Kalsiy. Hikoya

0
94
marta ko‘rilgan.

Uydan kasalxonaga kelayotganimda otam meni opichlab ko‘taradi. Uning yuzi ko‘rinmaydi. Faqat hansirab nafas olishi eshitiladi. Yukxaltamni orqalab ortimizdan kelayotgan onam yig‘lab yubormaslik uchun zo‘raki iljayadi, o‘zicha nimalarnidir gapirib nasihat qiladi. Shu zayl u ko‘cha boshidagi taksilar turadigan joygacha bizga ergashib keladi. Keyin otam ikkimiz mashinaga o‘tirib jo‘naymiz. Onam hamon yukxaltamni ko‘tarib turganday bir tomonga qiyshayib, ortimizdan qarab qoladi. Har safar onamni ana shu alfozda xotirlayman.

Xayolimni eshigi ochiq palatamizning bo‘sag‘asiga kelgan hamshiraning ovozi bo‘ladi:

– Hojatga chiqadiganlar bormi?

Palata eshigidan bosh suqib qaragan hamshiraga javob berishga chog‘langan edim, baqaloq bosh barmog‘ini bo‘yniga olib borib o‘ldiraman, deya ishora qildi. Palatamiz qonun-qoidalaridan bexabar Shahzod qo‘l ko‘targach, hamshira savolni takrorladi:

– Boshqalar nega jim, tezroq aytinglar… Bir o‘zing ekansan, – dedi u Shahzodga qarab. – Bolalar, unga bo‘sh “bakalajka” beringlar.

Hamshira ketishi hamon baqaloq va shalpangquloq kulib yubordi. Shahzod bizga angrayib qarab qoldi. U hech narsani tushunmaganini ko‘rgan baqaloq kulgidan to‘xtadi va:

– Hey, shalpangquloq, bo‘ldi, kulma, – dedi.

Shalpangquloq bir yarim litrlik yelim suvidishni olib Shahzodga uloqtirdi.

– Bir kishiga “garshok” kelmaydi, yoqmasa boshqalarni kutib tur.

Shahzod shalpangquloqning gapiga ishongisi kelmay menga qaradi.

– Bular aldamayapti, – dedim. – Bunaqasi hammada bo‘lib turadi, uyalma!

Shahzodning yuzi tundlashdi. U mum tishlagandek jim o‘tirar, chap qo‘lini oyoqlarining orasiga solib, ko‘zini suvidishdan uzmasdi. Shu tobda otasi bilan palatamizga qo‘l ushlashib kirib kelgani, keyin do‘xtir uni tushovlab karavotga o‘tirg‘izib boylab qo‘ygani haqida o‘ylardi, nazarimda.

Bu tushov oddiy, yarim metrcha keladigan temir dastakning ikki uchida charm bog‘ichlari bor matoh. Uning bog‘ichlari ikki to‘piqqa bog‘lanadi va shu bilan tik turish, yurish butunlay taqiqlanadi.

Shahzodni kuzata turib hozir shinani yechib, eshikdan chiqib yugurib ketadi, deb o‘yladim. Lekin u hamon jim o‘tirardi. Bu yoqda esa shalpangquloq va baqaloq zo‘r berib bahslashardi.

– Javob, o‘n minut ham chidolmaydi.

– Chidaydi, yarim soatdan keyin pismiq “garshok” chaqirtiradi, shundaymi?

Hojatim qistaganini, lekin baqaloq qo‘rqitgani bois bunga chidab o‘tirganimni sezdirmaslik uchun o‘zimni imkon qadar beparvo tutib boshimni sarak-sarak qildim va tilimni tanglayga tekkizdim: “Chiq”.

Bir mahal Shahzod kutilmaganda hiqillab yig‘lay boshladi. Baqaloq hiylasi ish berganidan og‘zi qulog‘iga keldi. U yig‘laganday ovoz chiqarib Shahzodni mazax qilishga tushdi. Avvaliga o‘ng qo‘li bilan yuzini bizdan berkitib, labini qattiq tishladi. Lekin u uzoq chiday olmadi, ho‘ngrab yubordi. Hamshira palatamizga yugurib kelganida bola allaqachon o‘rnini ho‘llab qo‘ygandi.

