Kutilmagan uchrashuv. Hikoya

0
94
marta ko‘rilgan.

Quyosh tikkaga kelib, yozning jaziramasi borliqni o‘z zabtiga olgan. Chorrahada mashina gavjum. Orqa o‘rindiqda o‘tirgan Davlatbek haydovchiga zaharxanda qilib baqirdi:

– Fozil, namuncha lallayasan? Ko‘rmayapsanmi, shoshyapman!

– Xo‘jayin, hamma yo‘llar yopiq, menga qolsa hoziroq sizni manzilga yetkazgan bo‘lardim… – qo‘rqib javob berdi haydovchi.

– Jin ursin bu to‘yni!

 Yaqinda Davlatbekning to‘yi bo‘ladi. Ertalab unashtirilgan qizi bilan bozorga tushgan va ancha charchagandi. Unga jo‘natilgan sarpolar oddiy va o‘ziga yarashmagan. Ertalabdan shu masalada quda tomon bilan biroz gap-so‘zga ham borib qoldi. Oqibatda, o‘zining hisobidan sarpo qilishga qaror qildi. Har holda mahalla oldidagi obro‘-e’tibor va qo‘ni-qo‘shnining fikri ham muhim. Ayniqsa, bu masalada ayollardan ehtiyot bo‘lish kerak. Yaxshiyam, onasi va ammasi bu sarpolarni ko‘rmadi, ko‘rganda bormi, aniq to‘y to‘xtatilgan bo‘lardi. U shunday xayollar bilan beixtiyor mashinaning oynasini tushirdi. Yo‘l chetidagi kichik savdo rastalarida har kim baqirib-chaqirib o‘z molini sotardi. Bitta to‘yni deb, yillar mobaynida yiqqan pullarimni bir kunda sochib yuborish ham rosa alam qiladi. Ha mayli, to‘y umr davomida bir marta bo‘ladi, kelin menga yoqdi. oilasi biroz kamtar bo‘lsa-da, asosiysi ziyoli ekan…

– Akajon, suv olmaysizmi? Muzdek…

Davlatbekning xayolini qo‘ng‘iroqdek ovoz buzdi. Mashinaning yonida chamasi o‘n yoshga to‘lib-to‘lmagan, jussasi kichik, issiqqa chidamli qalpoq kiyib olgan bolakay turardi. Ustki kiyimi eski, bir-ikki joylari yamalgan, lekin toza edi. Bola Davlatbekka qarayotib, qo‘llarini peshonasiga qo‘ydi.

Davlatbek bolaga bir lahza tikilib turdi-da, cho‘ntagidan yuz ming so‘m olib uzatdi:

– Yo‘q, ukam, suving kerakmas, mana bu pulni ol, yaqinda to‘y qilyapman, otam rahmatli kichkina paytimda singlim ikkimizdan duo olardi. Kel, yaxshisi, bugun asabim rosa buzildi, shunga meni duo qilib qo‘y. Zora, shu hayot tashvishlaridan sal chalg‘isam.

Bola Davlatbek uzatgan pulga qaradi-da, chopib rastaga ketdi. Bir quti suvni qiynalgancha ko‘tarib keldi:

– Akajon, mana bu suvlarni oling, lekin berayotgan pulingiz ko‘p…

Davlatbek mashinadan sekingina tushdi va bolaning oldida cho‘nqaydi.

– Men senga bu pullarni ehson uchun beryapman. Ustingga kiyim ol. Lekin undan avval ketib, daftar va qalam olishni unutma.

Bola o‘ylangancha javob berdi:

– Kattakon rahmat sizga, lekin menda hammasi yetarli. Allohga shukur. Siz, yaxshisi, suv oling. to‘g‘ri, bu suvlarni to‘y uchun qo‘yib bo‘lmas, lekin buncha katta pulingizni men ololmayman-da…

– Nega ololmaysan?

– Chunki otam: “Oson topilgan mulkning qadri kam bo‘ladi, deganlar, yana ko‘chadan topgan ming so‘mingdan ko‘ra, suv sotib topgan yuz so‘mingning noni sening rizqingga shira beradi”, deb ko‘p takrorlaydilar…

Davlatbek bu bolakayning zehniga qoyil qoldi. Unga qarab turib, otasi bilan Siyob bozorida o‘tkazgan damlarini esladi. Otasi urishgan kezlarda ham, yuk tashib charchaganida ham jimgina sabr-bardosh bilan mehnat qilgan. Yillar o‘tgandan so‘ng katta bir korxonaning egasiga aylangan edi. Uning xo‘rligi keldi, ammo ko‘zidagi yoshni tezda artib oldi-da, bolaning bosh kiyimini olib uning boshini siladi va yuzidan o‘pdi. Keyin uning chaqnab turgan ko‘zlariga qaradi va:

– Isming nima? – dedi. Bolakay tabassum bilan javob berdi:

– Abdulloh!

– Qani, menga otangni ko‘rsat-chi, senday farzandi bor baxtli odamni ko‘rgim keldi!..

