“Sobit-u sayyorada  inson o‘zing…”

0
49
marta ko‘rilgan.

O‘tgan asrning yetmishinchi yillari.

Toshkent davlat (hozirgi O‘zbekiston Milliy) universiteti jurnalistika fakultetining birinchi kursida bizga o‘zbek mumtoz adabiyoti fanidan mashhur Botirxon Akramov domla dars berardi.

Bir kuni Sayfi Saroyi yoki Sakkokiydan ma’ruza o‘qishi kerak bo‘lgan domlamiz auditoriyaga hayajon bilan kirib keldi va salom-alik, yo‘qlamadan so‘ng, kutilmaganda quyidagi misralarni o‘qiy boshladi:

Sobit-u sayyorada

Inson o‘zing, inson o‘zing.

Mulki olam ichra bir

Xoqon o‘zing, sulton o‘zing…

Ustozimiz ehtirosli ohangda she’r o‘qir ekan (u kishi, aslida, teatr san’ati institutini bitirgan, lekin navoiyshunos olim bo‘lib tanilgan edi), biz, talabalarning butun vujudimiz quloqqa aylanib, ko‘zlarimizda hayrat-u hayajon uchqunlari porlar edi.

Ayniqsa:

Atomni ijod etib,

Dahshat balo bunyod etib,

Oqibatni yod etib,

Hayron o‘zing, hayron o‘zing, –

degan satrlarni eshitganda butun auditoriya benihoya mutaassir bo‘lib qoldi.

Nihoyat, qiroat tugadi. Botirxon aka, bu she’r Erkin Vohidovning hali hech qayerda chop etilmagan “Inson” qasidasi ekanini, bu asarni kecha shoir bir davrada o‘qiganini, domlamiz qo‘lyozmadan nusxa ko‘chirib olganini aytib, uni chuqur tahlil qilib berdi.

Erkin Vohidovdek mashhur inson bilan hamsuhbat bo‘lgan domlamizga nihoyatda havasimiz keldi.

Adashmasam, 1976-yili Yozuvchilar uyushmasida I.V.Gyotening “Faust” asari tarjimasi muhokama qilindi. Asar Erkin Vohidov tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan edi. Bir necha talabalar qatorida men ham shu uchrashuvda qatnashgan edim. Fayzli adabiy kechaga aylanib ketgan ushbu anjumanda atoqli faylasuf olim, akademik Vohid Zohidov:

– Erkinjon, – dedi hammaning e’tiborini o‘ziga jalb etib, – tragediyaning ruscha tarjimasida “deyaniye” degan so‘z bor, uni nima deb tarjima qildingiz?

Erkin aka xuddi shu savolni kutib turgandek, ohista o‘rnidan turib: “deyaniye”ni so‘zma-so‘z tarjima qilsa, o‘zbekchada ish, harakat, faoliyat bo‘ladi, lekin asar ruhidan kelib chiqib, uni “a’mol”, deb olindi, – dedi.

Esimda, shunda akademik domla ikkala kaftini ko‘ksiga qo‘yib, “Bo‘ldi, boshqa savolim yo‘q” degandek mayin jilmaygan, davra ahlining ham bu javobdan qanoat hosil qilgani ayon ko‘rinib turar edi.

Men o‘shanda yillar o‘tib, bu ulug‘ so‘z san’atkori, ajoyib insonning shogirdlari qatoridan joy olishimni, hatto u kishining qo‘l ostida ishlash nasib etishini xayolimga ham keltirmagan edim.

Bundan qirq bir yil muqaddam, ya’ni

1981-yili O‘zbekiston adabiy jamoatchiligi uzoq kutgan, bunga erishish uchun ko‘p harakat qilgan “Yoshlik” jurnali ta’sis etilib, unga Erkin Vohidov bosh muharrir etib tayinlandi.

