O‘zimdan azizroq o‘rtog‘ bo‘lsa bas…

0
23
marta ko‘rilgan.

Qora ko‘zligim

G‘amzang o‘qi hurlarda yo‘q malohatday,

Kipriging sho‘x yuragimni yarolatgay.      

Bog‘lar aro ohlar urib kezdim biram,

Ko‘ksimdagi dog‘lar go‘zal jarohatday.

Itob aylar tutab xazonrezgim mudom,

Shitob bilan yonmoq ulkan jasoratday.

Xalovatsiz umrim hadsiz sevgim bilan,

Muhabbatsiz yashamoq ham jaholatday. 

Suyukligim, kuyib tilim yozdim o‘lan,

O‘yiq dilin ko‘shkka ilmish gado xatday.

Ishq bedavo dardki, ichki sezgim bilan

Sezdim, shifo yo‘qdir vafo-sadoqatday.

Botayotgan quyosh juda vazmin bu dam,

Oy boshini egmish undan xijolatday.

G‘am chekkanni poklar sitam, sevgim bilan,

Kel, sening ham yuragingni jarohatlay.

 

* * *

Sochingmi yo manim baxtim qarodur,

Jodu ko‘zing munchalar tim qarodur.

Shirinmi yo Asalmi – beomonsan,

Noming tilga olsam tilim yarodur.

Mehring darig‘ tutma menday yomondan,

Ishq fitnasi gulgun qonim arodur.

Qo‘rqamanki, bu ketishda imondan

Ayiradi, ko‘zing koni balodur.

Desam: “Qoshi kamonsan”, “Qay zamondan

Kelding?!” dema. Yoying jonim olodur.

Yer tishlatib meni qay bir dovonda

Umr otlig‘ asov ot jim borodur.

Kipriklaring soyasi

Yuragimga o‘t solib, gul alvonidan,

Kipriklaring soyasida dam olmasam.

Nima qilib yuribman ishq ayvonidan

Chumolining ko‘zichalik g‘am olmasam.

Qarog‘imdan suv ichgan sho‘x qaldirg‘oching

Uya qo‘ysin ko‘zlarimning bo‘g‘otidan.

Kiprigingcha soyasi yo‘q qayrog‘ochning,

Labing ko‘rsa uyalgaydir cho‘g‘ otidan.

Chug‘urchuqning armoniday bu cho‘ng tog‘lar,

G‘unchalar ham sochlarini turmakchalar.

Xo‘rsinadi tunda qo‘li kalta bog‘lar,

Osmondagi oyni olar ko‘lmakchalar.

Bilmam, qoshing sog‘indimi ul dudoqlar,

Yo surmali qiyiq ko‘zni izladilar.

Tom ustiga chiqib olgan qizg‘aldoqlar

Yangi oyni to‘yib-to‘yib hidladilar.

 

* * *

Kecha kelgumdir debon…

Alisher NAVOIY

Yor kelsa, ko‘nglimiz o‘chog‘ bo‘lsa bas,

Hijron damlariga o‘lchog‘ bo‘lsa bas.

Yo‘l qarab, cho‘g‘ sepdik ishq osmoniga,

Husn-u malohat, noz-firog‘ bo‘lsa bas.

Bola quchoqlagan makka singari

Mayli, yiqilsak ham, o‘rog‘ bo‘lsa bas.

Koshki, bu talvasa, yonishlar tugab,

Sham o‘chsa yo tezroq adog‘ bo‘lsa bas.

Mayli, o‘pmasa ham peshonamizdan,

Sog‘ bo‘lsa, g‘ussadan yirog‘ bo‘lsa bas.

Araz-u g‘arazdan ne naf? Sevgidan

Yuraklar yorishib, chirog‘ bo‘lsa bas.

Eshikni lang ochib qo‘ydik, chiqish yo‘q,

Ko‘ngil qo‘rg‘oniga kirmog‘ bo‘lsa bas:

– Ey Shuhrat Aziz, sen aziz emassan,

O‘zimdan azizroq o‘rtog‘ bo‘lsa bas.

 

 

 

Otning qashqasiday oy

 

Nafis g‘unchalar o‘z saflari bilan

Mangu xayrlashib, yuz ochib borar.

Yo o‘sma ezgan ko‘k kaftlari bilan

Yuzini to‘sgan ko‘p qiz qochib borar.

 

Beozor qochirim qilganday olov,

Bug‘doyzor oralab yugurar gullar.

Yonarlar qip-qizil cho‘g‘ bo‘lib lov-lov,

Gullarning isiga isingan dillar.

 

Emasman bul otash ichra men tanho,

Lolazor ichida shamol ham sang‘ir.

Dudoqlar iziga to‘lmish bu anhor,

Ming yong‘oq chaqmasin boshida yomg‘ir.

 

Injiqlik qilsin deb, suvdan toshgacha,

Cho‘g‘day lab nogoh gul bosdi yuzimga.

Otning qashqasiday oy ham boshqacha

Ko‘rina boshladi mening ko‘zimga.

 

U vaqtni ko‘ksimga qamab, aftidan,

Yoqib yuborganday bir sho‘xlik qildi.

Endi ishq o‘rtagan yurak taftidan

Suyaklarim yonib ketmasa bo‘ldi.

 

Shuhrat Azizov

 

1978-yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetini tamomlagan. She’rlari “Teran tomirlar”, “Kelajakka ishonch bilan”, “Tafakkur charog‘lari” almanaxlariga kiritilgan. “Bir tomchi osmon” she’riy to‘plami chop etilgan.

2022/1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.