Shahzod arazladi. U bizga ters qarab, boshini ko‘rpaga o‘rab yotib oldi. Baqaloq va shalpangquloq hamon bahslashar, ular endi Shahzodga laqab tanlash bilan band edi.

– Hammaning oldida … deb chaqirib bo‘lmaydi, jinni.

– Nega bo‘lmas ekan!

– Baribir bu laqab yaxshimas. Hammamizdan kichkina ekan, endi uchinchi sinfga o‘tibdi, mittivoy desak ham bo‘ladi, – dedi shalpangquloq.

Ular tinimsiz bahslashar, Shahzod miq etmay yotar, men esa qistab ketayotganini bildirmaslik uchun deraza ortidagi bulutlarni tomosha qilib o‘tirardim. Xayolimni shifoxonaga birinchi marta kelgan kunim haqidagi o‘ylar band etgandi.

O‘sha kuni do‘xtir eshik oldida otam bergan och-qora rangdagi rentgen tasvirini yorug‘ga tutib qarab:

– Bolani “shina”ga o‘tkazamiz, – dedi.

U otam hech narsani tushunmaganini bilib bizni ichkariga boshladi. Do‘xtirning ortidan xonaga kirdik. Palata tushovlangan bolalar bilan to‘la edi. Do‘xtir ularni ko‘rsatib, gapida davom etdi:

– Mana shunaqa o‘tiradi, yurish mumkinmas. Suyak o‘sib qotsa, qo‘ltiqtayoq bilan oyoqqa turadi. Uch oy shifoxona, bir oy uyda bo‘ladi. Shunaqa qilib ikki yo uch yil davolanadi.

– Boshqa biron yo‘li yo‘qmi? Biz uzoqdan… Qancha xarajati bo‘lsa, mayli.

Do‘xtir rozi bo‘lmadi. Otam bilan hovliga chiqib o‘rindiqqa yonma-yon o‘tirdik. U nimalardir haqida tinimsiz gapirar, men bu yerda qolmasligimni aytib yig‘lardim. Keyin otam darvozaxona tomon yurib, asta-sekin xiralashib, qorovulxonaga yetmasdan g‘oyib bo‘ldi. O‘shandan beri kalsiy haqida o‘ylayman. Undan keyin onam… va otam haqida.

Menimcha, kalsiy hamma narsada, hamma joyda bor. Daraxt barglarida, gulning tikanida, o‘rgimchak va kapalakda – hamma-hammasida. Shuning uchun daraxtlar dovulda sinib ketmaydi, gulning tikani qattiq bo‘ladi, o‘rgimchakning oyoqlari baquvvat, kapalak esa bemalol uchib yuradi. Chunki ularda kalsiy ko‘p. Lekin nega bizda, shalpangquloqda, baqaloqda va shifoxonadagi boshqa bolalarda kam?!

Bir kuni “Dunyo bo‘ylab” kanalida qadimda yashagan odamlarning suyaklari ko‘rsatildi. Ular juda baquvvat edi. O‘ylashimcha, o‘sha zamonlarda daraxtlar mo‘rt bo‘lgan, kapalaklar uzoqqa ucholmagan, o‘rgimchaklar oqsoqlanib yurgan. Nimagaki, dunyodagi hamma kalsiy odamlarda bo‘lgan. Vaqt o‘tib kalsiy shaklini o‘zgartiradigan bulutlarday parchalanib butun borliqqa tarqalgan va odamlarga ozginasi qolgan.