Yangi rahbar ijodiy jamoa borasida maslahat so‘rab, “Guliston” jurnalining sobiq bosh muharriri, ustoz Asqad Muxtorga murojaat qiladi. Asqad aka “Guliston”da ishlagan Sa’dulla Siyoyev, Abdulla Sher, Erkin A’zam, Sulaymon Rahmon kabi ijodkorlar bilan birga meni ham “Yoshlik”ka tavsiya qiladi. Oradan ko‘p o‘tmay biz – eski “guliston”chilar yangi jurnalda ish boshladik. Shu ma’noda, “Yoshlik” jurnali asli “Guliston” bag‘ridan unib chiqqan, deyishimiz ham mumkin.

Albatta, yangi jamoaga birdaniga o‘tib qo‘ya qolganim yo‘q. Erkin akaning taklifini eshitib, ichimda jon-jon deb turgan bo‘lsam ham, o‘zimni biroz taroziga soldim, ya’ni, avvalo G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot rahbariyati menga ruxsat berishi qiyin ekanini, qolaversa, ishxonada kvar­tiraga navbatim kelib qolganini pisanda qildim.

Holbuki, men kvartira olish uchun ariza ham bermagan, binobarin, ikki yuz kishidan ortiq talabgorlar ro‘yxatida ham yo‘q edim.

Nega deganda, to‘rt yuzga yaqin xodim xizmat qiladigan nashriyotga ikki-uch yilda bitta uy ajratilar, shu sababli mendek pessimist odam uchun bu uzundan-uzun ro‘yxatning oxiriga tirkalish ma’nisiz bir ish bo‘lib tuyular edi. Lekin shunga qaramasdan, Erkin akaga boyagi vaj-korsonlarni to‘qib aytishga majbur bo‘ldim.

“Odamlar, aslida, yomon emas, faqat kvartira masalasi ularni buzadi”, deganida Mixail Bulgakov ming karra haq edi.

Ochig‘ini aytganda, uysizlik, ijarama-ijara darbadar kezib yurishlar rosa jonimga tekkan edi. Bir kuni erinmasdan hisoblab chiqsam, talabalikning birinchi kursidan boshlab to shaxsiy kvartira egasi bo‘lgunimga qadar Toshkenti azimda o‘ttiz yetti joyda ijarada yashagan ekanman.

Erkin aka mening surbetona talabimni hamdardlik bilan eshitdi. Biroz o‘ylanib: “Aniq va’da berolmayman, lekin harakat qilib ko‘ramiz”, dedi.

Shu tariqa men jurnalning nasr bo‘limiga – muharrir lavozimiga qabul qilindim. Erkin A’zam bo‘lim mudiri etib tayinlandi. Qizg‘in ishga kirishib ketdik. O‘rni kelgani uchun bir holatni eslab o‘tmoqchiman.

Hukumat qaroriga muvofiq, “Yosh gvardiya” nashriyoti jurnalga muassis etib belgilangan, uning moddiy va moliyaviy ta’minoti nashriyot zimmasida ekaniga qaramasdan, besh-olti oy o‘tib ketsa-da, bizga muqim joy ajratilmadi. Shu sababli Pushkin ko‘chasi, 1-binoda joylashgan Yozuvchilar uyushmasining chog‘roq majlislar zali bizga vaqtinchalik boshpana vazifasini o‘tab turdi.

Tasavvur qiling, bosh muharrirdan tortib mashinkachi ayolgacha o‘n-o‘n ikki xodim bir xonada ishga ko‘milib o‘tiramiz. Kutilmaganda Uyushma mas’ullaridan biri kirib keladi-da, zudlik bilan zalni bo‘shatib qo‘yishimizni, bu yerda hozir majlis o‘tkazilishini aytib chiqib ketadi. Biz apil-tapil narsalarimizni yig‘ishtirib, majlis qachon tugar ekan, deb yo‘lakda qog‘oz qo‘ltiqlab sarg‘ayib turamiz.

Ancha vaqt shu zaylda ishlab, ming mashaqqat bilan jurnalning birinchi sonini tayyorladik.

