

— To‘xtanglar! Keldik! — deb buyruq berdi yana Kuchiko.

Biz chog‘roqqina bir damba oldida to‘xtadik.

— To‘kinglar!

Hammamiz qo‘ynimizni bo‘shatdik. O‘margan yong‘og‘imiz bir uyum bo‘ldi.

— Boshladik!

Har bittamiz ikkitadan silliq toshni ushlab olib, jon-jahdimiz bilan yong‘oq chaqishga tushdik. Har urganimizda po‘stlog‘idan suv sachrayverib, hash-pash deguncha yuz-qo‘llarimiz qop-qorayib ketdi.

— Bo‘ldi! Tashladik! — dedi Kuchiko.

Bo‘tqa bo‘lib ketgan yong‘oqni yig‘ishtirib olib, suvga tashladik-da, nafasimizni ichimizga yutib kuta boshladik.

Bir minut o‘tdi, ikki minut o‘tdi… Besh minut o‘tdi… Va nihoyat, suv sathida zaharlanib to‘nkarilib qolgan bitta baliqning oppoq qorni ko‘rindi. Sal o‘tmay yana  ikki-uchtasi paydo bo‘ldi. Oradan bir necha minut o‘tgach, baliq deganingiz bodroq bo‘lib ketdi. Natija kutganimizdan ham ziyoda edi. Ehtiyotkorlikni ham unutib, baravariga o‘zimizni suvga otdik va qiy-chuvlashib chalajon baliqlari tera boshladik.

— Ushla, ushla!

— Bu meniki!

— Qornidan ushla!

— Qoyil, Kuchiko!

— Kim o‘rgatdi senga!

— O‘zim o‘ylab topdim!

— Obbo sen-ey!

Shodon qiyqiriqlarimiz yarim soatcha davom etdi. Nihoyat hamma baliqlarni terib bo‘lgach, obdan tinkamiz kurib, shalabbo ahvolda qirg‘oqqa chiqdigu tappa-tappa cho‘zilib qoldik. Keyin Kuchiko baliqlarni hammamizga baravar taqsimladi, ketidan: mabodo birov baliqni qayerdan olding, deb so‘rasa, qarmoq bilan tutdim, deysanlar, deb ogohlantirib ham qo‘ydi.

Hammamiz mag‘rur va mamnun bir kayfiyatda uy-uyimizga tarqaldik.

Oyim meni yuz-qo‘llarim qop-qora, ust-boshim jiqqa ho‘l, qo‘ynim to‘la baliq, isqirt bir ahvolda ko‘rib, qo‘rqib ketdi.

— Nima balo qilding?! Aft-basharangni qara! Baliqni qayoqdan olding?..

— Daryodan tutdik… Hammasini o‘zim qarmoq bilan tutdim!

Oyim baliqlarni tashlab yubormoqchi ham bo‘ldi, lekin men rosa yalinib-yolvordim. Shundan so‘ng oyim ularni tozalab, unga beladi-da, kungaboqar moyiga jazillatib qovurdi. Pishgan baliqdan o‘zi ham tatib ko‘rdi-yu: «Ie, shirin-ku!» — deya likopchani oldimga surib qo‘ydi.

— Ol!

So‘nggi baliqni yeb turganimda birdan qo‘ng‘iroq jiringlab qoldi. Oyim eshikni ochdi. Qo‘lida g‘arov qarmoq, jilmaygancha Kukaracha kirib keldi.

— Salom, hurmatli Aniko! Mumkinmi? — dedi u tavoze bilan.

— Kiravering! — oyim bu gal ancha yumshoq muomala qildi, keyin dumaloq stol yoniga borib o‘tirdi.

Kukaracha qarmoqni devorga suyab qo‘ydi-da, charm sumkachasidan qizil muqovali kitobcha olib, oyimning ro‘parasiga o‘tirdi.

— Xo‘sh, eshitaman, hurmatli Kukaracha? Anovi g‘arovingiz nimasi? — deb so‘radi oyim.

— Hozir tushuntiraman… Yoarov — oddiy qarmoq, manavi kitobcha — Jinoyat kodeksi.

— Shunaqa  deng…  Lekin bu narsalarni mening uyimga nima daxli bor?

— Qarmoq bilan, ma’lumingizkim, baliq tutiladi, Jinoyat kodeksi bilan esa — odam tutildi…

— Menga qarang, leytenant, iltimos, topishmoqlaringizni qo‘ying!.. Ochig‘ini aytavering — sizga nima kerak o‘zi? — dedi oyim ensasi qotib. Ammo Kukaracha indamay kitobchani varaqlayverdi. Nihoyat, kerakli joyini topib, oyimga qaradi:

— Ijozatingiz bilan manavi muqaddas kitobda nima deb yozilganini bir eshitib ko‘raylik… O‘tiring, yigitcha! — birdan u menga murojaat qilib qoldi. Ko‘nglim noxush bir narsani sezdi-yu, ammo sir boy bermay, sekingina stol yoniga o‘tirdim. Kukaracha davom etdi:

— Davlat mulki qasddan nes-nobud qilingani, ya’ni xom yong‘oqlar vahshiylarcha talon-taroj etilgani haqida hozircha indamayman. Nisbatan yengilroq jinoyatlardan boshlaymiz… Xo‘sh, 175-modda… «Baliq va boshqa jonivolarni g‘ayriqonuniy yo‘l bilan ovlash». Xo‘sh… Xo‘sh… Mana! «Portlovchi yoki zaharli moddalar yordamida ov qilgan shaxslar to‘rt yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi…»

Kukaracha kitobchani yopib, menga qaradi.