Aqlli bolalarday gapiryapmanmi?! Hamma shunday deydi. Ayniqsa, onam. “Bu xonaki bo‘lib telefon o‘ynab, televizor ko‘raverib katta odamlarga o‘xshab qolgan”, deb yozg‘iradi u. Undan keyin aytilgan gaplarni eshitmayman. Qulog‘imni barmog‘im bilan chippa berkitib, g‘ujanak tushib yotib olaman. Shu ko‘yi anchagacha yotaman, bir mahal yana onamning tovushi eshitiladi. Bu avval quvurning narigi uchidan kelayotgan tushunarsiz shovqinni eslatadi. Keyin u asta-sekin so‘zlarga aylana boshlaydi:

– Boshqa xonalarning ham polini yangilash kerak, zax bosib ketdi. Ustaning haqqini to‘liq berganingizda…

– Bilmasdan gapiraverma! Usta haq olish uchun ishini qoyillatsin edi! – otam doimgiday zarda qiladi.

– Nima bo‘lsa ham ishladi. Keyin mahalla-ko‘y oldida ham uyat bo‘ldi. Tunov kuni devorgulning ortida ikki ayol sizni g‘iybat qilayotgan ekan, usta ishlatib haqqini bermadi, o‘zi arzimas qog‘oz yozib berish uchun falon pul so‘rarkan, deydi.

– Hey, o‘sha…

 Otam qovoq solib o‘rnidan turadi. Men uyimizda ishlagan usta haqida o‘ylay ketaman. U pol yog‘ochlarini birma-bir sug‘urib olganida yerto‘ladan yoqimsiz hid chiqqan edi. Qalin yog‘ochlarning bo‘yoq surilgan tomoni yaltirab turar, tagi esa qo‘l tegishi bilan uvalanib ketardi.

– Nega bunday bo‘lib qolgan? – deyman ustaga.

U qalin qoshini chimirib, yog‘ochga jiddiy qarab turarkan:

– Chirigan, – deydi. – Yerdan zax chiqadi, tepa issiq, yerto‘lada havo aylanmaydi, keyin chiriydi.

– Qarang, yemirilib ketyapti, kalsiy kam bunda…

Usta avval kalsiy nima ekanini so‘raydi, keyin indamay kulib qo‘yadi. Bir muddat o‘tib, yana so‘roqqa tutadi:

– Otangning puli ko‘pmi?

– Bilmayman.

– Men bilaman, otangda pul ko‘p, “yog‘li” joyda ishlaydi. Otangga hammaning ishi tushadi.

– O‘zingiz kalsiy nimaligini bilmaysiz, otamning pulini qayerdan bilardingiz?!

Usta miriqib kuladi. Keyin yana gap boshlaydi. Men uni eshitmaslik uchun chirigan yog‘ochga termilaman. Termilib turaveraman, turaveraman. Shunda ko‘z oldimga kasalxonamiz keladi.

Aytgancha, kasalxonada ismlarimizni aytmaymiz. Hatto hamshiralar ham laqabimiz bilan chaqiradi. Bolalar-ku, mayli, hafta kunlariga ham laqab qo‘yganmiz. Ularni o‘sha kuni beriladigan ovqatlar bilan nomlaymiz:

bo‘tqa kuni – yakshanba;

shirguruch – dushanba;

sho‘rva – seshanba va hokazo.

Bir safar ovqatlar tartibi o‘zgargan. Bundan jahli chiqqan shalpangquloq to‘polon qilib xonani boshiga ko‘targan, birinchi va oxirgi marta o‘shanda yig‘lagan edi. O‘sha kuni tushlikda dimlama yedik. Bundan shalpangquloq suyundi. Chunki otasi doim dimlama kuni tushdan keyin kelardi. Shalpangquloq esa kechgacha eshikka qarab o‘tirdi. Yotar paytda hamshiradan haftaning qaysi kuni ekanini so‘radi.

– Bugun seshanbami? Dimlama yedik-ku, chorshanba emasmi?

– Tartib o‘zgardi, endi juma kuni osh beriladi.

Hamshira shunday deb, chiroqni o‘chirib, eshikni tashqaridan yopdi. Bir muddat o‘tib shalpangquloq birdan baqira ketdi.

– Yaramaslar! Nima uchun hafta kunini o‘zgartiradi? Men kun bo‘yi otamni kutibman, u ertaga kelarkan!