– Ish rejasiga ko‘ra nasr bo‘limidan Shukur Xolmirzayevning “Tog‘larga qor tushdi” nomli qissasi, Murod Muhammad Do‘stning “Dasht-u dalalarda” va mening “Saodat sohili” degan hikoyam bosmaga topshirilishi kerak edi.

Shukur akaning qo‘lyozmasi tahririyatga kechikib keldi. U kishi bexos yiqilib oyog‘ini sindirib olgan, shuning uchun biz har kuni muallifimizning eski konservatoriya qarshisidagi kvartirasiga borar, adib ishtirokida qo‘lyozmani tahrir qilar edik. Uch-to‘rt kun shu tariqa ishlaganimizdan so‘ng bu tadbirimizdan jo‘yali natija chiqmasligi ayon bo‘ldi. Avvalo, buni Shukur akaning o‘zi sezdi va qat’iy ohangda, hali qo‘lyozmaning ishi ko‘pligini, bu holda uni nashrga berib bo‘lmasligini aytdi.

Biz mushkul ahvolda qoldik. Jurnalni bosmaxonaga topshirish uchun sanoqli kunlar qolgan edi. Yirikroq nasriy asarsiz ilk sonni chop etish albatta noo‘rin bo‘lur edi. Chunki ne mashaqqatlar bilan tashkil etilgan jurnal yosh o‘zbek adabiyotining salohiyatini “ko‘rsatib qo‘yishi” ham kerak edi-da. Tahririyat tortmalarida katta proza asarlari yo‘q emas, bor edi. Ammo ularning biri hajviy mavzuda, ikkinchisi hali ko‘p tahrirtalab edi. Qolaversa, birinchi songa o‘sha paytning tili bilan aytsak, bunday bir “yorug‘roq, tiniqroq narsa”, ya’ni senzura changalidan osonroq chiqadigan asar zarur edi.

Shu tariqa boshimiz qotib turganida Erkin A’zam bosh muharrirning topshirig‘ini menga yetkazdi. U kishi aytibdilarki, Xayriddin shu hikoyasini qayta ishlab qissa qilsin. Hayron bo‘lib, mudirimga tikildim. “Ikki kundan keyin jurnal topshirilsa, qanday qilib hikoyani qissaga aylantiray? Men sirkning fokuschisi emasman-ku!” – dedim jig‘ibiyron bo‘lib. Mudirim bunga javoban bosh chayqab, davrimizning mashhur adabiy hikmatlaridan birini takrorlab menga nasihat qildi.

Hikmat:

Roman yozsang – uzun yoz, kessa bo‘lur,

Qissa yozsang – qisqa yoz, qo‘shsa bo‘lur.

Xulosayi kalom, menga qishloqqa javob berildi – “asar ustida ishlagani”. Go‘yo badiiy asar loyki, men uning ustiga chiqib tepib pishitsam!

Parkentdagi uyimda uch kunmi-to‘rt kun ishlab, hikoyaning Hindistonga aloqador qismini, Bobur Mirzoning ruhiy-hissiy dunyosi tasvirini kengaytirdim, asarga yangi lavha va detallar, so‘fiylik falsafasiga oid mushohadalar qo‘shildi.

Shu tariqa ikki bosma taboqdan iborat mo‘jazgina qissa vujudga keldi. Bahodir Jalolov unga ramziy ma’nolar aks etgan rasm ishladi. Asar 1982-yilning yanvarida – “Yoshlik” jurnalining tarixiy birinchi sonida bosilib chiqdi.

Va barcha hangoma shundan so‘ng boshlandi.

Qissa e’lon qilingach, do‘st-u dushman nazariga tushdi. Tabiiyki, do‘stlar suyunib, g‘animlar kuyundi.

Fevral oyida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibiyat yig‘ilishi bo‘ldi. Unda boshqa masalalar qatorida bir guruh yosh qalamkashlar bilan birga mening ham Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul etish haqidagi arizam ko‘rildi.