Bola kichik, torgina, temirdan qilingan, ichida suvlar, tashqari tomonida o‘yinchoqlar osib qo‘yilgan do‘konchani ko‘rsatdi. U bolaning qo‘lidan ushlagancha birga o‘sha tomonga qadam tashladi. Bola esa hayron bo‘lib, orqasidagi charchab olib kelgan suv idishlariga qaradi. Davlatbek do‘kon egasiga: “Bir daqiqaga…” degan ishorani ko‘rsatdi. Do‘kon egasi bo‘ylari uzun, yuzlari tiniq va mallarang odam ekan. U ohista ichkaridan chiqib keldi. Davlatbek qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha:

– Assalomu alaykum, akajon, yaxshimisiz, savdoyingizga baraka! – dedi samimiy va xushmuomalalik bilan. Bolakay Davlatbekning qo‘lini bo‘shatdi-da, borib otasining tizzasini quchoqlab oldi. Bolakayning otasi qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha nimalardir demoqchi bo‘ldi. Oddiy va sodda ko‘rinishli bu inson Davlatbekka juda yoqdi. Bolakay birdan tushkun kayfiyatda:

– Otam gapira olmaydilar… – dedi.

Ota goh Davlatbekka, goh bolaga qo‘llari bilan ishora qilar, uning yuzida ham, qayg‘uni ham, quvonch ifodasini ko‘rish mumkin edi. Nechundir Davlatbekning ko‘ngli ezildi, ammo sezdirmadi. U cho‘ntagidan sarpo uchun atalgan pullarni bolaning otasiga tutdi. Ota birdan yomon qaradi-da, qo‘llari bilan “ Ket!” deganday ishora qildi.

Shunda bolakay:

– Otam baribir bunday katta pulni olmaydilar. Ular menga ham shunday o‘rgatganlar, dedi.

Ota jiddiylik bilan savdo do‘koniga burildi-yu, o‘g‘liga ham ishora qildi. Nima qilishini bilmagan Davlatbek yana bolakayning oldiga o‘tirdi-da, dedi:

– Bu pullarni sizlarga xolis niyat qilganim uchun beryapman, menimcha, otang noto‘g‘ri tushundi.

– Siz xafa bo‘lmang. Otam o‘zi shunday insonlar. Lekin yordam so‘rasangiz, doim sizga yordam berishga harakat qiladilar. Boya aytdim-ku sizga, oson kelgan mulkning qadri ham oson ketadi, deb.

Davlatbek bolaning bundayin o‘tkir gaplarini diqqat bilan eshitar va unga jilmaygancha kulib qo‘yardi.

– Mana shu pullarni to‘yimga sarpo uchun olgandim… lekin seni ko‘rib mana shu pulimni yaxshilikka ishlatishga qaror qildim. Otangning gaplari to‘ppa-to‘g‘ri. Sen qanday maslahat bergan bo‘larding? – dedi-da, bolaning yuzlarini ikki kaftlari bilan siladi.

– To‘g‘ri, bizning katta pulimiz yo‘q, lekin otam bilan har oyning oxirida bolalar uyiga boramiz va u yerdagi bolalarga ovqat tayyorlab beramiz. Otam osh qilishni yaxshi biladilar. Hattoki to‘ylarda ham mazali osh qiladilar. Ha aytgancha, bu pullarni bolalar uyiga bering, zero yetimning boshini silash ham Payg‘ambarimizning eng yaxshi sunnatlaridan bo‘lgan ekan, otamdan eshitganman. Buni madrasadagi ustozim ham aytgan.

Bola Davlatbekning yoshli ko‘zlariga tikilib turardi.

– Meni kechiring, sizni xafa qilish niyatim yo‘q edi…

– Eh, bolajon, meni xafa qilmading, balki menga ibrat bo‘lding, – dedi Davlatbek va bolani bag‘riga qattiq bosdi. Rasta chetida turgan bolaning otasi ularga diqqat bilan qarab turar edi. – Bu quyoshning jaziramasida rosa turib qolding, kel, yaxshisi, meni duo qil, mashina oldidagi suvlarning hammasini sotib olaman…

– Mayli… – Bolakay boshini silkitdi-da, jajji qo‘lchalarini keng yozib duoga ochdi va ichida pichir-pichir qildi. Keyin ovozini chiqarib: “Omin” dedi. Davlatbek qaddini ko‘tardi-da, mashina tomonga yurdi. Mashinaga o‘tirarkan, bola va uning otasiga ko‘z qirini tashladi. Bola otasining oyog‘ini quchoqlagancha kulib xayrlashardi. Davlatbek ichida nechundir o‘ksinar, nimadandir o‘z-o‘zidan koyinar edi.

– Qayoqqa? – so‘radi haydovchi.

– Bolalar uyiga hayda! – buyurdi Davlatbek qat’iy. – Bolalar uyiga!..

 

 

Bobomurod SAFAROV

 

1999-yili tug‘ilgan.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.