Halokat. Hikoya

0
67
marta ko‘rilgan.

O‘n sakkizinchi maktab ma’muriyatining direktoridan tortib qo­rovuligacha hammasining paytavasiga qurt tushdi – komissiya kelarmish. Kelganida ham tuman yoki viloyatdan emas, naq respublikadan! Bunday paytda hamma o‘z vazifasini a’lo darajada bajarib qo‘yishi shart. To‘g‘ri-da, bunaqa oliy tekshiruv maktab tashkil etilgandan beri ozib-yozib bir kelsa-yu, munosib kutib olinmasa, nima degan gap?! Xuddi shu “Munosib kutib olish” masalasini hal qilish ustida chuqur bosh qotirayotgan direktor – Nurali Eraliyevich nimqorong‘i kabinetiga qamalib olgancha o‘yga cho‘mib o‘tirardi. “Shu komissiya degani maktab qurib ketgandek nega aynan bizni tanladi ekan-a? Unisi ham mayli. Bular viloyat yo tumandan bo‘lsa-ku, bir amallash qiyin emasdi. Bunisi eng yuqoridan. Tish o‘tishi sal qiyin-ov”, – deb o‘ylaydi ichida. Xayollarga ko‘milib o‘tirgan direktorga biroz havo yetishmay, bo‘ynini ilondek bo‘g‘ib turgan bo‘yinbog‘ini xiyol bo‘shatdi. Miyasiga qon yetib borganini his qilib rohatlandi. So‘ng yana eski muammo esiga tushib, sutdek oq tanasi vahima yukidan battar oqardi, ko‘zlari hamma yoqqa javdiradi. Tug‘ilgan kunida jamoa nomidan sovg‘a qilingan tillarang ot haykalchasi ham, pol ustidagi yaqindagina olingan gulli gilam ham hozir unga zarracha qiziq emasligidan shunchaki nigohini qaratib o‘tdi. O‘zini biroz chalg‘itish maqsadida devorlarga ilingan afishalar, yozuvlarni o‘qishga harakat qildi, lekin negadir miyasi ularni anglamadi. Bor diqqatini jamlab harakat qilgan edi, zo‘rg‘a ulardan birini o‘qib tushundi. “Korrupsiya – halokatga yo‘l!” deb yozilgan ekan.

Direktor diqqinafas xonada o‘tirib hech nimani hal qilolmasligini tushunib yetdi, chamasi, tekshiruvchilar uchun sinflar qanday tayyorlanayotganini bilish maqsadida, ularni bir-bir ko‘zdan kechirmoqchi bo‘ldi. Kabinetidan chiqar ekan, yo‘lakda turib qaysi xonaga bosh suqishni bilmay o‘ylandi. Nihoyat, ishga kirishidan oldin o‘zini yaxshilab rozi qilganligi orqasidan shu maktabdan qo‘nim topgan adabiyot o‘qituvchisi – Madaminbekning dars o‘tayotgan xonasiga quloq soldi: ichkari jimjit. Pashsha uchsa, xijolat bo‘ladi. Direktor eshikni ochib sekin ko‘z qirini tashladi. Madaminbek stulda o‘tirgan holda noutbukka tikilgancha o‘tirar, o‘quvchilar esa daftarga bir nimalarni qoralab o‘tirishardi. O‘quvchilar ko‘p yozaverishganidan ko‘zlar kitobda, qo‘l xuddi avtomatlashtirilgan mashina kabi tinmay sharikli ruchkani yurgizadi. Direktor sekin yo‘talib xonaga kirdi. O‘quvchilar jo‘r bo‘lib salom berishdi. Jondan aziz insonni ko‘rgandek, Madaminbek ham qo‘zg‘aldi. O‘tiraverib qoni uvishib qolganidan oyoqlari bukilib ketdi.

– Tinchlikmi, aka? – baland ovozda dedi Madaminbek.

Direktorning jahli chiqdi.

– Aka emas, Nurali Eraliyevich, – dedi zarda bilan.

Madaminbek uzr so‘ragan bo‘ldi, so‘ng savol ma’nosida direktorga mo‘ltiradi. Direktor chuqur nafas oldi-yu, qornini qappaytirib “Qizim, senga gapiraman, kelinim, sen eshit” qabilida do‘rillab negadir sensirab so‘z boshladi:

– Bilasan, yaqinda komissiya bor. Shunga doimgidek o‘zim jonajon o‘quvchilarimning bilimini tekshirib chiqayotgan edim.

O‘quvchilar direktorning oxirgi marta qachon ularni tekshirishga kirganini eslasholmadi chog‘i, bir-birlariga sekin qarab qo‘yishdi.

– Albatta, albatta, – dedi Madaminbek shosha-pisha.

– Xo‘sh, unda yaxshi. Sen o‘tirib kuzat. Mening o‘quvchilarga beradigan bir nechta savollarim bor, – dedi direktor ezmalanib bolalarga qaragancha. So‘ng qo‘liga parta ustidagi adabiyot kitobini olib o‘quvchilardan biriga ko‘rsatkich barmog‘ini bigiz qilib imladi. – Xo‘sh, hoy, sen, shkafning yonidagi bola, tur-chi.

Bola xuddi azroilni ko‘rgandek qo‘rqa-pisa o‘rnidan turdi. Direktor kitobdagi savolni avval o‘zi tushunib o‘qidi-da, so‘ng tirjayib savol bera boshladi:

– Sen bizga ayt-chi, Said Ahmad degan adibning qanday asarlari bor?