Nomzodlarni navbatma-navbat kotibiyat yig‘ilishi bo‘layotgan kichik zalga chaqira boshladilar. Nihoyat, galim kelib, hayajon ichra ostona hatlab ichkari kirdim…

Ichkarida esa gurzi yalang‘ochlagan bir ustozimiz meni kutib turgan ekan.

Ey, ajoyib zamonlar ekan-da! Shu kichkinagina qissa uchun meni – na adabiy, na hayotiy tajribasi bo‘lgan g‘o‘r bir qalamkashni shunday nufuzli yig‘inda bu zabardast munaqqid obdan “do‘pposlagan” edi: “Nega BAM haqida emas, Bobur haqida yozadi?” “Qonxo‘r shaxsni ideallashtirishdan qanday siyosiy maqsadni ko‘zlagan?” “Axir, u Oybek emas-ku, nega tarixiy asarga qo‘l uradi?” “Kuda smotrit rukovodstvo jurnala “Yoshlik”? (Tabiiyki, o‘zbek tilida adabiyot yaratadigan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining majlislari ham o‘sha yillar, zalda birorta rus bo‘lmasa-da, “og‘alar” tilida o‘tkazilardi).

Bu tazyiq-tahdidlar bugun kulgili, kurak tugul, tuvakda ham turmaydigandek bema’ni ko‘rinadi. Ammo u paytlarda bu siyosiy dag‘dag‘alar, xususan, “kuda smotrit…” deb boshlanadigan mash’um po‘pisalardan qo‘rqqulik edi.

Garchi taqvim hisobiga ko‘ra saksoninchi yillar boshlangan bo‘lsa-da, g‘oyaviy muhitimizda o‘ttizinchi yillarning mudhish nafasi goh oshkora, goh pinhona sezilib turardi. Men buni nayzador domlamizning otashin nutqidan so‘ng zalda o‘ltirgan ko‘pgina muhtaram adiblarning og‘ir sukutga cho‘mib, oqsoch boshlari egilib qolganida yana bir bor his qildim.

Bugun – dorilomon zamonga chiqib olib ularga ta’na-malomat qilmoqchi emasman, aslo. Olloh o‘zi bunday yarashiqsiz ishlardan barchamizni asrasin. Faqat shuni aytmoqchimanki, alpomish munaqqidning g‘o‘r bir qalamkashni dastak aylab Bobur Mirzoga hujum boshlagani ijtimoiy-siyosiy hayotimizda navbatdagi qora kunlar yaqinlashib kelayotganidan dalolat berib, ne-ne mard yuraklarga qo‘rquv solgan, ne-ne mo‘tabar boshlarni xam qilib qo‘ygan edi.

Chunki bunday tajovuzkor bayonotlar behuda aytilmasligini hamma yaxshi bilardi. Siyosiy ob-havoni ziyraklik bilan iskab yuradigan bu munaqqidning to‘satdan bu jabhada oybolta ko‘tarib qolgani bejiz emasdi.

Negaki, Bobur Mirzoning bashariyat oldidagi ulug‘ va betakror xizmatlarini ma’rifatli dunyo tan olgan, binobarin, buni e’tirof etmaslik sho‘ro mafkurasiga sharaf keltirmasligi ayon edi. Shuning uchun Bobur Mirzoning 500 yillik yubileyi arafasida O‘zbekistonda ham unga rasmiy munosabat birmuncha yumshagan, hatto Pirimqul Qodirovning uzoq vaqt to‘xtatib qo‘yilgan “Yulduzli tunlar” romani ham nihoyat bosilib chiqqan, asarning xorijiy tillarga tarjimalari boshlangan, ruschaga qilingan tarjimasi uchun muallif va tarjimon Yuriy Surovsev respublikaning oliy adabiy mukofoti – Hamza nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan edilar. Mana shunday bir vaziyatda bu yalovdor tanqidchining Bobur Mirzoga, binobarin, bu boradagi rasmiy siyosatga qarshi nutq irod qilishi “vakolatli idoralar”ning qudratidan quvvat olganini anglatar edi.