Shalpangquloq nimanidir uloqtirdi. Hamshira yugurib kelib chiroqni yoqqanida u ko‘rpaga boshini o‘rab olgandi. Hamshira bir bizga, bir yerda yotgan suvidishga qarab turdi-da, telefonini qulog‘iga tutdi: “Allo, ha, tinchlik. Nima deyotgandim?”

Bu hamshiraning laqabi telefonxonim. Faqat baqaloq uni sevgi farishtasi, deb ataydi. Buni hatto uning o‘ziga ham aytgan va “Doim telefonda kim bilan gaplashasiz?” deb so‘ragandi shunda.

– Rashk qilyapsanmi, senga, yaxshisi, qizlar bo‘limidan birontasini topib beraman, – degan edi hamshira kulib. – Qo‘ltiqtayoqdagi qizni gaplashib beraymi, oyoqqa turgan, har kuni o‘zi kelib xabar oladi.

– Bo‘lmaydi, – dedi baqaloq kaftlarini ko‘kragiga qo‘yib, barmoqlarini o‘mrovi ustida birlashtirib.

Hamshira avval angrayib qarab turdi. So‘ng nimanidir tushunganday yuzi birdan o‘zgardi.

– Voy yaramas, buncha narsani qayerdan bilasan?! – u shunday deb baqaloqning yuziga shapati urdi. – O‘zi yoshing nechada sen bolaning?!

– Bu yil o‘n oltiga to‘laman.

– Men seni kichkina deb o‘ylarkanman, pismiq!

Baqaloq hamshirani aldadi. U mendan bor-yo‘g‘i uch yosh katta. O‘n olti yoshga to‘lishiga esa yana ikki yil bor, lekin hozir ham har baloni biladi. Do‘xtirlardan yashirib telefon ishlatadi, internetga kiradi, qandaydir o‘yinlarni yuklab olib tunda o‘ynaydi, yana nimalar qiladi, Xudo biladi.

 

Kech bahorning iliq kunlari palataning ochiq derazasidan azon tovushi eshitiladi. Yoqimli ovozdan uyg‘onaman. Shu chog‘da o‘rnimdan turib, qayergadir uzoqqa chopib ketgim keladi. Avval bir oyog‘imni shinadan chiqaraman. So‘ng oqsoqlanib asta-sekin yura boshlayman va tushovni kasalxona darvozasi oldida qoldirib yuguraman. Shu ketgancha qandaydir dengiz sohiliga borib qolaman. Sohildagi qumloqqa urayotgan suvni kechib, dengiz tomon yurib boraveraman, boraveraman. Suv bo‘g‘zimga kelganda quloch otib suzib ketaman.

Doim dengiz haqida o‘ylasam, tanim suvdan rohatlanayotganini his etaman. Keyin qayerdandir azon tovushi eshitiladi. Negadir u menga mahzun kuyni va baqaloqni eslatadi.

Oxirgi paytlarda baqaloqning ishlari pachava. Buni uning o‘zi ham tez-tez takrorlaydigan bo‘lib qoldi. Aytgancha, baqaloq bir yil davolansa ham unda biron o‘zgarish bo‘lmadi. Tunov kuni do‘xtirlar unga kasallikni o‘tkazib yuborgani, semizligi yemirilishni tezlashtirgani haqida aytdi. Endi suyagi o‘smas, uni ochib, yemirilgan joyiga protez qo‘yish kerak ekan. Hozir baqaloqni jarrohlikka tayyorlashmoqda.

Shu hafta, bo‘tqa kuni kechasi tush ko‘rdim. Tushimda otam bir qop kalsiy olib kasalxonamizga kelibdi. Uning izidan onam o‘zi ishlaydigan bog‘chaga ko‘tarib boradigan yukxaltasi bilan eshik qarshisida paydo bo‘ldi. Aytishicha, bog‘chada go‘sht, guruch va makaron-u yog‘ o‘rniga kalsiy tarqatishayotgan emish. Doimgiday eng ko‘pi onamga nasib etibdi. Ular olib kelgan kalsiy juda shirin emish. Kalsiyni palatamizdagi bolalar – shalpangquloq va baqaloq bilan teng bo‘lishib olishni aytibman. Ammo ota-onam sira rozi bo‘lmas, bu eng kuchli kalsiy, hammasini bir o‘zing yesang, tezda yurib ketasan, dermish.