Bola shu ismni qachondir adabiyot kitobining qaysidir betida o‘qiganini, uning qandaydir she’rlar yozganini, katta shoir bo‘lganini eslagandek bo‘ldi. Ichida agar shu so‘roqlardan eson-omon chiqib olsa, albatta, shu odamni topib o‘qishni o‘ziga va’da ham berdi.

– Bo‘laqol, – dedi Nurali Eraliyevich ham qo‘ymay, – axir o‘tgansiz-ku bu adibni.

Bolaning peshonasi va burnining usti yiltiray boshladi. Qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinar, deganlaridek, u allaqachon xotirasining adabiyot faniga ajratilgan joyida neki ma’lumot bo‘lsa, hammasini esidan chiqarib bo‘lgandi. Direktor undan ancha javob kutdi. Najot chiqmasligini bilib, alamidan bir nimalar deb so‘kib o‘rniga o‘tqazdi.

– Qani, shu savolga kim javob beradi? – dedi so‘ng umumiy qilib.

Bolalardan sado chiqmasdi. Direktor savol nazari bilan muallimga qaradi. Muallimning ko‘zlari olma-kesak terar, yuzlarida biroz xijolatlik holati bor, ko‘rinishidan nima deb bahona qilishni o‘ylayotgandek edi. Shundan so‘ng direktor kitob varaqlab yana bir nechta savol berdi, ammo bolalar javob beray deyishmasdi. Bunday ahvolni ko‘rib, Nurali Eraliyevich Madaminbekni biroz urishgandek, koyigandek bo‘ldi. Yegan og‘iz uyalar deganlaridek, bu koyishlar o‘qituvchi uchun urishishdan ko‘ra ko‘proq erkalashga o‘xshar edi. Bolalarni qanday o‘qitish haqida uzundan-uzoq ma’ruza ham o‘qimoqchi edi, lekin hali kirajak sinflari ko‘p ekanligi esiga tushib, oyog‘i tortmaygina adabiyot xonasidan chiqdi. Dahliz bo‘ylab yurar ekan, ko‘zlari devorda osig‘liq turgan, o‘sha o‘z kabinetida ko‘rgan yozuvga tushdi: “Korrupsiya – halokatga yo‘l!”

Ensasi qotgan direktorning keyingi manzili fizika xonasi bo‘ldi. Aksiga olib, xonaga kirar-kirmas uning asabi buzildi-qo‘ydi. Bu fan uchun ajratilgan inventarlarning deyarli barchasi Daqqiyunusdan qolgandek bir yonga qiyshayib turar, ampermetr, voltmetr kabi jihozlarning “ichak-chavoq”lari o‘q ilma-teshik qilgan tana singari asbob ichida to‘kilib yotar edi. Taqasimon magnit va shunga o‘xshash cho‘ntakka sig‘ar darajadagi kichik uskunalar esa biryo‘la yo‘qolib qo‘ya qolgandi. Direktor bu buyumlar uchun javobgar bo‘lgan fizika fani o‘qituvchisi va maktab qorovulini zudlik bilan toptirdi.

– Axir, bu nima ahvol? – ikkovi kelishi bilan sherday o‘kira ketdi direktor. – anjomlarning birortasi ishlamaydi yoki umuman yo‘q. Senlar o‘zi qayerga qarayapsanlar? Komissiya oldida nima deb javob beraman?

Direktor vijdon oldida deyishdan ko‘ra undan muhimroq komissiyani pesh qildi. U oldida mulzam bo‘lib turganlardan biror tayinli javob chiqmasligini bildi. Shu sababdan gapni qisqa qildi: komissiya kelgunicha yerni tagidan bo‘lsa ham hamma narsa joy-joyiga qo‘yib qo‘yilishi shart. Ular hammasini bugundan qoldirmasdan sozlab, aytganidek qilib joy-joyiga qo‘yishga chin dildan va’da berishganidan so‘ng direktor biroz hovuridan tushdi. So‘ng tashqari tomon yurdi. Ichida “Yaxshiyamki, o‘sha paytda berilgan kavsharlagichlarni uyga olib borib qo‘ygan ekanman. Bo‘lmasa, bekorga yo‘qolib ketardi”, – deb qo‘ydi.

Direktor yana bir qancha xonalarning abgor holatini, o‘quvchilar va aksariyat qismini shaxsan o‘zi topgan o‘qituvchilarning dars jarayonlarini ko‘rib xunobi oshib-toshib ketdi. Oxiri kabinetiga qamaldi va uni kutayotgan tog‘dek og‘ir tekshiruv haqida o‘yladi. O‘yladi-yu, xuddi joni bir qo‘zg‘alib olgandek eti jimirlab qo‘ydi. So‘ng ko‘ngli uchun taskin beradigan oxirgi ishni amalga oshirdi: kotibasini chaqirib, unga hoziroq majlis o‘tkazilishini, hamma o‘qituvchilarga komissiyani “chiroyli va munosib” kutib olish uchun uch yuz ming so‘mdan pul yig‘ib berishlari kerakligini aytishni, ayniqsa, bunday paytda pulning yuziga qarash o‘taketgan xatolik ekanligini jamoaga uqtirishni tayinladi. Majlis tashkil etish uchun sekingina orqasiga burilib ketayotgan ko‘hlikkina kotiba ko‘zi bilan eshikkacha kuzatib qo‘yar ekan, direktorning nigohi beixtiyor devorga ilingan yozuvga tushdi: “Korrupsiya – halokatga yo‘l!”

 

Ziyovuddin Abdusamadov

 1999-yili tug‘ilgan.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi

2022/2

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.