Lekin olamda yaxshilar ko‘p – birin-ketin Asqad Muxtor, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, Erkin Vohidov so‘zga chiqib, Boburni va shu bahonada qissani himoya qildilar. Shunisi esimda qolganki, notiqlarning barchasi gapini boyagi munaqqidning nomini ehtirom bilan zikr etishdan boshlab, “Muhtaram Falonchi Falonchiyevich juda to‘g‘ri ta’kidlaganidek…” deya davom ettirar edi.

Keyin nomzodlar uchun yashirin ovoz berish bo‘lib o‘tdi. Qabul natijalarini eshitish uchun yana ichkariga taklif etildik. Mening haqimdagi qaror yakuni bundoq bo‘libdi: kotibiyat a’zolaridan o‘n sakkiz kishi tarafdor, bir kishi qarshi ovoz beribdi…

Xo‘p, “yana keldik maqsudimizga” degan­laridek, asosiy masalaga qaytsak. Mening bax­timga, “Yoshlik” jurnalini tashkil etish haqidagi hukumat qaroriga binoan tahririyatimizga bitta kvartira ajratilgan bo‘lib, jamoaning barcha a’zolari uyli-joyli ekani uchun o‘z-o‘zidan men yagona talabgorga aylanib qolgan edim.

Xursandchiligimning cheki-chegarasi yo‘q edi. Chunki bu paytga kelib bitta boshim uchta bo‘lgan, lekin besh yildan buyon hanuz Parkent – Toshkent avtobusiga osilib ishga kelib-ketardim.

Ammo dunyodagi eng rasvo, eng battol byurokratiya bo‘lgan, murvatlari zanglab ketgan sovet byurokratiyasi menga kvartira berishga sira-sira shoshilmas edi. Hukumat qarorini bajarish Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasiga yuklatilgan, ammo ijroqo‘m “bo‘sh turgan tayyor kvartira yo‘q”, degan bahona bilan ishni achchiq­ichakdek cho‘zar edi.

Oradan bir yilcha vaqt o‘tdi. Shahar ijro­qo‘­miga qatnayverib, tuflilarim yirtilib ketdi. Qu­ruq qoshiq nafaqat og‘iz, balki tufli ham yirtar ekan.

Bosh muharririmiz ahvolimga achinib, ko‘p bor mening oldimda shahar ijroqo‘mining raisi Vohid Oxunovich Kozimovga qo‘ng‘iroq qildi. Trubkani har safar bir rus ayol olar va dona-dona qilib: “On uyexal na poxoronы” (“U dafn marosimiga ketdi”) deb takrorlar edi. Oxiri Erkin akaning ham toqati toq bo‘lib, “Nima balo, Toshkentda vabo tarqaganmi? Bunaqada shaharda odam zoti qolmaydi-ku”, degani ham esimda.

Bir yakshanba kuni Parkentdagi hovlimizda nimadir yumush bilan band edim, bir kishi kelib, meni raykomga chaqirishayotganini aytdi. Raykomning menda nima ishi bor ekan, deb hayron bo‘lib borsam, Hamidulla Ahmedov degan toshkentlik birinchi kotib bo‘lardi, shu kishining kabinetida Erkin Vohidov bilan Ibrohim G‘afurov o‘tirishgan ekan. So‘rashib, salomlashdik. Ma’lum bo‘lishicha, ular So‘qoq dam olish uyiga, direktor-shoir Orif Odilxonovni yo‘qlab kelishgan ekan. Orif aka bulardan bexabar Toshkentga ish bilan ketib qolgan ekan. Kimdir ularning tumanga kelganini Hamidulla Ahmedovichga bildiribdi va raykom kotibi suyunib ularni kutib olibdi. Erkin aka shu yerda bizning bir shogirdimiz yashaydi, deb meni yo‘qlatgan ekan. Hovlidagi havorang “Jiguli”da u kishining o‘g‘li Xurshidbek kitob o‘qib o‘tirgan ekan, uni ham ichkariga olib kirishdi.