Uyg‘ongach o‘yladim: rostdan ham qayerdadir uzoqlarda ana shunday kuchli va shirin kalsiy bo‘lishi kerak. Balki, u baqaloqning ham suyagini o‘stirib yuborar?!

Ha, xuddi shunday kalsiy bor, bunga ishonaman. Faqat uni izlab topish kerak. Afsuski, otam va onam tuxum po‘stlog‘idan boshqasini bilmaydi. Ular eng ko‘p kalsiy tuxum po‘stlog‘ida bo‘lishiga ishonadi va uni yeyishga majburman. U tish orasiga kirib g‘ichirlaydi, tanglayga yopishib ko‘ngilni aynitadi. To‘g‘ri, kalsiy pishloqda ham, kalla-pochada ham ko‘p. Buni onam ham biladi va aytadiki: “Har kuni kalla-pocha qaynatib bo‘lmasa, pishloq ham suvtekin bo‘lsa ekan, nuqul shundan olib kelib beraversang. Undan ko‘ra tuxum po‘stlog‘i yaxshi. Bog‘chada oshpazlarga tayinlaganman, tuxumni chaqishdan oldin yaxshilab chayadi, keyin po‘stlog‘ini ehtiyotlab olib qo‘yadi. Qo‘shnilar omon bo‘lsin, haftada xaltachada po‘stloq olib chiqadi. Tayyor po‘stloqni quritib unday maydalasak bas”.

Yana eshik qarshisida paydo bo‘lgan hamshira xayolimni bo‘ldi. Bu safar u baqaloqni gapga tutdi.

– Dadang kelgan, tayyor tur, hozir “svidaniya”ga olib chiqaman.

Ertasi kuni tongda hali azon chaqirilmasdan avval derazadan sovuq havo kelib uyg‘ondim. Boshimni ko‘targanimda derazaga to‘shini qo‘yib tashqariga qarab turgan baqaloqni ko‘rdim. U uyg‘onganimni bilib, kasal oyog‘ini yerga bosmasdan, karavotlarga suyanib o‘rniga o‘tdi. Tushga yaqin uni jarrohlik bo‘limiga olib ketishdi. Kechga borib hamshira opa uning narsalarini yig‘ishtirib olar ekan: “Og‘aynilaring operatsiyadan yaxshi chiqdi, ikki-uch kun reanimatsiyada bo‘ladi”, dedi.

Baqaloq ketib xonamiz huvillab qoldi. Bu, ayniqsa, shalpangquloqqa yomon ta’sir qildi. U hali Shahzod bilan chiqishib ketmagan. Boz ustiga, uch kundan keyin uyga ketaman. Baqaloq ikkimizning o‘rnimizga yangi bolalar keladi. Shalpangquloq yangi kelgan bolalar bilan o‘tirgan joyida suv idishni bir-biriga uloqtirib bexato tekkizish bo‘yicha bahslashishi kerak. Bu bahsda kim yutsa, o‘sha eng kuchli hisoblanadi va palatada faqat uning aytgani bo‘ladi. Agar bizning o‘rnimizga yoshi kattaroq bolalar kelsa, u ikkinchi o‘rinni ham egallay olmasligi mumkin. Shalpangquloq shundan xavotirda edi. Menga bularning hech biri qiziq emas. O‘y-xayolim uyga ketish bilan band. Endi derazadan osmonga qarab onam haqida o‘ylay boshladim. Doim uyga kelganimda azon tovushi o‘rniga onamning yig‘isi uzoqdan bo‘g‘iq ovozda eshitiladi.

– Nimaga buncha hiqillaysan, bo‘ldi-da endi! – jerkiydi otam.