Shundagina hammasiga tushundim. A’zoyi badanimni sovuq ter bosdi. Kuchiko, tilinglarni tiyinglar, deb bekorga ogohlantirmagan ekan-da. Men tentak baliqdan ko‘rib yotibman! Yer yutsin shu baliqniyam! Hamma gap uni qanday tutishda ekan! «Zaharli modda…»

Men oyimga qaradim. U rangi quv o‘chgancha o‘tirar, nigohini mendan uzmasdi. Chidayolmay, boshimni egdim.

— Xo‘sh, nima qilishim kerak endi? — dedi Kukaracha. — Baliqlarni musodara qilishning iloji yo‘q. Jinoyatchi og‘zini artib bo‘pti…

Oyim shartta o‘rnidan turdi-da, bittagina baliq qolgan likopchani Kukarachaning oldiga keltirib qo‘ydi.

— Mana, marhamat! Mebellar bilan pianinoni musodara qilmassiz harholda. Yong‘oq masalasiga kelsak, archilgan yong‘oq bilan to‘layman… Sovet Ittifoqida baliq ovlagan odam jazoga tortilishini bilmas ekanman!

— Unaqa emas, hurmatli Aniko! Portlovchi yoki zaharli moddalar yordamida baliq ovlaganlar jazolanadi! Qarmoq bilan bo‘lsa — marhamat, xohlaganingizcha tutavering!

— Sizlar nima bilan tutgandinglar? — deb so‘rab qoldi oyim mendan. Miq etmadim.

— Ular suvga yanchilgan xom yong‘oq tashlab, ancha-muncha baliqni qirib tashlashgan.

Oyim yonimga kelib, iyagimdan ushladi.

— Rostmi shu gap?

Men bosh irg‘adim. Oyim qulog‘imdan ushlab shundoq buradiki, chinqirib yuborishimga sal qoldi. Kukarachadan uyalganimdan tishimni tishimga bosdim.

— Albatta, rost! — dedi Kukaracha. — O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim!

— Qo‘ying-e! — oyim xafa bo‘ldi. — Ko‘rib, indamay turaverdingizmi? Endi kelib nasihat qilganingiz nimasi?

— O‘lay agar, Anna Ivanovna, bunaqa narsani, ya’ni xom yong‘oq bilan baliq tutishni birinchi ko‘rishim edi! Mahliyo bo‘lib qolibman! Keyin vaqt o‘tgan edi… Eng yomoni — daryoning etak tomonida juda ko‘p mayda baliqlar nobud bo‘lgan! Bu mashmashada o‘g‘lingiz bilan bab-baravar gunohkorman. Meni ham qulog‘imdan cho‘zing! — shunday deb, u oyimga qulog‘ini tutdi.

— Tentakvoy! — dedi oyim jilmayib va oshxonaga chiqib ketdi.

— Xo‘sh, tushundingmi endi? — deya murojaat qildi menga Kukaracha. — Senga qarmoq olib keldim. Bundan keyin, baliq oviga borganlaringda meni ham olib ketinglar. Agar xohlasang, ikkalamiz boramiz. Chuvalchangni o‘sha yerdan topamiz, hayvonot bog‘ida tiqilib yotipti. Aslida bu baliq pashshaga ko‘proq ilinadi. Shunaqa! — U o‘rnidan turdi, kitobchasini sumkaga solib, oyimni chaqirdi: — Anna Ivanovna, qolgan baliqni musodara qilishga arzimaydi, yaxshisi, yeb qo‘ya qolaman! Bir stakan vino ham bersangiz zo‘r bo‘lardi! Nimaga deganda, bu jinoyatga sherik sifatida o‘zim javob berishimga to‘g‘ri keladi!

Oyim shu zahoti bir shisha vino bilan stakan opchiqib, Kukarachani stolga taklif etdi. O‘zi ham iyagini ikkala kaftiga tiragancha uning ro‘parasiga o‘tirib oldi.

— Non-chi?

— Rahmat, keragi yo‘q… — Kukaracha baliqni dumidan ushlab, butunicha og‘ziga soldi. — Oh-oh! Ajoyib baliq! — So‘ng stakanga vino quyib, o‘rnidan turdi va xotiramga bir umr mixlanib qolgan ushbu qadah so‘zlarini aytdi: — Qadrli Anna Ivanovna! Kulimsirab vino ko‘tarib chiqqaningizda onamga shunaqayam o‘xshab ketdingizki… Onajonimni eslatganingiz uchun sizga mingdan-ming rahmat!

— Nechchiga kirding, Kukaracha? — deb so‘radi oyim.

— Yigirma ikkiga.

— Uni qara-ya, sendan atigi sakkiz yosh katta ekanman xolos, tentakvoy! — shunday deb, u erta oqarib ketgan sochlarini silab qo‘ydi.

— Meni kechiring… — Kukaracha engashib oyimning qo‘lini o‘pdi. Oyim xo‘rsindi, siniq bir jilmaydi-da, xonadan chiqib ketdi.

Kukaracha bir oz kalovlanib turdi, so‘ng shartta burilib, jo‘nab qoldi.

[1]     V a k ye — Tbilisidagi rayonning nomi.

[2]     V e r ye — Tbilisidagi daryoning nomi.

[3]     Zo‘r yigit ekansiz (gruz.).

[4]     S x n ye t i — Tbilisi yaqinidagi qishloqning nomi.

(Davomi bor)

Rus tilidan Nizom Komilov tarjimasi

«Yoshlik» 1986/7

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.