Hamidulla Ahmedovich tashkilotchi odam emasmi, darhol tuman madaniyat uyida shoir-yozuvchilar bilan uchrashuv o‘tkazish harakatiga tushdi. Qishloqdagi tikuvchilik fabrikasida ishlaydigan ayollarni uchrashuvga to‘plab kelishdi. Parkentlik xotin-qizlar mashhur shoir va munaqqidning dilkash, samimiy suhbatidan bahra olib, xursand bo‘ldilar.

Uchrashuv tugab, mehmonlarni kuzata boshladik. Erkin aka o‘zi rulda ekan, xayrlashib mashinaga o‘tirayotganida menga qarab: “Toshkentgacha ancha yo‘l ekan, har kuni qatnaysizmi?” deb so‘radi. “O‘rganib ketganman”, dedim kulib. “Bo‘lmasa, bundoq qilsak, – dedi u kishi, – siz ertaga soat sakkizda ijroqo‘m binosining oldiga kelib turing, men ham shu vaqtga yetib kelaman. Vohid Oxunovich axir ishga shu eshikdan kiradi-ku, shu yerda ushlaymiz. Boshqa payt, ko‘ryapsiz, qabuliga kirib bo‘lmayapti”.

Shunday deb ular jo‘nab ketishdi.

Ertasiga kelishilgan vaqtda hozirgi Amir Temur xiyoboni yonidagi Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasining asosiy kirish eshigi oldida ikkalamiz raisni kuta boshladik. Erkin aka katta amaldorlarning fe’l-atvorini yaxshi bilar ekan, aytganidek, yarim soatcha o‘tib, eshik oldiga kelib to‘xtagan oppoq “Volga”dan Vohid Oxunovich salobat bilan tushdi. Poygakda odob saqlab turgan Erkin Vohidovni ko‘rib, “Iye, iye, Erkinjon, qandoq shamol uchirdi?”, deb farg‘onacha mulozamat bilan (u kishi asli qo‘qonlik edi) samimiy ko‘rishdi, menga ham iltifot qilib qo‘l cho‘zdi. Vestibyulda g‘oz qotib chest bergan militsionerga bilinar-bilinmas bosh irg‘ab, bizni ichkariga boshladi. Yordamchi lift eshigini ochib turgan ekan, ichkari kirib, to‘rtinchi qavatga ko‘tarildik, mening ko‘zimga juda vahimali bo‘lib ko‘ringan raisning kabinetiga kirdik.

Bir piyoladan choy ichilgach, Erkin aka jinday qo‘shib-chatib, meni tanishtirib-ta’rifladi. “Saodat sohili” bosilgan jurnaldan bir nusxa olib borgan edik, raisga taqdim qildik. Bizning baxtimizga, domla Kozimov ham Bobur Mirzoning oshig‘i ekan. Londonda, Buyuk Britaniya qirolichasining muzeyida Ko‘hinur olmosini ko‘rgani haqida so‘zladi.

Keyin biz dardimizni bayon qildik. Vohid Oxunovich, hozirgidek esimda, Vladimir Smotrov degan kvartira boshqarmasining boshlig‘ini chaqirib, “Yoshlik” jurnaliga ajratilgan kvartira masalasini tezda hal qilish haqida topshiriq berdi.

Xudoning qudratini ko‘ringki, Bobur Mirzoning sharofati, Erkin Vohidovdek daryodil insonning beg‘araz sa’y-harakatlari bilan men Toshkentdek shahri azimda uy-joyli bo‘ldim.

 

Zarofati cheksiz edi…

Erkin Vohidovni yaqindan tanigan-bilgan do‘stlari va yaqinlari, shogird-u hamkasblari u kishi haqida birdek mehr va ehtirom bilan so‘zlaydilar. Ushbu xotiralarni tinglagan inson ko‘z oldida shoirning betakror siymosi, yuksak bilim va madaniyatli, bag‘rikeng, tom ma’nodagi ziyoli shaxs sifatidagi munavvar qiyofasi namoyon bo‘ladi.