– Bolaginamning ahvolini qarang, qanday chidab turish mumkin? Nima bo‘lsayam, o‘zimizdan o‘tdi, haliyam bo‘lsa…

Onam boshqa gap aytolmaydi. Otam yana zarda qiladi:

– Xotinlarga indamasa, Xudoning ham ishini muhokama qiladi, ey banda, Xudo har kimning qilmishiga yarasha o‘ziga jazo beradi. Mening, sening qilmishimiz uchun begunoh bolani azoblamaydi.

– Bo‘lmasa nimaga bunday bo‘ldi?! O‘tgan kuni ko‘rmadingiz, poldan chiqqan yog‘ochni ko‘rsatib, mening ham suyagim shunaqa bo‘lib qolganmi, deydi, chidolmadim.

– Nimaga bo‘lardi, tabiat o‘zgarib ketdi, bu bizga ta’sir qilyapti. Shuning uchun senda, menda kalsiy kam, asorati bolalarda bilinadi.

– Ko‘rdingizmi, baribir bizning gunohimiz uchun…

O‘tgan safar otam onamni tinchlantirish uchun yana bir yil sabr qilishni, ko‘pi ketib ozi qolganini aytganida alam bilan labimni qattiq tishladim. Axir ular shu safar davolanib kelsam, oyoqqa turishimni aytib ishontirgan edi. Shuning uchun ham kasalxonaga borishga rozi bo‘lgandim, aldoqchilar!

Ularning gapini eshitishni istamay qulog‘imni mahkam berkitdim. Endi qandaydir shang‘illagan ovoz quloqni qomatga keltiradi. Keyin bu tovush meni opichlab ko‘targan otamning hansirab nafas olishiga aylandi. Ko‘zimga yukxaltamni orqalagan onam ko‘rindi. U yig‘lab yubormaslik uchun zo‘raki iljayib bizga iyarib kelardi. Bekatga yetib kelgach mashinaga mindik. Taksi haydovchisi otamni so‘roqqa tutdi: “Bolaga nima bo‘lgan?”

Otam unga menda kalsiy kamligi, tabiatdagi o‘zgarishlar haqida aytadi. O‘zida ham kalsiy yetishmasligi haqida hech kimga miq etmaydi. Shuning uchun do‘xtir yolg‘iz o‘zimni olib qoladi: “Ota-onalarga yotish mumkinmas!”

Ha, doim shunday bo‘ladi. Ular meni aldab, shu safar tuzalishimni, keyin boshqa bolalar kabi bemalol o‘zim yura olishimni aytib balnisaga tashlab ketadi.

So‘ngra uch oy davomida haftada bir marta kelib xabar oladigan ota-onamni kutib yo‘l qarayman. Shifoxonadan uyga ketishni intiqib uzoq vaqt kutaman. Lekin uyda vaqt juda tez o‘tadi. Bu yerga ketishimga bir hafta qolganida ota-onam kun sanashni, mehribonlik bilan meni avrashni boshlaydi. O‘shanday vaqtlarda o‘zimni qo‘yarga joy topolmay jazavaga tushaman. Nochorlikdan nima qilishni bilmay doim xontaxta ustida turadigan likopchaga qarab emaklab boraman-da, bo‘g‘zimga tiqilgan yig‘idan hiqillab-hiqillab, butun dunyoni – o‘rgimchak, kapalak, daraxt-u gullarni, otam va onamni esdan chiqarish uchun maydalangan tuxum po‘stlog‘ini kapalab-kapalab yutaman va ishonamanki, bir kuni yemirilgan suyagim o‘sib qotadi. Shunda oyog‘imdagi tushovni yechib, uzoqdagi dengiz sohiliga borib qolaman. Sohildagi qumloqqa urayotgan suvda quloch otib suzib ketaman. Shu tariqa olisdagi orolga yetib boraman. U yerda o‘rgimchaklar oqsoqlanib yuradi, kapalaklar zo‘rg‘a qanot qoqadi. Bolalarning suyagi yemirilmaydi – hamma kalsiy odamlar uchun!

 

Bobo RAVSHAN

 

1985-yili tug‘ilgan.

“shom va tong orasida” qissa va hikoyalar to‘plami nashr etilgan.

2022/2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.