Ularda zikr etilmish fikrlarga qo‘shilgan holda, men Erkin akaning nihoyatda zarofatli inson bo‘lganini e’tirof etishni istar edim.

Shu borada ba’zi taassurotlar yodimda qolgan:

 

“Yoshlar bilan qariyalarga tegmang…”

Mehnatkash, kamtarin shoira opamiz Gulchehra Jo‘rayeva “Yoshlik” jurnalida she’riyat bo‘limini boshqarar, ayni vaqtda boshlang‘ich partiya tashkilotining kotibasi ham edi.

Bir kuni opa mening oldimga kirib keldi.

– Xayriddinjon, bizni kecha raykomda yoshlarga e’tibor bermayapsizlar, deb yaxshigina tanqid qilishdi, – dedi kulimsirab, – Erkin Vohidovich bilan maslahatlashgan edik, u kishi siz bilan gaplashib, hujjatlaringizni tayyorlashimni topshirdilar. Siz jurnalimizning mas’ul kotibi, rahbar xodimlardan birisiz, albatta, partiya safida bo‘lishingiz kerak.

Leninchi kommunist bo‘lish hech qachon xobi-xayolimga kirmagan edi, shuning uchun yotig‘i bilan uzr aytdim:

– Opajon, siz bilan Erkin akaning ishonchi men uchun katta sharaf, ammo men hali partiya safiga kirish uchun tayyor emasman, yoshlik qilaman.

– Nechaga kirdingiz? – deb so‘radi opa mehribonlik bilan.

– O‘ttizga, – dedim.

– Ayni a’zolik yoshida ekansiz, – dedi partkom kotibamiz va yarim soatcha meni ko‘ndirishga urinib da’vat qildi. Men yoshligimni, pala-partish yurishlarim ko‘pligini, partiya intizomini buzib qo‘yishim mumkinligini qayta-qayta aytib, oyoq tirab turaverdim.

Oxiri opa mendan biroz ranjib, nasr bo‘limining mudiri Erkin A’zamning yoniga ketdi.

Keyin eshitsam, Erkin aka o‘zining yoshi o‘tib qolganini, qariganda (ya’ni o‘ttiz olti yoshda) partiyaga kirsa, odamlar amalparast deb kulishi mumkinligini aytib, rozi bo‘lmabdi.

Uch-to‘rt kundan keyin redaksiyada yig‘ilish bo‘ldi. Gulchehra opa shu masalani ko‘tarib, rahbarimizga jindek arz qilgan bo‘ldi:

– Xayriddinjonga partiya a’zoligiga o‘ting, desam, yoshman, deb ko‘nmadilar. Erkinjon bo‘lsa, qariman, deb unamayaptilar. Men buni tushunmay qoldim, Erkin Vohidovich…

Bosh muharririmiz bizga bir qarab oldi-da, miyig‘ida kulimsirab:

– Mayli, Gulchehraxon, yoshlar bilan qariyalarga tegmay qo‘yaqoling, – dedi.

 

Qor ostidagi murojaat

Bir kuni bosh muharririmiz Erkin A’zam ikkalamizni xonasiga chaqirib qoldi.

– Endi, yigitlar, ba’zan shunaqa ishlar ham bo‘lib turar ekan, – dedi qandaydir iymanib va muddaosini bayon qildi.

Ertalab u kishini Markaziy komitetga chaqirib, nozik bir topshiriq berishibdi. Ya’ni O‘zbekistonning atoqli madaniyat, san’at va adabiyot arboblari nomidan xalqni paxta yig‘im-terimiga da’vat etadigan murojaat matnini tayyorlab berishni iltimos qilishibdi.

– Endi bunaqangi tekstlar shoirlardan ko‘ra nosirlarning qalamidan yaxshi chiqadi, – dedi Erkin aka, – shuning uchun ertalabgacha qoralama nusxasini yozib kelsalaringiz, birgalashib ko‘rar edik.

“Amri vojib”, bo‘ynimizga olib, rahbarning kabinetidan chiqdik. Ishdan keyin Erkin A’zamning Qorasuvdagi kvartirasida o‘tirib, O‘zbekiston xalqiga murojaat loyihasini insho qilmoqqa kirishdik.

Bundan bir-ikki yil oldin Brejnev O‘zbekis­tonga kelib, yuksak minbardan “Nado, Sharafchik, nado!” deb 6 million tonnalik paxta majburiyatini respublikaning bo‘yniga ilib ketgan edi.

Bunday ulkan planni bajarish amalda imkonsiz ekanini hamma bilib-tushunib tursa-da, yanvar oyigacha yo‘qdan bor qilish harakati “paxta siyosati” degan nom bilan beto‘xtov davom etardi.

Ko‘pdan buyon faqat badiiy asarlarni tahrir qilishga o‘rganib qolgan qalamimiz balandparvoz, yolg‘on-yashiq gaplarni yozishga tixirlik qilardi. Shuning uchun ikki-uchta partiya gazetasini oldimizga ochib qo‘yib, “hali dalalarimizda hosil mo‘l”, “Bugun O‘zbekistonda hamma paxtakor”, “Oq oltinni oltin qo‘llar yaratadi”, “Hosilning so‘nggi misqoligacha nest-nobud qilmasdan terib olish – barchamizning burchimiz” degan qolip jumlalarni ko‘chirib olib, yarim kechadan o‘tganda murojaatni moxovga oshna qilib yozib bitirdik.

Qog‘oz-qalamni yig‘ishtirib, bundoq derazadan qarasak, tashqarida gupillab qor yog‘yapti! Noyabr oyining boshlarida bunday qalin qor tushganini men shaxsan endi ko‘rishim edi.

Ertalab palto-telpakka burkanib, diydirab ishga keldik. Havo qattiq sovuq, yo‘llar yaxlab yotibdi.

Bosh muharririmizga kirib, buyurtmani topshirdik. Qog‘ozga bir ko‘z yugurtirdi-da, “Rahmat”, dedi, kiyinib, Markazkomga ravona bo‘ldi.

Ertasi kuni u kishi SSSR yozuvchilari delegatsiyasi tarkibida Suriya Arab Respublikasiga jo‘nab ketdi.

Oradan ikki-uch kun o‘tdi, lekin bizning qor ostida tug‘ilgan murojaatimiz nima uchundir matbuotga chiqmadi. Kim bilsin, balki buyurtmachi tashkilotlarga ma’qul bo‘lmagandir.

Keyin bilsak, o‘sha kunlari Brejnev og‘irlashib, Markazkomda bu murojaat hech kimning yuragiga sig‘may qolgan ekan…

 

Xayriddin Sulton

 

1956-yili Toshkent

viloyatida tug‘ilgan.

1981–1985-yillar Yoshlik jurnalida bo‘lim muharriri, mas’ul kotib, katta muharrir lavozimlarida xizmat qilgan.

 

Nashr etilgan kitoblari:

“Quyosh barchaga barobar”

“Bir oqshom ertagi”

“Onamning yurti”

“Umr esa o‘tmoqda”

“Boburning tushlari”

“Boburiynoma”

“To‘qchilik va yo‘qchilik”

“Saodat sohili”

“Uch yuz oltmish to‘rt kun”

“Haqiqat jamoli”

“Ko‘ngul ozodadur”

“Odamlardan tinglab hikoya”

“Navoiy – 30”

 

Kinosenariylar:

“Changak”

“Moziydan bir sahifa”

“Mehrobdan chayon”

“Tushlarimda ko‘rib yig‘layman”

“Yolg‘iz yodgorim”

“Ulug‘ amir va donna Maria”

 

2022/4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.